OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Vosvos (hajviya)

Oilada o'nta qizning ichida bitta o'g'il bo'lganman. Shuning ta'siridanmi, qorong'ulikdan qo'rqaman.  Ishontirish qobiliyatim shunchalik kuchliki, oxiriga borib gapirgan gapimga o'zim ham ishonib ketaman. "Gurungchi" xususiy gazetasiga tinchgina oldi-qochdilarni yozib yurgan edim. Televideniyeda "Hayot oqishlari va qoqishlari" ko'rsatuvini tashkil qildim-u, o'zimning ham hayotim ostin-ustun bo'lib ketdi. Mashhurlik keltirgan bu ko'rsatuv meni vosvos kasaliga mubtalo qildi. Ko'rsatuv tayyorlashda bilmasdan bitta-ikkita tomiri baquvvatning dumini bosib qo'ygan ekanman, bir kuni kechasi to'rttasi uyga bostirib kirib, bor-budimni shilib olishdi. O'zimni mashinaga tiqishib,  kimsasiz cho'lu biyobonga tashlab ketishdi. Ikki kundan keyin yarim jinni, yarim sog' holatda boshqa shtatdan topilib, kasalxonaga tushdim. Xullas, o'shandan buyon vosvos kasaliga duchor bo'ldim. Bir gapni gapirayotib, Cherchillga o'xshab birdan boshqa mavzuga o'tib ketganimni bilmay qolaman.

Ko'cha-kuyda o'zimdan-o'zim qo'limni silkitib, goh kulib, goh o'dag'aylab gapiradigan odat chiqardim. Qancha duxtirga tekshirtirdim, davolandim, baribir foydasi bo'lmadi. Bu orada televideniyedan yumshoqqina qilib javob berib yuborishdi. Oxiri davolovchi vrach kasallik bo'yicha pensiyaga chiqishni maslahat berdi.

VTEKga borib, "Komissiya raisi  Dagarov" deb yozib qo'yilgan kabinetga kirdim. Raisning ko'ziga qarashga qancha harakat qilsam ham, to'qnash kelolmadim.

-Keling, -dedi u yelkam osha orqaga qarab. Men orqamga o'girildim. Hech kim yo'q.

-Siz keling, siz, -dedi Dagarov.

Yana unga qaradim-u, kasalligim esdan chiqib, dovdirab qoldim. Uning bir ko'zi o'ng tomondagi Lenin portretiga, ikkinchi ko'zi chap tomondagi deraza darpardasiga qadalgan edi.

-M-m- menmi? -dedim nima deyishni bilmay.

-Ha, siz-siz, -Dagarov dovdirashimga ortiqcha e'tibor bermay, o'ng ko'zi bilan Leninning portretiga tikilib. Uning darpardaga qadalgan ko'zi deraza tokchasiga ishora qildi. -O'tiring. Men deraza tokchasiga emas, yonimda turgan stulga o'tira qoldim.

-Xo'sh xizmat?

 Men kasalligimni unga tushuntirib, duxtir bergan xulosani qo'liga tutqazdim. Dagarov Lenin portretiga qattiq tikilib, chap ko'zini darpardaga qadadi-da, xulosani burnining tagiga olib bordi.

-Xo'sh- xo'sh, hm, kasalingiz haqiqatdan ham jiddiy ekan, -dedi u darpardaga qarab. -Sizga yo'llanma beraman, duxtirdan o'tib, boshqa joylaringiz sog'ligi haqida xulosa olib kelasiz. -U Leninga o'ng ko'zini shaqshaytirdi: - Tushunarlimi?

-Tushunarli, -dedim men ham Leninga qarab.

Keyin o'zimizning poliklinikaga bordim. Tanish bosh vrachga kasallik pensiyasiga chiqish uchun hamma joyi sog', degan xulosa kerakligini tushuntirdim. Bir hafta mobaynida hamma duxtirlardan o'tdim. Aksiga olib, ularga pul taklif qilib ham "sog'" degan hujjat to'g'rilolmadim. Hafsalam butunlay pir bo'ldi. Buncha kasallik  bilan meni pensiyaga emas, to'ppa-to'g'ri ochiq mozorga  kuzatib  qo'yishsa ham bo'lardi. Xullas, shalvirab Dagarovning huzuriga  kirdim

-Olib keldingizmi? -dedi  u Leninga qarab, chap ko'zi bilan deraza tokchasiga o'tirishga taklif qilib.

-Olib keldim, -dedim hech qanday ishtiyoqsiz. Dagarov hujjatlarni burnining tagiga olib bordi,  keyin Leninga qaradi:

-Birorta sog' joyingiz yo'q ekan-ku, birodar?

Dagarovga qarab afsus bilan boshimni silkitdim. Keyin o'rnimdan turib ketmoqchi edim, u qo'ymadi.

-Siz bizning parametrlarimizga to'g'ri kelasiz, -dedi u Leninga muloyim qarab. -Ertaga tushdan keyin keling, buni birgalikda hal qilamiz. -Dagarov darpardaga qarab chap ko'zini sirli qisib qo'ydi.

"A-ha, -o'yladim o'zimcha. -"Birgalashib!" dedi. Demak, ko'nglini topishim kerak..."

Uyga borib konvertga pul joylab, yelimladim. Keyin yana o'yladim: o'zim vosvos bo'lsam, hamma joyim kasal bo'lsa, nimaga pul berib pensiyaga chiqishim kerak? Ikkinchi konvertni olib, "Gurungchi" gazetasini joyladim. Ertasi kuni Dagarov aytgan paytda qabuliga bordim. Konvertni uzatdim.

-Bu nima? -so'radi Dagarov hayajonlanganidan o'ng ko'zini Leninga pirpiratib, chap ko'zini qisib. Shu payt kutilmagan voqea yuz berdi: politsiya kiyimida ikki kishi xonaga bostirib kirib: "Qimirlamang, Federal byuro", -deya buyruq berdi, keyin tashqaridan uchta xolisni boshlab kelishdi. Politsiyachilardan biri menga:

-Siz o'z manfaatingizni ko'zlab, mansabdor shaxsga pora bermoqchilikda gumon qilinayapsiz, -dedi. -Bu nima?

-Konvert, -dedim.

-Konvertda nima bor?

-Gazeta.

-Gazeta? Xolislar, yaqinroq kelinglar, -dedi politsiyachi. -Konvertda qanaqa gazeta borligiga guvoh bo'lasizlar!

U konvertni ochib, haqiqatdan gazeta borligini ko'rib hayron bo'ldi, yana biror narsa bormi, deya  ichini  paypaslab  ko'rdi:

-Bu nima?

-Gazeta.

-Nimaga konvertga solib keldingiz?

Shunda Dagarov  birdan jonlanib, tilga kirdi:

-Gazetani  men  buyurganman, "Gurungchi" jonu  dilim, -dedi u voqeaning bunday favqulodda yechim topganidan yayrab. Hamma Dagarovga qarab, hech biri uning ko'zlariga to'qnash kela olmadi. Uning bir ko'zi Leninga, ikkinchi ko'zi derazaga qarab kulib turardi. Xolislar, politsiyachilar  Dagarov bilan menga bo'lg'usi jinoyatchilarga qaraganday qaray-qaray chiqib ketishdi. Dagarov dami chiqqan pufakday bo'shashib, stulga o'tirib qoldi.

-Sizga nima yomonlik qildim birodar, -dedi u bir payt tili kalimaga kelib, ovozi qaltirab. Men Dagarovga unga nisbatan ko'nglimda hech qanday yomonlik yo'g'ligini, bu tasodif ekanligini aytib qasam ichdim.

-Bilgan edim orqamdan tushishganini, -dedi Dagarov xotirjam bo'lib. -Ammo lekin siz  bopladingiz, bunaqasi bo'lmagan edi, -u Leninga qarab,  men darpardaga qarab rosa kuldik.

 Ertasiga shu payt ko'rishishga kelishdik. To'g'risi, Dagarovga rahmim keldi. Pul solingan konvertni cho'ntakka solib, belgilangan paytda huzuriga bordim. Tortmasini ochib konvertni tashladim.

-Bu  nima, -Dagarov yana hayajonlandi.

-Qo'rqmang, xizmat haqqingiz..., -deyishimni bilaman, xona eshigi taraqlab ochilib, "Qimirlamang, Federal byurodan!" -degan buyruq bo'ldi, ikkita politsiyachi, xolislar kirib kelishdi. Politsiyachi tortmadan konvertni olib so'radi:

-Bu nima?

-Pul...

-Pul? Xolislar, yaqinroq kelinglar, bu ikki shaxsning biri pora berishda va ikkinchisi pora olishda gumon qilinayapti...

Politsiyachi bizni nihoyat jinoyat ustida qo'lga tushirganidan mamnun bo'lib, qo'llari qaltirab konvertni ochdi va undan... "Gurungchi" gazetasini oldi! Endi bu holatni ko'rib mening tilim kalimaga kelmay qoldi. Axir o'z qo'lim bilan pul solgan edim-ku, qanday qilib...Bu payt politsiyachi konvertni asabiy ravishda orqa o'ngini aylantirib pul izlar, Dagarov ikki ko'zini ikki tomonga shaqshaytirib, qornini changallab kulaverib yiqilib qolgandi. Politsiyachi menga jahl bilan baqirdi:

-Nimaga odamni ahmoq qilasan? Seni poylab  yuradigan bekorchi bormi? Uch oydan buyon  izingdan yuraman! Pul qani?

-Konvertning ichida edi...

Politsiyachi bir menga, bir qo'lidagi konvertga qaradi, keyin gazeta bilan qo'shib basharamga uloqtirdi-da, "Vosvos!" deya  so'kingancha odamlari bilan chiqib ketdi.

Bir payt Dagarov inqillab-sinqillab stolning tagidan chiqib keldi.

-Pul qani? -dedi u bir ko'zini shaqshaytirib Leninga qarab, ikkinchi ko'zini derazaga mixlab, peshonasini peshonamga tekkizguday bo'lib. Hayron  bo'lib, yelka  qisdim.

-Vosvos! -dedi u polga tupurib. -Jo'nang, hujjatlarning hammasini o'zim to'g'rilayman, keyingi oydan kasallik pensiyasini olasiz! Lekin ikkinchi mening oldimga kelmang, iltimos,-u  ko'zini ikki tomonga qadab, yig'lab yubordi...

Hozir kasalligim bo'yicha pensiya olayapman. Darvoqe konvertdagi pulni o'shanda xotinim tushmagur olib, o'rniga gazetani joylab qo'ygan ekan... Pul  qo'ygani  esidan chiqib ketadi, deb o'ylagan-da! Yo'q, vosvos bo'lsam ham, pul masalasida o'zimga hushyorman.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.