Yaratganning har bir gunohkor bandasi bu foniy dunyoga kelib, taqdiri azal yozmishiga qarab u yoki bu rolni bajarib o'tadi. Birov yorqin yulduz bo'ladi, birovning peshonasiga yulduzlik yozilgan bo'lsa ham loqaydligi tufayli dumbulligicha qolib ketadi. Shu ma'noda har bir kishining ko'nglida bitta san'atkor uxlab yotadi. Uning uyg'onib buyuk bo'lishi yoki uyg'onmay o'tishi insonning o'ziga bog'liq. Aflotunmi-ey, qaysi bir allomaning sakson yoshga kirib soz chalishni o'rganishga kirishganligining boisi ham ana shunda. Buyog'ini qo'yavering, Xudo Odam Atoni balchiqdan yaratganida kuy bilan jon kiritgan ekan. Borbad degan san'atkor daraxtda o'tirib kuy chalganida, podshohdan tortib xizmatkorigacha yig'lagan. Mikelanjelo o'z asarlariga she'r yozib, qo'shiq bastalagan. Gitler, Stalin kabi shaxslar o'z vaqtida san'at to'garagiga qatnashib, she'rlar to'qishgan. o'zimizning boboylar, momoylarni qarang, nafaqagacha indamay yurishadi-yu, keyin sog'ollarini selkillatib, ro'mollarini hilpillatib qo'shiq aytib, o'yinga tushishadi. "Besh qarsak", "Chavqi", "o'lay sanga" kabi ansambllar tuzishadi.
Keyin, a, vah-ey, a, vah-ey, -deb qarsak urib, qizil mo'kkichani qarsillatib hammani qoyil qilishadi. Uxlab yotgan o'sha sanoat uyg'ongan bo'ladi-da! Davlat arboblarida ham oliy darajadagi artistlik qobiliyati namoyon. Ronald Reygan sahnada o'ynagan, Bill Klinton saksofonchi, Arnold Shvartsnegger kino yulduzi. Hammasini qo'yaylik, Otello kim bo'lgan? Mashhur artist va qirol! Avlodlarga undan nima qoldi? Artistligi qoldi.
Ba'zilarning artistlik qobiliyati yoshligidan bilinsa, ba'zilarniki boshliq bo'lganidan keyin namoyon bo'ladi. Bittasi ustozini otam, otam deb yurdi-yu, boshliq bo'lganidan keyin uni shartta otdi. Keyin artistlik qobiliyatini ishga solib "sehrlanib qolibmiz, o'lib qopmiz", deb hammani sotdi. Bir opaxon amaldor bo'lgach, artistligi tutib "Janozaga bormaysan, bolangni kestirmaysan", deb xalqni alag'da qildi. Bittasi oziq-ovqat programmasini tuzgan edi, oziq-ovqat yo'qoldi. Ikkinchisi "qayta qurish", deb hammani quritdi. Ichkilikbozlikka qarshi kurashgan edik, hamma alkash bo'ldi. Bir payt kelib odam ko'chada yurishga qo'rqib qoldi. Politsayga o'xshagan odamlar ko'payib ketdi. Nimaga ko'chada yuribsan, ishda emassan, va hokazo. Bu nimadan, deb o'ylaysiz? Bu hammasi san'atning sehrli kuchidan! o'z san'atini ko'rsatolmay, alamzada yurgan kishilar imkoniyat tug'ilishi bilan uni namoyish qilishga kirishadilar. Kamina ham ana shundaylardan.
Yoshligimda rubob chalib, ko'zimni yumib "R-r-ra'no" deb qo'shiq aytgan paytlarimda otam onamga: "Bu ukkog'ordi uli artist bo'ladi-yov!" degan ekan. O'sha paytda professor kuchlimi, raykom kuchlimi, degan o'ylovda yurgan kezlarim edi. Keyin yaxshi odamlar og'zimga tuflab, raykom bo'ldim. Keyin gubernatorlik mansabini egallab oldim.
Ana shunda menda artistlik qobiliyati yana qayta uyg'ondi. Nega deysizmi? Sababi, kechagina tengma-teng talashib-tortishib yurgan yaqinlar, atrofdagilar qo'l qovushtirib, ko'nglimni topishga harakat qilyapti. Qarasam, o'z qobiliyatimni namoyon qilishga juda qulay payt. Birovga do'q uraman, birovni so'kaman, birovni maqtayman... Hech kim mushugimni pisht demaydi. Yuqori boshliqdan: "bajaramiz, eplaymiz!" deb bir balo qilib qutulib chiqqanimdan keyin hammani yig'ib ikki soatlik seans o'tkazaman. Hech kimning onasiyam, xolasiyam qolmaydi, hech kim g'ing demaydi, bundan ruhlanib ketib yana battarroq obrazga kiraman. Oxiri holdan toyib, horib-charchab Shukur Burhonovday sahnadan mag'rur chiqib ketaman. Agar san'atimni xalq oldida ishga solsam bormi, xalq artisti bo'lib ketarmidim, deb o'ylab qo'yaman ba'zida. Bu orada amalga tayanib doktorlikni yoqladim, professor bo'lib oldim. Eson-omon nafaqaga chiqib olsam, o'zimga o'xshagan besh-oltita professorlardan, sobiq gubernatorlardan havaskorlik ansambli tuzaman. Keyin chopon sotadigan do'kon ochaman. Mansabda yurgan paytlarimda olgan choponlarni sotish kerak-ku! Ana o'shanda ko'rasiz, bizning sanoatimizni!
Ba'zan, o'zim yolg'iz qolgan paytlarda o'ylab qolaman: artist boshliq bo'lgani durustmi, boshliq artist bo'lgani yaxshimi? Har holda artist boshliq bo'lgani durust ekan. Chunki birovning ko'ngliga tegadigan gap qilsa ham: "Ha bu artist-da", deb ketaverishadi. Boshliq artist bo'lsa-chi? "Iye, bu qip-qizil artist ekan-ku!" deyishadi yerga chirt etib tupurishib. O'sha boshliq esa o'zining artistlik qobiliyatini ancha kech sezib qolganligidan astoydil afsuslanadi. Agar artist bo'lganimda hozirgacha qancha-qancha unvonlar olardim, e'zozda yurardim, deb o'ylaydi. Hozir kim meni eslasa, so'kib gapiradi, yomonlaydi deydi. Menda buyuk bir san'atkor uxlab yotganligi bilan hech kimning ishi yo'q, deydi. Shuning uchun Shvartsnegger to'g'ri qilgan. Avval artist edi, hozir bemalol gubernatorlik qilib yuribdi, deb behuda o'tgan umriga achinadi...