OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. O’lay agar, alam qiladi! (hajviya)

Yaxshi odamlar bilan suhbatlashishni yaxshi ko’raman. Shuning uchun ko’pincha jinnixonaga boraman. Duxturdan ruxsat olib, har gal har xil toifadagi kishilar bilan suhbatlashaman. Bu erda Nostradamusdan tortib Napoleongacha topiladi. Umar Xayyom, Gippokrat, Pifagor, hatto Gorbachyov ham shu erda.
–Kechirasiz, qaysi qonunni kashf qilgansiz? -so’rayman Pifagordan.
–Bilib turib mendan so’raysan-a, undan butun dunyo xalqlari foydalanib yotibdiku, -deydi u o’qrayib. Nostradamus qahrli ko’zlari bilan Gorbachyovning kal peshonasidagi dunyo xaritasiga qarab to’ng’illaydi:
–Besh ming yil burun aytganman-a, bu yalangoyoqlarga, peshonasida belgisi bor bir kal odam hukumat tepasiga chiqsa, dunyoni  chapparosta qilib tashlaydi deb! Hech kim quloq solmagan edi. Mana, oqibati!
–Hay, o’rtoq, -Gorbachyov kaftini og’ziga tutib, tomoq qirib, glastigini to’g’riladi: -kimligingizni bilmadim-u, lekin sizgacha ham, sizdan keyin ham hali hech kim dunyo charxpalagini menchalik to’g’ri yo’lga boshqara olgani yo’q...
–Va bo’lmaydi ham, -ro’paradan trubkasini chekib Stalin chiqib keldi. -Mening davrimda  bo’lganida, sen kontrani Amerika razvedkasining ayg’oqchisi sifatida Kremlning qubbasiga chataningdan osdirardim.
–Ha bo’ldi-da endi, -Bill Klinton o’rtadagi noxushlikni bartaraf qilish maqsadida oraga tushdi. -Kelinglar, xotiramizda eng shirin damlar bo’lib qolgan muhabbat iztiroblaridan so’zlashaylik... 
Abdurayim bilan Mamarayim ham shu yerda.
–Qo’yingna, ashnaqa geplani, yaxshisi bir choyxona polov qilib o’tiraynuk, -deydi Abdurayim.
–Bo’pti, ommo choyxona polovdi o’zim ja kiptini keltrivoraman-de, -gapga qo’shiladi Mamarayim. -Oshagan odo’m mama devorishi hech gapmas...
Meni hamma shayir deb chaqiradi. O’lay agar, alam qiladi shoirga shayir deb murojaat qilishsa! -Bu kishi shayir, -deb boshqalarga ham maqtab qo’yishadi. Tuppa-tuzuk muomala qilib o’tirgan odam bu gapdan keyin menga yarim jinni, yarim savdoyiga qaraganday qaraydi. Qani endi o’zingizning jinnimasligingizni isbotlab ko’ring-chi?!
–Ha qo’yavering, bu kishi shayir-da,-deb o’tib ketaverishadi.
Jinniga borib “San jinnisan”,-deb ko’ring, jinniligimni topib ber, -deb darhol yoqangizdan oladi. Sog’ odamga borib “San jinnisan”,-deng.
- To’g’ri, -deydi kulib. -Jinni bo’lmasam, xotinni ikkita qilarmidim? Uylangan kunimga ming la’nat, -deydi. -Ikkinchisi yaxshi chiqar, deb o’ylovdim, bunisi unisidan battar chiqdi. Ana endi o’tiribman, 16 ta bola bilan nima qilishni bilmay. Xudoga shukur, harqalay ikkita xotin olib faylasuf bo’ldim. Hozir qo’sh xotin olishning foyda va zararlari to’g’risida kitob yozayapman, - deydi. Hamma ko’rgan, bilgan  narsalarni yana ta’kidlab o’tirish shart emas. U dehqonning yaydoq shudgoriday shundoq ham ko’rinib turibdi. Yo’q, biz albatta o’sha qora ro’yxatga tushgan odamning oldiga borib, ichimizdagi gapimizni aytmasak, chidab turolmaymiz.
–San jallobsan, -deymiz borib tikkasiga.
–Hali man jallobmi, -deydi u ham og’zidan ko’pik sachratib. -E, hali san yoqangni hidla, falonching falonchining pismadonchisi bilan..., -shu bilan bu yog’i ketdi...Ikki soat og’zidan bodi kirib shodi chiqadi. A, siz kimligining farqi yo’q, birinchi duch kelgan odamni o’zida yo’q fazilatlarni, xislatlarni qo’shib-chatib maqtang qani, qanday qabul qiladi? Avval uyaladi, kalovlanadi, ortiqcha maqtavordingiz, deydi... Keyin oxir-oqibat “To’g’ri, -deydi. –Balki nokamtarlikdir, lekin shunaqaman!”-deydi.
 O’sha hamma taniydigan, yetti mahallaga ovozasi ketgan jallobning yoniga kelib dabdurustdan:
–Siz jallob emassiz, -desangiz, uning shubhalanishi tabiiy. Shuning uchun unga o’zida yo’q xislatlarni oppoq parqu liboslarday kiygizing. Siz sadoqat timsoli, vafo ramzisiz, deng.
–To’g’ri, -deydi u oxir-oqibat g’urur bilan. Men haqimdagi mayda-chuyda ig’volar og’ziga kuchi yetmaganlarning gapi...
Ana shunday, Xudoning har bir gunohkor bandasi o’zida yo’q fazilatlarga ega bo’lishni, o’zi haqida o’zi istaganday gapirishlarini istaydi. Uchragan odam shoirni qo’li bilan ko’rsatib, bu kishi  shayir, -deb hammaga tanishtiraversa, alam qiladi-da. Chunki eng fojeali tomoni-butun dunyo proletarlari bu kishi shayir, deyilsa, bechora shoirni emas, yarim savdoyi, yarim jinni odamni ko’z oldiga keltirganidan keyin buyog’ini o’zingiz tushunib olavering. o’lay agar, alam qiladi!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.