- Daryo yoqalab yuramiz,- dedi xo‘jayin.
Ayiq odatdagidek, indamadi. Sukut esa alomati rizo edi.
Mashinalar oqimi bir zum tin olmaydigan shohko‘cha yoqalab yurayotgan yo‘llarini o‘zgartirishdi: daryo sohiliga o‘tib olib, yuqoriga o‘rlashdi. Bu - noo‘ng‘ay, mashaqqatli edi: qarshidan bot-bot botqoqliklar, to‘qaylar chiqar va ularning yengib yoki chetlab o‘tishga to‘g‘ri kelardi. Sohilda yeguliklar topilardi - chakanda, yovvoyi olcha, olma…Gohida ro‘paralaridan dehqon chaylalari chiqib qolar, ularni non, qovun va boshqa yeguliklar bilan siylashardi. Ayiq esa turli ildizpoyalar, parranda tuxumlari, jonivorlar bilan nafsini qondirardi.
Xo‘jayindan mudom non hidi kelib turardi ( u beliga non bog‘lab olgandi). Saxiy, xushfe’l edi xo‘jayin: bot-bot belbog‘ini yechib, o‘rtaga yoyar va ular nonni suvga botirib yeyishardi.
Sohil bo‘ylab odimlashlarining sabablari ko‘p. Ular bir narsani - vatanlari ana shu daryo yo‘l boshlagan tog‘lar orasida ekanligini unutishmagandi va Zarafshon ona yurtlariga adashtirmay yetkazishiga umid bog‘lashgandi.
Ikkovlari ham yoshini yashab, oshini oshaganlardan edi.
Ayiq yetaklagan amakining nomi - Safarali. Yoshi yetmishning nari-berisida bo‘lib, peshona teri va ko‘z yoshi ta’mini rosa tatigan; chayir, andak bukchayib yuradigan, o‘rtabo‘y kishi. Ayiq (laqabi - ar-ar)ning ham yelka suyaklari bo‘rtib turganligi, junlarining dag‘allashgani, o‘ta itoatkorligi, ko‘zlari xiralashib, tishlari to‘kilganligini ko‘rgan kishi ruslarning: «Starost - ne radost» degan naqli faqat odamlarga emas, jonivorlarga ham taalluqli ekanligiga ishonch hosil qilardi.
Taqdir bu ikki sho‘rlikni bu tomonlarga uloqtirib tashlaganiga o‘n besh yillar chamasi bo‘lib qoldi. Kasbu kor, tirikchilik, aniqrog‘i, o‘ttiz ikki sabab bariga. Ayiq o‘ynatib, non topish Safarali uchun - ota kasb. Uning bobokalonlari ham tog‘dan hali ko‘zi ochilmagan ayiq bolalarini olib kelib, bir qo‘lda qamchi, bir qo‘lda shirinlik bilan, ularni yo‘lga solishgan: til topishgan, gaplashishgan.
Safarali ar-ar bilan uning akasini qo‘lga kiritish uchun obdon tayyorgarlik ko‘rgan, rosa payt poylagandi o‘shanda. Bu yerdagi ona ayiqlar qishki uyqu paytida - fevral oyining oxirlarida ko‘z yorishini, bolakaylarning ko‘zi qirq kungacha yumuq bo‘lishini otasidan eshitgandi. Shuning uchun ham kunlar isib, ona inidan chiqib ketishini intiqlik bilan kutishga to‘g‘ri keldi.
Ona inidan chiqqan birinchi kuniyoq u bolakaylarni o‘g‘irladi. Ko‘p o‘tmay bechora ona daralarni larzaga solib o‘kirdi: nogahonda ikki navqiron o‘g‘lidan judo bo‘lgan siynachok onaning dardli faryodi edi bu. Ini ichida inson hidi inib qolganidanoq, bu bedodlikni o‘sha ikki oyoqli dushmani qilganini azaliy instinkti bilan his etdi. Shunday daqiqalarda atrofda odamga duch kelsa, tilka-pora qilishi turgan gap edi.
Ayiq deganlari hammaxo‘r jonivor: go‘shtmi, mevami, ildizpoyami paqqos tushirishni xush ko‘radi. Lekin ko‘zi endigina ochilayotgan murg‘ak ayiqchalarni sut, atala, qiyma go‘sht bilan boqish talab etilardi. Qo‘shnining bolasi ayiqchalarning kattasini qug‘irchoqqa o‘xshatdi va shu kundan e’tiboran uning laqabi lo‘xtak bo‘lib qoldi. Kichigiga esa ar-ar deb nom qo‘yishdi. Qishloqlarining ham nomi Ar-ar, ammo buning bir-biriga aloqasi kamroq. Ayiqcha ertalablari ona hidi, harorati, sutini qumsab bo‘kirardi va butun oila vahimaga tushar, ona ayiq kelib qolishidan xavotir tortardi. Shu sabab ar-ar bo‘lib qolgandi uning laqabi.
- Sen, hayvonsan,- yo‘lida va so‘zida davom etdi Safarali,- ko‘p narsani bilmaysan - yodingdan chiqarib yuborasan. Biz kelganimizda chegara degan gap yo‘q edi - bemalol o‘tib kelaverardik. Endi unaqamas…
Bu - xavotirlanish edi. Ular har yili bahorda kelib, kuzda qaytib ketishardi: ayiq qishki uyquni o‘z yurtida o‘tkazardi. Ammo nogahonda vaziyat o‘zgardi. Yoz davomida to‘ylarda, saylgohlarda tomosha ko‘rsatib, tuzukkina pul topishdi-yu, ammo qaytishda avtomat tutgan harbiylar ularning yo‘llarini to‘sishdi: hukmfarmolik bilan hujjat talab qilishdi. Tabiiyki, ularda hujjat yo‘q edi, iltimos, iltijolari esa ularning tosh yuragini ilitolmadi: noumid orqaga qaytishga majbur bo‘ldilar.
Ariq bo‘yida lo‘lilardan qolgan kulbada yashashgandi. U yer o‘ng‘ay edi: qo‘ni qo‘shni yo‘q: jonivorning vajohatidan, bo‘kirishidan cho‘chib, hech kim shikoyat qilmasdi. Ular hamrohlikda ko‘chaga chiqishar, tanishlardan go‘sht, non, yong‘oq sotib olishardi. Ko‘p o‘tmay ar-ar qishki uyquga ketdi.
-O‘sha qish yaxshi uxlamading,- so‘zida davom etdi Safarali, - bu yerda havo toza emasdi, shovqunlar ham bo‘lib turardi. Gohida mirshab kelib, mendan pul talab qilishini hisobga olmaganda, hech kim tinchimizni buzmasdi.
Ular yo‘lda davom etardilar. Atigi bir necha qadam narida donlab yurgan tustovuqlar galasi, daryo yuvib, ko‘lmaklar hosil bo‘lgan joylardagi shirmoy baliqlar ishtahalarini qitiqlar, ammo ularning ortidan tushish befoyda ekanligini his etib, yo‘lning tanobini tortishardi.
Nogahonda ar-ar boshini ko‘tarib, havoni uzoq hidladi. Keyin chap tomonga intildi. Safarali xavotir aralash ikkilanish bilan uning ortidan ergashdi; ko‘p o‘tmay, tandirda jizg‘anak bo‘lgan non parchasining hidini tuydi. Qishloq chekasida bir ayol non yopardi. U xavotir tortmasligi uchun Safarali ar-arning bo‘yniga zanjirni ilintirdi va ancha yaqinroq borib tin olishdi. Ayol avval ajablanib turdi, so‘ng hammasini tushundi va bolasidan bir juft issiq non berib yubordi. Keyin esa bu nogahoniy mehmonlar bolasiga biror zarofat yetkazishidan ko‘ngli tap tortib, ziyrak kuzatib turdi.
- O‘zbek ayollari yaxshi,- dedi Safarali,- yur, endi nonni suvga botirib yeymiz.
Ular daryo bo‘yida tin olib, nonni suvga bo‘ktirdilar.
- Akamni ko‘rmaganimga o‘n besh yildan oshdi,- so‘zida davom etdi Safarali, qorinni to‘yg‘azib, yo‘lga tushgach,- keksayib qolgan bo‘lsa kerak. Ehtimol, meni tanimas ham. Men esa: «Aka, man Safaraliman!», deyman. Sening ham qavmlaring dastlab begonasirashadi; keyin tanib olishadi. Endi keksaydik: o‘limdan qochib qutulib bo‘lmaydi! O‘z yurtingda oyoq uzatganingga nima yetsin?! Sening akang barvaqt nobud bo‘ldi - kechir men notavonni…
Gap shundaki, dastlabki yillari omad ularga bot-bot o‘ng qo‘lini cho‘zib turdi. Ilk bor Registonda tomosha ko‘rsatishgani esa sira yodlaridan chiqmaydi. Dastlab lo‘xtak ham ar-ar ham batamom begona hid, notanish qiyofalardan hadiksirab turishdi, ammo xo‘jayin nigohidagi jiddiylik aralash xayrixohlik dillariga quvvat ato etdi. Nog‘ora «Andijon polkasi»ni boshlashi bilan ikkilanmay, ohangga hamohang yo‘rg‘alashga tushishdi. Atrofdagi bolakaylar qiqirlab kulishdi, kattalar iljayishib, tartibsiz qarsak chalishdi. Anchagina davom etdi bu zavqovar tomosha. «Muhtaram tomoshabinlar, tirjayib turgan yuzlab basharalarga murojaat qildi xo‘jayin shu bilan raqsni yakunlaymiz. Endi aka-ukalar kurash tushishadi - davrani kengroq oling! Shiriy krug! Shiriy krug!»
To‘planganlarning yuzlaridagi qiziqish, hangomatalablik mayllari kuchayganday bo‘ldi. Nog‘ora bu gal vazminroq, hatto mungliroq ohang boshladi. Ular pahlavonlarga monand harakatlar qilib, ikki bor davra aylanishdi, bir-birlarini kurashga chorlab, po‘pisa-yu, iddaolar qilganday bo‘lishdi. Keyin (xo‘jayin o‘rgatganday qilib) ar-ar ilkisda akasiga tashlanib qoldi. Lo‘xtak ham anoyilardan emasdi - raqibni belidan quchoqlab dast ko‘tarib turdi-yu, hangomatalab olomonning hayajonlarini rosa ko‘pirtirgach, ko‘tarib tashladi. U esa irg‘ib turib, raqibining oyog‘idan olmoqchi bo‘lganda, Safarali adolatpesha hakamlarday oraga kirdi: «Hay-hay! G‘irromlik chikora?! Mardlik - halollikda!». Xullas, uzoq davom etmagan kurashdan keyin (hamishadagidek) Dar-darning qo‘li baland keldi. Safarali baraban chalishdan to‘xtab, muddaoga o‘taboshladi: qizim senga aytaman, kelinim sen eshit, qabilida sha’ma bilan aka-ukaga murojaat qildi: «Sizlar juda uzoqdan - hov tog‘lar orasidan samarqandliklarga shod-u xurramlik ulashish uchun kelgansizlar. Mana, rosa o‘ynadilaring, kurash tuщdilaring. Albatta, andak charchab, qorinlaring ham ochqagandir. Ammo sizlarga u-bu olib beray desam, shu kunlarda o‘zim ham jilla kamxarjroq bo‘lib turibman. Endi bir davra aylanib chiqinglar: yakka-yu yagona umidimiz Xudodan - saxovatpeshalar, jo‘mardlar bu shahri azimda ko‘p deb eshitganmiz. Qani birodari azizlar, qo‘llaringni duoga ko‘taringlar! Marhamatini darig‘ tutgan, tutmaganni Alloh o‘z panohida saqlagan bo‘lsin! Xudoi mehribonim farzand talablarga - farzand, to‘shakda mixlanib yotgan bemorlarga shifo ato etsin! Omin!»
Xo‘jayinning tanish ishorasidan keyin ar-ar lo‘xtakning yelkasiga minib oldi. Safarali, odatdagidek, uning qo‘liga eski shlyapani tutqazdi va barabanda mungli kuy chalaboshladi. Bu ohang og‘ir tog‘ yo‘llarini, hayot mashaqqatlarini yodga solardi. Pul qancha ko‘p tushsa, ohang shunchalik avjiga chiqar, Safaralining hayajoni, xursandchiligi oshardi. Tomoshadan keyin esa, ko‘p hollarda, Safarali saxiy bo‘lib ketar: aka-ukani go‘sht, meva bilan siylardi, ammo shunisi noxushki, gohida o‘zi ham araq ichar, bundan ayiq polvonlarning dili behuzur bo‘lardi. Bunisi ham mayli: shunday xushfe’l xo‘jayin ichgandan keyin so‘rrayar, ko‘zlarini jovdiratar, johillashib ketar, aka-ukaga do‘q urar, gohida zolimona qamchilab qolardi. Bir bor shundoqqina yo‘lakda cho‘zala tushib yotib qoldi; cho‘ntagida esa ancha-muncha puli bor edi. Bir necha soatgacha mirshab-u, o‘g‘rivachchalardan qo‘riqlab turishga to‘g‘ri kelgandi uni.
- Eh, yaxshi davrlar edi,- so‘zida davom etdi Safarali,- hamma bizni yaxshi ko‘rardi: tomoshalar, bazmlar, to‘ylarga taklif etadigan bo‘lishdi. Sen tentaklarni hayvonot bog‘iga ham olib kirgandim…Lekin beodobli qilib qo‘ydilaring: hijolat chekdim.
Gap shundaki, o‘sha yili Samarqanddga ko‘chma hayvonot bog‘i kelgandi. Uchchovlashib tomoshaga kirishdi. Qiziq bo‘lgandi shunda. Bir qafasda urg‘ochi ayiqni ko‘rib, ikkalasi ham o‘sha tomonga tashlanishdi, xujayinni ham tortib ketishdi. Hali biror bor jinsiy ehtiroslarini qondirmagan navqiron yigitchalarni tushunish mumkin edi. Qafasdagi ayiq ham ajib bir moyillik ila bular tomon intildi - lahzalik bo‘lsa hamki, shavqovar lazzatga tashna edi: ular labga-lab bosib, tashnaliklarini andak qondirgan bo‘lishdi, ammo yaramas temir qafas bundan boshqasiga imkon bermadi.
Odatda hayot, ulashadigan arzimas shodliklari uchun juda ko‘p haq talab qiladi. Ularning ham bu sarafroz kunlari ikki yildan oshmadi: nima bo‘ldi-yu, ayiqlar kasallanib qolishdi - ishtahalari tushib, oriqlab ketishdi; kechalari nolish qiladigan bo‘lishdi. Safarali juda tashvishga tushdi, nigohlari so‘nik, merov bo‘lib qoldi. Axir, ar-ar bilan lo‘xtakdan o‘zga hech kimi yo‘q edi-da, bu boyaqish musofirning. Buning ustiga tirikchilik ham shu aka-ukalar tufayli. Xullas, ayro yashashni tasavvur qilib bo‘lmasdi! Tomosha paytida bir rus qizi Safaraliga yaqinlashib, jonivorlar kasalanganini va vokzal tomonda ularni davolaydigan klinika borligini, o‘zi o‘sha yerda ishlashini aytdi, manzilgohni yozib berdi.
- Ar-ar, yodingdami u yerdagi o‘ris qizlar jur’atli, jonso‘z, mehribon ekan: ikkalangni ham og‘zingni chaqqon bog‘lashdi, haroratlaringni o‘lchashdi. Keyin tezaklaringni tekshirib ko‘rish zarurligini ta’kidlashdi. Biz kechgacha o‘tirdik. Ovqat yemay qo‘yganlaring sabab, qorinlaringni bo‘shatishlaring ham qiyin kechdi. Nihoyat, qizlar axlatlaringni olib, zarrabinga qo‘yishdi va o‘ksinib ketishdi: o‘pka, jigarlaringda qurt bor ekan. Ular dorilar berishdi, ammo pul olishmadi. Shularning sharofati sabab sen tirik qolding, akangni esa tuproqqa topshirdik. Yolg‘iz o‘zingni ergashtirib, maktablarga borardim - bolalarga turli tomoshalar ko‘rsatib, rizq ro‘zimizni topardi. Ammo hayot kundan-kun dahshatli darajada zerikarli bo‘lib borardi…
Safaralining gapi ilkisda uzilib qoldi: nariroqda, diliga hamisha g‘ulg‘ula solib kelgan, yelkasiga avtomat ilgan harbiy kishini ko‘rib qolgandi. U so‘xtasi sovuq bir pas ajablanib turdi-yu, so‘ng o‘ng qo‘li bilan «orqaga» deb ishora qilaboshladi. Bu bag‘ritosh qashshangning bo‘yrug‘ini bajarmaslik esa noxush oqibatlarga olib kelishini Safarali yaxshi bilardi. Ammo vatanga qaytish, jismu jonlarini o‘sha tog‘-u toshlar bag‘rida egasiga topshirish istagi bundan-da kuchli edi. Shuning uchun daryo bo‘ylab emas, Baxmal tog‘lari yonbag‘irlaridan o‘tib ketishni rejalashtirdi. U yerda ham harbiylar bo‘lishi mumkin, o‘ylardi Safarali, ammo tunda xarsang-u butalar oralab, ularning nigohlarini shamg‘alat qilib ketsa bo‘lar…
Ular Oyqor cho‘qqisini mo‘ljallab yo‘lning tanobini tortishga kirishishdi. Safarali biror nomahramning e’tiborini tortmaslik uchun, asosan tunda yo‘l bosishga qaror qilgandi. Shu tariqa qishloqlar, ekin maydonlari ortda qolaboshladi. Tongda qir qo‘ynida asalari qutilari ko‘zga tashlandi. U ar-arning bo‘yniga zanjir soldi, jonivorning asalga o‘chligini yaxshi bilardi: biror beboshlik qilib qo‘yishidan xavotir tortgandi. Bir necha qadam qolganda, tin olishdi. Asalarichi ham o‘sha non pishirayotgan ayolday saxovatpesha ekan: shogirdidan bir kosacha asal jo‘natdi. Safarali non bilan ikki bor yaladi, xolos; qolganini ayig‘iga berdi: u so‘nggi tomchisigacha yalagach, ular yengil tortishdi va toqqa tirmashaboshladlar.
- Mana shu ikki tog‘dan oshsak, u yog‘i o‘zimizning yurt. Usha cho‘qqida yaramas harbiylar bo‘lishi mumkin: undan tunda o‘tamiz,- dedi Safarali andak ishonch bilan.
Bu yerda qo‘y-echkilarning so‘qmoqlar mo‘l edi va ularning aksari yonbag‘ir bo‘ylab, balandlikka olib chiqardi. Ikkovlon ana shu yo‘laklardan yuqoriga qarab yurishardi. Birinchi tog‘dan oshib o‘tishganda tag‘in qorong‘ulik cho‘kdi. Bu - ayni muddao edi: asosiy dovondan birorta pashshaning ham e’tiborini tortmay o‘tib ketsa bo‘lardi. Ular o‘g‘rilardek, ovoz chiqarmay, sharpasiz yuqoriga chirmashaboshladilar.
Ikkovlon so‘nggi dovonga chiqishganda, tong bo‘zaraboshlagandi. Qarshilaridagi sarhadsiz pasttekislikni ko‘rib entikib ketishdi: yoshlikda dillariga jo bo‘lib qolgan tanish cho‘qqilar, daralar - kindik qoni tomgan ona yurt bor bo‘yoqlari, jozibalari bilan namoyon bo‘lgandi. Dillari limmo-lim surur va shavqovarlikka to‘lib, bir necha daqiqa tin olishdi.
- Pastga enib olsak, kechgacha uyga yetamiz,- dedi Safarali allaqanday qoniqish, hayajon aralash. Uning hozirgi holati uzoq safardan qaytib, o‘zi tug‘ilgan uyning eshigini ochmoqchi bo‘lgan kishining shavqovar holatini eslatardi. Ar-ar buni his qilib oldinga intildi. Ular birnecha qadam bosishlri bilan…
Kutilmagan bu fojeani faqat kinochilargina bor haqiqati, bo‘yoqlari bilan ishonarli namoyon qilishlari mumkin edi. Mening esa qalamim ojiz. Nogahoniy vulqonga o‘xshash kuch ularni yonbag‘irga uloqtirib yuborgandi, nimadir qattiq gumburlab, ularning faryodlarini bosib ketdi, xuddi chaqmoq chaqqandek, borliq bir lahza yorishdi.
Safarali qachon o‘ziga kelganini bilmaydi. Avval ko‘z o‘ngida xira tuman qilt etmay turganday bo‘ldi, keyin u tiniqlashib yulduzli osmonga aylandi. Nima hodisa ro‘y berganini, aniqrog‘i, oyoq ostidagi ajal alangasi junbushga kelganligini tasavvur ham qilolmay, madorsiz qo‘llari bilan atrofini paypasladi va qo‘li avval ar-arning sovuq vujudiga, keyin esa shilimshiq narsaga tegdi.
Ularing vujudlaridan oqayotgan qon bir joyda halqob bo‘layotganini anglashga esa quvvai hofizasi ojizlik qilardi.
Keyin jimlik cho‘kdi.
Abadiy jimlik.
2007