OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurulloh Muhammad Raufxon. Chilla (hangoma)

Bolalarimning onasiga va barcha ichkaridagilarga bag‘ishladim.

Yassilik Qul Xoja Ahmad oltmish uch yoshida yertagiga kirib ketgan bo‘lsa, shu ishni U qirqdan oshar-oshmas qildi. Sababini tushuntirib berolmaydi, lekin birdan yerustidan charchadi: bir kuni uyqudan uyg‘ondiyu o‘zini yumronqoziq his etdi, old oyoqlari bilan qattiq yerni tatalab, kavlashga tushib ketdi. Naridan-beri ochilgan chuqurga boshi bilan sho‘ng‘ib, tuprog‘ini orqaga irg‘itib, uch-to‘rt kunda hovlini mayin tuproqqa to‘ldirib tashladi.
Tuproq uyumidan o‘rani xiylagina chuqur va keng kavlagani bilinib turardi.
Biroq U yumronqoziq emas, odam edi, o‘rani qishga ozuqa g‘amlash uchun kavlamadi, qolgan umrini endi yertagida o‘tkazish uchun, halovatini yo‘qotgan ko‘ngliga xotirjamlik axtarib kavladi.
O‘ylab-o‘ylab, o‘rasini “chillaxona” deb atadi. Atama o‘ziga uncha yoqmadi, lekin an’anaga ergashdi: “chillaxona” harholda ilgaridan quloqqa chalinib kelgan so‘z, o‘zi eskirgan bo‘lsa ham, tildan butkul tushib qolmagan, nimalarnidir eslatadi. Boshqacha nom qo‘ysa balki juda o‘rniga tushar, lekin odamlar uni tuyqus anglab ololmay qiynaladi. Odam bolasi bilmagan narsasining dushmani, bilmaganidan keyin yaxshini ham yomon ko‘rib qolishi hech gap emas. Ana unda uradi Xudo: ha-a, yertagiga kirib ketibdilar, tepa yoqmay qoptimi?.. o‘zlaricha bir yayramoqchi bo‘ptilar-da?.. ketmiydi!.. nima, boshqalardan ortib ketgan joyingiz bormi yoki bizning bir jetimiz kammi?.. kabi gap-so‘zlar urchiydi.
Yerbetida yursang bir balo, yertagiga kirsang ham bir balo-ya! Hoy Tangri yarlaqagurlar, bir joyim ortib ketganidan yo sizlarni kamsitganimdan kirmadim yertagiga, bir joyim ortib ketsa, yurmasmidim tepalarda maza qili-ib… deganday aylanma yo‘llar bilan nimalarnidir so‘qsa bo‘lar, lekin aslo ishontirib bo‘lmaydi u qaysarlarni.
Aytganday, yassilik Qul Xoja Ahmad nimaga kirgan edi yertagiga? U ham charchaganmidi? Zerikkanmidi? Bezor bo‘lganmidi? Uning bu qilig‘iga tevaragidagilar nima deyishgan ekan?
“Oltmish uchda yerostiga kirdim mano”, deydi o‘zi. Hikmat sinchilari: “Oltmish uch – payg‘ambar yoshi, payg‘ambar yoshidan keyinini yerbetida yashagisi kelmagan”, deyishadi.
Harholda, uning chekinishini tushunsa bo‘ladi – g‘oyasi bor ekan, men qanday tushuntiraman, mening g‘oyam qanaqa, deb o‘ylaydi U. Na oshimni oshadim, na payg‘ambar yoshini yashadim, ayni qirchillama pallam. Aslida mening bu savdoimning ham qandaydir bir rangi, qanaqadir bir tusi bo‘lishi kerak?..
Balki bordir ham, balki o‘zim ilg‘amayotgandirman, axir shunday keng yertepasi turganida tor va zax yertagini o‘zidan-o‘zi qo‘msab qolmaydi-ku kishi!
Bir yoqda uyidagilar g‘ishava boshlagan. Xotini piqillaydi:
– Hoy dadasi, nima qilayotganingizni bilyapsizmi o‘zi? Chiqing-e tepaga! Birov eshitsa, nima deb o‘ylaydi? Mendan ko‘rmaydimi? Shuncha yil yomon yashamadik, endi, erini yerto‘laga tushirib qo‘yibdi, degan malomatni eshitishim qoluvdi. Bolalaringiz birin-ketin yetilib turibdi, hademay quda-andali bo‘lamiz-u, qilgan ishingizni qarang…
O‘g‘illar dod deydi:
– Dadajon, o‘rtoqlarimiz oldida nima degan odam bo‘lamiz?!
Qizlar zirillaydi:
– Chiqing, dadajon, chiqaqoling!..
U qarorida qattiq turib oldi — ochiqqa chiqmadi. Indamadi ham. Indaganidan foyda yo‘q edi, baribir tushuntirolmaydi. Gapirsam, ojizligim bilinib qoladi va… yengilaman, yaxshisi, indamaganim tuzuk, deb o‘yladi. Indamasdan yengdi. Bora-bora xotini ham, bolalari ham, hatto bir-ikki yaqinlariyu oshnalari ham Uning bu qilg‘ilig‘iga ko‘nikishdi…
Mana, oradan o‘nyillardan ortiq zamon o‘tibdi. Hali ham U… bir paytlar yumronqoziqday kavlab kirib ketgan to‘lasida… to‘lasining shipiga tikilganicha… nimalarnidir o‘yla-ab yotibdi. Onda-sonda yemak ko‘tarib tushgan xotiniga bir-ikki og‘iz so‘z qotib qoladi:
– Ob-havolar qanday tepada? – deb so‘raydi.
– O‘zingiz issiqqina joyni topib olgansiz, tepa haliyam sovuq, – deb yanib oladi xotini. Keyin hasratga o‘tadi: – Nimagadir qish cho‘zilib ketdi. Osmon ham ochilaqolay demayapti, kunda-kunora yog‘in-a, quyoshni ko‘rmaganimizgayam ancha bo‘ldi…
Bularni U ham biladi, chillaxonasiga qor yog‘masa-da, sovug‘i ufurib turibdi, axir. “Issiqqina joy” deb kinoya qilmasa bo‘lardi xotini, bu “issiqlik” Uning shundoq ham o‘rtangan ichiga yana nimalar purkayotganini sho‘rlik qayerdan bilsin. Ammo o‘zini oqlamaydi, gapni buradi:
– Boshqa tinchmi? – deydi.
– Ha, tinch…
Yo‘q, xotinim meni avrayapti, tepada tinchmas, tinch bo‘lganida mening ko‘nglim tinch bo‘lardi, ko‘nglim hech tinchiy demayapti-ku, demak, haliyam tepa tinchmas, deb xulosa chiqaradi U.
Aslida-ku, bu kabi so‘roq-savollarga xotini allaqachon ko‘nikkan: xushi kelsa javob beradi, xushi kelmasa parvo qilmaydi, ko‘p ijikilayvermaydi ham. Ilgarilari: yolg‘izlikka to‘ygandirsiz endi, chiqib, munda-ay odamlarga qo‘shiling, hayotdan zavq oling siz ham, deb turardi. Keyin-keyin ortiqcha savollar bermay qo‘ydi, xarxashalarini ham tashladi. Qaytaga: “Ha, yotibsizmi haliyam nimalarnidir kuti-ib?” deb ermaklab qo‘yadi. “Meni birov so‘rab kelmadimi?” desa, “Sizni odamlar esidan ham chiqarib yuborgan, kim so‘rardi!” deydi pinak buzmay.
Yolg‘izlik yaxshi ekan, men bu yerda o‘zimni ancha mustaqil his etyapman, dedi U bir kuni o‘ziga o‘zi.
Bu gapi yolg‘on edi, albatta. O‘zini ovutish, yonayotgan yuragiga bir hovuch suv sepish uchun o‘ylab topgan yoqimli yolg‘oni edi. Mustaqil bo‘lish tugul, ongiyu yuragi, butun borlig‘i bo‘g‘ma ilon shaklidagi qanaqadir og‘ir yuk, qandaydir ma’nosiz tuyg‘ular o‘rovi-iskanjasida qachonlardan beri bo‘g‘ilib keladi. Ichida nimalar kechayotganini, biqiq hayotiga nimalar sabab bo‘lganini aniq bilib tursa-da, buni na xotiniga, na bolalariga ayta oladi. Aytib nima qilaman, ular o‘zlarining hayotlarini yashasin, mening tashvishlarim ularga xalaqit bermasin, deydi.
Chindan ham dard Uniki edi, begona yurak bu dardni his etmasligi, his etsa-da, ko‘tarmasligi tayin. Dardingni birov ko‘tarmasa, ko‘tarish malol kelsa, ichga yutgan yaxshiroq emasmi? Yerbetidan yertagiga tushganining sabablaridan biri ham shu. Tepalarda dardni ichga yutib yurish og‘ir bo‘lib qoldi. Harholda, og‘iz teshik, birda bo‘lmasa birda dard tashga chiqib ketib qolishi aniq. Ustiga ustak, eshitaman deb turgan quloq ko‘p tepada: xotini, bolalari, kelinlariyu kuyovlari, qavmu qarindoshlari va bitta-yarim oshnasi qachondan buyon uning og‘zini poylashadi, biron nima deb qolar, deb quloqlarini ding qilishgan. Teshik quloq bor joyda teshik og‘iz albatta ochiladi – tuyg‘ulari yuzaga chiqadi! Mayli, yuzaga chiqsa chiqsin deylik, lekin chiqsa-yu, loyiq darajada his etilmasa, qadri tushib ketishi turgan gap, shunisi yomon, U shundan cho‘chiydi, yaxshisi, bu yo‘qsil, bu armonli tuyg‘ularini ichida yashatgani tuzuk, ularni zadalamay saqlashga ayni bop joy – yertagi. Chunki quloq yo‘q joyda og‘iz hadeb ochilavermaydi, ochilsa ham, qattiq va malolsiz bir chuchkurish yoki miriqib bir esnash uchun ochiladi, tuyg‘ular ichda qolaveradi – buni xotini qayoqdan tushunsin.
Yassilik Qul Xoja Ahmad dunyodan uzilish, nafsini jilovlash, ma’naviy to‘kislikka erishish uchun yertagiga kirgan, deyishadi sinchilar. U bo‘lsa, chillaxonasida yashayotganiga, mana, o‘n yillardan oshib ketdi, lekin na dunyodan uzildi, na nafsini jilovlay oldi va na ma’naviy to‘kislikka erishdi. Aksincha, qulog‘i hamisha yerbetida bo‘ldi – hovlisidagi sal o‘zgarishni ham ilg‘ashga, tepada nimalar bo‘layotganini bilib turishga harakat qildi. Choy ko‘tarib tushgan keliniga: “Eringiz xafa qilmayaptimi, qizim?” deb chalg‘ituvchi savol berib qo‘yadi. O‘g‘illari yo qizlari ko‘rgani tushishsa, “Menga birov kelmadimi? Hech gap yo‘qmi? Qiynalmayapsizlarmi?” deb hol so‘raydi. Dunyoda bo‘lib o‘tayotgan ishlarni o‘g‘illari va kuyovlaridan o‘smoqchilaydi, ular bir narsalar deyishsa, faqat eshitadi, o‘zi indamaydi, juda gapirgisi kelsa, “Ha-a, ishqilib oxiri yaxshi bo‘lsin”, deb qo‘yadi.
Hech narsa demasdan, hech narsa qilmasdan ham binoyiday yashasa bo‘larkan-ku, dedi o‘ziga o‘zi bir kuni chillaxona shipiga boshi tegib kerisharkan.
Garchi U hech narsa demayotgan bo‘lsa-da, hech narsa qilmayapti, deb bo‘lmasdi. Bu yillar ichida ro‘mon yo qissa bo‘ladimi, tarixiy yo diniy adabiyot bo‘ladimi – qo‘liga tushgan kitobni o‘qib chiqdi, bir oz palapartishlik bilan, lekin baribir o‘qidi. Juda unaqa avliyolarday bo‘lmasa-da, namozini to‘kis ado etib kelyapti. Lekin bulardan boshqa yumushi ham yo‘q: yotadi, turadi, boshini qashlaydi, ba’zan yo‘talib qoladi – yerto‘la baribir yerto‘la, zaxligi bor… qolgan damlari nuqul o‘ylaydi, ko‘zini shipning bir nuqtasiga qadab oladi-da, o‘ylagani o‘ylagan. Nimalarni o‘ylashi bizga qorong‘i, ammo sira oxiriga yetolmaydi. Oxiri yo‘q o‘ylarni o‘ylayapman shekilli, deb ba’zan xafsalasi pir bo‘ladi, lekin, harna men fikrlayapman-ku, bekor yotmayapman-ku, deb yana o‘zini sovutadi.
Hamma gap fikrlashda, fikrlashni boshlab olishda, boshlangan fikr esa, axiyri bir kuni egasini qanaqadir manzilga eltadi.
Balki tepada hech gap yo‘qdir, balki hammayoq tinchdir, mening miyamni kemirayotgan o‘ylar bari quruq vahimadir, chunki ko‘plar odamga o‘xshab yashab yuribdi-ku yerbetida, men shunchalar badbin bo‘lib qoldimmi?! Hech narsadan hech narsa yo‘q nimaga yertagiga kirib ketdim, nima meni majbur qildi? Oilamga sig‘madim deyolmayman, bolalarimdan ham roziman, tuppa-tuzuk hovli-joyim bor – bir odamga ortiq nima kerak!
Fikrlari ham o‘qigan kitoblari yanglig‘ bir oz palapartish edi – boshi-keti yo‘q, biri bog‘dan, biri tog‘dan. Hayotini kitoblardagi gaplarga, kitoblardagi gaplarni hayotiga solishtiradi, o‘xshashlik qidiradi, unisini bunga, bunisini unga moslamoqchi bo‘ladi, lekin moslash tugul, sira bir-biriga bog‘layolmaydi, kalavaning uchini yo‘qotib qo‘yadi; yana xayol daryosiga sho‘ng‘iydi, bosib o‘tgan hayot yo‘lidan mazmun, qilgan ishlaridan mantiq axtaradi, taqdiriga bitilganidan tashqari hech bir ish bo‘lmasligini biladi, bunga ishonadi, lekin sochilib ketgan o‘ylarini bir joyga to‘playolmagani uchunmi, oydin xulosalar chiqara olmaydi. Boshi uzra kattalar qadamining og‘ir gurs-gurslarini, nevaralarining u yoq-bu yoqqa chopgandagi yengil dupur-dupurlarini eshitib yotarkan, bir zamonlar Ustozi Unda ko‘rishni xohlagan hayotiy zavqni qo‘msaydi. “Bu yigitga men hayotiy zavq tilayman, boshqa hamma narsa bor unda”, degan edi Ustozi.
Xotini shu gapga qattiq osilib olgan: hayotdan zavq olib yashamaysizmi, dadasi, nima qilasiz butun dunyoning tashvishini yelkangizga ortvolib, deydi, sizga nima zaril, boshqalar hech boshini qotirmay ham yashab yuribdi-ku… siz hammani o‘ylayman deysiz, o‘sha hamma bir kuni sizni yelkasiga oladiyu oborib go‘rga tiqadi!..
Xotini chindan ham Unga mehribonmi yo hayotining endi rohat ko‘raman degan bo‘lagi izdan chiqqani, turmushidan maza qochgani uchun alamdan gapiradimi bu gaplarni – bilishga qiziqmaydi, aksincha, yaxshilikka yo‘yadi: xotinim meni hurmat qiladi, ungayam og‘ir, deydi.
Bir kuni hovliga kimnidir boshlab keldi, tovushidan U hurmat qiladigan kishi edi. Erimni yerbetiga chiqarib bering, deb opkelgan bo‘lsa kerak-da. Lekin Hurmatli Kishi yurak yutib chillaxona tuynugidan bosh suqib qaramadi. U ham, kelgan odamni tanigan bo‘lsa-da, inidan chiqmadi: g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘irlarini g‘ira-shira eshitib, yonboshlab yotaverdi.
– Qachon kirib ketgan? – deb so‘radi Hurmatli Kishi.
– O‘n yillardan oshdi, – deb javob qildi xotini. Gapirayotib, chuqur xo‘rsinib qo‘ygani sezildi.
Nazarida, Hurmatli Kishi birpas o‘yga toldi. So‘ngra, hazillashgisi keldimi:
– Siz guvoh bo‘ling, kelin, butun olam guvoh bo‘lsin: bir oy ichida chiqsa, qo‘y yog‘iyu devziraga bitta osh mendan! – deb e’lon qildi tantanali ohangda.
Keyin pastga quloq qo‘ydi. Hadeganda o‘radan sas chiqavermagach, taqdirga tan berdi:
– Sabr qilasiz endi, kelin, – dedi. – Endi bir kuni o‘zi chiqib keladi, chiqqanidayam, boshqacha bo‘lib – ozmi-ko‘pmi yangilanib chiqadi. Ilgarilari ham shunaqa odamlar o‘tgan, fikrlarini to‘plash yo hayotning kir-chirlaridan tozalanib olish uchun chillaxonalarga kirib ketishgan. Masalan, yassilik Qul Xoja Ahmad…
Tepaga quloq osib yotar ekan, U birdan sevinib ketdi: Hurmatli Kishi Uning makonini eskilarning chillaxonasiga o‘xshatdi! To‘laga “chillaxona” deb ot qo‘yib to‘g‘ri qilgan ekanman, mana, odamlar bilarkan-ku, o‘zi eski so‘z bo‘lsayam, harholda quloqqa tanish-da, deb ko‘nglidan kechirdi.
Lekin o‘nyillardan beri o‘ylayverib-fikrlayverib, sayoz masalalarga ham chuqurroq qarashga o‘rgangan emasmi, “chillaxona” otidan ham o‘zi xato topdi: “chil” degani yonqo‘shni-jonqo‘shnilarimizning tilida “qirq” degani, chilla “qirqkunlik” demak. Chillaxonada ilgarigilar nari borsa qirq kun o‘tirishgan va chillada o‘tirgan choqlari tinimsiz toat-ibodat qilib, Yaratganni esga olib, nafslariga dars berishgan, yuraklarini tozalashgan, keyin yerbetiga chiqib, odamlarga qo‘shilib ketaverishgan. U-chi, yertagida o‘nyillardan beri yotibdi, chillasi o‘nyillarga uzayib ketdi, bulari yetmaganday, qachon ochiqliqqa chiqishini ham bilmaydi, shunday ekan, bu yerni “o‘nyillik” demay “qirqkunlik” desa, to‘g‘ri bo‘ladimi?!
Obbo, dedi fikrlari tag‘in chalg‘ib ketayotganini sezib, shu tobda mantiqqa balo bormi, hayotda hamma narsa mantiqqa bo‘yin sunavermaydi-ku, mantiq ish bergan joyida mantiq, odamlar o‘ylab topgan barcha narsa kabi, kishilik mantig‘i ham kamchiliklidir, hamma ish mantiq tarozisiga solaverilsa, yashash og‘ir bo‘lib ketadi, odam boshi-ketini yo‘qotib qo‘yadi, shuning uchun bu yerni ham hech bir ikkilanmay “chillaxona” desa bo‘laveradi, qirq kun emas, ko‘p, judayam ko‘p o‘tirgan bo‘lsa nima qipti, faqat, o‘qigan kitoblari tili bilan aytganda, “ba’zi shart-sharoitlarga ko‘ra” Uning chillasi o‘nyillarga cho‘zilib ketdi, xolos.
Xotini xavotir olmasa ham bo‘ladi – uning sira aybi yo‘q, qaytaga xotini oldida U o‘zini aybli his qiladi, chunki sho‘rlik bu yillar ichida qishning qattiq-qora sovuqlariga ham, yozning o‘tli-cho‘g‘li issiqlariga ham chidadi, ezib yoqqan qor-yomg‘irlarning shiltalariniyu daraxtlarni qo‘porguday dovullarning uchirmalarini ko‘rdi, hech nolimadi, kamiga yana Uning injiqliklarini ko‘tardi – chillasiga ko‘nikdi, ko‘ndi, bolalarini ham ko‘ndirdi; suvidan-yemagidan xabar olib turdi… qizlarini kuyovlarga berdi, o‘g‘illariga kelinlar qildi, endi dam olish o‘rniga, nevaralarga qaray boshladi, xullas, ba’zi shart-sharoitlarga ko‘ra cho‘zilgan bu chillaga U yertagida qanday chidagan bo‘lsa, xotini yerbetida shunday, balki ortiq darajada chidadi.
Egam sendan rozi bo‘lsin, xotin, yana bir oz chida, bilaman, seniyam rosa ezib yubordim, mening bu ishim birgalik turmushimizdan ko‘zlagan orzularingni qirqbo‘lak qilgandir, balki ichingda mendan injiyotgandirsan, kasrimga bolalarim qiynalayotganini ham bilaman, lekin na chora, men hayotimiz yaxshi bo‘lishini ko‘zlagan edim, bunaqa bo‘lib chiqishini kutmagan edim; axir, men ham odam bolasiman, mening ham ko‘nglim nimalarnidir tusaydi, zora ruhim erkin bo‘lsa, yuragim zovtasini topsa deb o‘ylabman; ichkaridan charchasa, kimdir tashqari chiqib ketadi, mening ulardan farqim − tashqari chiqmadim, tomirlarimda yassilik Qul Xoja Ahmadning qoni gupirganday bo‘ldi – ichkarida qoldim va yertagiga kirdim… ammo niyatim toza, seniki yanglig‘ mening ham yorug‘ orzularim bor, shuning uchun yana ozgina tishingni tishingga qo‘yib tur, Hurmatli Kishi aytganiday, bir kuni o‘zim yerbetiga – huzuringga chiqaman, kutilganiday bo‘lmasa ham, sal yangilanib-tozalanib chiqaman, ikkalamizning orzularimiz yana bir-biri bilan qovushadi, turmushimiz yana iziga tushib ketadi, qirqiga chidading, qirq biriga ham chida… hali havolar ham o‘zgaradi, har kechaning nahori bo‘lganiday, har qishning ham bahori bor, bugun bo‘lmasa ertaga osmonlar yana ochiladi, yog‘inlar to‘xtaydi, bizning hovlimizga ham quyoshlar chiqadi, kunlar tanaga yoqadigan bo‘lib iliydi, daraxtlar chechak ochadi, bu chillalar ortda qoladi, o‘rniga bir ajoyib chillalar keladi, so‘lg‘in yuzingda yana sevinchlar balqiydi, hali biz baxtli bo‘lamiz, bolalarimizning mehrlariga cho‘milib qarilik gashtlarini suramiz, hayotimizdan zavqlar olib yashaymiz, shunday yashaymizki, eh-he!..

2009 yilning martida esga keldi,
aprelining 10-sida boshlandi, 16-sida bitdi.

“Tafakkur” jurnali, 2009 yil 3-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.