OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Sanatoriyada (hikoya)

Turkiston tizma tog‘lariga tutash Obigarm qishlog‘idan biror chaqirimcha balandlikdagi oromgohga baho beradigan bo‘lsak, uning mo‘‘jazligi, oddiy, hatto jo‘nligini tan olishimiz kerak bo‘ladi. Boshqa shahar, yurtlardagi dam olish uylari, kurort, sanatoriyalarda bo‘lganlar bu yerga kelib, burunlarini jiyirishlari hech gap emas.
Odam bo‘yichalik devor kalladay-kalladay keladigan toshlardan loysiz, tsementsiz tiklangan va omonatday, hademay qulab tushadiganday taassurot qoldiradi; darvoza xivichdan yasalgan, aniqrog‘i, uning ichki qismi savatday qilib to‘qilgan. Atrofi tut xivichidan doiralar, o‘rtada qahvarang novdadan (ehtimol, gilos yoki olxo‘rinikidir) yurakning beo‘xshov shakli aks ettirilgan. Bu kimlar uchundir qadimiy hunarmandchilikni yodga solsa, boshqa birovlar uchun borib turgan odmilik yoki nochorlik bo‘lib tuyulishi tabiiy.
Xonalar ham pastak, tartibsiz. Yozlik ayvonlarning tomlari, devorlari bo‘yradan.
Ammo bu yerlarning tabiatiga tan bermay ilojingiz yo‘q. Yonboshda issiq buloqdan chiqayotgan bug‘ ko‘p hollarda doimiy tumanga o‘xshab turadi va ertalab, kechqurunlari quyuqlashadi. Yuqorida archalar; har-er, har-erda qor parchasi ko‘zga tashlanadi. Garchand darvoza tepasiga: «Obigarm» oromgohi», deb yozilgan bo‘lsa ham, ko‘pchilik «Shomilning sanatoriyasi», deb ataydi bu maskanni.
Bundan bir necha yillar muqaddam erkin kurash bo‘yicha Osiyo chempionatining mutlaq g‘olibi bo‘lgan va jahon birinchiligiga o‘tkaziladigan musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotgan Shomil polvon…
Shu o‘rinda unga andak ta’rif bermasak, ko‘nglimiz to‘lmay qoladiganga o‘xshaydi.
Bu atroflarda uni Tayson ham deyishadi. Azimjussaligi, gavdasining beo‘xshovligi keng o‘mrovlari, bo‘rtib turgan muskullari kurash tushadigan polvondan ko‘ra, og‘ir vaznli bokschini ko‘proq yodga soladi. Faqat gavdasi bo‘lsa mayli-ya, muomala ham dag‘alroq: iltifotsiz, tavozesiz. Biz esa oddiy haqiqatni ham yaltiroq qog‘ozga o‘rab berishlariga ko‘nikib qolganmiz. Shomil polvonning millati - chechen, ammo bu haqda gapirishni xushlamaydi, «O‘zbekiston fuqarosiman» deb qo‘yaqoladi; o‘zbekchani yoyib, sekin-sekin, ruscha iboralarni aralashtirib gapiradi.
Xullas, kunlardan birida Shomil shu qishloqlik Arabboy amakinikiga mehmon bo‘lib keladi. Buning boisi shundaki, amaki uning otasi (marhum) bilan Afg‘onistonda xizmat qilgan ekan. Shomil chempion bo‘lganda, amaki uni izlab borgan, to‘n kiygizib, otasi bilan tushgan suratlarni ko‘rsatgan va qaytishida qishlog‘iga taklif qilgan, albatta. Bu yerda pahlavonni yaxshi kutib olishadi, qo‘y so‘yishadi, to‘nlar kiygizishadi.
Ertasi u tog‘ sayriga chiqib, yonbag‘irdagi issiq buloqni ko‘rib qoladi. Qarasa, atrofda talay dardmanlar qo‘l, oyoqlarini suvga solib o‘tirishibdi cho‘milishayabdi. Buloq suvi tarkibi o‘rganilgani, u Kavkazdagi Narzan suvidan boy ekanligini gapirishadi mezbonlar.
Shundan keyin Shomil hamma ishini yig‘ishtirib qo‘yib, (sport mutasaddilari, trenerlari diltang bo‘lib, undan qanchalik ranjishganini aytmay qo‘yaqolaylik) shu yerda xususiy sanatoriya qurishga kirishadi. Qishloqdagilar ham chetda turmaydilar: birinchi yili buldozer topib, yo‘l, maydoncha ochiladi, simyog‘ochlar o‘rnatiladi. Ikkinchi yili qurilish boshlanadi. Polvon eski «Moskvich»i bilan tsement, g‘isht tashiydi, ustalar bilan bab-baravar beton qoradi. Bu mashaqqatlar haqida gapirib o‘tirish, ehtimol ortiqchadir - qurilishdan andak xabardor odam barini his etaoladi. Buning ustiga, qiyalikda bino tiklash chandon mashaqqatligini tasavvur qilish qiyin emas. O‘sha yil to‘rtta xona tiklanib, suvoqdan chiqariladi, bo‘yaladi, krovatlar qo‘yiladi; vannaxona, muolaja kabineti tayyor bo‘ladi. Ammo sanatoriyani ro‘yxatdan o‘tkazish oson kechmaydi: birinchi bor kelgan komissiya ozmas-ko‘pmas - o‘ttiz ikkita kamchilik topadi. Garchand qarzga botib qolgan bo‘lsa hamki, Shomilning ruhi tushmaydi - komissiya xulosalariga qo‘shiladi.
Kechqurun Arabboy amakinikida hisob-kitob qilib ko‘rishsa, tag‘in falon million so‘m kerak ekan.
- O‘ttiz ikki tishning o‘ttiz ikki ishi bor,- deydi amaki haligi xulosalarni nazarda tutibmi yoki ayolmandligidan zorlanibmi,- yordam beray desam, o‘zim ham kamxarjroqman. Ammo bir-ikkita qo‘y-echkilarni sotib, atrofini o‘rab qo‘ymasam bo‘lmas. Bitta xonacha qurib, o‘sha yoqqa borib yotaman: har xil odamlar bor, mol-pol deganday….
- Komissiya talabnomasi shundan boshlangan,- deydi Shomil,- men ham «Moskvich»ni sotaman - quvur olamiz - vannaning chiqindi suvi qayta daryoga tushmasligi kerak ekan.
Ertasi Arabboy amaki Shomilni qo‘shni qishloqqa to‘yga taklif qilib qoladi.
- Ko‘pkarisi bor - tomosha qilasan,- deydi, boyaqishning ko‘nglini ko‘tarish ilinjida.
Borishsa, ko‘pkarimas - kurash ekan. Bular ham, ko‘p qatori bir chekkada tomosha qilib o‘tirishadi. Oxirida bir mo‘ylov kurash bo‘yicha viloyat chempionini ergashtirib chiqadi. Hakam o‘rtaga tana qo‘yilganini e’lon qiladi. Polvonni ikki bor aylantirishsa ham, da’vogar topilmaydi.
- Mana, bir ot qo‘yildi,- deydi hakamlik qiluvchi. Shomil shunda amakini no‘qiydi.
Meni yetaklab chiqing, uni yiqitaman - otni sotib, devorni tiklaysiz!
Arabboy amaki andak ikkilanib, xavotir tortib turadi.
- Kurashdan ketganingga ancha bo‘lgan, tag‘in yiqilib…
- Xotirjam bo‘ling,- deydi,- meni yiqitish oson emas!
- Oxirgi marta so‘rayapman, da’vogar bormi?- ovozini ko‘taradi davraboshi.
- Bor! Mana, bizning obigarmlik polvonimiz kuchini sinab ko‘rmoqchi,- deydi, Shomilni ergashtirib chiqqan amaki ovozi qaltirab.
Davrada g‘ala-g‘ovur boshlanadi. “Tayson” chiqdi, “Tayson” degan ovozlar eshitiladi. Ammo polvonlarni yuzma-yuz qilganda, kutilmagan hol ro‘y beradi: haligi chempion Shomilni tanib qoladimi yoki haybat-u vajohatidan cho‘chiydimi, haytovur, qo‘l ko‘tarib, yengilganini tan oladi.
Arabboy amaki otni o‘sha yerning o‘zidayoq sotadi va keyinroq devor, darvoza, qorovulxonani shuning hisobiga tiklaydi. Bu orada Shomilning o‘zi Kavkaz, Tojikiston tomonlarga borib, kurash tushadi, topganini amakiga jo‘natadi. Xullas, to‘rt yil deganda, sanatoriya ro‘yxatdan o‘tkazilib, ishga tushadi.
Dastlabki yillari keladigan kishilarning unchalik tayini bo‘lmagan, deyishadi. Hozir bu yerga joylashish - anchayin muammo. Yo‘llanma topolmagan talay dardmanlar qishloqda ijarada turishadi; kunduzi kelib davolanishadi.

* * *

Oshxonaga kirganlarning dimog‘iga tog‘rayhon ( bu yerdagilar kiyik o‘ti, deb atashadi) hidi gup etib urildi. Bu giyohni g‘aramlab qo‘yishlarini; choyga, ovqatga solish taomilga aylanganini ko‘pchilik bilmasdi.
- Yangi kelganlar, mana bu yerga o‘tiringlar,- dedi oshxona mudiri, olti kishilik stolga imlab.
Qimmatbaho xalatining belini zichlab bog‘lagan, sochini hafsala bilan taragan, o‘ttiz yoshlardagi xushbichim, ko‘rinishidan ancha ziyoli kishi, bo‘y-basti, raftori o‘ziga munosib yoshgina juvon bilan to‘rdan joy olishdi. Atrofdagilarga xayrixohlik, moyillik chehralarida manaman, deb turar, ikkovlaridan ham dilni entiktiruvchi xushbuy hid taralardi; ayolning yengilgina pardozi ham, tabassumi ham me’yorida edi.
Xullas, munosib juftlik!
Ulardan keyin sakson yoshning nari-berisidagi muysafid, o‘smir nabirasi bilan joylashishdi. To‘rtinchi bo‘lib, boshiga oq do‘ppi, egniga yaktak kiygan, bo‘liq moshguruch soqoli o‘ziga yarashiq, xudojo‘yligi bilinib turgan otaxon va oxirida ellik yoshlardagi o‘rtabo‘y, qorni katta, semiz, ko‘rinishidan jiddiy, sinchkov kishi joy olishdi.
Ular bir-birlari bilan yengilgina salomlashib qo‘yishdi, garchand notanish bo‘lishsada, iltifot va ehtiromlarini darig‘ tutishmadi.
Aslida odamlar dam olish uylari, oromgoh, kurortlarda xushsuxan, hazilga moyil, hatto so‘zamol bo‘lishadi. Ammo shunga qaramay, sinalmagan otning sirtidan o‘tma, deganday, bular o‘zlarini tanishtirishni keyinga qoldirishdi.
Mayli, bu kemtikni o‘zimiz to‘ldirib qo‘yaqolamiz.
Birinchi bo‘lib tilga olganimiz - silliq, sipo kishi - gazeta muharriri - Bobodo‘stov. Uning ma’naviyat, ma’rifatni targ‘ib etuvchi gazetasi o‘ziga xos mavqega ega. Unga «munosib ayol» deb ta’riflaganimiz - shoira - Hurriyat; yupqaroq bo‘lsa ham kitobchalari chiqqan. «Hurriyat» uning nomimi, taxallusimi - so‘rash noo‘ng‘ay va buning ahamiyati yo‘q hisobi.
Otaxon professor - Otabek Otaqo‘zievich. U kishi o‘ttiz yil davomida universitetda entomologiya fanidan lektsiya o‘qigan, umurtqasiz jonivorlar kafedrasiga mudirlik qilgan. Hasharotlar haqida gap ketsa, zavq-shavqqa to‘lib, ehtiros bilan so‘zlashni xush ko‘radi. Zarafshon vodiysi hasharotlarini o‘rgangan, sistematikasini tuzgan; bir necha oliy o‘quv yurtlarining faxriy professori. Domlani bu yerga, uch yildan beri uyqusizlik dardi yetaklab keladi.
O‘zini Hoji amak deb tanishtirgan buxorolik otaxon anchayin keksa ko‘rinsada, aslida domladan yosh. Nasihatomo‘z gapirish, qiroat qilish, mumtoz she’rlardan satrlar o‘qishni xush ko‘radi.
Qorni katta, semiz, deganimiz esa – tuman militsiya bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Azlarov. Kasb-kori taqozosi bo‘lsa kerak, dangal gapirish, jilla maqtanish, gohida so‘kinib yuborish odatlari bor.
Ular stol atrofidan joy olgach, Otabek Otaqo‘zievich xushsuxanlik bilan, mazkur sanatoriyaga avval ham kelganini yodga soldi va:
- Bu yerda hamma o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatadi,- deb ogohlantirgan bo‘ldi.
Garchand kutilmagan hol bo‘lsa-da, bundan ranjishmadi - har kim o‘ziga tegishli ne’matni olib keldi.
- Keyin idish, tovoqlarni obborib qo‘yish ham o‘zimizning bo‘ynimizda,- bunga go‘yo o‘zi aybdorday, hijolatomuz qo‘shib qo‘ydi domla.
- Ishqilib, yuvib ham bermaymizmi?- hazil aralash so‘radi Bobodo‘stov, kunjkovlik, iddao ohangida.
Javoban davradagilar kulib ko‘yaqolishdi. Shu bilan oradagi begonasirash pardasi ko‘tarilganday bo‘ldi, ular eski tanishlardek gapga kirishib ketdilar.
- Bularda shtatlar oz,- yangi tanishlarning ko‘nglini ilitishga harakat qilardi professor,- Shomil ham xo‘jayin, ham ma’mur; shunga qaramay, gohida massaj qiladi. Arabboy amaki degan qorovul bor; xo‘jalik mudiri ham - o‘zi.
Tushlik tugashi bilan idishlarni joyiga eltib qo‘yishdi, buxorolik otaxon peshin namoziga shoshildi, qolganlar mamnun kayfiyatda hovliga chiqishdi. Shoira bu yerdagi yovvoyi tabiatdan: shaffof havo, notanish ammo dilkash hidlar, ohanglardan hayrat, hayajonini yashirolmas; to‘lib-toshib she’r o‘qigisi kelar, ammo buning uchun andak vaqt borligini his etib, o‘zini tiyardi.
- Qizim olti oy oldin ariza berib qo‘yadi,- soddadillik bilan davom etardi Otabek Otaqo‘zievich,- faqat shu yerga kelsam, darddan forig‘ bo‘laman. Buning xo‘jayini kurash bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan.( Aslida Osiyo chempioni bo‘lganligini eslatgan edik va bu chalkashlik uchun muysafidni ayblashning hojati yo‘qdir.) O‘zbekiston bayrog‘ini boshiga ko‘tarib turganini televizorda ko‘rganman. Quvonib, ko‘zidan yosh chiqib ketgandi, lekin o‘shanda ham qovog‘ini ochmagandi…
Keyin Shomilni sifatlashda davom etdi: garchand andak qo‘rs bo‘lsa hamki, bag‘rikengligi, odamgarchiligiga urg‘u berdi, shu kimsasiz qiyaliklarni obod qilishi tafsilotlarini eslatdi.
- To‘g‘ri qilgan,- qo‘shildi podpolkovnik Azlarov,- chempionlikdan nima naf? Bir-ikki yilda undan zo‘ri chiqib, yiqitadi-yu, bari tugaydi. Bu yerda pul bor! Shuni his etgan u.
- Polvon iymonli, yaxshi odam: pulga o‘ch emas,- e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi professor.
- Uni yomon deyayotganim yo‘q, aqli joyida ekanki, shu ishga qo‘l uribdi-di. Pul jamiyatni harakatga keltiruvchi lokomativ, saodat sarchashmasi, ozodlik qanoti ekanligini vaqtida tushunganlarning sadag‘asi ketsang arziydi. Eng muhimi, bu yerdan topiladigan pul ona sutidan halol! «Bugun O‘zbekistonda kim yaxshi yashaydi?» deb so‘rasa, «Ana shunaqa ishbilarmonlarni ko‘rsatardim va “haloli bo‘lsin!”, derdim.
Militsiya sardorining pul haqidagi falsafasi muharrirning diliga o‘tirishmadi. Odob bilan e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldi.
- Jamiyatni harakatga keltiruvchi, insonni saodatmand qiladigan boshqa kuchlar ham bordir,- dedi, negadir podpolkovnikning ko‘ziga emas, qorniga qarab.
Sinchkov suhbatdoshi esa uning nigohlaridan «Sen pulning quliga o‘xshaysan, maishatparastlikdan cho‘chqaday semirib ketgansan», degan fikrni uqib oldi. Yotig‘i bilan izoh berdi.
- Tug‘ishgan ukam shu yerdan o‘n besh kiloga oriqlab ketdi. Chechenning o‘zi vannaga solib, rosa uqalagan ekan. Shuning uchun keldim. Mening semizligimni maishatdan deb uylashadi. Aslida bu - irsiyatdan. Rahmatli onam shunaqa… to‘la edilar. Ellikka kirmay, olamdan o‘tdilar - yuraklarini yog‘ bosdi. Gohida ikki kunlab och yuraman: qon bosimim tushib ketadi, ammo jillagina oriqlasamchi...Quruq non bilan ro‘zguzaronlik qilsam ham, vaznim oshib ketaveradi. Endi pul masalasiga keladigan bo‘lsak, ma’naviyatimiz arboblari «Pul harom» deb, ongimizni zaharlab qo‘yishgandi. Lekin o‘shanda ham pulni ko‘rishsa, ko‘plari o‘zlarini tomdan tashlashardi. Pul - non, shodlik, ozodlik bo‘lsa, nimasi harom?
- Agar hamma gap pulda bo‘lsa, uning stanogini ishga tushirib, olamni jannatga aylantirish mumkin bo‘lardi,- dedi Bobodo‘stov. - Eng og‘ir zanjir - oltin zanjir, degan gap bor. Bir zamonlar jadid bobolarimiz mustaqillikning, farovonlikning kalidi ma’rifat va ma’naviyat, deb bildilar, qon kechib kurashdilar. Aslida yangicha axloqiy tushunchalarni shakllantiradigan kuch ham - ma’rifat va ma’naviyat bo‘lsa kerak.
- O‘sha ikki omilni taraqqiy ettirish uchun ham pul kerak,- betakalluf davom ettirdi podpolkovnik. - Insoniyat ming yillar davomida axloq qoidalarini yaratdi, shakllantirdi; endi yangi axloq yaratishning o‘zi - axloqsizlik.
Jo‘yali gaplarga, qizg‘in mubohazaga diqqat bilan quloq solib o‘tirgan domla batamom boshqacha fikrda edi. Otabek Otaqo‘zievich jamiyatning yetakchi kuchi, insoniyatni saodatmand qiladigan omil - fan, deb hisoblar, bu boradagi oqsoqlikdan xunob bo‘lardi. Ayniqsa, biologiya sohasida qadimgi yunonlar darajasidan ko‘tarilmaganmiz, deb hisoblardi. U entomologiya fanidan lektsiya o‘qiganda, olti oyoqli mitti jonivorlar haqida afsona-yu, haqiqatlarni ehtiros bilan gapirganda, insoniyat hasharotlardan meditsina, veterinariya, o‘simliklarni himoya qilish, maishiy sohalarda foydalanmayotganini jonso‘zlik bilan sanaganda, talabalarning biri qo‘yib, ikkinchisi savol berishi ko‘z o‘ngiga keldi. Shu xususda andak gapirmoqchi bo‘ldi-yu, fikridan qaytdi: «Busiz ham ko‘p gapirdim, xayolidan o‘tkazdi u, serjag‘ chol ekan, deb o‘ylashmasin». Buning ustiga qizining: «Sinalmagan odamlar bilan kamroq gaplashing, zinhor va zinhor bahslashmang - qon bosimingiz oshib ketmasin», deb tayinlagani yodiga tushdi. Lekin shoira o‘z fikrini aytmay qolmadi: u insoniyatni saodatmand qiladigan ilohiy kuch - she’riyat ekanligini ta’kidlab, Alisher Navoiy, Hofiz, Lermontov singari buyuklarning ruhlarini bezovta qildi.

* * *

Kechki ovqatdan keyin davraga Hoji amak ham qo‘shildi. Ungacha esa Bobodo‘stov yangi sheriklarga gazetasining bir necha sonlarini tarqatgan, shoira «Iffat» deb nomlangan she’riy kitobchasiga dastxat yozib bergandi. Undagi: «Siz otamga o‘xshar ekansiz» degan ta’rif, ijod ahlini ilohiy qudrat deb hisoblaydigan professorni juda quvontirdi.
- Siz ham qizimga o‘xsharkansiz,- dedi javoban,- unga Pokiza deb nom qo‘yganman. Shukurki, nomiga munosib bo‘ldi. U - mening farishtam! Xo‘jayiningiz ham kuyovimni eslatdi. Ikkovlaringni birinchi ko‘rishimda asal oyini o‘tkazayotgan yosh kelin-kuyovlar yodimga tushdi.
- Kelin-kuyovmiz, asal oyini o‘tkazgani kelganmiz,- yasama kulgi qildi shoira. Qadimiy shoirlar buni, «shakarmoh» deyishgan.
Keyin davradagilar yoshliklarini eslashdi - kuyov bo‘lgan shirin damlar, birinchi farzand yodga olindi. Qizlar haqida gap ketganda, Hoji amak davom ettirdi:
- Televizorda surxandaryolik bir qiz ashula aytadigan bo‘lgan.
«Sizdan duo tilagan, qizingizman, otajon», deb xonish qiladi. Aslida ota duosini olgan farzand, u dunyo-yu bu dunyo kam bo‘lmaydi.
Otaxon shundan keyin Ibrohim Ahtam va Malikai Xubon haqida batafsilroq hikoya qilgani sabab, boshqalarga gap navbati tegmay qoldi.
Ertasi farzandlarini qo‘msab qolishdi, shekilli, so‘zamollik bilan bolalari, nabiralari haqida gapirishdi. Otabek Otaqo‘zievich ham jim turolmadi.
-Xudo menga bir qiz, bir o‘g‘il berdi. O‘g‘il harbiy bo‘lib ketdi, Moskvada uylanib, o‘sha yoqda qoldi.
- Nachora, non-u namak,- aralashdi Hoji amak, xushmulozamatlik bilan. - Nasibasi o‘sha tomonlarga sochilgan ekan, qo‘ying, terib yesin.
-Qizim har kuni ishga borishda ham, qaytishda ham mendan xabar oladi. Xotinim o‘lgandan keyin endi men ham yasholmayman, degandim. Chunki rahmatli meni erkalatib qo‘ygan ekan: hatto choyimni tuzukroq damlab icholmasligim ayon bo‘lib qoldi. Qizim kirlarimni beminnat yuvadi, ovqatimni tayyorlab beradi. Shu yerga yo‘llanma topib, mana bu o‘g‘lini ham qo‘shib yubordi, - dedi, o‘smir tomon ishora qilib.
– Ayol dunyoni tebratadi, deganlari shuda, - ma’qulladi shoira.
Undan keyin dardmandliklari va shu bois chekayotgan aziyatlarini ham yashirishmadi. Podpolkovnik semizlikni la’natladi.
- Bir yaramas, ekstrasensga ishonib, boshqa kasallik orttirib olganman. U dori deb, bir xil gijja tuxumini pullarkan. Haligi tekinxo‘rlar oshqozoningda ko‘payib, yutganingni o‘zlashtiraverarkan. Ko‘p ovqat yeydigan bo‘ldim, ammo oriqlab ham ketdim. Chunki ochofat zararkunandalar qonimni ham zaharlagan ekan. Sillam qurib, bemador bo‘lib qoldim. O‘lishimga bir bahya qolganda, shifoxonaga yotqizishdi. Tuzalganimdan keyin haligi hamshirag‘arni tutib, onasini ko‘ziga ko‘rsatdim!
- Volidam qon bosimidan ketdilar,- davom etdi professor, naq mening yoshimda edilar. Bir opam ham shunday bo‘ldi. O‘zim uyqusizlikdan aziyat chekaman. Uyqu uchdimi - xar xil bemanikliklarni uylayman-u, bosim ikki yuzga chiqib ketadi. Gohida tuni bilan to‘lg‘anib chiqaman, zerikkanimdan deng, bir necha minglargacha sanayman - foyda bo‘lmaydi. Ne-ne dorilarni tavsiya etishmadi - naf ko‘rmadim. Faqat shu yerga kelsam, ona qornida yotganday mazza qilib uxlaydigan bo‘laman. Sharoitlari uncha zo‘r emas, ammo…
«Kelin-kuyov» kasallikdan shikoyat qilmaganlariga qarab, shunchalik dam olgani kelishganini fahmlash qiyin emasdi. Hoji amak ham, negadir bu haqda gapirgisi kelmadi.
- Bularning yo‘lak devoriga ilib qo‘yilgan «Ichki tartib-qoidalar»ini o‘qidim,- dedi, boyadan beri suhbatdoshlarini diqqat bilan tinglayotgan Bobodo‘stov. «Oromgoh hududida spirtli ichimliklar ichish, tamaki chekish qat’iyan man etiladi, axloqqa zid harakatlarga yo‘l qo‘yganlar chetlashtiriladi» deb yozishibdi. O‘zim ichmayman, chekmayman, axloq kodekslarini hurmat qilaman-u, ammo, bunday deb yozish «Inson huquqlari deklaratsiyasi»ga, qonunlarimizga zid.
- Bultur kelganimda, Shomil bir ishbilarmon boyvachchani chiqarib haydagandi,- dedi javoban Otabek Otaqo‘zievich,- har kun maishat, araqxo‘rlik… Dag‘dag‘a qilmoqchi bo‘lgandi, Shomilning vajohatidan cho‘chib, jomadonini ko‘tardi.
Keyin birgalashib, o‘sha boyvachchani qoralashdi, inson har qanday vaziyatda ham odobli bo‘lishi zarurligiga urg‘u berishdi.
- Jomiy hazratlari: «Odob boshingdagi ilohiy tojdir, uni kiyib istagan joyingga borishing mumkin» deydilar, davom ettirdi Hoji amak. Keyin, asl holatini forsiyda ham takrorladi.
Atrofdagilar unga ehtirom ila quloq tutishayotganligiga ishonch hosil qilgach, Qur’oni Karimdan arabchalab oyat o‘qidi va tarjima qildi. - «Ya’ni ular – beodoblar - Allohni, iymonli kishilarni aldamoqchi bo‘ladilar va o‘zlari sezmagan holda, faqat o‘zlarini aldaydilar.»
Pastlikka qaralganda, qishloq tomlaridagi shiferlar, yakkam-dukkam oq tunukalar sarhadsizday bo‘lib ko‘rinar, mashinalar o‘yinchoqlarni eslatardi. Muharrir allaqanday nemis faylasufining: «Sizlar yuqoriga qaraysizlar, men esa pastga, chunki balandga chiqib olganman», deganini esladi; uni aytib, mazmunini sharhlamoqchi bo‘layotganda, Hoji amak domlaning tortinchoq nabirasini gapga tutib qoldi.
- Bo‘talogim, nechanchida o‘qiysan?
Kutilmagan savoldan o‘smir xijolat chekib kollejda o‘qishini aytdi.
- O‘qi, chirog‘im o‘qi! O‘qisang, hamma joyidan turib, ta’zim qiladigan katta odam bo‘lasan. Hadisi shariflarda o‘qimagan odam botqoqqa botgan benavoga taqqoslanadi. Keyin, odatdagidek, she’r o‘qidi:
Jahon bastu kushodi - ilm birla,
Nadir dilning murodi - ilm birla!
Ko‘ngullarning sururi, ilmdandur,
Ko‘rar ko‘zlarning nuri ilmdandur!

Nabirasini tag‘in savolga tutishi va u mulzam bo‘lishidan xavotirga tushgan domla Hoji amakka yuzlandi.
- Taqsir, o‘zlari nima kasal bo‘lganlar?
Xoji amak andak noo‘ng‘ay holatga tushdi, professorga yaqinlashib, uning qulog‘iga:
- Peshobni tutolmayman!- deb pichirladi va tag‘in orqaga tisarilib, avvalgi ohangda davom ettirdi: - Makkatulloga borganda, sovuq suv ichib qo‘ydik. Bir sherigimiz o‘pkasini oldirib keldi, biz buyrakni ishdan chiqardik. Buning ustiga deng, oyoq qaqshab og‘riydi.
Domla ko‘pchilik orasida hojining dardini surishtirib, betakalluflik qilganidan nadomat chekdi.
- Uzr, uzr,- dedi,- buyrakni bilmadim-u, oyoqni davolashadi. Vannaga yotqizib, suvning ichida rosa uqalashadi. Hassa bilan kelganlar, uni tashlab ketishganini ko‘rganman.
Shundan keyin tarqalishdi. Professor Hoji amak, Azlarov bilan qaytar ekan, tag‘in «kelin-kuyov»ning odobi, bilimi, o‘zini tutishiga tasannolar o‘qidi.
– Kabutar bo kabutar, g‘oz bo g‘oz kunad parvoz,- ma’qullab qo‘ydi suhbatdoshi - Bu - Bobodo‘stov deganingiz odamni tinglashning kiftini keltirarkan. Bundaylarga dilingni ochasan, siringni ham aytib yuborasan.
- Bunday toifalar ana shunisi bilan xavfli,- yoqinqiramay qo‘shib qo‘ydi, andak oldinda ketayotgan mirshablar sardori, ammo suhbatdoshlarining intiqliklariga qaramay, fikrini sharhlash, isbotlashni istamadi.
Oraga jimlik cho‘kdi.
- Kishi keksayganda, o‘lim haqida bot-bot o‘ylab qolarkan,- sukunatni buzdi Otabek Otaqo‘zievich.
U fikrini yakunlamasdanoq, Hoji amak she’r o‘qidi:
San aziz etgan qulingni hech kishi xor aylamas,
San agar xor aylasang, har yerga borsa xordur.
So‘ng qo‘shib qo‘ydi:
- Alloh maxfirat qiluvchi, kechiruvchidir…

* * *

Ertalabki gimnastik mashg‘ulotlarni Shomilning o‘zi o‘tkazishi ayon bo‘lgach, shosha-pisha badantarbiya xonasiga to‘planishdi. Sport formasidagi qiz kirib, safni to‘g‘riladi. Hademay, to‘rdagi eshikdan jiddiy qiyofali, azimjussa kishi kirib keldi. Bu - o‘sha polvon ekanligini hamma fahmladi. U boshini bilinar-bilinmas silkitib salomlashdi, safga nopisandroq nazar tashlaganday bo‘ldi. Sanatoriya rahbari, bemorlar qarshisidagi doktordan ko‘ra, askarlar ro‘parasidagi generalga ko‘proq o‘xshardi. Shomil birinchi bo‘lib yoshroq, ammo qoqsuyak, arabbashara kishiga murojaat qildi.
- Qaerga joylashdingiz?
- Qishloqqa…
- Ertaga kabinetimga bitta krovat qo‘yib berishadi, tak-chto, kelasiz, - uning so‘zini kesdi.
So‘ng podpolkovnik tomon yuzlandi.
-Qaerda ishlaysiz?
- Militsiyada.
- Bu qorin bilan jinoyatchini qanday qilib quvasiz?
- Jinoyachini quvish - militsionerning problemasi, men boshliqman,- burro va dadil javob berdi u.
- Harholda, primer bo‘lishingiz kerak-ku…
- Bu - mening problemam.
- Mayli,- dedi Shomil,- qorningizni kichraytirib yuborish - bizning problemamiz.
Ular beg‘ubor kulishdi. Keyin polvon mushtini qattiq qisgan, tishini tishiga bosgan holda, podpolkovnikka yuzlanib, hazil-chin aralash davom ettirdi:
- O‘zim etingizni shunday ezamanki, yog‘laringiz tirqirab ketsin! Chidasangiz bo‘lgani.
Javoban Azlarov ham kulib yubordi.
- Moskvalik tergovchi qo‘l oyog‘imni bog‘lab, dubinkasi bilan rosa savalaganda ham «g‘ing» demaganman.
- Gunohingiz bo‘lgandir-da?
- Beayb - Parvardigor!
Shunday dedi-yu, ko‘p o‘tmay qo‘shib qo‘ydi:
- Insonga, uning bolasiga quloq tutilmaydigan, quloq tutishni istamaydigan yillar edi!
Shomilning nigohlari bu gal hassaga suyangan, o‘rta yoshlardagi kishiga qadaldi.
- Revmatizmmi?
- Ham revmatizm, ham osteoxandroz, ham poleortrit.
- Hassani qaerdan olgansiz?
U tushunmay, zarrin naqshlar bilan zeb berilgan, «Padari buzrukvorimga Kavkazdan sovg‘a» deb, zarhal harflar bilan o‘yib yozilgan hassasiga qarab oldi.
- O‘g‘lim Sochidan olib kelgan.
- Biz hassalar muzeyi tashkil etganmiz, buni tashlab ketasiz!
Amaki eshitmadimi, tushunmadimi - haytovur angrayib turaverdi. Safda yengil kulgilar eshitildi. Mashqlar boshlandi.
- Eng avvalo, enkayasiz, tikka turasiz. Bir ikki uch. Takrorlang! Endi enkayib, o‘ng qo‘l barmoqlarini chap oyoqning bosh barmog‘iga tegizasiz. Bir, ikki, uch…
Mashg‘ulotdan keyin u buyruq ohangida davom etdi:
- Zavtrakdan keyin, yangi kelganlar bilan toqqa chiqamiz. Tak-chto, tayyor bo‘linglar!
Ular nonushtaga jo‘nashdi.
- Siz unga munosib zarba berdingiz,- dedi muharir qaytishda podpolkovnikka, salomga yarasha alik bo‘lishi shart. Aks holda, amal yoki pul sabab tuppa-tuzuk odamlar ko‘z o‘ngimizda qo‘rs, badgap bo‘lib qolishadi va buni sal kam fazilat deb bilishadi.
- Ha, osmon gumbirlamasa, mujik cho‘qinmaydi, deydi ruslar. Savolga yarasha javob berish kerak. Aynan xushfe’lligimiz gohida bizni xarob qiladi,- dedi u va andak maqtanish bilan davom etdi: Bo‘yin bo‘lsa, buyinturuq topilarkan.
- «Bo‘yin egma, kishan kiyma, ki sen ham hur tug‘ilg‘onsan», deydi-ku shoir,- suhbatdoshini olovlantirib qo‘ydi Bobodo‘stov.
- Bunaqalarning ko‘pini ko‘rganman, sindirganman! - balandroq pardada davom ettirdi podpolkovnik. - Bizga yangi hokim kelgandi. Aytganini bajarmagan, ishkal chiqargan rahbarning basharasiga tushirardi. Tumanda boshliq o‘rinbosari edim; kattamiz majlisga meni jo‘natdi. O‘ylab qarasam, cho‘chiganidan shunday qilgan ekan. Aksiga olib, jinoyatchilik foizi ancha oshgan edi. Hokim menga o‘xshaganlarni qatorlashtirib qo‘yib, avval rosa dag‘-dag‘a qildi. Keyin paxta zavodi direktorining basharasiga tarsaki tortib yubordi. Belida dardi borning oyog‘i qaltiraydi, deganlaridek, boshini xam qilib turaverdi u hezalak ham. Navbat menga keldi. Jinoyat ko‘payganining boisini so‘radi-yu, javobimni ham tinglamay, gardanimga mo‘ljalga oldi. Chap qo‘lim bilan bilagidan shappa ushladim-u, «He, hamshirangni…» deb bo‘yni, yelkasi aralash tushirdim. Gandiraklab ketdi. Ishonasizmi, kelib qo‘limni qisdi. «Bor ekansiz-ku,- dedi noilojlikdan,- siz bilan birga ishlaymiz!» Aslida, bu ham suvdan quruq chiqishning bir yo‘li edi. Lekin, haqiqatan ham, oradan bir oy o‘tmay, meni boshliq qilib qo‘yishdi. Hozirgacha shu vazifadaman. Shundan keyin haligi hokim hech kimga qo‘l ko‘tarmaydigan bo‘lib qoldi. Bu, Tayson deganingiz, kurash tushib yurgan bir ayiqda. Xudo kuch-quvvatdan berdimi - bilingki, aql farosatdan qisgan bo‘ladi. Ko‘rasiz, uni ham sindirib ketaman!

* * *

Ular - o‘n besh kishilar chamasi edi. Shomil oldinga tushib, asta-sekin yuqoriga o‘rlar, orqadagilar bilan atayin yigirma-o‘ttiz qadam oraliq masofa saqlardi. Ayrim ayollar, kasalvandlar keyinda qolib ketganda, to‘xtab, ularni kutar va tag‘in yuqoriga intilardi. «Kelin-kuyov», domla yonma-yon borishar, «yuki» og‘ir - Azlarov orqaroqda qolgan, terlab-pishgandi. Muharir vaziyatdan foydalanib, Shomilga yaqinlashgisi, u bilan gaplashgisi keldi va jilla ildamlashdi. Yetib borgach, avval tabiat manzaralariga tasanno o‘qidi va:
- Juda ko‘p, savob ishlar qilibsiz,- dedi.
Odatda bunday e’tirofdan keyin: «Hali qilinadigan ishlarimiz juda ko‘p», qabilida javob bo‘lishi kerak edi. Ammo u: «A-ey», dedi-yu, betakalluf yuqoriga qarab ildamlab ketdi. Bobodo‘stov qadamini sustlashtirdi - sheriklariga qo‘shildi. Avval Shomildan qitday ranjidi, ammo podpolkovnikning uni ayiqqa o‘xshatganini eslab, hamfikrlik tuyg‘usi bilan kulib qo‘yaqoldi.
Odamlar yuqoriga chiqqan sari manzaralar o‘zgarib borar, yangidan-yangi, jozibalar namoyon bo‘lardi. Domla hansirayotgan bo‘lsa-da, xuddi talabalar orasida yurgandek, ehtiros bilan tabiatni madh etardi.
- Mana shu sayrayotgan jonivorni turkman chigirtkasi, deyishadi. Ovoziga quloq solinglar - bulbulga mengzaydi. Odamlar sayroqi qushlarni qo‘lga o‘rgatishdi, ammo hasharotlarni… Kelajak avlod ularni ham xonakilashtirishiga ishonaman! Tabiatda maromiga yetkazib xonish qiladigan o‘nlab hasharotlar bor: qora chigirtka, saraton, qo‘ng‘iz turlari… Ularni qo‘lga o‘rgatish endi boshlanadi. Yevropaliklar bir zamonlar asalarini, xitoyliklar - pilla qurtini xonakilashtirib, insoniyatga mislsiz naf keltirdilar.
So‘qmoq katta, yassi toshga kelib taqaldi. Uning ustida to‘plandilar. Bu yerdan pastlik o‘zgacha manzara kasb etgandi - irmoqlar qo‘shilgan joydagi yam-yashil orolchada bolalar sigir boqib yurishibdi; pastroqda xaroba, pastak tegirmon.
Nafaslarini rostlab olgach, tag‘in yulga tushishdi. Yovvoyi bodomchalar g‘uj bo‘lib o‘sgan joyga yaqinlashganda, havoda katta koptokday bo‘lib uchayotgan kapalaklar to‘dasi diqqatlarini tortdi. Jonivorlar yuqoriga ko‘tarilgan sari ranglari o‘zgarganday bo‘lar: gohida kamalakday, gohida bir tutam qirmizi, sarg‘ish gulday tovlanardi: bunday paytda endigina chiqib kelayotgan yoki botayotgan quyoshni, aniqrog‘i, shafaqni eslatardi.
- Bu - tangachaqanotlilar turkumiga mansub, shafaqrang kapalak,- tushuntirishda davom etdi professor. - Faqat bizning tog‘li hududlarimizda yashaydi, nasl qoldirgach, g‘uj bo‘lib, osmon-u falakka ko‘tarilishadi; u yerda qushlarga, ayniqsa jalqaldirg‘och bilan karkunakka yem bo‘lishadi - vaqt yetgach, o‘limga shunday tik borishadi.
Bu kapalaklarni birinchi bo‘lib o‘zi topgani, nom bergani, tur sifatida sictemaga kiritganini qay tariqa aytishni o‘ylab turganda, boyagi yovvoyi bodomchalar ostidan bir kaklik «qa-qa»laganicha yugurib chiqdi va yonbag‘ir bo‘ylab qochdi. Tikanlar orasidan uning o‘nga yaqin jo‘jalari ham otilib chiqishdi, ona ortidan juda ildam pildirab yugurishdi. Ko‘plar uchun bu bag‘oyat hayajonli, zavqovar tomosha edi. Domlaning nabirasi, beixtiyor ularning ortidan chopdi. Boshqalar ham o‘zlarini tutolmay, o‘sha tomonga yugurishdi. Shu payt Shomilning guldiragan ovozi yangrab qoldi:
- Orqaga!!!
Hamma cho‘chib tushdi va o‘rnida qotib qoldi. So‘ng kimdir xijolat bo‘lib, kimdir ranjib, so‘qmoqqa qaytdi. Shomil bo‘lsa, qizim senga aytaman, kelinim eshit, kobilida o‘smirga zahrini sochardi.
- Nima qilasan uni ushlab? Yeysanmi? Ochmisan?
So‘ng hammani ogohlantirdi: - Birortang dorojkadan tashqariga chiqma!
Odamlar bu mulozimatsizlikdan bir-birlariga ma’noli qarab olishdi va har kim o‘zicha xulosa yasadi. Kaklikning «Qizil kitob»ga kirganini, uni himoya qilish zarurligini yozgan muharrir ham, jonivorni o‘qqa tutganlarni qo‘lga tushirgan militsiya sarkori ham, «tog‘ bulbuli»ning qip-qizil oyoqlarini she’rga solgan shoira ham, daf’atan uni nechun ta’qib qilishganini tushunolmay qolishgandi. Hoji amak esa o‘smirni koyidi, bobosini noo‘ng‘aylikka solganini aytib, tanbehlar berdi va odatdagidek she’r xirgoyi qildi:
Bolosi mayda erdi - yig‘lardi Ya’qub,
Bolosi katta bo‘ldi - yig‘laydi Ya’qub…
Tag‘in ancha yo‘l bosgach, Shomil bir maydonchada tin oldi. Odamlar birin-ketin hansirab yetib kelishdi. Muharir professorga Shomilning qo‘rsligini aytmoqchi, uning nabirasini nojo‘ya ranjitganini ta’kidlamoqchi bo‘ldi, ammo domla hamon hasharotlar haqida hikoya qilardi.
- Mana bu chumoliga qaranglar: faytun, deyishadi uni. Ajoyib tur. Yer ostida juda murakkab in quradi. O‘zim qazib ko‘rganman: yo‘lagi, ombori, bolalar bo‘lmasi alohida. U umri davomida uxlamaydi. Bular asalaridan ham dono: bemorlariga g‘amxo‘rlik qilishadi, nobud bo‘lganlarini chiqarib ko‘mishadi. Inlariga begonani yo‘latishmaydi.
– Shu jonivorlar ham haligi ish bilan shug‘ullanishadimi,- davradagilar kayfiyatini ko‘tarish uchun bo‘lsa kerak, hazil-chin aralash savol berdi Bobodo‘stov.
Boshqalar qatori badqovoq Shomilning labida ham dag‘alroq kulgi paydo buldi.
- Bular bari mehnatdan boshqasini bilishmaydi, ammo oilada naslni ko‘paytirish bilan shug‘ullanadigan maxsus ona, ota chumolilar bo‘ladi. Siz qanot chiqarib, uchadigan chumolini ko‘rganmisiz? O‘sha urug‘langan ona chumoli . U boshqa manzilga borib, tuxum qo‘yadi va shu tariqa avlod davom etadi.
Domla tin olishi bilan shoira she’r o‘qishga ijozat so‘radi. Lola, ayol sadoqati haqida ehtiros-u hayajonlarga to‘lib qiroat qilishi yarashiq edi uning. Nogahoniy hissiyotlarga tashna qalblar halovatbaxsh tuyg‘ularga esh bo‘ldilar. Domla o‘zini yasharganday his etdi. Chunki she’riyatdan zavqlanishning ayni mavrudi edi.
Ular yo‘lda davom etadigan bo‘lishdi. Shomil kutilmaganda, hassali amakiga buyruq ohangida dedi:.
- Siz charchab qoldingiz, orqaga qayting!
Nafasi qisiladigan bir ayolga ham ijozat bo‘ldi. So‘ng Otabek Otaqo‘zievichga yuzlandi.
- Sizni olib chiqsak, yaxshi ekskursovod bo‘lardingiz, ammo iloji yo‘q. Tak-chto…
- O‘zimni yigitchalarday his qilayabman,- dedi, domla iltijo ohangida.
- Nabirangiz biz bilan boradi - sizga qor olib keladi,- unamadi sardor.
- Men ham qaytmasam, bo‘lmaydi.- dedi Hoji amak.
Aslida u charchamagandi, ammo Shomilning yo‘lkadan chiqmaslik haqidagi buyrug‘i boyaqishni tashvishga solgandi: peshob tang qilsa netaman, degan xavotirda edi. Unga ruxsat bo‘lgach, Azlarov ham qo‘l ko‘tardi.
- Men ham charchab qoldim, Hoji amak bilan qaytsam…
- Yo‘q, siz chiqasiz!- uning gapini lablaridan yulib olganday, uzib javob berdi Shomil.
Bobodo‘stov hozir podpolkovnik ham keskin, dag‘al javob qaytaradi, jiddiy to‘qnashuv bo‘ladi, Azlarov uni «sindiradi», deb kutgandi, ammo unday bo‘lmadi: mirshablar sardori javob qaytarmadi. Sukut esa, alomati rizodir.

* * *

Shu tariqa ular apoq-chapoq bo‘lib ketishdi. Har kuni, muolajalar olingach, turfa mavzularda suhbatlar qurishar, zavqlanishar va bir-birlariga mehrlari oshib borardi.
Domla bu gal davradagilarning iltimosi bilan shafaqrang kapalaklarni topgani va o‘sha (to‘qson birinchi) yiliyoq sistemaga kiritganini hikoya qildi.
- Bir nechtasini tutib olardim-u, populyatsiyasi (ko‘payish, tarqalish jarayoni)ni o‘rganardim. Bu kapalakning rangi vaqt o‘tgan sari muhitga qarab o‘zgaradi, umrining oxirida o‘limga tik boradi.
Gap aylanib kelib, tag‘in Shomilga qadaldi.
- Bu, Tayson deganingiz hamma xodimlarni Obigarmdan olgan ekan-da- savol nazari bilan professorga qaradi Azlarov.
- Avallari ruslar ham anchagina edi, ketib qolishdi. Bitta ayol qolgan.
- Shomilni maqtaysizlar, ammo men uni tushunolmayman,- suhbatga aralashdi muharir,- intervyu olmoqchi bo‘lgandim - unamadi. Nazarimda matbuotning mohiyatini tushunmaydi.
- Tushunadi,- ilib ketdi Azlarov, allaqanday zaharxandalik bilan,- shuning uchun jurnalistlardan uzoqroq yuradi. Chunki gazetachilarimiz hamdu-sano o‘qishdan nariga o‘tmasligini biladi. Xo‘sh, ana shu silab-siypashdan unga yoki xalqqa nima naf? Maqolani o‘qib, bu yerga keladiganlar soni oshadi, xolos. Joy esa yetishmaydi. Bundan Shomilning ham, haligi dardmanning ham asabi buziladi. Siz sog‘liqni saqlash vaziri bilan hokimning familiyasini yozib, tanqid qiling. Ular kelishsin, mablag‘ topib berishsin, qo‘shimcha qurilishlar qilishga ko‘maklashishsin. Ana buning foydasini ko‘ring keyin. Ammo ularni tanqid qilishga amalingizdan xavotir tortasiz! Jurnalistlarimizda jur’at sust.
Muharir indamadi. Ammo uning qiyofasidan: «Tiling buncha zahar - san bo‘rdoqiga boqilgan cho‘chqaning» degan nafratni uqib olish qiyin emasdi. Javob uchun lab juftladi-yu, suhbatdoshining betgachoparligini xayolidan o‘tkazib, andisha qildi.
- Da…,- dedi ma’noli qilib.
Domla vaziyatni yumshatmoqchi bo‘ldimi yoki jim o‘tirishni ep ko‘rmadimi, oraga kirdi:
- Gazetalarimiz zo‘r emas, jurnalistlarimiz ham, ammo…
Boya o‘jar raqibiga zahrini socholmay turgan muharir domlani ayamay, uning so‘zini kesdi.
- Siz qaerdan bilasiz? Hasharotning ortidan yurgan odamsiz-da. Xalq mustaqillik uchun jon berib, jon olayotgan yilda ham kapalak tutgansiz,- dedi.
Domla ijod ahlini yuksak idealli kishilar deb hisoblar, ularning gapini hech bir gumonsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilardi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Ammo Azlarov Bobodo‘stovga zarba berib, professorning qarashlarini, xayollarini ostin-ustun qilib yubordi.
- Bu kishi, hasharotlar odamlarday munofiq emasligini bilgan-da,- dedi.
Dilozorlikdan xavotir tortib, jimib qolishdi.
Noxush mashmashaga imkon bermaslik uchun bo‘lsa kerak, Hoji amak Sa’diydan she’r o‘qidi:
May bino‘sh, mazhab biso‘z-u,
Otash-an dar Ka’ba zan.
Sokini butxona bosh-u,
Mardumozori makun!
So‘ng mazmunini gapirib berdi.
- May ichsang, mazhabingni yoqsang, Ka’baga o‘t qo‘ysang, butxonada cho‘qinsang ham (mayli, ammo) insonga ozor yetkazma!
Hoji amak bu she’rni nima uchun o‘qigani, kimni nazarda tutganini anglash qiyin bo‘ldi. So‘ng vafo, oilaviy sadoqatni ulug‘lab she’r xirgoyi qildi. Boshqalar uni ma’qullab, gapga kirishib ketdilar.
- Bir ming sakkiz yuz-u yigirma beshinchi yilning dekabrida Rossiyada bir guruh dvoryanlar qo‘zg‘olon ko‘targanda, podsho ularni Sibirga surgun qiladi,- bu haqdagi mavzuni tarixdan boshladi Bobodo‘stov,- shunda ularning sadoqatli xotinlari ortlaridan izlab borishadi va ko‘plari o‘sha sovuqlarda jon berishadi.
Bu bilan qanoatlanmay, rus shoiri Nekrasovning ana shunday ayollardan biri - grafinya Yekaterina Trubetskayaga bag‘ishlangan dostonidan parchalarni yod aytib berdi.
Ayol chekkan aziyatlarni gapirayotganda, iztirobdan qiyofasi o‘zgarib ketishi ishonarli, jozibali edi, nimasi bilandir iste’dodli aktyorlarni eslatardi u. Bu odam gapirayotganda, har bir tinglovchi: «U faqat tinglashni emas, hikoya qilishning ham kiftini keltirarkan», deb o‘ylashi tabiiy edi.
Muharrir davradagilarning diqqatini tortish, ularni xayollar osmoniga olib chiqish uchun ayolning muhabbat, oila uchun kurashlarini aytib tugatgandan keyin ham atrofdagilar allamahalgacha taassurotlar og‘ushida qoldilar.
Bobodo‘stov davom etdi:
- O‘zim ham matbuotimiz, adabiyotimizda ana shunday sadoqatli, kurashchan, oila uchun borligini baxshida etgan ayollar haqida o‘qigim keladi. Bizning «sariq matbuot» esa muqim er ko‘rmagan satang ashulachilarning uchinchi, to‘rtinchi erga tekkanini dasturxon qilib yozadi. Har bir kishi - u erkakmi, ayolmi - keksayganda yolg‘iz, qarovsiz qolib ketish vahimasidan xavotir tortib yashamog‘i kerak! Spartak o‘z xo‘jasiga: «Mayli, meni ur, ammo gapimga quloq sol», degan ekan. Men esa oilasiga sovuqlik tushganlarga qarata: «Mayli, meni ur, ammo oilangdan ajralma derdim,- dedi, o‘ta kuyinish bilan.
Suhbatni davom ettirgan shoiraning hikoyasi negadir boshqacha ohangda edi.
- Sizlar Chingiz Aytmatovning «Jamila» degan qissasini o‘qigan bo‘lsalaring kerak. Tuppa-tuzuk eri bo‘laturib, ayol boshqasi bilan qochib ketadi. Hamma uni la’natlaydi. Bizning qishloqda shunga o‘xshash gap bo‘ldi. Tasodifni qarangki, bu ayolning ham nomi Jamila edi. Qo‘lida qizchasi bor edi. Qishlog‘imizga praktikaga kelgan student bilan… Bolasini shunday qaynonasiga beribdi-yu... Ko‘p gap bo‘ldi. Toshbo‘ron qilmoqchi ham bo‘lishdi, ammo daraklarini topisholmadi. O‘zim ham ularni avval qoraladim, keyin fikrimdan qaytdim. Yo‘q, Jamilani muhabbat qurboni, deb oqlamoqchi emasman. Ammo o‘zlaring o‘ylab ko‘ringlar: qishloqlardan yigitlar chiqib ketayapti. Birovi Rossiyaga - ishga, boshqasi Toshkent, Samarqandga o‘qishga va ko‘p hollarda, o‘sha yoqdagi qizlarga uylanishayabdi. Qishloqdagi oyday qizlar esa allaqanday johil, araqxo‘rlarga tegishga majbur bo‘layaptilar yoki o‘sha ham nasib etmayabdi. Bir umr sevmaydigan er bilan yashagandan ko‘ra qochib ketgani yaxshi emasmi? Yoki: ishdan boshqasini o‘ylamaydigan erkaklarni oling. Ayolning dili esa nozik - u shakarguftorliklar, xushomadlarni yaxshi ko‘radi; teatrlarga, sanatoriyalarga, bazmlarga borgisi keladi.
- «Ey odam, siz juftingiz bilan jannatda maskan tuting», deyiladi Qur’oni Karimda, shoira gapini tugatmasdanoq aralashdi Hoji amak shoshib.
Mirshablar sardori ham jim turmadi.
- Buyuk Rafael chizgan rasmlarni ko‘rib, o‘ylab qolaman gohida. Sog‘lom bolasini ko‘tarib turgan, sog‘lom ayollarni chizadi u. Aslida ham, bola ko‘tarib turgan ayoldan ko‘ra baxtli inson bormi o‘zi?! Bog‘ tinch bo‘lsa, bulbul ko‘p bo‘ladi deyishadi. Oila tinch bo‘lsa, zavqu shavq oshadi. Shuning uchun unga xiyonat qilish - gunohi azim. Agar vaziyatni o‘zgartirolmasang oilang uchun vaziyatga munosabatingni o‘zgartirishing shart! Boshqa yo‘l yo‘q! Chunki oila kechirmaydi. Yer yuzida har bir odamga atalgan, uni kutayotgan o‘z xazinasi bor, deydi bir donishmand. Aslida xushchaqchaq va baxtli oiladan ko‘ra boy xazina bo‘lishi mumkinmi?
«Kelin-kuyov» ertaroq ruxsat olib, jo‘nab ketishdi, Qolganlar suhbatni davom ettirdilar.
- Shoiraning hikoyasi menga o‘tirishmadi,- dedi Azlarov. Aniqrog‘i, bu gapni nega aytganini fahmlolmayapman.
Birozdan keyin qo‘shib qo‘ydi: - Mayli, tushunib qolarmiz… Jurnalist-u shoirlar orasida mulloga o‘xshagani ko‘p bo‘ladi; ularning aytganini qilish kerak, qilganini emas.
- Machitimizning imom-xatibi bor edi,- davom ettirdi Hoji amak,- arabini suv qilib ichgandi. Qur’oni Karimni yod bilardi. Amri−ma’ruf qilganda, vujudingga titroq kirardi. Boshqa machitlardagi namozxonlar uning va’zlarini eshitgani biznikiga kelishardi. Bir kuni farzand tarbiyasi haqida gapirsa, ertasi to‘y-maraka o‘tkazish odobu tartibi xususida va’z aytar; odamlar nafas chiqarmay tinglashardi. O‘sha kuni zino haqida amri ma’ruf qildi, begona zaifaga ko‘z olaytirgan do‘zax azobini tortishini uqdirdi. «Alloh odamni hayvondan, aynan shunisi bilan farqladi», dedi u. Munofiqlikni qarangki, o‘sha kuni kechasi, falokat bosib, sho‘ring qurg‘urni milisa bir fohishaning uyidan tutibdi. Yarim yalang‘och, mast ekan o‘ziyam. Biz juda o‘sal bo‘ldik: o‘zingiz o‘ylang: e’tiqod qo‘ygan, ishongan odaming ikkiyuzlamachi bo‘lib chiqsa…Shu iflosning ortida turib namoz o‘qiganimni esladim-u, davleniyam oshib ketdi. Keyin biz - namozxonlar to‘planib, o‘sha dayus machitga kelsa, toshbo‘ron qilamiz, deb kelishdik. Hukumat bizni chiqarib otsa ham mayli, dedik. Bizning Buxoroda: « Bo‘tqani yedingmi, kosani sindirma», degan naql bor. Yaramasni shunchalik boshga ko‘tarsag-u, kosani sindirsa, alam qilarkan-da. Lekin qaytib kelmadi - Buxorodan chiqib ketdi.
- Biz pinhoniy fohishaxonalarda reyd o‘tkazganimizda,- davom etdi podpolkovnik,- raykomning ma’naviyat buyicha kotibini qo‘lga tushirgandik. Tergovchi edim o‘shanda. Bo‘yniga qo‘yish uchun fohisha bilan o‘pishayotganini suratga olganman. Avval rosa po‘pisa qildi, keyin yalinib-yolvordi - ko‘nmadim. Oraga odam qo‘ydi, kattagina pul va’da qildi. Keyin meni obkomning sarkotibi chaqirdi. «Iltimos, bu gapni chiqarma - kompartiyaning obruyi to‘kilmasin, dedi. Yaramasni bir oy ichida ishdan olaman», Keyin, haqiqatan, shunday qilishdi.
Professor ana shu gaplarga odob yuzasidan quloq tutib turgan bo‘lsada, bular cho‘pchak aytishayabdi, degan fikrda edi - kishilarning, ayniqsa machitning imom-xatibi, ma’naviyat kotibi bunchalik tuban ketishini shuuriga sig‘dirolmas, hazm qilolmasdi. Sobiq tergovchi buni darhol fahmladi.
- Nazarimda, siz unchalik ishonmayabsiz,- o‘girildi u domla tomon. - Bular hech gapmas, bizning yetmish beshga kirgan qariyamiz bo‘lardi. Militsiyada ishlab, istefoga chiqqandi. «Shu sohada ishlaydigan bo‘lsang, ikki nasfingni tiy!- deyardi. Ya’ni birovning haqini yema, begona ayolga ko‘z olaytirma! Shunday yo‘l tutmasang, u dunyoda emas, shu yerning o‘zida jazongni olasan!» Ayollar haqida latifa aytguday bo‘lsak, urishib berardi. Ishonasizlarmi-yo‘qmi - shu odam, mikrorayonda bir fohishaning quchog‘ida o‘lib qoldi. Hamshirag‘ar haligi ishni boshlaganda, miyasiga qon urib… Ehtimol, o‘sha ish bo‘lavermagani sabab oshib ketgandir qon bosimi ham. Biz bu gapni yashirish uchun turfa bahonalar to‘qidik, ammo baribir, oshkor bo‘lib ketdi. Shundan beri bolalarga: qon bosiming bo‘lsa, mikrorayonga yo‘lama, deb tayinlayman.

* * *

Hurriyatning soch turmaklari, liboslari bugun o‘zgacha edi; u parishon kokillarini oppoq, yalang‘och yelkalari uzra sochib tashlagandi, suluv chehrasi, dilkash vujudidan farangcha Chanel atrining hidi ufurardi.
Shoira nogahonda Shomilning xonasi tomon yo‘l oldi. Polvonga yuzma-yuz bo‘lgach, tantiqlik va zohiriy karashma bilan arzu dod qilaboshladi.
- Ana u, o‘ris duxturingizga: har kun vanna yozib ber, desam: “Tolko cherez den” deydi.. Menga darsenval ham, parafin ham zarur emas…O‘zingiz kunlik qilib bering!
- Bunday qilolmayman,- dedi Shomil o‘sha sovuqqonlik bilan. - Vannani cherez den ( kunora) qilib belgilaganmiz: navbat katta. Boshqalar…
- Men qaysi sanatoriyaga borsam, o‘zbek glavvrachlar gapimni ikki qilmagan,- dedi u iddao bilan.
Shomil sukut saqladi va o‘zgacha ohangda:
- Mayli, bering, daftarchangizni,- dedi.
Shoira qo‘lini shoshilinch xalatining cho‘ntagiga suqdi: u yerdan sanatoriya daftarchasi bilan pasporti ham qo‘shilib chiqdi.
- Pasportingizni ham bering, uni bizda qoldirish kerak edi, nega olib yuribsiz?
U daftarchaning «Vanna» deb yozilgan sahifasiga «Yejednevno»,(har kuni) deb qayd qildi, so‘ng, beixtiyor pasportni varaqladi. O‘sha xotirjamlik bilan tortmasidan Bobodo‘stovnikini ham olib ochdi va nogahonda bezovtalikka tushgan shoiraga yuzlandi:
- Siz boshqa kishi bilan zagsdan o‘tgansiz: bu odam bilan bir xonada yotishlaring mumkin emas!
Shoiraning rangi-quti uchib ketdi. Tutila-tutila, pala-partish gapiraketdi. Bu gaplarda iltijo-yu, po‘pisa, sha’ma-yu, shaddodlik aralash-quralash bo‘lib ketgandi.
- Shomiljon, meni sharmanda qilmang! O‘tinaman. Chechen xalqini yaxshi ko‘raman. Tolstoy bilan Pushkin ham ularni ulug‘lagan. Barimiz musulmonmiz… Indamay qo‘yaqoling!
- Musulmon bo‘lganimiz uchun ham mumkin emas!
- Meni o‘zingiz massaj qilasiz, deb o‘ylagandim…-
- Xotinimdan boshqa ayolga qo‘l tegizmayman, deb qasam ichganman - gunoh qilishdan qo‘rqaman. -
- Mening uchun bir bor gunoh qilsangiz - qilibsizda.
- Gunoh - kelajakda pistirmada turib, yuragingni nishonga oladigan ovchiga aylanishini bilaman! Tak-chto…
- Shomiljon, oilamni buzmang…
- Oilangiz?- u suhbatdoshiga savol nazari bilan boqdi.
- Bolam bor, axir! Erim…
- Xo‘sh?
- U - xirurg, ammo o‘lgur, ishdan boshqasini o‘ylamaydi.
- Sizni, bolani deb ishlasa kerakda…
- Ichadi ham…
«Jarrohlar bilan bo‘yoqchilarni qon va bo‘yoq hidi ichishga undaydi», demoqchi bo‘ldi-yu, ammo lozim topmadi.
Hurriyat suhbatdoshining yuzida qilt etgan shafqat ifodasini ko‘rmagach, po‘pisaga o‘tdi.
- Bobodo‘stov sizni fel’eton qilsa yaxshi bo‘lmaydi-ku.
-Unday qilolmaydi - eringiz xabardor bo‘lishidan qo‘rqadi. Siz boshqa xonaga o‘tishingiz yoki nomus qilayotgan bo‘lsangiz, ketishingiz kerak! Tak-chto…
- Bobodo‘stovchi?
- U mantiqni madadga chaqirsin!
Kechki ovqatga «kelin» bilan «kuyov» chiqishmadi. El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, deganlaridek, sheriklar ham tezda tafsilotlardan xabardor bo‘lishdi va g‘alati holga tushishdi.
Professor karaxtlanib qolgandi - tasavvuriga sig‘dirolmasdi bu holni. Ammo ularning xayri-xushni nasiya qilib, juftakni rostlashi, sanatoriya bo‘ylab kezayotgan shov-shuvlar bor haqiqatni tasdiqlab turardi. Hoji amak ham nadomat chekar, ularni la’natlardi:
- Hay, nopok! Jufti halolingni ishdan kelishini kut, qo‘liga suv quy, yelkangda sochiq tut! Nainki shunday qilsang? Endi jabrini tortasan.
Bilmayin bosdim tikonni,
Tortadurman dardini.
Bilsam erdim, bosmas erdim,
Tortmas erdim jabrini…
Ammo Azlarov dangalligi, andak havoyiligidan qolmasdi:
- Men bularning o‘ynash ekanligini birinchi kuniyoq fahmlagandim, shuning uchun yoqtirmasdim. Ko‘pchiligimizning voqe’lik haqidagi tasavvurimiz voqe’likning o‘ziga to‘g‘ri kelmaydi. Ammo bu holdan fojea yasashimiz chikora? Xo‘sh, nima qilibdi? Machitning imom-xatibi, raykomning ma’naviyat bo‘yicha kotibi, hatto yetmish besh yoshli nasihatgo‘y chol shug‘ullanganda, gazetachi nima, bichilgan qulmi? Buni Tayson ham bilgan. Agar o‘sha buzuq shoira millatchilik, bezbetlik qilmaganda, bunaqa sharmanda qilib haydamasdi hamshirag‘arlarni. O‘zingdan chandon kuchli shaxsning jig‘iga tegish, botirlik emas, telbalikdir! Bu Shomil deganimiz, hazilakam odamga o‘xshamaydi! Uni yengish osonmas…
«Nega men uni qizimga, shunday pokdomon, pokiza farishtamga tenglashtirdim», deb o‘kinardi Otabek Otaqo‘zievich va o‘zining go‘lligidan nadomatlar chekardi. Bobodo‘stovning «Hasharotning ortidan yurgan odamsizda. Xalq jon berib, jon olayotganda ham kapalak tutgansiz», degan ta’nasi endilikda kamsitish, haqorat bo‘lib tuyulaboshladi.
Hafta davomida miriqib uxlayotgan domla to‘shakda tag‘in to‘lg‘anaboshladi. Dilni siyo qiladigan o‘ylarni haydashga harchand harakat qilsa ham, ko‘z o‘ngiga bot-bot ishshayib turgan «kelin-kuyov» kelaverdi va negadir ular aynan uning ustidan kulayotganday bo‘lib tuyulaverdi. Hoji amakning “…e’tiqod qo‘ygan, ishongan odaming ikkiyuzlamachi bo‘lib chiqsa…”, degan nadomati bot-bot yodiga tushar, afsuslanardi.
Noxush xayollarni quvish uchun, bir vaqtlar katta auditoriyalarga lektsiya o‘qigani, yuzlab nigohlar unga tashna tikilib turgani, hasharotlar haqida afsona-yu haqiqatlarni monolog qilib aytganini esladi. Hayoti shu tariqa davom etdi: avval qiz, keyin o‘g‘il ko‘rishdi; qozoqlar aytganday, ularni itga qopdirmay, tuyaga tepdirmay, katta qilishdi. Qiz ota-onaga bag‘oyat mehribon bo‘lib voyaga yetdi. Xo‘sh, nega uni axloqsiz bir juvonga o‘xshatish kerak? Bu nima? Lakalovlikmi, hardamxayollikmi? Yoki haqiqatan, hasharotlar bilan bo‘lib, odamlardan, hayotdan uzoqlashishmi? U dilgir xayollardan chekinish niyatida tog‘ma-tog‘ yurib, shafaqrang kapalakni topganini yodga oldi… «Xalq jon berib, jon olayotganda…», dedi-ya. «Nimani nazarda tutdi ekan», fikri tag‘in chalg‘idi.
Saharga borib, badani qaltirayboshladi, qusgisi keldi; so‘ng tomog‘igacha botqoqqa botganday noxushlik, qo‘rquv iskanjasida qoldi; ensasida og‘riq paydo bo‘ldi. U nabirasini uyg‘otish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi, keyin hamshira yodiga tushdi: uni chaqirmoqchi bo‘ldi-yu, negadir:
- Qizim! Pokizam! Farishtam!- dedi va qattiq tirishdi.
Domlaning miyasiga qon quyilgandi.
Sanatoriyadagilar tong bilan o‘smirning o‘kirib yig‘lashidan uyg‘onib ketishdi. Ayvonda do‘ppi kiygan Shomil, yigitchani quchoqlab olganicha, sho‘rlikni ovutar, shakarguftorliklar qilar, ko‘z yoshlarini artib qo‘yardi.
Bu hol, Hoji amak Qur’ondan oyat boshlaguncha davom etdi.
Sanatoriya mung bilan otaxonning qizi, kuyovini kuta boshladi.

2007

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.