OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Qisqa tutashuv (hajviya)

Odatda, odamning miyasida kundalik savol-javoblar uchun navbatchi so’zlar tayyor turadi. “Qanday?”, desa, “Yaxshi”, deydi, “Ishlar zo’rmi? -desa “Zo’r!” deydi. Yiqilib yotgan bo’lsa ham, yoniga kelib “Tinchlikmi?”desang, “Tinchlik”, -deydi. Ana shu qonuniyatlar buzilsa, ba’zilarning chappa miyasi bilan o’ng miyasida qisqa tutashuv yuz beradi, keyin kompyuteri tutab ketadi. Mansur ota degan jo’ramdan “Ahvollar qalay?” -deb so’rasangiz “Nima ishing bor?” -deb javob beradi. Bundan garang bo’lib qolgan odamning miyasida albatta qisqa tutashuv yuz beradi-da. Bir og’aynimiz “Ahli ulus qalay?” desa, boshqasi “Cho’ntaklar qalay?”, deydi. Rauf Parfi  “Dunyoqarashlar joyidami?” deb so’raydi. Ichib yuradigan odam bilan bittasi “Kayfiyat qalay?” deb so’rashgan ekan, “Kayfiyatim bilan nima ishing bor, e... sani”, - deb so’kib beribdi. Yahyo Tog’a  “Ahvolimni so’rang, aka!” deydi. “Ahvoling qalay, uka?”, desangiz, “E, so’ramang!”, deydi. Erkin akaga “Falonchi o’lipti”, desangiz, “Ha, yaxshi-yaxshi, e, qachon?” deydi. Mendan “Ahvollar qalay?”, deb so’rashsa, “Shunday”, deb javob beraman. Qandayligini o’zim bilaman. Bir kuni Ne’matga qo’ng’iroq qildim. Odatda  qo’ng’iroq bo’lganida telefon go’shagini ko’targan odam “Allo, eshitaman”, deydi. U esa  “Kim bu?” deb so’radi. “Kim kerak?” deb yuboribman navbatchi so’zni ishlatib. Ne’mat  “Ie?”, dedi-yu, telefon go’shagini qo’yib qo’ydi. Hoynahoy, g’ayri-tabiiy savol-javobdan uning kompyuteri tutab ketgan bo’lsa ajab emas.
 “Toshkent oqshomi” gazetasida tanish muxbirning yarim betdan kattaroq maqolasi chiqibdi. o’qib ko’rsam, uning bir joyida “ko’rga hassaday ayon” degan ibora ishlatilgan ekan. Shartta go’shakka ro’molcha qo’yib, qo’ng’iroq qildim:
–Alyo, bu “Toshkent oqshomi” gazetasimi?
–Ha, kim kerak?
–Qurbon Odilov degan muxbirlaringiz maqolasida ko’zi ojizlarni “ko’rga hassaday ayon” deb haqorat qilibdi, biz yigirmata ko’zi ojizlar gazetaga kirish joyida kutib turibmiz, shu kishini topib bersangiz...
–U kishi bugun ishga kelgani yo’q. -Ovoz Qurbonniki ekanligini darrov angladim.
–Bo’lmasa, bosh muharrir bormi?
–Bosh muharrir ham yo’q, -qaltirab chiqdi Qurbonning ovozi.
–Aldamang, -hujumga o’tdim. -Yana Qurbon Odilov o’zingiz bo’lmang?
–Yo’g’-e, -ishonchsiz eshitildi Qurbonning ovozi.
–Yo’q, dema, ovozing qaltirab chiqayapti, sen Qurbon Odilovsan, sezib turibman. Nega ko’zi ojizlarni ko’r deb haqorat qilasan? Yaxshilikcha tush bu yoqqa, bo’lmasa  tug’ilganingga pushaymon bo’lasan, tushundingmi churvaqa! Kerak bo’lsa, Markazqo’mgacha  boramiz! Haqorat  qanday bo’lishini san oyoqyalangga ko’rsatib qo’yamiz!
Shunday obrazga kirib ketibmanki, Qurbon qo’rqqanidan go’shakni qo’yib qo’ydi...Yarim soatlardan keyin yana unga qo’ng’iroq qildim:
–Qurbon, yaxshimisiz?
–Ha, yaxshi, o’zingiz qanday?
–Yaxshi. Mabodo sizga ko’rlar qo’ng’iroq qilmadimi?
–Ha, belat, o’zimam o’ylovdim-a, siz ekansiz-da! E, odam emas ekansiz...  
Ishxonada “Shaytanat” videofilmini sakkiztacha odam tomosha qilib o’tiribmiz. Tushlikka  yaqin qolgan, cho’ntakda bor-yo’g’i 35 so’m pul bor, yarim kosa sho’rva 44 so’m turadi, bu pul shungayam yetmaydi. Nima qilishga hayronman. Bu yoqda kino bo’lyapti. Asadbek bir nusxaga gapiryapti:
–Hajga bormoqchisan deb eshitdim...
–Ha-ha, ham sayohat, ham tijorat deganlariday...
–Xo’sh, borib kelishingga qancha xarajat ketadi?
–Ha, endi, ham sayohat, ham tijorat deganlariday, hammasi bo’lib o’n besh ming so’mlar ketib qolar...
–Ma, mana bu pulni ol-da, -Asadbek haligi odamning oldiga bir o’ram pul tashladi, -harom oyog’ing bilan Makkani bulg’ama, tushundingmi?
Ana shu paytda men ham cho’ntakdagi 35 so’m pulni olib televizor ekraniga qarab otdim:
–Yetmasa mana buni ham ol, ochofat, -deb baqirdim. Hamkasblar mening bu kutilmagan harakatimdan qotib qolishdi: bir menga qarashadi, bir yerda shalvirab yotgan pulga, bir televizorga. Hech narsani tushunishmaydi. Qisqa tutashuv yuz berdi-da! Keyin o’tirib-o’tirib hammalari birdan sharaqlab kulib yuborishdi...
Eshon degan o’gay ukam bor, ota boshqa, ona bo’lak. Bir kuni u: “Aka, moshinangizni qo’shing, binzin opperaman, ziyofatning quyug’iga boramiz”, deb qoldi. Moshinani qo’shib yuz kilometrlik masofadagi “quyuq ziyofat”ga ketdik. Ziyofat zo’r bo’ldi, o’gay ukam menga ham ichirdi. Ziyofatdan keyin moshinani haydab ketayotgan edim, to’rt-beshta GAI xodimlari to’xtatishdi.
–Endi o’zing javob ber, -dedim moshinani to’xtatib. O’gay ukam shartta moshinadan tushib, milisalardan biri bilan quchoqlashib, labining yarmini “uzib” oldi. Keying GAI xodimi tayoqchasi bilan menga “hayda” ishorasini qildi. Haydadim. O’gay ukam ot tekkanda xolangnikiga borib qol, qabilida to sahargacha kirmagan teshigi qolmadi. U yoqqa hayda, bu yoqqa hayda, jon  hiqildoqqa keldi. Oxiri bir joyda tog’asi yashar ekan, o’sha yerga qo’ndik. Men yotibman, Eshon yotishga hozirlik ko’rayotib, g’udrandi:
–Shuyam yurish bo’ldimi, kuchukka o’xshab sang’ib, “onangni...” deydigan odam yo’q...
Qarasam, so’kadigan odam yo’q, deyapti. Nima, men odam emasmanmi? Hamiyatim qo’zidi. Yotgan joyimdan:
–He, onangni sani...,-deb so’kdim.
Tabiiyki, bundan Eshonning miyasida qisqa tutashuv yuz berdi. Bechora nima deyishni bilmaydi, javob qaytaray desa, o’zi so’rab olgan...
Ana shunday. Odamzot tabiiy savolga javob ololmasa, miyasida qisqa tutashuv yuz beradi. Natijada nima bo’ladi? Natijada u yo hayotga sergakroq qaray boshlaydi, yoki oxir oqibatda kompyuteri kuyib ketadi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.