OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘rinboy Usmon. Alam (hikoya)

Sinfdoshim O’ktam xotirasiga


Onda-sonda tomchilayotgan yomg‘ir do‘lga aylandi. Panaga o‘tayotgan yonidagi kishilardan biri Kenjaning qo‘ltig‘idan oldi. «Yur darvozaxonaga, ivib ketasan-ku butkul!» U joyidan siljimadi. Qo‘ltiqdan tutgan qo‘l bo‘shashdi. «Kenja, uka, nima qilasan endi, aslida u seni tepib-tepib ko‘mishi kerak edi-yu… Olloning irodasiga bir narsa deb bo‘larmidi. O’zi bog‘ yaratgan, gulzor yaratgan. O’zi bog‘bon, istagan gulini o‘zi istagan paytida qirqib oladi… Yaratganning qo‘lida-da hammasi. Yur buyoqqa-ey!..»
Uni sudraguday qo‘ltiqlab borib, o‘tqazib qo‘yishdi. Kenja bir kundayoq qorayib ketgan, ko‘zlari ich-ichiga botgandi. O’zining tusidagi o‘zgarishdan xabari yo‘q, dardini ichiga yutishga shunchalik urinishga qaramasdan, odamlarning unga achinishlaridan hayron edi. «Nega menga achinishadi, o‘zlari aytmoqchi tirik bir kunini qiladi-ku. Go‘yoki o‘g‘lim emas, men o‘lgandayin…»
«Kenja qo‘shnikidan ugra chiqarishibdi, yarim kosagina ichvol. Ichsang-chi, kechadan beri og‘zingga tuz totganing yo‘q-q! Yo ichkariga kirasanmi?.. E, odam degan o‘zidan kattaning gapiga kiradi-da. Bu dunyoga hammamiz ham mehmonmiz. Baribir bittamiz oldin, bittamiz keyin…
«Voy, bolam, voy, bo-lam, - ichkaridan ayol kishining bo‘g‘iq ovozdagi nolasi eshitildi. – Sengina sovuq tuproqqa kirmasdan, men o‘lsam bo‘lmasmidi, bo-lam! Ko‘zimning oq-qorasidan ajraldim, odamlar…»
«Xotinlar kelishdi, chog‘i. Ularga yaxshi-da, yig‘lab-siqtab yurak bo‘shatishadi.» «Ken-javoy, ukajon, bundoq ko‘zingga yosh olsang-chi, xotinlardan uyalib o‘lyapman, bittayu bitta o‘g‘lini ko‘msayam, diydasini buzmaydi, deyishyapti». «Opajon, yuragimni yulib olib ko‘rsa-taymi o‘shalarga!»
«Aqalli manovi suvni ichvolgin», - Kenjaning g‘uldullayotganidan savdoyi bo‘pqol-dimi, deya cho‘chigan yonidagi kishi uning yelkasidan tutib silkitdi.
Yelkasidan uzib olgudayin tutgan qo‘l tinmay silkitardi. U qo‘ldan tutdi-yu, egasiga qarab qotganicha qoldi. Yengi uzun oppoq ko‘ylak kiygan kishining boshi yo‘q edi. Kenja qo‘l-ni qo‘yvorib, ortga tislandi. Orqasi devorga tegib to‘xtadi.
- Dada, nega mendan qo‘rqyapsiz? Meni tanimayapsizmi?
- Tur… Tur… Tursunboy! O’g‘lim! Gavdang, ovozing o‘xshayapti. Lekin… bosh… boshing qani?
- Boshim?! Mana-ku, ko‘rmayapsizmi?
Yo, tovba! Agar yelkalaridagi engashgan bo‘yin bo‘lmaganda o‘zini Tursunboy deb atayotgan, ovozi quyib quygandek o‘g‘lining ovoziday bu kimsaning boshini u ko‘krakdan o‘sib chiq-qan deb o‘ylardi. Bosh ko‘krakka shunday yopishgandiki, faqat soch ko‘rinardi, xolos. Yerga yot-volib qaraganingdan so‘nggina quyi tikilgan ko‘zlarni, qosh, yuz, burun, og‘izni ko‘rishing mumkin edi.
- Boshingni ko‘tarib gapir, o‘g‘lim!
- Dada, so‘zingizni qaytib oling, darhol qaytib oling, sizning ko‘zingizga qarab gapirish gunohi azim-ku! Qo‘tardim deganimcha, boshim uzilib ketadi. So‘zingizni qaytarib oling, o‘tinaman, dadajon! Bobom eshitib turibdilar. Ana, supaga qarang o‘zingiz!
Hovuz chetidagi loysupaga sholcha to‘shalgan. Uch qavat ko‘rpachada qo‘shyostiqqa yonbosh-lagan norg‘ul cholning labida istehzo. Supadan pastda tizzalagan, boshi egik turgan kishi titroq qo‘llarini yashirishga urinadi.
-Bittayu bitta o‘g‘il deb bevosh qilvoryapsan, Kenja. Otasiga sapchiy deb turibdi-ya. Bizlar otamiz yotgan uyga kirolmasdik, tomiga chiqolmasdik. Ota tugul, yetti yot begona yo‘lda borayotgan bo‘lsa, yoshini izzat qilib, undan o‘tib ketolmasdik. Bu mushtdek boshidan ko‘zlarini chaqchaytirib, senga gap qaytaryapti. Oxirzamonning bolasi-da. Lekin haliyam kech emas. Niholligida egib ol. Tiysang, tiyding, yo‘g‘asam, naq boshingga chiqvoladi. Bo‘yningga arqon solib, eshak qilib minadi. Bolaning o‘ziga qo‘yib bersang, nima noma’qulchiliklar qilmaydi!..
Kenjaning hassa tutgan qo‘li qaqshadi.
- Qo‘lingiz og‘ridimi, dada, hozir qulog‘imni kesib tashlayman. Hali sizning qo‘lin-gizga ozor beradimi…
«Agar yana bir marta chaqchayganingni ko‘rsam, ko‘zlaringni o‘yvolaman. Gapga gap qay-taradigan bo‘lsang, tiling uzvolib, itni to‘ydiraman. Bobongning tahorat suvini aytganida obormasang…» Dag‘al qo‘l nozikkina quloqni ayamay burardi. Bolaning miq etmay turganiga chidayolmay yuz-ko‘zi aralash ustma-ust shapaloq tortadi.
- Qo‘ying, dada, nima qilasiz, o‘tgan gaplarni eslab. Ota degan o‘g‘lini koyiydi, ura-di-da. Yomon bo‘l, deganingiz yo‘q-ku…
Kenja boshi ko‘kragiga yopishgan o‘g‘lining quloqlaridan, qip-qizil go‘shtga aylangan quloqlaridan sira ko‘z uzolmasdi. Qo‘lidagi og‘riq tobora kuchayib borardi…
Shom qorong‘usi tushgandi. Ishdan charchab kelgan Kenja qoratol soyasida cho‘zilib yotgandi, ko‘cha tomondan birov to‘xtovsiz chaqirdi. Xushlar-xushlamas qo‘zg‘algan Kenja hovliga xomush qaytdi. U yon-bu yon alanglab, o‘g‘lini qidirdi. Bir nima esiga tushib, poliz tomonga o‘tdi. Qorong‘ida oyog‘i suvga tushib ketib, g‘ijinib so‘kindi. Picha joyida turib, atrofga quloq tutdi. Suv shildirashiga qo‘shilib ketayotgan g‘o‘ng‘illagan ovoz tomon tusmollab yurdi. «Ha, boyvachcha, yulduz sanab yotibdilarmi?» Osmonga tikilib, xirgoyi qilib yotgan bola sak-rab turdi. Xayriyat, otasining qorong‘ulikka ko‘zi o‘rganmayotgani, yo‘qsa, uning qiyofasidagi oshkora norozilikni aniq sezgan bo‘lardi.
- Ashila aytib yotibsizmi? Hamma gapni otangiz eshitsin, siz bemalol yulduzlarga ko‘z urishtirib yotavering… Ho‘v, san bolaning dastingdan mahalla-ko‘yda bosh ko‘tarib yurolmay-digan bo‘pqolaman, chog‘i?
- Dada, men nima qilyapman? - yurak yutib javob qaytaradi bola.
- Tilingni uzvolaman deganim chap qulog‘ingdan kirib, o‘ngidan chiqib ketdimi? Nega o‘zingdan kattalarni pisand qilmiysan? Nega chap qo‘shni bilan suv talashding?
- Dada, o‘zingiz poliz suvsab ketibdi, degandingiz. Anhordan suv ochib kelsam, u tay-yorga ayyorlik qilib, bo‘g‘volipti. Ikki og‘iz gapirdim-da, suvni ochvoldim.
Qulochkashlab tushgan shapaloq bolani yerga qulatdi. Ota endi tepishga oyoq ko‘targandi, oraga ayol ko‘ndalang bo‘ldi.
- Dadajonisi, kim nima desa, surishtirmay, o‘g‘limni uraverasizmi? Uch kungacha ariq qurib yotuvdi. Shu yomon o‘g‘lingiz anhorga tushib, quvurga tiqilgan toshni obtashlamasa, suv qayoqdaydi. Beli og‘rimagan qo‘shni ham ekinini sug‘orvolib, ham bolaginamni kaltaklatadi-mi?
- Xotin kishi bola tarbiyasiga aralashdimi, Xudo urdi-ketdi. Kelin, bor, yamoq-chamog‘ingni qil, - polizning o‘rtasidagi supa ustida yonboshlagan chol Kenjaning qo‘lidan tutdi. – Uning ko‘zlarini ko‘ryapsanmi, agar sen menga aqalli bir marta shunday qaraganing-da, naq qorachiqlaringni o‘yvolardim. Otasining ko‘ziga tik qaragan o‘g‘ilning ikki dunyosi kuyib ketadi. Ha, ikkala dunyosi! Haliyam, bolaga tarbiya berishni o‘rganmapsan. Farzand hammagayam shirin.
- Dada, nima qilay, mushtdayligidan o‘zidan kattani izzat-hurmat qilishni qulog‘iga quyib kelyapman.
- Yomon quygansan, yomon. Qo‘lingdan kelmasa, menga qo‘yib ber…
Supa poliz ortiga o‘tib ketdi. Kenjaning otasi tomon yozilgan iltijoli qo‘llari havoni kesgancha qolaverdi. U alamidan qo‘llariga kuch berdi. Bolani yelkasidan changallab yerto‘la tomon sudradi…
- Dada, dadajon, yuring, bu yerdan ketaylik, yuring!..
Yonida hech kim yo‘q, lekin qo‘lidan birov ushlab tortayotgandayin. O’rnidan qo‘zg‘al-moqqa urindi-yu, bo‘lmadi.
«Voy, iloyim, qo‘shnining uyi kuysin, uyginasi kuysin. Huv, o‘sha bolaginamni yomon-lagan tili lahatda chirisin. Bittayu bitta o‘g‘lim kalamushlarga yem bo‘lay depti-ya…»
«Ovozingni o‘chir, sharmanda», deya xezlanib borayotgan Kenja xotini quchoqlab olgan o‘g‘lining holsiz osilib turgan gavdasini ko‘rib yugurgiladi. Tursunboyning yuzida qon qolmagan, a’zoi badani qaltirardi, lablari titrarmidi, pichirlamoqchi bo‘lib qimirlar-midi… Yana bir qadam tashlagandi, yerto‘laga tushib ketdi. Bilaklaridan, boldirlaridan, ko‘kragidan, yelkasidan har biri mushukday-mushukday kalamushlar tishlab tortishardi. Ana, quloqlarini yeb qo‘yishdi, bittasi burnini g‘ajiyapti, bittasi…
- Dada, siz ketmasangiz, men butunlay ketaman, keyin sirayam qaytib kelmiyman!
Kenja qarshisidagi boshi ko‘kragiga yopishgan o‘g‘liga iltijoli termuldi. « Men… men seni nobud qildim, o‘g‘lim. O’sha o‘qituvchingning xatosini ko‘rsatganingdan keyin, u «qanaqa bola o‘stiryapsiz, odamning yuz-ko‘zi bor, demaydi»lab arz qilib kelganidayam, yangi ish boshlaganingda «noto‘g‘ri buyruqni bajarmiyman», deb boshlig‘ing so‘zini ikki qilganingdayam, seni urishib… e, har kuni umringni egovlab bordim, bolam, kechir otangni…»
- Dada, men ketyapman. Agar hozir yurmasangiz, ko‘p ajoyib tomoshadan quruq qolasiz.
Kenja asta o‘rnidan qo‘zg‘alib, oppoq kiyimi badaniga yopishgan o‘g‘liga ergashdi. Hozir uning ortidan yurmasa, o‘g‘lidan bir umr ajralib qolishiga ko‘zi yetib, tezroq yurmoq-chi bo‘lar, lekin oyoqlari, tosh bog‘lagandayin oyoqlari o‘ziga bo‘ysunmasdi. Qarshisida bir qo‘lida qon chakillab turgan ko‘ylakcha, bir qo‘lida katta, naq qilichdek igna tutgan, qordek ro‘moli ko‘ylakchaga tegay-tegay deb hilpirayotgan ayol chiqib, oyog‘idagi tosh yuz chandon og‘ir-lashdi. «Q-qaerda ko‘rgandim sizni», Kenja ming azobda yarim qadam qo‘ydi. Ayol ro‘molini hilpiratib, ignani o‘ynatib, ko‘ylakcha bilan yuzini to‘sib uchib ketdi.
«Dada!- Tursunboy alamli qichqirdi. – Katta momomni tanimadingizmi?» «Tanigan-da nima, - ota-o‘g‘il o‘rtasida supa o‘sib chiqdi. Qo‘shyostiqqa yastanib olgan bobo ko‘zlarida qaxr yonardi. – qatta momomish? U otangga buvi bo‘lsa, menga ona bo‘ladi. Hammangdan ham menga yaqinroq. Lekin men undan uzoq yurdim. Kenja, bu aqlini yeganning gapiga quloq sol-ma. Oxirati kuydi uning!»
Kenja ayamasdan miyasiga o‘t sochayotgan quloqlarini berkitib oldi. O’g‘lining lablari qimirlamasdi. Lekin ota uning hikoyasini baralla eshitardi.
… Katta momojonim. Nega o‘shanda bitta himoyasiz ayolga kuchi yetgan nomardlarga ignangizni tiqvolmadingiz? «Hokimiyam, oqsoqoliyam bir go‘r ekan. Bir ko‘ppakning ustidan ikkinchisiga shikoyat qilib boribman. Adolat qilamiz, deganiga laqqa ishonib, arzga borib-man-chi…» «Momojonim, momojonginam, boshingizga so‘yil ko‘targan qo‘llarni, biqinin-gizni tepkilagan oyoqlarni ignangiz bilan uzib tashlamaysizmi? «Mening ustimdan chaqim-chilik kilganning urug‘ini quritaman», degan tilni shartta uzvolmaysizmi? Men nega bun-day deyapman? Haqqim yo‘q, haq-qim yo‘q!.. Uh, nomardlar-a, uch davangirning kuchi bittagina ayolga yetdimi? Siz-chi, bobo, hoy supangizdan tushing, siz oq sut bergan onangizni urayotganlarini, tepayotganlarini, xo‘rlab-xo‘rlab o‘ldirayotganlarini qanday qilib tomosha qip tur-dingiz? Ko‘zlaringiz oqib tushmadimi? Keyinchalik otamga nasihat qiladigan tilingizni o‘shanda chaynab-chaynab tupurib tashlasangiz bo‘lmasmidi?.. Nega o‘ylamay-netmay gapiryap-man? Haqqim yo‘q bunga, sira haq-qim yo‘q!..»
«So‘rashga haqqing bor, jiyan! Agar sen so‘rashdan tortingsang, mana men so‘rayman». Tursunboyning yonida norg‘ul kishi paydo bo‘lishi zahoti supa turgan yer cho‘ka boshladi. O’rta-dagi jarlikka kirib ketgan supa ko‘rinmay qoldi.
«Jarlik tugul, jahannamga berkinsang ham, endi qutulmiysan! O’shanda onamni, onangni o‘ldirishayotganda qanday chidading? Bilaman, javobing tayyor doim, hali bola edim, ularga kuchim yetmasdi, deysan. Lekin og‘zinggayam kuching yetmasdimi? Dodlab, qo‘shnilarni chaqirsang, bo‘lmasmidi?! Bor, mayli, dodlashga ham kuching yetmagandir. Xo‘sh, keyin-chi, nimaga onangning qotillari bilan olishish o‘rniga, ularning tovonini yalab yurding?!
«Bitta olishgan senmi, - jarlik tubidan bo‘g‘iq ovoz keldi. – Yigit yoshingdayoq sovuq yurtlarda naq suyaging chirib ketuvdi. Menga ko‘p gerdayib qarama. U yoqdan qaytib hokimni o‘ldirgan bo‘lsang, uning o‘g‘li qoldi, oqsoqolni chopib tashladim, deysanmi, lekin sen o‘shanda uning o‘g‘illari qanday tish qayrayotganlarini ko‘rmading. Borib-borib botir-liging boshingga yetgani yolg‘onmi?»
«Bo‘ldi, bo‘ldi…» Kenjaning miyasi zirqiradi. U amakisini oxirgi marta qachon ko‘rganini eslashga urindi. O’shanda amakisining o‘zi tengi o‘g‘li bilan o‘ynagani borgandi. Amaki ko‘chadan qovog‘i soliq, o‘ychan qaytdi. Choy ichib o‘tirib, ustma-ust «uh» tortdi. «Nega «uh» tortasiz, deysan-a, xotin, bo‘g‘ilib ketyapman, bo‘g‘ilib… Bugun yana bitta begunoh odamni opketishdi. Bola-chaqasi chirqiragancha qolaverdi. Boya o‘sha temirchini surishtirgani boruvdim, birontasi lom-mim demadi. Boshlig‘iga kirib aytdim, temirchi xalq uchun jonini jabborga bergan odam, yurtini deb o‘limga tik boradi. Kimningdir chaquvi bilan to‘g‘ri odamning sho‘ri quriyveradimi, dedim. Yaxshi odam ko‘rinadi. «Xo‘p-xo‘p, hisobga olamiz, surishtiramiz, aybi bo‘lmasa, qo‘yvoramiz, kelganingiz yaxshi bo‘ldi, dedi. Zora chiqarvor-sa…» Ko‘cha eshik to‘xtovsiz taqillab, amakimning so‘zi og‘zida qoldi. Amakimning o‘g‘li yugurib borib eshik ochdi. Hovliga birin-ketin uchta odam kirib keldi. Uchoviyam notanish, uchovining ham turqidan bir narsa anglash qiyin, nigohlar sovuq, tund. Ular uy egasining kimligini so‘ragandayin bo‘lishdi-yu, ikkitasi hammayoqni titkilashga tushdi. Bittasi so‘roq boshladi.
- Temirchiga kim bo‘lasiz?
- Qo‘shni.
- Birga o‘tirib-turarmidilaring?
- Ha, bir mahallada yashagandan keyin. Ma’rakalarda, choyxonada, ko‘cha-ko‘yda.
 - U qanaqa odam edi?
- Edi, deysizmi?.. Nega endi edi?..
- Savolni men beraman, siz aniq, lo‘nda javob bering! Tushundingizmi? Xo‘sh, temir-chi qanaqa odam edi? 
- Yaxshi odam. To‘g‘riso‘z, haqiqatchi.
- Hm, haqiqatchi, deng, - sovuq nigohlar yaltilladi. – Siz onangiz haqida yoshlarga gapirib berarkansiz-a? Har kishi o‘zining qadriga yetishi kerak, xalq boshida o‘tirganlarning hammasiyam xalq dardini tushunavermaydi, debmidingiz?
- Desam, degandirman. Onam haqida qancha gapirsam arziydi. Erkaklar bir yoqda qolib, boylar zulmiga u kishi qarshi chiqqanlar.
- Bo‘ldi! Yetarli! Manovinga qo‘l qo‘ying! Endi o‘rningizdan turing, ketdik!
- Qayoqqa? Nega?
- Hammasini borgan joyingizda bilasiz.
Kennoyim hovlini boshiga ko‘tarib dodladi. Haligi so‘roq qilgani bir o‘qrayuvdi, kennoyimning ovozi pasayib, hiqillashga tushdi. «Bu anglashilmovchilik. Haq joyida qaror topadi. Poshsho zamonlari o‘tib ketgan.» Amakim mung‘ayib qolgan hovlidan uch kishi qurshovida qaddi g‘oz, mag‘rur chiqib ketdi…
«Esingdami, o‘shanda senga nima deyishdi? - jardan ovoz chiqdi. – Xalq dushmanining do‘sti hech qachon xalqqa do‘st bo‘lmaydi!»
«Kim do‘st, kim dushmanligini hayot ko‘rsatdi-ku», amakining ovozi alamli titradi.
«Eh-he, hali ungacha… Sen yaxshi odam ko‘rinadi, deb o‘ylaganing, «kelganingiz yaxshi bo‘ldi», degan boshliqni o‘shanda tanimading-a? Ustingdan ariza yozdirgan, seni xalq dush-maniga chiqarganning kimligini ham bilmasding. Ularning biri hokimning, ikkinchisi oq-soqolning o‘g‘li edi… Sen yo‘q bo‘lib ketaverding, ular aysh suraverishdi. Buyoqda mening bo‘ynimga «xalq dushmanining akasi» tavqila’nati osildi. Men bo‘ynimni qisib, zamon tinchiguncha gadoytopmas kavaklarda jon asradim».
«Sen asli kavak uchun yaralgansan!»
«Pichingingni pishirib ye. Nima bo‘lgandayam, men yoshimni yashab, oshimni oshadim. Sen-chi, sen, o‘g‘lingniyam boshiga yetding! U sendan norozi bo‘lib ketdi!»
Amaki cho‘kib qoldi. Supa ko‘tarilib chiqib, jarlik ko‘rinmay ketdi. Supada soqoli-ni silagancha o‘tirgan aka tobora kichrayayotgan akasiga viqor bilan boqardi.
«Dada, bu odamning gaplariga ishonmang. U og‘ziga kelganini valaqlayveradi, - Ken-ja supaning nariyog‘ida amakisi tomon borayotgan amakivachchasini ko‘rdi. U yaqinlasharkan otasining gavdasi tiklashaverdi. - O’shanda… Sizni opketishgandan keyin bu menga otalik qilmoqchi bo‘lgan. Otang o‘rniga otangman. Men seni aslo yomon bo‘l, demiyman, so‘zimga quloq tutsang, sira kam bo‘lmiysan, degan. O’zingdan atigi bir yosh katta bo‘lsayam katta, jil-la qursa, bitta ko‘ylakni ko‘p kiygandir, uni albatta hurmat qilgin, nima desa, xo‘p degin, kichkina rahbar bo‘lsayam, baribir rahbar, hali ishlaganingda bilasan, rahbarning so‘zini sira ikki qilmagin, deya nasihat qilardi…»
«Nima, noto‘g‘ri nasihat qilgan ekanmanmi? Ana, o‘zboshimchalik qilib, sen nima bo‘lding? Kenjayam senga o‘xshagan sarkor edi. Kattalarga xo‘p deb, shox-poxi uzilib tushdimi?
«Bor narsa uzilib tushadi-da… Dada, siz eshitmagansiz. Bir yili yozda jala, do‘l yog‘ib, g‘o‘zani nobud qildi. Javzo oyoqlagan, kattalar kelib, biz hech narsani bilmiymiz, chigit ekasan, davlatga paxta kerak, deb turvolishibdi. Hoy, insonlar, sizlarning ham ota-bobolaringiz dehqon o‘tgan, shimollik odam nimani bilardi, qilgan mehnatimiz, sarflagan xarajatimiz hayf bo‘ladi, shuncha yerdan olsak, bir etak paxta olamiz, o‘shaniyam qish izg‘i-rinida, odamlarniyam o‘ylaylik, boshqa ekin ekaylik, desam, hech ko‘nishmaydi-da. Biri qo‘yib, biri baqiradi, sendan boshqa, sendan yaxshiroq o‘ylaydiganlar bor, davlatga paxta kerak, dedikmi, paxta kerak, qaytadan chigit ekasan, yo‘qsa, sarkorlikni havas qiladiganlar navbatda qatorlashib turibdi, deyishdi. Qarasam bo‘lmaydigan, yerni haydadik. Ular bergan chigitni ko‘zdan panaroqqa yashirib, boshqa urug‘ ekdik. Ana undan keyingi g‘alvani ko‘ring…»
Kenja qochgani joy topolmay qoldi. Orqaga qayrilay desa, kimdir darhol burib qo‘yadi. Oyoq ko‘taray desa, birov qattiq tortadi… «O’shanda qishloqda ilonning bolasi ilon bo‘larkan-da, degan gap tarqaldi. Ko‘cha-ko‘yda bosh ko‘tarib yurolmay qoldim. Go‘yoki har bir o‘tgan-ketgan manovining amakivachchasi paxta dushmani ekan, qamalibdi», deya ko‘rsatayotgan-day. Men ahmoq oilangdan xabar olish o‘rniga, ular bilan bordi-keldimiz yo‘q, debman so‘ragan-so‘ramaganga. O’sha yili qishloq xalqi sabzavotga, moli xashakka to‘ydi. Kuzga borib, odamlar sarkor nohaq ketdi, aslida u to‘g‘ri qilganakan, mana Kenjaning yeridan bir aravayam paxta chiqmadi, deb burchak-burchakda pichirlashganda, yer yorilishini tiladim. Lekin u haq edi, deya hech kimga, hech qaerga borib aytolmadim… Sen bo‘lsang… u yoqdan sog‘ligingni yo‘qotib, ozib-to‘zib, ranging sarg‘ayib qaytding va bir yil o‘tar-o‘tmas…»
Kenja amakivachchasining g‘azabli qarashiga chidayolmay ko‘zlarini olib qochdi. Shu zahotiyoq uning boshini tag‘in amakivachchasi tomon burib qo‘yishdi. Qarasa, buvisi, amaki-si, o‘g‘li yonma-yon ketib borishardi. Tursunboy ularning ortidan emaklardi. «Qayoqqa, qayoq-qa ketyapsizlar?» Qarindoshlariga yetib olmoqchi bo‘lib ildamlagan Kenja supaga urilib yiqildi. U boshini ko‘tarib supaga tirmashuvdi, otasining o‘qraygan ko‘zlaridan qo‘rqib ketdi. Biroq ko‘zlarini olib qochmadi. Horg‘in, g‘amgin, o‘ychan ko‘zlar supaga qadalgancha turaverdi. Supa joyidan siljib, quyiga otildi. Uning o‘rnida paydo bo‘lgan jarlik Ken-jani uzoqlashib borayotgan oppoq ko‘ylakli to‘rt kishidan ajratib qo‘ydi. «Baribir yetvola-man, yetvolaman». Kenja oyoq qo‘yishi bilanoq zim-ziyo yerto‘laga quladi. U yon emakladi, bu yon emakladi, biron-bir tuynuk yo‘q. Tashqaridan suvning shovullagani eshitilardi. Shovullash to‘xtovsiz kuchayardi. Kenja g‘uvillayotgan quloqlaridan kaftlarini olgancha devorga yopishdi. Devor ortida soy bor-ku! Ana o‘g‘li qirg‘oqda o‘ylanib turibdi. O’tma u yoqqa, o‘g‘lim, o‘tma! Kim u o‘g‘lining orqasidan itarayotgan? «Ishonganimiz sen, Tursunboy uka, bu yoshlarning qulog‘iga gap kirmaydi, yurak deb, o‘pkani qo‘ltiqlab yurishibdi bari. Suvning pasayishini poylab o‘tiraversak, mollar ochdan harom o‘ladi. Ie, nega qadaming tortmaydi? Ilgari necha martalab o‘tgansan! Qani, hayda mashinani!» Tovba, raisning afti o‘ziga o‘xshab qoptimi? Tursunboy ortiga qarab bir xo‘rsindi-yu, kabinaga o‘tirdi… Kenja tirnoqlari bilan devorni ko‘chira boshladi. Tezroq bu qafasdan qutulishi, o‘g‘lini qutqarishi kerak. Barmoqlari achishib og‘rir, devor esa qalin edi. O, mashina lapanglab soyga kirdi-ku! Ana, suvning o‘rtasiga yetib boryapti. E, tiqilib qoldi. O’g‘lim, Tursunboy, tushaqol, bolam, tezroq qir-g‘oqqa o‘t. Tezroq!» Hozir balo-qazoday, tomdan baland suv bostirib keladi. Tursunboy, tushaqol! Nega ovozimni eshitmayapsan? Suvni ko‘rmayapsanmi? Hozir mashinangni ag‘daradi, keyin o‘zingni…
Tishlari shamshirdek hayvonlar miyasini g‘ajib-g‘ajib, yuragiga o‘tishdi. Uray desa, qo‘li, tepay desa, oyog‘i yo‘q. Shovqin solib qo‘rqitay desa, tilini allaqachon kemirib bo‘lishgan. Faqat yuragi qoluvdi, endi uniyam…
Yumshoq qo‘llar avval yuzini siypaladi. Asta-asta choponidan tortib, yerto‘ladan sud-rab chiqa boshladi. O’tkir yorug‘likdan ko‘zi qamashib ketdi…
- Chiroqni o‘chiraylikmi, bobojon, - Kenja tikila-tikila ro‘parasidagi uzun to‘n kiyib olgan bolani, Tursunboyning o‘g‘lini bazo‘r tanidi. – Qorong‘i tushgani qachoniydi, shuncha ichkari kir, deyishsayam, kirmadingiz. Keyin meni chaqirishdi. Qarasam, uxlab qolgan ekansiz…
Bola yerga qarab gapirardi. Uning boshi ko‘kragiga egilib borardi. Yana picha egilsa, yopishib qolishi mumkin. Kenja o‘rnidan irg‘ib turdi.
- Boshingni ko‘tar! Ko‘zimga qarab gapir! Namuncha ming‘illaysan? Shartta-shartta gapir!
Bola indamay turgandi, Kenja uning tomog‘idan ushlab, boshini ko‘tardi. Bobosiga ko‘zi tushgan bola yig‘lavordi va yana boshini eggancha ichkariga yugurib ketdi.
Kenja alamidan titrar, qo‘lidagi hassani tinmay boshiga urardi.

1986 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.