"Ma'naviyatsizlik-oxir zamon nishonalaridan biridir", -deb yozgan edi Chingiz Aytmatov. Biz har qadamda ma'naviyat-ma'rifat, deb jar solayapmiz-u, aslida amalda hech narsa qilmayapmiz. Ma'naviyat-ma'rifat markazlari sovet tuzumi davridagi "Bilim" jamiyatiga o'xshab qoldi. Hokimiyat boshqaruv tizimida ijtimoiy soha bo'yicha hokim o'rinbosari lavozimi tugatilganidan keyin o'rtada ma'naviyatsiz-ma'rifatsiz bo'shliq paydo bo'ldi.
Bugun lotin alifbosida saboq olayotgan farzandlarimiz o'n birinchi sinfda o'qiyapti-ular balog'at yoshiga yetdi. Lotin alifbosidagi adabiyotlarning yetishmasligi, gazetalarning yo'g'ligi ularning ma'naviy qashshoqlanishiga, ma'naviy bo'shliqning yuzaga kelishiga olib kelmoqda. Maktab va madaniyat bo'limlari, kutubxonalar bo'm-bo'sh, huvillab yotibdi. Ma'naviy qashshoqlik-moddiy qashshoqlikdan yomonroqdir. Ma'naviy bo'shliq jamiyatga yot bo'lgan zararli g'oyalarni keltirib chiqaradi. Yoshlar va boshlang'ich sinf o'quvchilari uchun lotin alifbosida chop etiladigan gazeta-jurnallar, adabiyotlarni ko'paytirmasak ertaga kech bo'ladi. Ma'rifatparvar alloma Abdulla Avloniy hazratlari aytganlaridek, ma'naviyat-ma'rifat "...biz uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat-yo falokat masalasidir".