Gadoyga sadaqa bersangiz, “Mushkulingiz oson bo’lsin”, -deb duo qiladi. Albatta har bir bandaning o’ziga yarasha muammosi bor, gadoyga besh so’m berib, kim ham o’z mushkulini oson qilib olishni xohlamaydi, deysiz? Yahyo Tog’a gadoyga salom beradi. “Pul bermaysizmi?”, desam, “Salom ham sadaqa”, -deydi. Har gal avtobusga chiqsang, bir lo’li bola cho’kkalab tushib olib jarangdor ovoz bilan “Auzubillohi minashshaytonir-rojiym”ni boshlaydi. Bir safar shu lo’li bola yana cho’kkalab tushib ashulasini boshlar-boshlamas “hiq” etdi-yu tinchib qoldi. Qarasam, har kuni bir xil ashulasini eshitaverib joniga tekkan pattachi uning giribonidan olib avtobusdan uloqtirib yuboribdi. Ishxonada oylik yo’q, har kuni lo’li qiz isiriq tutatib, ellik so’m, yuz so’m olib ketadi. Oyliksiz ishlab yurgandan ko’ra, isiriq tutatib yurgan yaxshi-yov, deb o’ylab qo’yaman ba’zida. Lekin sandiqda chang bosib yotgan diplomlar esimga tushadi. Hatto isiriq tutatib yurishga imkon yo’q. Gap qilishadi. Ikkita diplomi bilan isiriq tutatib yurishini qarang, shuni ham yaxshi tutatolmabdi, ketdik anovi lo’li qizning isirig’iga boramiz, deyishadi .
“Sharq” kinoteatrining yonidagi serqatnov ko’chada svetafor bor. Shu yerda har kuni bir gung qo’lini chillak qilib qizil chiroqda to’xtagan moshinalardan sadaqa so’raydi. Unga juda rahmim keldi. Bir kuni gungni chetga tortib, imo-ishora bilan “Unday qilma, moshina urib ketadi”, dedim. U bo’zrayib qarab turdi-da, yana ishini davom ettiraverdi. Ahdimdan qaytmadim. Axir “Bir muslimning ko’nglini shod qilmoq Makkani ziyorat qilishdan afzal”, -deyilgan-ku! Oxiri o’jarligim gungning joniga tegdi shekilli, chetga tortib, qo’limga bir dasta pul berdi: “Xudo xayringizni bersin oka, biznesimga xalaqit berayapsiz, keting bu yerdan”, dedi. Baqa bo’lib qopman. Aslida u gung emas, men garang ekanman.
Bir kuni uyga lo’li kampir keldi. Non berib jo’natib yubormoqchi edim, “Charchadem balam, mana bu yerga birpas o’tirsam bo’ladime?” dedi. Yo’q, dedim. “Nimaga?” “o’tirsangiz, pul so’raysiz.” “Yo’q, so’ramayman, choy olib kelsang bo’lde, onang o’lsun”, dedi lo’li xola. Choy olib keldim. Xola choy ichgach, xotinga “Ende igna bilan ip olib ke balam, bir duo o’qib ketay, uylaringga kasofat yo’lamaydu”, dedi. Xotin igna bilan ip olib keldi, “Endi bu erga yuz so’m qo’y.” Xotin yuz so’m qo’ydi. Lo’li xola duo o’qidi. “Endi duoning nazriga ikki yuz so’m qo’y.” Xotin ikki yuz so’m qo’ydi. Xullas, lo’li xola hash-pash deguncha 700 so’mni qoqib oldi. O’zimga kelib “E turing xola, bo’ldi, keting”, desam ham turmaydi. “Man Forishdan kelopman balam, -deydi. -Yoshim etmishga. To’y qilsang, mani onang o’rnida qabul qilib, boshdan oyoq sarpo kiygazasanme?”, -deydi. Ha, kiygizaman, turing, qo’shnilar ko’p-ku, ularnikidan ham sarupo kiying, baraka topkur, deya bir balo qilib chiqazib yubordim.
Hozir test sinoviga boradigan yoshlar mushkulikushod o’qitishni odat qilishgan. Savolga javobni tavakkal qilib belgilab chiqqan shovvoz “Endi bu yog’iga mushkulikushod yordam beradi”, deb o’ylab xursand. “O’qishga o’taman, -deydi, -mushkulikushod o’qitib qo’yganman”. Hozir nima ko’p, chet elga borib pul ishlab kelishga ishqibozlar ko’p. Ular ham mushkulikushodga borishadi. Iloyim, eson-omon pasoldan o’tay-da, deydi. Bir tanishim Amerikaga ketmoqchi bo’lib, mushkulikushodga boribdi. Qarasa, folbinning hovlisi, ko’chalar tumonat odam emish. Folbin tugul, folbin turgan uyga yo’lab bo’lmaydi. Shunda hovlidan birga o’qigan sinfdoshi chiqib qopti. “Falonchi, bu yerda nima qilib yuribsan?” desa u “Folbinga keldim” depti. E, folbin mening xotinim, bu yoqqa yur, deb sinfdoshini xilvat yo’llar bilan xotinining yoniga olib kiribdi. “Xotin, bu mani sinfdosh jo’ram, Amerika pasolidan o’tadigan qilib mushkulikushod o’qib qo’y”, debdi. Folbin mushkulikushod o’qibdi, keyin uning kaftidagi chiziqlarga qarab: “Pasoldan o’tasiz, yo’lingiz ochiq, faqat tezroq boring”, depti. Tanishim folbinga ming so’m tutqazib, o’sha zahoti elchixonaga jo’nabdi. Uch kun navbatda turib, qanchadir dollar to’lab elchiga kirgan ekan, rad javobini olibdi. Keyin qaytib kelib folbin bilan janjal qilibdi. “Qachon elchining qabuliga kirdingiz”, -so’rabdi folbin. “Uch kundan keyin”. “Ana ko’rdingizmi akajon, menda ayb yo’q, aytgan paytda kirish kerak edi, siz uch kun kechikib kirgansiz”.
Mushkulikushod o’qittirgan bir tadbirkor domla bundan ham g’aroyib usulni o’ylab topibdi. Bir hafta Amerika elchixonasiga qatnab, oxirgi kirishida elchining kabinetida o’zini yerga bor bo’yicha tashlab yuborib “hushidan ketibdi”. Hamma zir yugurgan, birov dori ichirgan, birov yuragini uqalagan, birov shamol bergan... Domla o’ziga kelgach, “Nima bo’ldi?” -deb so’rabdi elchi undan. “Sanga qatnayverib yurak o’ynog’i bo’lib qoldim, endi menga yetkazgan ma’naviy zararni to’laysan, bo’lmasa sudga beraman”, - depti tadbirkor domla. Elchi qo’rqib ketganidan uning pasportiga “borishga ruxsat” degan viza qo’yib beripti. Hozir o’sha tadbirkor mazza qilib qatnab yuribdi “Toshkent-Amerika” qilib.
“Jodu” oldiradiganlar ham ko’payib qoldi. Jodu bo’lgan odam nima ish qilayotganini bilmas emish. Lekin nimagadir hamma jodusini lo’liga oldiradi. Normat degan tanishimni anchadan buyon ko’rmagan edim, xotin bola-chaqasini tashlab, boshqasiga uylanib olibdi. Xotini Normatning ishxonasiga borib janjal ko’taribdi. Oxiri u tavba-tazarru qilib, oldingi xotiniga qaytibdi.
–Aytsam ishonmaysiz, -dedi Normat uchrashib qolganimizda. -Qanday palakat bosib o’sha xotinga uylanganimni o’zim ham bilmayman. Meni sehr-jodu qilishgan ekan. Lo’liga borib o’qittirib, uchta jodu oldirdim... -Qarasam, u meni ham laqillatmoqchi bo’layapti.
-Sen jodu bo’lmagansan, -dedim.
-Nima bo’lganman bo’lmasa? -Nima bo’lganini unga lo’nda qilib aytib qo’yaqolim. Darrov tushundi.
Chortoqda Baliqliko’l degan joy bor. O’sha joyda har juma kuni baliqlar ko’rinmay qoladi. “Nega baliqlar juma kuni suvda ko’rinmaydi?” deb so’rab qolsangiz, o’sha yerning shayxi: “Ular nomoz o’qishga ketishadi”, -deb javob beradi. Baliqlar-ki nomoz o’qishga o’tishgan bo’lsa, ancha savobdan kech qolibmiz-da, deb o’yladim. Toshoxur degan joyda har chorshanbada buloq suvidan idishga olaman, mushkulikushod o’qitaman, deb ur-to’polon qilib tirg’alishib yotgan odamlarning son-sanog’i bo’lmaydi. Gadoy, hojatbaror, duoxon, parixon, hammasi shu yerda. Boshqa kunlari o’sha joyda odam zoti ko’rinmaydi. Yo’q, mushkulidan xalos bo’lishni istagan orzumandlar aynan shu chorshanbada, siqilib-tirg’alib, hamyonini kissavurga oldirib, suvga dam soldirishi shart. Bo’lmasa, mushkuli oson bo’lmas emish. Yaqinda xotin menga mushkulikushod o’qittirish uchun ikki marta o’sha yerga borgan edi, qilgan amali teskari chiqib, ishdan haydaldim...
Ha, mushkulikushod hammaga birday ta’sir qilavermas ekan. Shuning uchun test sinoviga, elchi yoki boshliq qabuliga kirmoqchi bo’lsangiz, avvalo yaxshilab tayyorgarlik ko’ring. Bilimingiz kuchli, dalilingiz asosli bo’lsin. Ana shundan keyin mayli, har ehtimolga qarshi mushkulikushod o’qitsangiz, mushkulingiz oson bo’lishiga biz kafil...