Inson zoti hamma vaqt sarmoya orttirishga, yaxshi yashashga intilib kelgan. Yegani oldida, yemagani orqasida bo'lishini orzu qilgan. To'qni to'ydirish qiyin, deganlariday, to'q bo'lsa ham ko'zi to'ymay yana ham ko'proq yig'ishga harakat qilgan. Uch ming yil umr ko'rgan Muso alayhissalom quyoshdan saqlanish uchun boshining tepasiga atigi chayla qurib olgan ekan. Odamlar unga: «Ayo Payg'ambar, keling sizga uy-joy qurib beraylik, uylantiraylik, koshonalarda yashang», -deyishsa, Payg'ambar: «Qisqagina umrga shuncha tashvishning nima keragi bor», -deb unamagan ekan. Bandasi tushmagur bir tutam umrida o'zini o'tga-cho'qqa uradi, pul topadi, imkoni bo'lsa tuvagini tillodan qiladi. Go'yo shundan umri uzayib qoladiganday. Buyoqda umr jonivor g'uv etib o'tib ketib, boshi yostiqqa tekkanida o'ziga keladi. O'ziga kelib, o'tgan umridan mazmun topolmaydi. Nima uchun dunyoga kelib-ketayotganini anglamay iyak qoqadi. Og'ziga tomizilgan ikki tomchi suv tomog'idan o'tadimi-yo'qmi oyog'ini cho'zib yuboradi. Bu yoqda murdasho'y tillo tuvak ustida tortishib yotgan bo'ladi: «Mayitni tillo tuvakda yuvsak, to'g'ri jannatga tushadi», -deydi u bir balo qilib tuvakni qo'lga kiritish maqsadida. Otamiz jannatga tusharkan, deb bolalar ham jonini sug'urganday tillo tuvakdan voz kechishga majbur bo'ladi.
O'sha bandai mo'min tirikligida mol-dunyo yiqqan, toparmon-tutarmonligidan to'yning to'ri, ziyofatning zo'ri shuniki bo'lgan. Shundan martaba ortirgan, to'qchilikda yashagan. To'qchilik tabiiyki, dangasalikni, log'aydlikni keltirib chiqaradi. Log'aydlik sotqinlik bilan barobar. Yetishmovchilik bo'lmagan joyda odam tanballashadi, hushyorligini yo'qotadi, hayotning qizig'i qolmaydi. Bu fojeani dastavval Marks elas-elas payqagan. «Yevropada bir sharpa kezib yuribdi,» -deb bashorat qilgan. Bu sharpa Lenin bo'lib chiqqan. Lenin qarasa, hamma to'q yashayapti, odamlarda hayotga qizig'ish qolmayapti. Shunda u shartta revolyutsiyani boshlavorgan. Odamlar ancha jonlangan. Lenin qabul qilgan dekretlardan uchinchisi ichkilikbozlikka qarshi kurash bo'lgan. Shu dekretdan keyin ichkilikbozlikka qizig'ish ortgan. Dohiy bundan ruhlanib ketib, oziq-ovqat razvyorstkasini joriy qilgan. Odamlarning ishtahasi ochilib ketgan. Yashash uchun kurash qiziqarli tus olgan. Yangi iqtisodiy siyosat haqida dekret qabul qilinganidan keyin qorni ochlar qorni to'qlarning bor-budini olib, o'zlarini badarg'a qilgan. Eh, yashash qanday qiziqarli bo'lgan o'sha paytda! Bu samarali tajriba hali hozirgacha qo'llanib kelinadi. Yo'qsillar otasi Stalin 37-yillarda xalq ustida o'tkaziladigan bu eksperimentni muvaffaqiyat bilan qo'llagan. Xrushchev xalqni makkajo'xori bilan boqib hushyorligini oshirgan, Brejnev oziq-ovqat programmasi bilan chirib borayotgan imperializmga keskin zarba bergan. Andropov ko'cha-kuyda yurgan aholini qo'rqitib, hayotga bo'lgan muhabbatini oshirgan. Usmonxo'ja odamlarning yashashga qizig'ishini oshirish uchun Gdlyan-Ivanovlarni olib kelib qorni to'qlarni rosa shildirgan. Gorbachyov bu borada Leninning tajribasini qo'lladi-ichkilikbozlikka qarshi kurash e'lon qilib, hushyorlar jamiyatini tuzdi. Hushyorlar nima qildi-hammamizga ma'lum. Shuning uchun biz doim hushyorlikka intilib yashaymiz, hamma kuchimiz shunga qaratilgan.
Masalan, mashinada ketayotgan bo'lsangiz GAI xodimi sizni to'xtatib: «Shunday-shunday qoidani buzdingiz, ikkinchi bunday qilmang», -deb javob berib yuborishi mumkin. Bundan albatta hayotga qizig'ishingiz oshmaydi. Cho'ntagingizdan otning kallasiday qilib pulingizni qoqishtirib olsa, ko'zingiz moshdek ochiladi. Ungacha ochilmaydi. Yoki shifoxonaga bordingiz, deylik. Duxtir pul olmasa, »Ha, shu ekan-da!» deb yalpayib yotaverasiz. Duxtirdan tortib farroshgacha har kuni pul olaversa, yashovchanlik immunitetingiz oshadi, darrov tuzalib ketasiz. Avtobus qatnovi yo'q, deysizmi? Bu ham sizning foydangizga! Piyoda yursangiz sog'liqqa foyda, pul cho'ntakka qoladi. Ha, olti oydan buyon maosh olmayotgan bo'lsangiz, bundan maqsad-hayotga qizig'ishingizni oshirish. Bechora bankirning ko'zi uchib turgani yo'q, pulingizni aborot qilib orttirgan sarmoyasini qayerga qo'yishni bilmay sarson bo'lib yurishga. Uyam sizning g'amingizni yeyapti. Tekshiruvchilar jonga tegib ketdi, deb noliysiz. U ham xudoning bandasi, bir hafta yaxshilab ziyofat qilib, aytganini berib yuborsangiz, immunitet oshadi, turmush tarzi kuchayadi.
Sud, prokuratura, melisa qo'lga qaraydi, deyishingiz endi g'irt tuhmat. Birinchidan, ular hamma vaqt ko'zga qaraydi, ikkinchidan, ha endi qo'lga qaramay, oyoqqa qarasinmi? Dushman oyoqqa qaraydi. Xullas, nimaiki qilinayotgan bo'lsa, bularning hammasi odamning hayotga qiziqishini oshirish, har bir yangi kunni bayram sifatida kutib olishi uchun bo'layotgan ishlar. Busiz yashashda ma'no qolmaydi. Siz yana tinchimaysiz, nega ko'chalarda mashina qatnovini tez-tez to'xtatib qo'yishadi, odam ko'zlagan joyiga borolmay sarson bo'ladi, deysiz. Endi o'ylab ko'ring, boradigan manzilingizga o'n kilometr masofani aylanib o'tsangiz, hushyorligingiz yana oshadi, yashashga qizig'ishingiz kuchayadi. Qiziqish bor joyda esa taraqqiyot bo'ladi. Hamma narsa yetarli joyda tanballik boshlanadi, odam hech narsaga qiziqmay qo'yadi.
Yaqinda tilivizirda qo'yilayotgan kinolar dublyajiga ovoz beraverib, jonga tegib ketgan bir akaxon bilan telefonda gaplashib qoldik. «Bilasanmi Erkin, -dedi u menga. -Qanday pul topishni, qanday chiroyli yashashni bilaman. Lekin hozirgacha nima uchun yashayotganligimni bilmayman!» Mana, sizga to'qchilikning oqibati! Lekin xudoga shukur, boshqalardan farqli o'laroq nima uchun yashayotganligimni yaxshi bilaman. Men hushyor turmush tarzi uchun yashayapman!