OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Bizda hamma narsa bor (hajviya)

Odam bolasi qanday sharoitda bo'lmasin, hamma narsaga ko'nikadi. Uning yashovchanligi ham ana shunda. Oh-voh qiladi, o'zini to'rt tomonga uradi, keyin hamma qatori aravasini sudrab yuraveradi. Podsho bir kun gado bo'lib uyg'onadi, gado bir kun kelib podsholik taxtiga o'tirishi mumkin. Zamonlar, makonlar aylanaveradi, nasllar, fasllar almashaveradi, lekin bandasi tushmagur o'sha-o'sha noshukurligicha qolaveradi. Chunki onakaloni Momo Havo jannatda yurganiga shukur qilmay ta'qiqlangan mevadan tatib qo'ygan-da! Odamzod yoz bo'lsa qishni qo'msaydi, qish kelsa yozni sog'inadi. Boshiga baxt qushi qo'nib ishi yurishib ketsa, kechagi kunini unutadi qo'yadi. Ishi yurishmasa, zamondan noliydi, kechagi kunini qo'msaydi, eh, kommunizm o'tib ketibdi, bilmay qolibmiz, deydi. Bunday yashab bo'lmaydi, deydi.

Hozir yo'lovchilar uchun asosiy transport vositasi Damas. Xususiy kirakash yo'lovchini xohlasa uloviga mindiradi, xohlamasa yoki basharasi yoqmasa mindirmasligi ham mumkin. 200 so'm berib, 50 so'm qaytimini so'rashga qo'rqib o'tirasiz. Mabodo so'rab qolsangiz, kirakashning kayfiyati bo'lmasa, qaytimni basharangizga uloqtirishi mumkin, yoki 200 so'mni qo'lingizga qaytaradi-da moshinani to'xtatib, qisqagina qilib «tushing», deydi. Ulovga chiqsangiz, kirakash doimiy ashulasini boshlaydi.

-Yana gaz qimmatlashibdi, buncha narxini ko'tarib nima qilishadi, o'zi ko'tar-ko'tarlar hammaning joniga tekkan. Kira haqini ko'tarsak, xalq norozi bo'ladi. -Yo'lovchilar birdan hushyor tortib, kirakash ko'proq pul talab qilib qolmasligi uchun 150 so'mdan yo'l pulini uzatishdi.

-Jonga tegdi, jonga tegdi, -chuvillashdi hammasi.

-Bu yil erta salqin tushayapti, erta qishga o'tin g'amlab qo'ymasak, gaz yo'q, bir artist aytganiday, gazini falon joyga berib tezak tutatgan o'zbegim, bo'layapti bu yog'i, -gap qo'shdi telpagi tullab bir tomonining yag'iri chiqib qolgan ko'sanamo kishi.

-Gaz yo'q, gaz yo'q, -bir ovozdan takrorladi olomon.

-Bozorni aytmaysizmi-bozorni, -qulog'im ostida shang'illadi bir yarim kishining o'rnini egallab olgan yuzi rapidaday xotin. -Hamma narsa zahardan qimmat. 50 ming olib chiqsang, sumkang yarim bo'lmaydi.

-Bo'lmaydi, bo'lmaydi, -ma'qullashdi hammasi.

-Xalqaro terrorchilar hech kimga kun bermay qo'ydi, -yuzining chandig'i ariqcha bo'lib bo'ynining ichiga kirib ketgan lo'libashara barzangi g'o'ng'illadi. -Hamma qimmatchilik ana shundan. Ilgari mo'l-ko'lchilik edi, hammaning cho'ntagida puli bo'lardi, hozir kimning qappayib turgan kissasiga qarasang, yo setka, yo semichka bo'ladi...

Yo'lovchilar sergaklanib cho'ntaklarini paypaslab olishdi.

-Pul qayda deysan jiyan, -gapga qo'shildi shopmo'ylov kishi qo'lidagi setkani qattiqroq changallab. -Hozir odamlar nonga zo'rg'a pul topayapti, cho'ntagida pul olib yurarmidi.

-Pul yo'q, pul yo'q, -ayuhannos soldi hamma. -Pul bo'lganda taksida ketar edik.

-Nega pul yo'q, pul bor, -dedi barzangi shopmo'ylovni ko'zi bilan suzib. Shopmo'ylovning rangi og'arib, setkasini battarroq changallab oldi. -Barzangi ko'zi bilan rapida yuz xotinga, keyin tullaktelpakka posadka olib kelib, basharamning ro'baro'siga kelib to'xtadi: -Bankda.

-Bankdagi pul gazzagimga dori bo'larmidi, ana, Vestern yurmon degan bankka o'g'lim Rossiyadan pul yuborgan ekan, ikki haftadan buyon ololmayman, -dedi rapida yuz. -Pulni nimaga ishlatish kerakligini yozmagan ekan, endi orqaga qaytarib yuborisharmish.

-Hamma ayb o'zimizda, -dedi shu paytgacha gap qo'shmay ko'zi o'ynab o'tirgan tepakal, bashang kiyingan glastikli kishi. -U yo'q, bu yo'q, deb noliganimiz-noligan, har xil mish-mishlarga ishonamiz, qo'shib-chatib boshqalarga yetkazamiz, undan keyin tepada o'tirganlarni aybdor qilamiz. Qani, kimning kuni o'tmay qolayapti? Hammaning uyida bir burda noni, obi-yovg'oni bor, xudoga shukur qilish kerak...

Yo'lovchilar birdan jim bo'lib qolishdi.

-Mana, hamma narsaning narxi ko'tarilib ketayapti, bunday yashab bo'lmaydi, deymiz, to'ylarni qarang qanchalik ko'payib ketganini. Soch to'yi, yosh to'yi, muchal to'yi, aqiqa, sunnat, nikoh, charlar... e, son-sanog'iga yetib bo'lmaydi. To'yxonaga kirsang, dasturxon to'kinligidan yorilib ketay, deydi. Odamlar bunisi kamlik qilganiday hatto fotiha to'ylarni, gashtaklarini ham restoranlarda qilishayapti. Yana nima kerak? Qachon bunday zamon bo'lgan?

Yo'lovchilar kelishib olishganday birdaniga:

-To'g'ri-to'g'ri, -deya ayuhannos solishdi. -Bunday zamon bo'lmagan!

-Bo'lmaydi ham! -davom etdi tepakal. -Qimmatchilik, qimmatchilik deymiz, oylik maoshlar necha martalab oshirildi. -Tepakal menga sinovchan qaradi: -Mana sizning maoshingiz qancha? -Men har ehtimolga qarshi unga qarab yelkamni qisdim. -Ha, aytmaysiz, lekin kamida yetmish olasiz. Undan tashqari kunlik tushumingiz bor!

Hamma guv etib menga qaradi. Ayniqsa barzangining qarashi vujudimni parmalab tashladi. U «Shuncha oylik olar ekansan, nega cho'ntagingda pul olib yurmaysan, nomard!» deyotganday edi go'yo.

-Yo'g'-e, unchalikmas, -dedim ko'zimni qayoqqa qochirishni bilmay va «Yo tavba, to'rtta idorada qorovul bo'lib ishlashimni qayoqdan bilar ekan?» degan savol xayolimdan o'tdi.

-Buning ahamiyati yo'q, -davom etdi tepakal glastigini to'g'rilab. -Mana men ilgari yuz so'm oylik olar edim. O'shanda avtobus pattasi o'n tiyin edi. Hozir-chi? Maoshim yuz ming bo'lgan, avtobus kira haqi shunga yarasha yuz so'm. Noshukurchilik ham evi bilan-da!

-Evi bilan, evi bilan, -deya baqirishdi yo'lovchilar.

-Pul yo'q, pul yo'q, deymiz, mana jiyanim ikkita qizini imtihonga bir kun qolganda milyon bilan o'qishga joylab qo'ydi akusherlikka, -dedi duxturga o'xshab ketadigan, morze harflarini terayotganday barmoqlarini o'rindiq suyanchiqlarida tinimsiz o'ynatib turgan kishi. -Pulini shaxsan o'zim olib borib berdim. O'zini birga olib borsam bo'larkan, endi 200 ini urib qolgansan, deb mendan gumon qilib yuribdi...

-Faqat ishyoqmas zamondan noliydi, -dedi tepakal omin, deganday gapini yakunlab. -Qimirlagan kishiga xudoning o'zi beraveradi.

-Beraveradi, beraveradi, -shovqin soldi hamma bir-biriga gal bermay kekirdagini cho'zib.

-Siz nima deysiz? -tepakal dabdurustdan menga hujumga o'tdi. -Boyadan buyon razm solib o'tiribman, hamma gapirayapti, siz churq yetganingiz yo'q.

«Obbo, nega bu menga kanaday yopishib oldi, -o'yladim xunobim chiqib. -Men unchalik boy emasmanki, churq etib og'iz ochsam, unchalik kambag'al ham emasmanki, zamondan noliydigan bo'lsam...» 

-Siz ham bunday yashab bo'lmaydi, deb o'ylaysizmi, -qayoqdan menga osilib oldi bu tepakal. -Bizda qimmatchilik bormi? -Men ko'mak kutib, javdirab atrofdagilarga qaradim.

-Bizda hamma narsa bor, -baqirdi tullak telpak. -Yo'q bo'lsa, topamiz!

-Topamiz, topamiz, -guvilladi yo'lovchilar. -Ancha yengil tortdim. Damas manzilga kelib to'xtadi. Hali ham ko'zini uzmay menga tikilib turgan tepakalga qarab yelkamni qisdim-da yo'lovchilarga qo'shilib urra qochdim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.