Qadimda hukmdorlar bir-birlari bilan gaplashmoqchi bo’lsa, yalang’och bo’lib suvga tushishgan ekan. Qurol-anjom, mulozim-u tansog’chilar qirg’oqda qolgan. Hukmdorlar suvdan chiqmay katta-katta muammolarni hal qilishgan, qo’l siltashib, bir bitimga kelishishgan.
Qo’l siltab kelishish bilan umuman ko’p narsalar hal bo’lgan. Hozir ham hukmdorlar uchrashganlarida bir-birlarining qo’llarini siltashib, tarixda qolish maqsadida suratga ham tushib qo’yishadi. Dallollar bu usulni juda bemazalashtirib yuborishdi.
–Ho’kizcha qancha bo’ldi, -deb so’raydi dallol mol bozorida semizligidan uyalib, mo’mingina turgan bir tonnalik buqaning baqbaqasini silab turib.
–Qaysi birini so’rayapsiz, -so’raydi ho’kiz egasi bir buqaga, bir uning ipini tutib turgan o’g’liga qarab.
–Ha, qaysini bo’lardi, mana shu ho’kizchani-da!
–A, bu ho’kizcha emas buqa-ku, ho’kizcha ana, ipini ushlab turibdi!
–Hay, mahobat qildingiz-da, qo’lni bering, -ombirday qo’llari bilan sotuvchining qo’lini bir balo qilib ilashtirib oladi dallol. -Qancha deyapsiz?
–Bir so’m deyapman, bu yog’ini so’rayverasiz... -Sotuvchining bir so’m degani bir million degani bo’ladi.
–Buyam pul, -dallol sotuvchining qo’lini siltaydi:
–Nim sari beraman! -Bu besh yuz ming so’m degani bo’ladi.
–E-e, nima deyapsiz, bu narx buqaning qulog’iga ham arzimaydi, -sotuvchi qo’lini sug’urib olmoqchi bo’ladi. Lekin dalloldan qo’lini tortib olib bo’pti! U narxni o’n so’m-o’n so’m oshirib borib, sotuvchining qo’lini uzivorguday qilib siltayveradi, siltayveradi, oxiri qo’lidan ajralib qolishidan qo’rqqan sotuvchi yetti yuzga noiloj rozi bo’ladi.
Ikki gruzin bozorga vino sotishga borishayotgan ekan, yo’lda juda chanqashibdi. Vino ichay desa, sotishi kerak, oxiri ulardan biri cho’ntagini tizzasigacha kavlay-kavlay besh so’m topibdi. Savdolashib, qo’l siltashib sherigidan bir krujka vino sotib olibdi. Keyin sherigi o’sha pulga bunisidan vino sotib olib ichibdi. Xullas, bozorga borguncha ikki mesh vino tamom bo’pti. Eng muhimi, ikki og’ayni vinosi sotilganidan xursand, shirakayf bo’lib uyga qaytibdi.
Xalqimizda bir siltovi kam, bir qaynovi ichida, savodi gullagan singari bir qator iboralar bor. Shu nuqsoni bo’lgan odam bu bo’shliqni nima bilandir to’ldirishga harakat qiladi. Birov hokimiyatga intiladi, birov mashhur bo’lgisi keladi, poltergeyst, qo’shiqchi, shoir, xullas bo’shliqni to’ldirish uchun serqirra faoliyat yuritishadi. Pomir o’zbek degan bittasi shoirlikni egallab, endi tabiblikni zabt etayapti. Avval kasallikni o’ziga yuqtirib, davolanadi, keyin boshqalarni davolaydi. Gippokrat bo’lib ket-e! Bir kuni u redaktsiyada o’tirgan o’n bir kishining kasalligini tirnoqlariga qarab aytib berdi-ichida sog’i yo’q ekan. Uning tashxisidan keyin redaktsiyada hech kim qolmadi-hamma kasal bo’lib uyiga ketib qoldi. Bittasi oziq tishini oldirayotib duxturdan «miyaga ta’siri yo’qmi?» deb so’rapti. «Ta’siri-ku bor, lekin siz xavotir olmasangiz ham bo’ladi», -deb javob beripti duxtur. Bir profesorning miyasini olib qo’yishib operatsiya qilishayotgan ekan, uni pishak olib qochib ketipti. Duxturlar nima qilishni bilmay, miyaning o’rniga ko’rpa qaviydigan paxta joylab professorni chiqarib yuborishibdi. Professor hozirgacha studentlarga baloday lektsiya o’qib yuripti.
Ba’zan u davlatni boshqarish bo’yicha yangi-yangi kontseptsiyalarni olg’a surib, akademiklarni ham charchatib qo’yadi. Yaqinda professorni operatsiya qilgan duxturlardan biri uni ko’rib qopti. «Sog’liq yaxshimi?», -deb so’rasa: «Ha, jamiyatni rivojlantirish kontseptsiyasini yaratayapman», -dermish. «A, sizning miyangizni pishak yeb ketuvdi, o’rniga paxta tiqib qo’yganmiz, qanday qilib...», -deb duxtur hayron bo’lipti. Professor parvo qilmasdan: «Miyani pishak yegan bo’lsa- yegandir, lekin diplom bor-ku, -dermish. Mana, Ligachyov miyasining yarmini oldirganiga qaramay, besh yil butun boshli o’n beshta respublikani boshqargan!»
Hammaning kattaga yoqqisi keladi. Bu yerda ham savodi gullaganlar bayroqdor. Bittasi «Xalqim quvonaver, qanoting keldi», -deb yozgan edi, qanot sinib ketdi. Ikkinchisi bir amaldorga madhiya yozib, gazetaga chiqaraman deguncha, o’rniga boshqa amaldor keldi. Endi bunisiga moslab madhiyasini o’zgartirayapti. Xullas, bo’shliq to’lmaguncha ularning ko’ngli to’lmaydi. G’ujalaboy degan bittasi bor, mast bo’lsa, frantsuzcha gapirib boshlaydi. Hushyorligida gapirgan gaplarining hamma vaqt bir siltovi kam bo’ladi. Xo’ja Nasriddining ham bir qaynovi ichida gaplari ko’p bo’lgan. Qo’shnining bog’idan olma o’g’irlayotganida egasi ko’rib qolib: «Nimaga o’g’irlik qilayapsan?» -desa, u: «Sen nega xotiningga kalish olib bermaysan?» -deb qo’shnisini mot qilib qo’ygan.
Ba’zan atayin bir qaynovi ichida gaplarni ishlatishga to’g’ri kelib qoladi. Chimboyobodlik Hakim duxtur Kattaqulov shifoxonada navbatchilik qilib o’tirgan ekan, yarim tunda to’ydan qaytayotgan o’n chog’li shirakayf odam kelib:
–Kasal bor, Toshkentdan sanaviatsiyani chaqir, -deb talab qilishipti. Hakim duxtur bu yerdan shaharga qo’ng’iroq qilib bo’lmaydi, demoqchi bo’lib og’iz juftlagan ekan, ular quloq solishmapti.
–Bilmaymiz, -deyishipti, -hozir obkom sekretari bilan telefon orqali ulanib, sanaviatsiyani chaqirasan...
Hakim duxturning boshqa iloji qolmapti. Qishloqdan nariga chiqmaydigan telefon raqamlarini uzundan-uzun teripti.
–Alyo, Oqtosh Bektoshovich, yaxshimisiz, -depti telefonga. -Bu men, chimboyboddan Hakim duxturman. Yarim kechasi bezovta qilganim uchun uzr. Nima gap, deysizmi? Ha, hech gap yo’q, to’ydan qaytayotganlardan biri kasal bo’lib qolibdi, shunga Toshkentdan sanaviatsiya chaqirish kerak, deyishyapti... Nima? Ertaga deysizmi? Ertagacha kutishga vaqtlari yo’q ekan. Nima qilay? Avtomatmi? Bor, cherdakda...Otaymi? Hammasinimi? Bo’ldi, tushundim! -Hakim duxtur kelganlarning ichida moshinasiga benzin berib turadigan zapravkachini ko’rib qopti. -Ahmad zapravkachini hammi? Qolsinmi? Bo’ldi tushundim! -Keyin zapravkachiga qarab: -Ahmad aka, siz bu yoqqa o’ting, -depti. Keyin yordamchisiga qarab: -Bor, cherdakdan avtomatlarni olib tush, obkom sekretari bularning hammasini otib tashla dedi, -depti. Bir payt tasira-tusir, yugura-yugur bo’lib qopti. Bir daqiqaning ichida navbatchi duxturning xonasidan hamma, hatto «kasal» ham oyog’ini qo’liga olib qochib qopti. Ertasi kuni to’rtta melisa shifoxona cherdagidan Hakim duxturning avtomatlarini izlab yurgan emish...
Bir epizodda Aida Ahmedova degan aktyor yig’lashi kerak ekan, hech yig’lolmasmish. Rejissyor unga tushuntirayotgan emish:
–Manga qara, sen aktyorni ering o’rnida tasavvur qil, ering o’lgan, sen beva qolgansan, tushundingmi? Shunda yig’lashingga oson bo’ladi...
Shunda mo’jiza ro’y berib, Aida Ahmedova shunday yig’i ko’taribdiki, rejissyor avval quvonibdi, keyin u yig’idan tinavermagach, xavotirga tushibdi. Aktrisa esa «o’lik» aktyorning ikki yoqasidan ushlab «Nega ering o’ldi, deb aldashadi, sening o’rningda erim o’lgani yaxshi emasmidi», -deb uvvos tortib siltab yig’larmish...
«Yolg’iz ayol uchun unutilgan qo’shiq» filmida Leonid Filatovning yuragi to’xtab qolganida Tatyana Dogileva uni shunday siltab baqiradiki, natijada artist narigi dunyodan hayotga qaytadi. «Charxpalak» videofilmida ham shunday ko’rinish bor. Ako Egam yuragi sanchib yig’ilganida lo’li qiz uni siltab-siltab, baqirib-chaqirib hayotga qaytaradi. Demak, siltovda gap ko’p ekan. Gap maromiga yetkazib siltashda!