Kentavrlarga maza bo’lgan. Xohlasa yuk tashigan, xohlamasa, cho’lu biyobonlarga bosh olib ketgan. Yovvoyi meva-chevalar bilan tirikchilik qilgan, yovvoyi kaptar, o’rdak otib kun ko’rgan. Eng muhimi, xotiniga qaram bo’lmagan. Pulini paypoq orasiga yashirmagan. Hozir-chi? Hozir uyga kirib borishingiz bilan xotingiz javrashni boshlaydi. U yo’q, bu yo’q, falon yo’q... E, qo’y xotin, desangiz ham qo’ymaydi. Falonchini qarang, uyi dang’illama, tagida “Neksiya”, xotini har kuni yetti xil kiyinib chiqadi, sizning qaeringiz kam, deydi.
–A, xotin, u katta biznesmen, firmasi bor,- desangiz ham ko’nmaydi.- Siz ham firma qiling, pul toping,- deydi.
Ana shunday. Hamma xotinlarning tuprog’i bir joydan olinganmi, nima balo? Ishda boshliq ko’z ochirgani qo’ymaydi: nega kech kelding, rejani nega bajarmayapsan, ishga ijodiy yondashuv yo’q va hokazo. Shundan keyin qo’l ishga borarmidi? Ustiga-ustak oylik maosh tuya go’shti yetgan, uch oyda bir olamiz. Ana shunday ko’nglimga qil sig’may o’tirgan bir paytda telefon jiringlaydi.
–Shukurullo, -deydi,- bu Zuhrillo bo’ladi, - hali ham o’sha gapmi?
–O’sha gap,-deyman. Bu ikkovimizning parolimiz. Keyin uchrashamiz. Eng muhimi, bir-birimizga so’zsiz tushunamiz. Keyin bufetdan yuzta-yuzta olib indamay ichamiz. So’ng soatga qaraymiz: uyga borish mavridi emas, ishxonaga borib bo’lmaydi. Shuning uchun ishxona yaqindagi videosalonga yo’l olamiz. Bu erga har gal kelganimizda “Kentavrlar” kinosini qo’ydiramiz, har gal faqat bitta o’sha kinoni ko’rishimizdan videochi ham hayron. Hali uylanmagan-da! Kentavrlar haqidagi kinoni tomosha qilganimda o’zimni odamday his qilaman. Shunda yana sog’lom fikr yurita boshlayman: qani endi kentavrga aylanib qolsang-u, barcha tashvishlardan bosh olib olis-olislarga ketsang. Yovvoyi meva-chevalardan tanovul qilib, yovvoyi o’rdaklarni ovlab mazza qilsang. Na boshliq, na xotining xalaqit bermasa...
Shular haqida xayol surib yotar ekanman, narigi uyda xotinning shang’illagan ovozi eshitildi:
-Hoy dadasi, yotaverasizmi, turing, Kentavrlar degan kinoni qo’yishyapti, juda zo’r ekan...