Har gal oy boshida fabrika uch-to‘rt kun oyoq-qo‘lini yoyib, tin olvoladi. Hozir shunaqa palla. Kuni kecha dikonglab yurganlar bugun ming qo‘yli boydek xotirjam qadam tashlaydi. Kuni kecha butkul dunyoni unutganlar bugun fabrika hovlisidagi gulzorni tomosha qiladi. Osmonga qaraydi, o‘tgan-ketganga salom beradi, alik oladi. Daraxtlarning bargi sarg‘aya boshlaganini payqaydi, salqinroq yerga o‘tirib, qulog‘iga tishkavlagichni tiqib, tozalaydi.
Shirinliklar fabrikasining OTK boshlig‘i Bulahim Halayev kecha pufak sotib olgan edi. Uni taniganlar haligacha, Bulahim Halayev o‘ziga o‘zi gap sotib oldi, deb yuradilar. Aslida, borini aytgan ma’qul: u gap emas, pufak sotib oldi. Homilador ayollar biror nimaga boshqorong‘i bo‘lsalar, o‘sha narsani ko‘rishga yo eshitishga yo yeyishga o‘zlarida kuchli istak sezganlaridek, Bulahim Halayev ham keyingi paytlar fabrika tashvishlaridan bo‘shagan chog‘lari pufak puflagisi kelaveradigan bo‘lib qoldi. Fabrika chiqarayotgan mahsulotlarni yaxshi-yomonga ajratish ham dardisar ish, undan pufak puflab yurgan yaxshi emasmi?
Bulahim Halayev shu niyatda ikki qo‘lini cho‘ntagiga tiqib, hushtak chalgancha, hovlida sayr qilib yurardi. Havo ochiq. Ish mahali bo‘lganidan, odam siyrak. Kelib, kunga terskay o‘rindiqqa o‘tirdi. Cho‘ntakdan pufakni olib, kuchanib kerishdi. Keyin pufakni kunga solib picha tomosha qildi. Cho‘zib-cho‘zib yumshatdi-da, dumidan tortib turib, chumagini og‘ziga tiqdi. Shoshilmay puflay boshladi. Qanday yaxshi! Bir ho‘plam havoni puflaydi, chumakni tishlaydi, tag‘in lunjini shishirib puflaydi, tag‘in tishlaydi; pufak shishaveradi. Bulahim Halayev orqa-oldiga qaramay puflayveradi, pufak orqa-oldiga qaramay shishaveradi. Eh-he…
Taram-taramli pufak ekan: asta-sekin u yer-bu yeri bo‘rtib chiqdi. Bo‘g‘in-bo‘g‘inli pufak ekan, bo‘rtgan yerlari bo‘g‘inga ajralib, ayrim-ayrim shishdi. Bulahim Halayev berilib puflayverdi. Yosh bolaning quchog‘iga siqqudek bo‘lgandagina undagi o‘zgarishni payqab, hayratga tushdi. Bas qilaymikan, yorilib ketmasin yana, degan xayolga bordi. Endi havosini oluvdi-ya! Ajabo, pufakmi o‘zi bu? Bolachaga o‘xshaydi-ku? «Jichcha puflay-chi, nima bo‘larkin. Ammo-lekin xorijnikidan qolishmas ekan».
Ichiga havo to‘lgani sari pufak odam siyog‘iga kirib borardi. Bulahim Halayev puflashdan to‘xtadi. Ikki barmog‘ini otashkurak qilib chumakni qisdi-da, o‘zidan bir tirsak nariga tutib qaradi. Ana xolos! Xuddi odamning o‘zi-ya! Bosh, qo‘l, oyoq, qorin… Bulahim Halayevning hayrati o‘chdi, qo‘rqib ketdi. «Yo o‘zing saqla!» deb pufakni otib yubordi. Pufak yo‘lka chetidagi semun to‘siqqa urilib, odamga o‘xshab bir ingradi va shosha-pisha o‘rnidan turdi. Bulahim Halayevning yuragiga vahima solib, unga tomon tetapoya kela boshladi.
– Puflashga pufladingiz, ustoz, endi manavi yerimni darrov qising, damim chiqib ketmasin, – dedi chumagiga ishora qilib. – Tez bo‘ling!
Pufak yurib kelayotganida bir qo‘rqqan Bulahim Halayev uning gapirganini eshitib, es-hushidan ayrildi.
– Ushlang dedim, ustoz!
Bulahim Halayev serrayganicha o‘tiraverdi. Pufak jon holatda baqirdi:
– Qis chumagimni! Darrov!
Bulahim Halayev pufakka shuursiz qo‘l cho‘zdi. Titroq qo‘llari bilan u ko‘rsatayotgan yerni g‘ijimladi. Pufak ingrashdan to‘xtadi. Yuziga tabassum yoyildi.
– Endi… yana puflang, ustoz, – dedi u yalinchoq ohangda. – Sal puflasangiz, darmonga kirib olaman.
Bulahim Halayev es-hushini yo‘qotib, pufakning sehrli ta’siriga tushib qolgan edi. Nimani buyursa, qilaverdi. Puflayverdi, puflayverdi, pufak shishgandan shishib, to o‘zi barobar bo‘lib ketmagunicha pufladi.
– Endi bitta qistirg‘ich toping-da, ustoz, menga berib qo‘ying, – dedi pufak mamnun qiyofada.
Bulahim Halayev tevarakka qaradi. Nariroqda fabrika laborantlarning oq xalati yoyib qo‘yilgan ekan, turib, o‘shaning qistirg‘ichini olib keldi.
– Rahmat, – dedi pufak chumagini eshib, qistirg‘ich solarkan. Keyin u ham o‘rindiqqa o‘tirdi. Chap qo‘lini Bulahim Halayevning yelkasiga tashlab, suyanchiqqa yastandi. – Qo‘rqib ketdingiz-a, ustoz? Qo‘rqmang, men ham Yaratganning bir bandasiman.
Bulahim Halayev yurak yutib, so‘radi:
– Kimsan sen o‘zi: pufakmisan, odammisan?
– Odamman, ustoz! Kerak bo‘lsa, bolangizman sizning.
Bulahim Halayev yoqasiga pufladi.
– Gapingni qaytib ol, pufak! Men seni tanimayman!
– Sensiramasdan gapiravering, ustoz. Sizga da’vo qilayotganim yo‘q-ku, aytib qo‘yyapman, xolos.
– Bo‘pti, sizlayman, – dedi Bulahim Halayev nochor ko‘nib, – lekin siz ham unaqa tuhmat qilmang-da odamga.
– Mana bu endi boshqa gap, ustoz. Xo‘-o‘sh, kelishib olaylik bo‘lmasa.
– Nimani kelishamiz?
– Arzimas shartlarim bor, ustoz, xo‘p desangiz, aslo mendan yomonlik ko‘rmaysiz.
– Birinchidan, mening odamligimga hech qachon shak keltirmaysiz.
– Axir… siz… puf…
– Yo‘q, pufakmasman, odamman! Tushundingizmi?
– Uzr…
– Ikkinchidan, qachon puflang desam, tixirlik qilmaysiz!
– Mayli-ya, lekin ishim nima bo‘ladi? Yo bo‘shayinmi?
– Aslo! OTK dan bo‘shasangiz, kimga keragingiz bor, ustoz! Men sizni ishdan qo‘ymayman, faqat, vaqt-bevaqt e’tibor berib tursangiz, bas. Demoqchimanki, shirinlik bizga ham yoqadi!
– Unda… ismingiz nima?
– Pufak! “Pufakjon” deysizmi, “Pufakboy” deysizmi – u yog‘ini o‘zingiz bilasiz. Kelishdikmi?
– Kelishdik.
Shunday qilib, kunlar o‘taverdi. Bulahim Halayev Pufakbekni puflab yuraverdi.
Talablarga binoan hamda Bulahim Halayevning yelib-yugurishlari natijasida Pufakbek shu fabrikaning tajriba sexiga ishga kirib, qizg‘in faoliyat ko‘rsata boshladi. Dastlab ustaxonasiga butun dunyoda ishlab chiqariladigan qandlardan namunalar keltirdi. Kunlab bir burchakda biqinib, ularni o‘rganib chiqdi. Keyin bevosita tajriba o‘tkazishga kirishdi: bittasining qandini ikkinchisining qog‘oziga o‘rab ko‘radi, yana birinikining shirasini boshqasinikiga aralashtiradi, qaynatadi, tindiradi, bo‘tqasini qandga o‘xshatib kesib-kesib, shu fabrikaning qog‘oziga o‘raydi, ko‘chada hammaga bittadan ulashib, fikr yig‘adi, lekin hech qachon bu fikrlar bilan hisoblashmaydi, tajriba o‘tkazaveradi, mahsulotini vaqti-vaqti bilay OTKga ko‘tarib boradi, ma’muriyatga yuborib turadi, xullas, tinib-tinchimaydi. Ora-orada Bulahim Halayevning oldiga kelib, dam yeb ketadi. Dam yegan mahallari unga duch kelmang, g‘ayrat-shijoati jo‘shib turgan bo‘ladi. Fabrika ishchilari bilan tanishadi, do‘stlashishga tirishadi: birovni olijanob deb, birovni bo‘lsa, e, siz avliyo ekansiz-ku, deb ta’rifini keltiradi. Duch kelganning boshiga bir-bir igna suqib, hammani bitta ipga tizadi, so‘ngra ipning ikkala uchini qo‘liga chirmab bog‘laydi-da, chunonam chirpirak qilib aylantiradiki… chekkadan qaragan kishi, dovul turdimi, deb o‘ylaydi. Uning dovul emasligini, bu Pufakbekning ishi ekanini yolg‘iz Bulahim Halayev biladi. Lekin u xotirjam. Ajinashamol bo‘lib aylanayotganlarni rosa tomosha qiladi, barini bitta qo‘ymay jin chalib ketsa-ya, deb chapak-chapak o‘ynaydi, ora-chira puflab, shamol hosil qilib, Pufakka yaqindan yordam beradi.
Zo‘r!
Bir kuni Pufakbek uning oldiga hovliqib keldi.
– Yaqinda qandchilarning simpoziumi bo‘larkan, shu rostmi? – dedi.
– Rost.
– O‘shanga meni delegat qilib saylashlari kerak! Shunga bitta puflab qo‘ying.
Fabrikaning hovlisiga chiqdilar. Qadrdon o‘rindiqqa o‘tirdilar. Bulahim Halayev Pufakbekning chumagini og‘ziga soldi, burnidan havo so‘rib ko‘ksini to‘ldirdi va…
– Bu safar sal ko‘proq puflab yuborasiz-da, ustoz, – dedi Pufakbek kaftlarini ishqalab.
Bulahim Halayev pufladi.
– Yana, yana, – dedi Pufakbek.
Bulahim Halayev o‘rindiqqa mahkam o‘rnashib olib puflayverdi, Pufakbek shishaverdi. Shishgan sari zavqi qo‘zirdi uning.
– Yana, yana…
Pufakbek eniga ham, bo‘yiga ham o‘saverdi, Bulahim Halayev mijjalari qizarib puflayverdi. Bir payt Pufakbek pardek yengil bo‘lib holdi, oyog‘i yerdan uzildi. Bulahim Halayev puflashdan to‘xtadi.
– Yetar endi, – dedi yengi bilak tumshug‘ini arta turib. – Uchib ketmang tag‘in.
Shunday dediyu o‘zi hayron bo‘ldi: odatda odam puflab shishirgan pufak hech uchmasdi-ku? Demak, yo mening nafasim, yo bu pufak bo‘lakcha!
– Puflang, ustoz! Zo‘r joyida to‘xtatib qo‘ydingiz-a. Puflang!
– Puflasam puflayveraman, lekin uchib ketasizmi deb qo‘rqyapman.
– Mayli, uchsam uchay. Puflang, axir!
– Simpozium nima bo‘ladi unda?
– Simpoziumini pishirib yeymanmi, uchgim kelyapti, ustoz!
– Shoshmang bo‘lmasa, ehtiyot chorasini ko‘raylik. Manov suyanchiqdan ushlab turing, men hozir kelaman, – dedi Bulahim Halayev va ikkita chinorga tortilgan, laborantlarning xalatlari yoyiladigan dordagi chilvirni yechib keldi. Bir uchini Pufakbekning beliga mahkam bog‘ladi, ikkinchi uchini halqa qilib o‘zining bo‘yniyu beliyu oyoqlarining orasidan o‘tkazdi. – Qalay?
– Farosatingizga qoyil, ustoz, – dedi Pufakbek chapak chalib. – Sal uzunroq qilavering, hech bo‘lmasa tombo‘yi balandga chiqay!
Pufakbek qistirg‘ichni chumagining yonginasida hushyor tutib, qo‘yib berdi. Bulahim Halayev uning duch kelgan yeridan changallab, puflayverdi. Pufakbek ro‘y-rost havoga ko‘tarildi.
– Voh, qanday maza! Yana, yana,..
Bulahim Halayev o‘lar-tirilariga qaramay, karnaychidek bo‘ynini osmonga cho‘zib puflayverdi.
– Yashang, ustoz! Yana, yana…
Bulahim Halayev o‘zi ham Pufakbekka qo‘shilib ohista ko‘tarilib ketayotganini sezdiyu puflashni bas qildi.
– Bo‘ldi, yetar.
Pufakbek ko‘nmadi.
– Puflang! Puflang, ustoz! O, yanayam teparoqqa chiqqim kelyapti!
– Men ham uchib ketyapman, axir…
– Puflang!
– Puflamayman!
– Pufla, deyapman!!! Do‘konchi juvon bilan ikkalangning qilmishlaringni xotiningga aytaymi yo?! Pufla!
Pufak sotib olayotganida do‘konchi juvonga ko‘ngli sust ketib, beixtiyor, ko‘z qisib yuborgan edi, uni bu pufak qayoqdan ko‘raqoldi? Bulahim Halayevning vujudiga titroq kirdi. Bu qo‘rqinch osmonga uchib ketishdan ham vahimali edi. Birinchi xotinidan ajrashganidan keyin, o‘zi, hamkasbidan bo‘shangan bittasiga uylanib olgan – yomg‘irdan qutulib, do‘lga tutilgan edi. Do‘konchi xotinni eshitsa, og‘zi-burni qon bo‘lishi turgan gap.
Tinkasi qurib bitganiga qaramay, jon halpida yana puflashga tushdi. Tobora tepaga ko‘tarilaverdilar.
– Odamni unaqa qiynamang-da, ustoz, – dedi Pufakbek hovridan pasayib. – Puflang! Yana, yana…
Chinor bo‘yi balandga chiqdilar. Terak bo‘yi… Bir payt chumak og‘izdan chiqib ketdi. Bulahim Halayev shuv-v etib pastladi, lekin yerga yetib kelmadi – chilvirga osilib qoldi. Pufakbek chumagini darhol qayirib, qistirg‘ich soldi. Shu tobda uning ko‘zlari, yuzlari, qorniyu oyoq-qo‘llari – hamma yeri birdek yayrar, birdek kular edi. Shu ahvolda osmoni falakka ko‘tarilaverdilar. Shirinliklar fabrikasi do‘ppidaygina bo‘lib qoldi. Bulahim Halayevning ko‘zlarida shashqator yosh, ust-boshi shalabbo… Pufakbek esa tinmay qiyqirardi:
– O, tubanga qarang, ustoz! O, tepadan qarash maza-ya!
Bulahim Halayev hayotdan umidini uzdi: «Endi ketdim… Enamni ko‘rdim! Umrimning bitgani shudir-da?»
Yer pastda qolib ketdi. Qushlar pastda qolib ketdi. Bulutlar pastda qolib ketdi. Ikkalasi o‘qdek tepaga ko‘tarilaverdi. Pufakbek qo‘llarini qanot qilib, silkib-silkib ham qo‘yadi…
Bulahim Halayevning shuuri yarq etib yorishdi. U qo‘ltig‘ining tagida doim bitta bigiz saqlab yurardi, ayniqsa, shu Pufakbekka yo‘liqqanidan beri ehtiyotdan uchini charhlatib ham qo‘ygan edi. Birdan shuni esladiyu sevinib ketdi. Pufakbekka sezdirmay, chilvirdan tortilib yuqoriga ko‘tarila boshladi. Ikki ora tobora qisqaraverdi. Pufakbek ustozining niyatidan xabarsiz edi, shod, qichqiraverdi:
– O, qanday zo‘r! Biz siz bilan ustoz, tarixda misli ko‘rilmagan yutuqqa erishdik! Biz uchdik! Ikkalamiz bir bo‘lsak, nimalar qilib tashlamaymiz bu dunyoda!
Bulahim Halayev «Ha, shunaqami? Ha, rost» degancha, chilvirni beliga chirmab Pufakbekka yaqinlashaverdi.
– O, yer qanchalar tubanda-ya! Odamzodning shunchalik tubanda g‘imirlab yurganiga hayronman, ustoz! O‘ylab qarasam, hamma nodon ekan: qand, shakalad, simpozium – hammasi bekor ekan, odamlar o‘zini o‘zi ovutib yurarkan, xolos. Mana – chinakam hayot, chinakam shirinlik, ustoz! O!
Bulahim Halayev Pufakbekning tarang qornini mo‘ljalla-ab turib… bigizini shartta sanchdi!
Par-ra-a-ang‘!!!
Dunyo chappa aylandi. Bulahim Halayev tubangami, osmongami, chapgami, o‘nggami qarab uchdi. Uchaverdi, uchaverdi, qayoqqa uchyapti, nega uchyapti, qachondan beri uchyapti – bilolmay qoldi…
Bu yog‘ini biz bilamiz. Biz o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizni aytamiz. Ko‘rmaganimizga kafillik berolmaymiz. O‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimiz esa, mana bunday.
Osmondan nimadir shuvillab o‘chib keldiyu shirinliklar fabrikasining keng hovlisiga to‘p yetib tushdi. «To‘p etib tushdi» deyish – haddan tashqari yumshoq ifoda. Aslida qanday tushganini tasvirlashga so‘z yo‘q! Faqat… Yerga urilgan payti to‘zg‘igan chang ulkan bulutga aylanib, shirinliklar fabrikasi osmonida buruqsib turib qoldi – bunisini ham ko‘rdik.
Yana bir narsa: o‘sha nimadir yerga to‘p etib tushganida Bulahim Halayev «cho‘chib uyg‘onib» ketmadi. Chunki bu aytganlarimiz tush emas edi. Bari bo‘lib o‘tgan, bo‘layotgan voqealar…
AKT
Tuzamiz bul aktni shul haqdakim, bir hafta burun fabrikamiz territoriyasida aql bovar qilmas voqea sodir bo‘ldi. Osmondan nimadir shuvillab uchib keldiyu zarb bilan yerga urildi. Yer titrab, binolarimizning falon-falon joylari faloncha so‘mlik shikastlandi. Hovliga tushgan «narsa»ni tekshirish niyatida o‘n kishilik komissiya tuzildi. Qo‘lga kiritilgan dalillar tubandagilar: a) o‘rta barmoqdek keladirgan rangsiz pufak (u yorilib, titilib ketgan); b) odamning bir juft labi. Bu lablar egasining jinsini aniqlay olmadik: kattaligidan – erkaknikiga o‘xshaydi, qizilligidan – ayolnikiga o‘xshaydi; v) uzunligi olti metr keladirgan pishiq chilvir. Lekin bu chilvirning lab bilan pufakka qanday aloqasi borligi hamon bizga qorong‘i.
Ushbu ashyoviy dalillarni tegishli tashkilotlarga to‘lig‘icha topshirishimizdan murod – fabrikamiz yegan zararni faloncha miqdor mablag‘ bilan qoplashlaringni so‘raymiz, deb… o‘n kishi imzo chekdik.
Va hokazo… Va hokazo…