OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Yalang’och odam (hajviya)

Axborot asri deb nom olayotgan hozirgi davrda ilgari bizning tasavvurimizda uyat deb hisoblanib kelingan ko'p narsalar odatiy holga aylanib qoldi. Tilivizirga qarasang, ko'kragi lorsillagan xonimchalar uchragan xushtori bilan o'pishib ketaveradi, FM to'lqinlari "Labingdan o'pay, qurboning bo'lay"lardan bo'shamaydi, Internetni ochsang, pornosekslarni tomosha qilib istagancha tasavvuringni boyitishing mumkin. Britaniya vazirliklaridan birida xodimlar internetdan o'z xizmat kompyuterlariga 2 milliondan ziyod pornosuratlarni ko'chirib olib ish paytida maza qilib tomosha qilib o'tirisharmish. Bunday yalang'och suratlar bizning kompyuterlarga ham po'sh-po'shsiz kirib kelayapti. Yaqinda bir tashkilot bizning xonamizda uch kun mehmon bo'lgan edi, kompyuteridagi yalang'och suratlarni miriqib tomosha qildik. Ayniqsa shashka o'yini musobaqalari avj olib ketdi. To'rtta shashka donalarini olib qo'yib, o'yinda kompyuterni yutsang, uning ichida turgan qiz bitta-bitta kiyimlarini yechadi, oxirida qip-yalang'och bo'lib qoladi. Ayollar bo'yicha bir mutaxassisimiz uch kun mobaynida tinimsiz shashka o'ynab bu pornosuratlarning ruhiyatini o'rgandi. Hozir o'sha bo'yicha "Ayol makri va unda kompyuterlar ahamiyati" mavzuida ilmiy ish olib borayapti. Tashkilot o'z joyiga ko'chib o'tganidan keyin bir hafta qo'limiz ishga bormadi. Yaxshiyam surat nusxalaridan stol tortmasiga  bir uyum qilib tashlab ketishgan ekan, shular bilan qanoatlanib yuribmiz.

G'arbona yalang'ochliklarning tobora ommalashib borayotganligini barcha sohada kuzatish mumkin. Mana, masalan teatrni olaylik. "Ilhom" teatri hozir namoyish qilayotgan spektakllardan birida erkaklar qip-yalang'och bo'lib, sahnaga chiqisharkan. Bu teatr ijodkorlarining naqadar tabiiylikka tashnaligidan dalolat beradi. To'g'ri-da, sahnaga faqat yalang'och ayollar chiqaveradimi, erkaklar ham ayollar bilan teng huquqqa ega-ku! Buning ustiga yalang'och erkak sahnaga jundor ko'kragini, yana allambalolarini, qo'zivoy tarvuzday dumaloq qornini, qiyshiq oyoqlarini ko'z-ko'z qilib, uzoq qarindoshi bo'lmish maymunga o'xshab ikki qo'lini osiltirib chiqsa, tomosha qilishga arziydigan biror holat ro'y berishi turgan gap. Shundan keyin yo o'sha artistni tomoshabinlar toshbo'ron qilishadi, yoki o'zlari ham yalang'och yuradigan bo'lishadi. Bu shuni ko'rsatadiki, demak shunday davr yetib kelgan. Ilgari  rassomlar faqat yalang'och ayollarning suratini chizishardi, endi yalang'och erkaklarning davri kelganga o'xshaydi. Teatr rejissyori fikr yalang'ochligini ko'rsatib o'tirmasdan badan yalang'ochligini namoyish qilishi uning juda nozik ta'b ekanligini ko'rsatadi. O'sha rejissyor yaqinda "1-hammomdagi uchrashuv" degan yalang'och erkaklar sahnasini qo'yishni rejalashtirayotgan ekan. Nima ham deymiz, g'arb baribir o'zinikini oladi! G'arbda bu hodisalar allaqachon eskirib bo'lgan. U yerda kelin bo'lmish turmushga chiqishidan oldin boshqalar bilan yurmagan bo'lsa, kuyov bola unga uylanishdan or qiladi. Agar o'shangacha kelin bola besh-oltitasi bilan yurib ulgurgan bo'lsa, kuyov bundan g'ururlanadi, "mana mening qaylig'im qanaqa, ko'rib qo'yinglar", -deb maqtanadi. Bizda buni tushunmagan sodda o'zbek bunaqa kuyovni qisqagina qilib "da'yus" deb qo'yaqoladi. Chunki u xotinini birov bilan bo'lishmaydi, iloji bo'lsa, to'rttasiga uylanib, jilovini mahkam tutib oladi, "chuh" desa, to'rtovi bir bo'lib uncha-muncha yukni bemalol tortib ketaveradi.

Poeziyada o'tgan asrning boshlarida g'arbda "avangardizm" degan oqim paydo bo'lib, yalang'och she'rlar bozori avj olgan edi. Bu oqim ancha vaqt bir mavjlanib, bir ko'pirib, bir tinib turdi-yu, hozirga kelib bizda modernizm tusiga kirdi. Yaponlarning xokku, kakku, tanka usulida uncha-muncha qog'oz qoralab yurganlarga xudo berdi-tumovdan isitmasi ko'tarilib, tush ko'rgan bemor alahsirashiday bir-biridan baland pafosli she'rlar paydo bo'ldi. Bunday ijod mevalari gurkirab, katta-katta davralarda qizg'in muhokamalarga sabab bo'ldi, modernistlar poeziya bayroqdorlari deb tan olindi. Ammo bayroq qanday rangdaligi bilan hech kimning ishi yo'q. Ayniqsa shoir Faqir Haqirning bu sohadagi ijodi ko'klarga ko'tarildi.

Og'zingdan kelgan qon-gulga o'xshaydi,

Suyaklaring sinar qanday yog'imli.

Ichak-chavog'ingdan guldasta yasab

Oyning tobutiga boqib bo'zlayman...

Qanday ajoyib yalang'ochlik! Hamma narsa kaftdagidek to'rt qator modernizatsiyada ayon bo'ladi-qo'yadi. Tobut uchun ham borib o'tirishning keragi yo'q. Bu hali izlanishlar yo'lidagi bir eksperiment xolos. Bu sohada shunday hamkasblar borki, (ular modern she'riyatni kasb qilib olishgan) ularning ijod namunalarini o'qisangiz ho'ng-ho'ng yig'laysiz. Shoir So'qir Qo'qir bu sohada revolyutsiya qildi.

o'zimni qovurdim ko'z kosasida,

Tishim jigarimning kalbosasida,

Ajdahoga berdim kalla-pochani,

So'ngra xirillagan quyoshni so'yib,

Do'zax itlari-la tanovul qildim.

Shoir Ahzan Mahzan ijodini poetika cho'qqisi desa bo'ladi.

Oy kezadi ko'kda ishtonsiz,

o'pay desam dudog'i chappa.

Qo'tir bo'lgan tuyg'uni sotib

?onimga non botirib yedim!

Mana sizga yuksak pafos, haqiqiy modernizm! Lekin g'arbdan kirib kelayotgan bunday olamshumul yalang'ochlik o'zining munosib bahosini olmayotganligi achinarli hol. Agar mabodo o'sha "Ilhom" teatri yalang'och erkaklarni, deylik, g'arb mamlakatlariga olib borib o'ynatsa, yoki modern shoirlar o'sha yoqqa borib she'rlarini tarjima qildirishsa bormi, bir zumda mashhur bo'lib ketishardi. Buning ustiga u tomonlarda havorangiylar bayrog'i ostida yalang'och bo'lib yuradiganlar ancha-munchani tashkil etadi. Bizning sodda musulmon ko'chada yalang'och odamni ko'rsa, "Iye, bu odam yalang'och-ku, telba bo'lsa kerak", -deb o'ylaydi. G'arbda bunga parvo qilishmaydi. Ular "Yalang'och qirol"ni ko'rgan saroy a'yonlariga o'xshab yalang'och odamni "Voy, kiyimingiz buncha chiroyli!" deya maqtashadi, faqat bolalargina uni ko'rib "Qirol yalang'och-ku!" deb to'g'risini aytishi mumkin. Chunki bola-g'arbda ham bola-da!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.