OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Kibru havo-nafsi havo (hajviya)

Erkaklarga otameros-ayollarni yaxshi ko'rishadi. G'arbda bu borada dunyog'arash modernizm she'riyati singari rivojlanib ketgan. Yigit-qiz avval turmush qurmasdan yashab ko'rishadi, janjal boshlangan kuni dunyoqarashimiz to'g'ri kelmadi, deb ikkovi ikki tomonga qarab ketadi. Janjalni ayol boshlaydi, erkak chidamasa ayol uni tashlab chidaganiga ketadi. Biridan ajrab ikkinchisiga, uchinchisiga, to'rtinchisiga... tegaveradi, tegaveradi oxiri bitta mo'min-qobil sho'ring qurg'ur uchrab qolgunicha. Yaxshi ayol 25 yoshida to'rttasidan ajrashib, beshinchisini izlab yurgan bo'ladi. Hozir g'arbda xotin almashish degan modernizm chiqqan-xudoning o'zi saqlasin-erkaklar xotinlarini almashtirib turadi. Bizda shunday qilsa bormi, xotin-potiniga qo'shib da'yus erkakni so'yib yuborishadi. Shuning uchun u yoqda bolalar otalarining kimligini bilmay hamma narsani chalkashtirib yuboradi-da!

Bizning ongimizda "Bu meniki" degan mulkka egalik hissi kuchli. Biz ayolni uydagi zarur bir buyumday, moshinaday, shaxsiy dastro'molchaday his qilamiz. Dastro'molcha burun uchun qanchalik zarur bo'lsa, xotin biz uchun shunchalik zarur. Ilgarilari musulmonchilikda to'rttagacha uylanishga ruxsat etilgan. To'rtta kundosh kelishib, hamma ishni o'zi qilgan. Erkak yaxshi muomilada bo'lgan xotinning orqasidan qo'yday ergashib ketavergan. Qahramon Said aytganiday xotinlarning ikkitasi yulishib qolsa, uchinchisi ajratgan, erkak esa to'rtinchisi bilan choy ichib  tomosha qilib o'tirgan. Hozir bitta xotin qirqtasining o'rniga o'tadi. Undan hali hech bir erkak zoti qochib qutulgan emas.

Erkin muhabbat bozori hamisha sotuvchi va xaridorlar bilan gavjum. Xotinning mashmashalari joniga tekkan erkak to'g'ri o'sha joyga boradi. Tovar naqd, janjal yo'q, cho'ntagi ko'tarsa bo'ldi. Lekin bitta xavfli tomoni bor-barcha Onagullar, qadimiy kasb egalari qat'iy ro'yxatda turishadi. Ularni xursand qilsang, sen bilan hech kimning ishi yo'q xotindan boshqa. Mabodo bu sarguzashtlarning bir uchi xotinga yetib borsa tamom, sen uchun uchinchi jahon urushi boshlanadi. Ayol erining o'sha yoqqa bormasligi uchun vabankka boradi-dam soldirilgan suv ichiradi, duo yozilgan qog'ozni ovqatga qo'shib yediradi. Fol ochtirib, rammolchi aytgan qora tovuq bilan erini qoqtiradi. Bunday irim-jirimlar sho'rlik erga birinchi qadahgacha ta'sirini o'tkazadi. To'yib ichganidan keyin qushnochning duosi kuchini yo'qotadi.

Lavozimdagi erkaklar boshqa gap-ular obro'siga putur yetishidan qo'rqishadi. Shuning uchun gap-so'zga qolmaslik uchun yaxshi kotiba olivolishadi. Oqibatda uyda xotin, ishxonada kotiba hukmronlik qilib, bechora mansabdorni ezivoradi. Keyin u "bor-e", deb uchinchisini topib oladi. Kotiba bilan xotiniga og'zidan chiqqan narsasini olib beradi janjalga qolmay deb. Ana shundan ularda kibru havo paydo bo'ladi. To'ylarda qizaloqday kiyingan kotiba stolning bir tomonida, so'nggi modada kiyingan xotin ikkinchi tomonda o'tiradi. Ularning har biri erkakni o'z mulki deb hisoblaydi. Erkagi tushmagur bu paytda birovning tomorqasini chuqur qilib shudgorlab yurgan bo'ladi.

Nafsi havo kibru havoga yo'l ochib berganidan keyin xohish-istakni jilovlash qiyin bo'lib qoladi. Ikki og'ayni bir daraxtning ostida dam olib o'tirgan ekan, bir dev uchib kelib shu daraxtning yoniga qo'nibdi. Og'aynilar qo'rqqanidan daraxtga chiqib ketishibdi. Dev qo'ynidan chiroyli bir parivashni yoniga olib qo'yib uyquga ketibdi. Parivash daraxtning ustida o'tirgan og'aynilarga ko'zi tushib, ularni yoniga chorlabdi. "Aytganimni qilmasalaring, devni uyg'otaman", -deb qo'rqitib, ularni zino qilishga majbur qilibdi. Og'aynilar noiloj parivashning shartini bajarishibdi. Keyin u yonidan son-sanoqsiz nina sanchilgan yostiqchani olib, yana ikkita nina sanchib qo'yibdi. "Nimaga bunday qilayapsan?" -deb so'rsashsa, parivash: "Dev meni o'z mulki deb hisoblaydi, mening mulkim sizlar bilan ikki yuzta bo'ldi", -dermish...

Dunyo paydo bo'lganidan buyon ayolga ehtirom boshqacha. Hamma joyda adolat timsoli sifatida ko'zi boylog'liq, qo'liga tarozi ushlab olgan Femida tasvirlanadi. Adolat ramzi ayol bo'lsa, yana ko'zi boylog'liq bo'lsa, tarozining qayoqqa og'ayotganligini u qayoqdan biladi, deb so'raydigan odam yo'q. Shundan bu sohada adolatsizliklar to'lib-toshib yotibdi. Hech bo'lmasa ko'zi ochiq bo'lsa, tarozining qayoqqa og'ayotganligini ko'rib, posangini to'g'rilab qo'yardi-da!

Nyu-Yorkda Richard Morris tomonidan qurilgan Ozodlik haykali ayol kishining timsolida berilgan. Qo'lida mash'ala. Erkaklarni qidirib yuribdi. Erkaklar ham anoyi emas, tutqich bermay qochib yurishibdi. Lekin ayollardan qutulish qiyin. Mana, Tarzan haqida 23 ta roman yozgan Edgar Berrouz asariga kinofilm ishlashayotganida Tarzan rolini ijro yetgan Jonni Vesmyullerni bo'ydoq qilish uchun uning xotiniga 10 ming dollar to'lashgan. Shunda ham xotini erining orqasidan qolmagan, uning narxi 10 ming emas, ko'proq to'langlar, deb. Xullas, nafsi havo-kibru havo bo'lsa-da, biz ayollarni kiftimizga ko'taramiz, boshimizga  o'zi chiqib oladi. Zero frantsuzlarda: "Agar ayol nohaq bo'lsa, undan kechirim so'rashingga hali imkon bor", -deyishadi. Ayollar shunga arziydi!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.