Yaqinda taniqli jurnalist Qosir Sulloh tomonidan ro’yxatdan o’tkazilgan “Haqiqat satqai sari” gazetasining taqdimot marosimi bo’lib o’tdi. Unda gazeta jamoasi-Qosir Sulloh, bug’altir Qirnov Tog’a, farrosh Gulya xola, qorovul ?o’ndi zolotoy, shoir Quvon Bevaqtlar ishtirok etdilar. “Nega gazetani bunday nomladingiz?” degan savolga Qosir Sulloh shunday deb javob berdi:
–Aslida gazeta uchun men tomonimdan o’ndan ziyod nom tavsiya etilgan edi, o’tkazilgan tenderda “Haqiqat satqai sari” nomi ma’qul bo’ldi. Biz qisqalik iste’dod onasi ekanligini hisobga olib, ikkita “s” harfidan bittasini qoldirdik va yangi gazetamiz “Haqiqat sari” nomi bilan dunyo yuzini ko’radigan bo’ldi.
O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan xalq shoiri, katta iste’dod sohibi Hamin Samin viloyatdagi barcha rahbarlarga madhiya yozib bo’lgach, endilikda soliq, bojxona, o’t o’chirish, qabrtosh yozuvlari sohalarida ijod qilmoqda. Shoirning ta’kidlashicha, qalam tebratish uning uchun hushtak chalishday bir gap. Lekin u matbuot uchun emas, deb yangi keladigan rahbarlarga ham yozib qo’ygan bir qator bag’ishlovlarini ko’rsatib o’tdi. Suhbat davomida shoirning yangi-yangi iste’dod qirralari namoyon bo’ldi. U dastlab bag’ishlov yozgan shaxslarning ko’pchiligi olamdan o’tib ketganligi sababli keyingi paytda epitafiya janriga qayta-qayta murojaat qilishga to’g’ri kelayotganligini bildirdi.
Iste’dodli shoira Gashti Xandon ellik yoshga to’lishi munosabati bilan elliginchi kitobini bosmadan chiqardi. Saylanma “Mening sevgim-sening sevging emasmi” deb nomlangan bo’lib, uning taqdimotnomasida olimlar bu kitobni yangi asr mo’jizasi, deb e’tirof etdilar. Hayajonlangan shoira o’rnidan turib: “Hammalaringizni quchoqlagim keladi”, -deb yig’lab yubordi. Bundan ta’sirlangan shoiraning ajrashib ketgan to’rtta eri, u bilan turmush qurishga shaylanayotgan navbatdagi kuyov va yig’ilgan barcha xushtorlar o’rnilaridan turib ko’z yosh aralash guldiros qarsaklar chalib yubordilar.
Estrada yulduzi Pari Osmon qo’shiqchi shoir Gado Sado she’rlari bilan aytiladigan “Qaynamay kuydim” nomli qo’shiqlar guldastasini yaratdi. Ayniqsa shoirning:
Tomga qo’ydim shotini, anovi kimning xotini,
Qaynamay kuydima-a, qaynamay kuydim,-
degan qisqa va mazmunli she’rini xonanda yarim soat mobaynida 28 xil ohangga solib aytganligi estrada sohasida muhim yangilik bo’ldi.
“Girdikapalak” telefilmining bosh qahramonlari aka Sangam va lo’li qiz Radhalarning mamlakatimiz maktablari bo’ylab isiriq tutatib yurganlariga ikki yil to’ldi. Shu munosabat bilan o’lka soliq qo’mitasi va prokuraturasi ular nomiga tabrik telegrammasi jo’natdi.
Sog’liqni yoqlash vazirligi ogohlantiradi: narkotik moddalar va Meksika teleseriallari erkaklarni xotinmijozga aylantirib qo’yishi mumkinligi oilangiz uchun xavflidir.
Muxlislar bilan uchrashuvda shoir Alaf Paqqos “Ijodingizga nima turtki beradi?” degan savolga ko’proq ko’katlar iste’mol qilgan paytlari hayajonli ijod damlarini boshidan kechirishini izhor qildi. “Lekin umr bo’yi ko’kat yeb ham biror qator she’r yozgan ho’kizni uchratganim yo’q”, -dedi u afsus bilan.
Zanjabil shtatining meri o’quvchi va talabalardan imtihon uchun pul terish hollariga barham berish haqida qaror qabul qildi. Shu munosabat bilan bir guruh o’quv yurtlarining pedagogik jamoalari yig’ilgan pullarni egalariga qaytarib berish haqida murojaatnoma qabul qildilar.
Rossiyaga qatnovchi avtobuslar soni yana bittaga ko’paydi. “Zapchastbozor” yonida turgan avtobus haydovchisining ta’kidlashicha, bu dunyo xalqlari o’rtasida o’zaro do’stlik aloqalari yanada mustahkamlanib borayotganligining ifodasidir.
“Super-Xiyobon” yo’nalishida qatnayotgan “Damas” kirakashlari “bir reysda ikki reys” tashabbusi bilan chiqdilar. Bunda ular mikroavtobusga “Povorot” yozuvini tirkab, manzilga borganlaridan keyin “Xiyobon” gacha navbatdagi yo’lovchilarni olib ketishga muvaffaq bo’lyaptilar. Ularning fikricha, bu xalq xo’jaligini rivojlantirishga munosib hissa bo’lib qo’shiladi.
G’ujalabo’ston prezidenti 90 yoshga to’lganligi munosabati bilan mamlakat konstitutsiyasiga o’zgartirish kiritish hamda barhayot prezident vakolatini 20 yilga cho’zish bo’yicha referendum o’tkazildi. Unda aholi qatlamining 99,9 foizi bu taklifni ma’qullab ovoz berdi.
–Yuksak ishonchlaringiz uchun rahmat,-dedi prezident. -Agar jag’im tushib ketmasa, undan ham ko’proq sizlarga xizmat qilishga tayyorman...
Xalqaro Olimpiada yuguruvchilari kuni munosabati bilan chopib ketayotgan sobiq chempion, 75 yoshli Chopag’onov bilan yo’l-yo’lakay suhbatlashdik.
–Bir umr chopib kelganman,-dedi chempion.-Avval bog’chaga, keyin maktabga, keyin ishga chopdim. Uylanganimdan keyin katta yugurish boshlandi. Hovli-joy, mashina deb chopdim, bolalarni o’qishga joylashtirish, to’y qilish uchun chopdim, o’rtada bilmasdan yana bir uylanib qo’ygan ekanman, ikki oilani boqish uchun chopayapman...
–Hozir qayerga chopayapsiz, -dedim nafasim tiqilib, harsillab.
–Hozir nafaqamni olib, ikkinchi oilamdan ikki yoshga kirgan o’g’lim uchun sut olishga chopaman, undan keyin ellik beshga kirgan o’g’lim bor, unga dori olib boraman, keyin ikki joyning qorovulligini olib qo’yganman, o’sha yoqqa chopaman...