OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Chegemlik sandro (hajviya)

Gruzinlarning bir kinosi bor. Unda chegemlik Sandro to’rt kishi bo’lib, sovg’a-salomlar bilan Stalinni ko’rishga borishadi. Ming mashaqqatlar chekib uning huzuriga kirishadi, sovg’a-salomlarni topshirishadi. Stalin ularning har biri bilan bitta-bitta ko’rishadi, ismini, qishlog’ini so’raydi.

–Xo’sh, gamar jo’ba, biz tomonlarda nima gaplar bijo? -suhbat orasida so’raydi Stalin trubkasini tortib.
–E-e, so’ramang batona, shunday-shunday, shunday-shunday, -deb bechora to’rtta sodda dehqon bor dardini to’kib soladi. 
–Hali shunaqami, -trubkasini qo’liga olib, o’siq qoshlari ostida joylashgan mehrli ko’zlarini yumib xayolga cho’madi dohiy. -Bo’pti, sizlar boraveringlar bijolar, men o’zim chorasini ko’raman...

Oradan ko’p o’tmay, dohiyni ziyorat qilishga borgan to’rtta dehqondan uchtasi sirli ravishda o’ldiriladi. Buni eshitgan chegemlik Sandro uyiga bormay, qishloqma-qishloq ko’chib, yashirinib yuradi. Sandroni bir necha marta so’rab kelgan noma’lum kimsalar uni topolmasdan qaytib ketishadi. Sandro qayerga borsa, uni orqasidan ta’qib qilishadi.

–Qaerdan ham palakat bosib shu bijoni ko’rishga bordim, -deydi chegemlik Sandro uni yashirincha boshqa qishloqqa olib ketayotgan aravakashga. -Shundan buyon yurish-turishimda halovat yo’q...
–E-e, nimasini aytasan, -deydi aravakash. -Mayda odamlarning fitnasi ko’p bo’ladi. Bu fitnalarning hammasi aslida Lenindan boshlangan...

Balandchaqarlik ako Roqimning ham chegemlik Sandroga o’xshashlik joylari bor. U qishlog’ining tepasida tinimsiz uchib o’tadigan samolyotlarning g’o’ng’illashidan bezor bo’lib, BMT ga shikoyat xati yozgan. Bu shikoyat xati aylanib-aylanib dohiyning qo’liga kelib tushganidan keyin Stalin a’yonlari bilan xaritadan Chaqar degan joyni rosa izlagan. Yaxshiyam xaritada o’sha qishloq nomi yozilmagan ekan, bo’lmasa chaqara-chuqur, shaqara-shuqur bo’lib ketarmidi...

Bizda ham bu aylanma tovoq yaxshi yo’lga qo’yilgan. Eng katta idoraga biror nohaqlik haqida xat yuborsangiz, bu xat aylanib-aylanib o’sha nohaqlik ro’y bergan idora rahbarining qo’liga kelib tushadi. Ungacha “Sizning falon raqamli xatingiz”... deb boshlanadigan o’nlab uzundan uzun chalasavodlarcha yozilgan xatlar turli instantsiyalardan sizga yetib keladi. Erinmay yozishadi azamatlar! o’sha rahbar “Xatda keltirilgan faktlar tasdiqlanmadi”, -degan javobni yuqoriga, pastga, o’rtaga, hamma joyga tarqatadi. Undan keyin chegemlik Sandroni izlagan dohiyday sizni qidirishga tushishadi. Shuning uchun yaxshisi, belingiz ingichka bo’lsa rahbarning ustidan shikoyat yozmagan ma’qul, uzilib ketadi, belangi bo’lib qolasiz. Yana boshqa tomoniyam bor. O’sha rahbar to’rt muchasi sog’, xolis fikrli bo’lsa, bunga unchalik parvo qilib o’tirmaydi. Mabodo u pakanadan kelgan, qoshi o’siq, mayda odam bo’lsa, xudo urdi, deyavering, boshingizga turli fitnalarni solishi turgan gap. 

Tarixga nazar soladigan bo’lsak, hamma mayda  odamlar yo buyuk, yoki buyuklikka jon-jahdi bilan intilgan, ishqilib bitta xislati bo’lgan. Mana, Suvorov o’z qo’shinidagi barcha askarlarning ismini nomma-nom bilgan. Napoleon Bonapart davrida to’qqizta Napoleon bo’lgan. Shulardan biri-naynov Napoleon axmoqlik qilib qo’yganida Bonapart unga: “Bu nima qiliq, yo bo’yingni bo’yim bilan baravar qilib qo’yaymi?” degan. Dohiy Lenin bilan dohiy Stalinning qilgan fitnalarini dunyo matbuoti hammaga ovoza qilib bo’ldi. Gitlerning fitnalarini aytmasayam bo’ladi, oshib-toshib yotibdi. Arablarning eng buyuk fitnachisi Roshidi vatvot xalifaning o’ng qo’li bo’lgan. Bu ro’yxatni yana istagancha davom ettirish mumkin. Xulosa shuki, mayda odamlar qaysi sohaga qo’l urmasin, o’z iste’dodini namoyish qilgan. Mirzo Kattabek Oldi Hurmatni ko’rsa, quchoqlashib ko’rishadi, o’zimdan ham mayda odam bor ekan deb. A, Oldi Hurmatning qilgan ishini birorta sog’ odam ham qilolmaydi-birovga pul to’lab, onasini opichlatib, Hajga olib borib keltirdi.

Xalqaro maydonda ham mayda odamlarning o’zini ko’rsatishni juda-juda xohlashi yangilik emas. Pakana uzoqqa tuflaydi, deganlariday Nigeriya qirolligining qishloq xo’jaligi senatori har yili bir yangilik qilaverib, hammani charchatdi. Hozir to’polon bo’layapti, senator iste’fo bersin deb. Gomolungmaning Kokkardo shtati gubernatori butun boshli Gomolungmani charchatib, qochib ketish uchun samolyot tayyorlatib qo’ygan emish. Buyog’ini aytib o’tirmay, hammaga hammasi ma’lum. Mayda odamning fitnalari shunchalik ko’pki, sanab oxiriga yetolmaysiz. Mabodo yetasangiz ham chegemlik Sandroning holiga tushasiz. 

Mayda odam juda muloyim bo’ladi, hamsuhbatining gapini ma’qullashni xush ko’radi. Aslida shu asnoda u o’siq qoshlarini silab suhbatdoshiga nisbatan navbatdagi fitna rejasini tuzayotgan bo’ladi, lekin gapini tinglayotganday bo’lib shaqshayib qarab turaveradi. Bu toifadagilarning mansabdan qulab tushganlari ayniqsa ashaddiy alamzada bo’ladi. Birorta kishi biror narsadan nolib qoladigan bo’lsa, u darhol “Mening davrimda...” deb gapni boshlaydi, shu bilan ke-e-tdi. Hammaga yaxshilik qilgan, bog’lar, saroylar barpo qilgan, hamma joyni gulzorga aylantirgan, yetimlarning boshini silagan. O’ziga hatto bitta kulba ham qurib olmagan... aslida esa amma-xolasining boshini silagan, to’rtta saroyini yetti urug’iga tiqishtirgan, o’nta magazin, o’nta supermarketni xususiylashtirgan, Damaslari bolalab ketgan, va hokazo. 

Qadrimni bilishmadi, deydi yana o’zini g’arib ko’rsatib. Lenindan keyin haqiqiy kommunist men edim, tashimda XDPga a’zo bo’lgan bilan ichimda kommunistman, deydi...Uning ta’sirchan gaplarini tinglab o’tirgan har qanday hamsuhbatning ko’ngli buzilishi aniq. Chegemlik ko’ngli bo’sh Sandro bekorga mayda odamning qo’liga tushib qolishdan qo’rqib qishloqma-qishloq berkinib yurmagan. Nimasini aytasiz, mayda odamlar haqida Payg’ambarimiz “Kulli tavilun fitnatun, illo Ali...” deb qisqa va lo’nda qilib aytib qo’yaqolganlar. Shuning uchun chegemlik Sandroning nega yashirinib yurganligini izohlashning hojati yo’q. Assalamu alaykum va-rahmatihu va-barakotihu v-alhamdulillohi robbil a’lamin!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.