Bir odil podsho raiyatning ahvolidan xabardor bo'lish uchun ko'pincha fuqarolik kiyimida el ichida aylanib yurarkan. Bir kuni u qishloq oralab ketayotib, xirgoyi eshitilayotgan xonadonning darvozasini taqillatipti. Xonadon sohibi darvozani ochib tanimasa-da, mehmonni tavoze' bilan ichkariga taklif qipti. Podsho qarasa, dasturxonda osh tayyor, sham yog'ilgan, kosada anor sharbati, xumchada sharob. Ikkalasi taomdan-yeb ichishipti. Bu odam o'tinchi ekan. «Boshqa qiladigan hunaringiz bormi?» so'rapti podsho.
-Hunarim shu, -depti o'tinchi. -Har kuni bozorga bir bog o'tin olib boraman, puliga oshga masalliq olaman.
-Podsho ertaga o'tin sotishni ta'qiqlasa nima qilasiz?
-Podshoning men bilan nima ishi bor, -hayron bo'lipti o'tinchi. -Hay, agar shunday bo'lsa, bir gap bo'lar...
Ertasiga podsho o'tin sotishni ta'qiqlash to'g'risida farmon chiqaripti. Kechqurun yana o'sha xonadonga kelsa, osh damlangan, lipillagan sham, kosada anor sharbati, ko'zachada may...
-E-e, zap keldingiz-da mehmon, sizda Xizir nafasi bor ekan. Ertalab bozorga chiqsam, aytganingizday o'tin sotishni ta'qiqlashipti, meshkobchilik qildim, -depti. Yeb-ichishganidan keyin podsho:
-Meshkobchilarni navkarlikka olishsa nima qilasiz? -deb so'rapti.
-Qiziqsiz-a mehmon, podsho meshkobchini navkarlikka olib nima qiladi, xay, shunda ham bir iloji topilib qolar, -depti o'tinchi.
Ertasiga barcha meshkobchilarni navkarlikka olishipti. Podsho kechqurun o'tinchinikiga kelsa, yana o'sha obi-ovqat, xumchada may...
-Ey, siz haqiqiy avliyo ekansiz, -hayrat bilan kutib olipti mehmonni o'tinchi. Suv tashishga borishim bilan navkarlikka sudrab ketishdi.
-Unday bo'lsa, ziyofat qaydan?
-Endi, o'rtamizda qolsin-u, navkarlikda bir joyga chiqishning iloji yo'q, qilichning yarmini sindirib pichoqchilarga sotishga to'g'ri keldi.
-Birovning boshini tanasidan judo qilishga to'g'ri kelib qolsa, nima qilasiz?
-Taqsir, podshoning jallodi bor, navkarga ko'zi uchib turiptimi? Xay, juda bo'lmasa bu yog'i bir gap bo'lar, -depti.
Ertasi kuni podsho birovni aybdor qilib, o'tinchi navkarga uning boshini olishni buyuripti. O'tinchi:
-Ey podshohim, bu bechoraning bir qoshiq qonidan o'ting, -desa ham ko'nmapti. Shunda o'tinchi navkar:
-E xudo, agar bu odamning aybi bo'lmasa, qilichim yog'ochga aylanib qolsin, -deb qilichini sug'urgan ekan, hammaning ko'zi yog'ochga aylanib qolgan qilichga tushib, hayratdan qotib qopti...
Xalqimiz ana shunaqa, ertangi kunga ishonch bilan qaraydi, nima bo'larkan, deb xavotirlanib o'tirmaydi. Bir-biridan hayratlanarli narsalarni o'ylab topaveradi.
Bulg'orlarda undov belgisini hayrat belgisi, deb atashadi. Shu o'rinda bulg'orlar biroz adashgandirov, deb qo'yaman o'zimcha. Aslida hayrat belgisi bizga taalluqli bo'lishi kerak. Jahon ahlining yetti uxlab tushiga kirmaydigan ishlarimizni ko'rib butun dunyo hayratga tushadi, yopiray, deb yog'asini tutib qolaveradi. Uzoqqa borib o'tirmaylik, Beruniy bobomiz Kolumbdan 500 yil avval okean ortida qurug'lik borligini bashorat qilgan. Amerigo Vispuchchi o'sha joyga suzib borib, haqiqatdan yangi qit'a borligini aniqlagach, u joy Amerika deb atala boshlangan. Bo'lmasa, hozir amerikaliklar Beruniy qit'asida yashab yurishgan bo'lardi.
Umar Xayyom bobomiz tuzgan yilnoma hozir yuritilayotgan Grigorian kalendaridan ham aniqroq. Sohibqiron Amir Temur bobomiz shimolda To'xtamishxonni, Kichik Osiyoda sulton Boyazid qo'shinlarini tor-mor qilib, ruslarni qipchoqlardan, YYevropani turklar bosqinidan saqlab qoldi. U o'zi bilmagan holda o'sha xalqlar tarixiga ozodlik timsoli sifatida kirdi. Bo'lmasa biz hozir Rossiyaga emas, Qipchoqiyaga borib ishlab yurgan bo'lardik, yoki Yevropa Turkiy Yevropa deb ataladigan bo'lardi. Mirzo Ulug'bek 1018 ta yulduzning astronomik jadvalini shunday aniqlik bilan tuzganki, butun dunyo olimlari bundan hayratga tushib, unga olimlar davrasining to'ridan joy berishgan. Mirzo Bobur bir siqim lashkari bilan butun boshli Hindistonni zabt etdi, u yerda necha asrlar davomida boburiylar sulolasi hukmronlik qildi.
Xalqimiz buloqqa o'xshaydi-ko'zini yopib qo'yishsa indamay turadi-yu, yana sharqirab, qaynab otilib chiqaveradi. Uni to'xtatadigan kuch yo'q. Birinchi tilivizirning vatani Toshkent bo'lgan, siqilgan havo bilan yuradigan avtomobil shu yerda kashf qilingan. Xalqimiz shunaqa, kashfiyot qiladi-yu, bor-e, deb tashlab ketaveradi. Kimga kerak bo'lsa, topib olar-da, deydi-yu, yana o'z tirikchiligi bilan bo'lib ketaveradi.
Hozir oilani rejalashtirish degan gap paydo bo'lgan. Xalqimizning reja-peja bilan ishi yo'q. Mingta reklama, mingta reja bo'lsin, hammasiga seniki ma'qul, deydi-yu, bilganidan qolmaydi. Bo'sh qoldimi, sevimli mashg'uloti bilan shug'ullanadi. Boshqa iloji yo'q-da, ishning og'irini qilsa, rais so'ksa, brigadir haqorat qilsa, tabelchi maosh yozmasa... Bularning xusurini qayerdandir chiqarishi kerak-ku. Xotini bilan to'rtta gurung qilsa, ko'ngildagi g'ashligi tarqaladi-ertasi kuni yangi-yangi xo'rlik va haqoratlarga tayyor turadi. Bundan xotini hayron. «Ilgari har payshanba ozodalik kuni bo'lardi, sizni nima jin urdi?» so'raydi eridan. «Hozir har kuni ozodalik kuni», -deydi er to'ng'illab. Oilani rejalashtiruvchilar ham hayron. Bularga qizil olma surati tushirilgan doridan qancha ko'p bersak, tug'ilish shuncha ko'payayapti, deb vahimaga tushishadi.
Xalqimizning oladigan maoshi pismiri, dang'illatib uylar quradi. Gumburlatib to'ylar qiladi, chetdan qaragan odam bular amir Olimxondan qolgan tillolarni ishlatayapti, deb xayol qiladi. Hozir tillo qoptimi? Bizning xalqimiz mehnat qiladi, mol bog'adi, issiqxona quradi, ishqilib pul topadi, bersang yeyman, ursang o'laman, deb qo'l qovushtirib o'tirmaydi. Bugunini but qilib, ertangi kuni yaxshi bo'lishiga ishonadi. Kelajakka ishonch bilan qaraydi. Shu tufayli barcha hayratlanarli, olamshumul kashfiyotlar bizda qilinadi!