OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘rinboy Usmon. Sazoyi (hikoya)

Bir tekis chopib borayotgan ot keskin to‘xtadi. Ko‘zlarini yumgancha xayolga berilgan ko‘yi kelayotgan Arslon oldinga xavotirlanib qaradi. Quyida Sirdaryo tinchgina oqardi, oqshom g‘ira-shirasida suvi goh oqarib, goh qorayib ko‘rinardi. Arslon otdan tushib nam-xush o‘tlar ustiga cho‘zildi. Maysalardan taralayotgan dimoqni qitiqlovchi bo‘y, daryodan esayotgan yoqimli shabada horg‘in vujudinini allaladi. Bir mahal ko‘zini ochsa, daryoda oqib boryapti. U to‘ppa-to‘g‘ri uyurma tomon oqardi. Hozir suv u tomon surib boradi-yu, uyurma ajdahodek og‘zini ochib yutvoradi. Uyurmadan chetroqqa suzib ketish uchun qo‘l-oyoqlarini harakatlantirishga urinar, uvvalo urinmasin, qimirlatolmasdi. Qarasa, qo‘l-oyoqlari beshikka mahkam chandib tashlangan. Beshik qalqib-qalqib o‘pqondek og‘zini ochib turgan uyurmaga yaqinlashardi. To‘satdan qirg‘oqda oyoqyalang, boshyalang ayol ko‘rindi. «Musulmonlar, yordam beringlar, bolaginam oqib ketyapti, nega qarab turibsizlar, insof bormi sizlarda!..» Ayol o‘zini suvga otdi. Anchagacha daryoda ko‘rinmay, beshik yonidan chiqdi. Endi qo‘lini uzatgandi, beshikni uyurma yamladi…
 Arslon seskanib daryoga tikildi. U hamon goh oqarib, goh qorayib oqardi. Ko‘zlari bejo bo‘lib, daryodan beshikka qo‘l uzatgancha qolgan ayolni – onasini izlayotganini anglab qolib, o‘rnidan turib ketdi. Nima bo‘ldi o‘zi? Uch kun avvalgi tushini tag‘in ko‘rdimi yo es-ladimi? Hali uyga borgach, onasiga ko‘ngli g‘ashligini, yomon tush ko‘rganligini aytadi. Tushni yomon dema-e, bolam, deydi sog‘inch to‘la ko‘zlarini undan olmay onasi, bosinqiragansan, boshingdan don-dun o‘girib sochdingmi?.. Ilgariyam onasini ko‘p sog‘inardi, uzoq borsa, oyiga bir marta ko‘rib kelmasa, hech kimga tuzukroq gapirmasdan, tund yuraverardi. Birontasi unga yurak betlab so‘z qotmas, og‘zidan chiqqanini darhol bajarishga tirishardi. Faqat qutiulug‘lik o‘spirin Turdiboygina «qishloqni sog‘ingansiz, aka, borib kelmaymizmi,» deyishga botinardi. Qishloqqa uning birov bilan borishini xushlamasligini o‘spirin yaxshi bilardi, lekin har gal «borib kelasizmi», demasdan, «borib kelmaymizmi», deyaverardi. Hali negadir otning jilovidan ushlab oldi, «shu bugun bormang», dedi qayta-qayta yalinib.
 U yoqdan-bu yoqqa to‘xtamay yurayotgan Arslon daryoning nariyog‘iga tikildi. Qorong‘uda hech narsani ko‘z ilg‘amasdi. Bu atrofda o‘zi biron makon yo‘q. Faqat daryoning yuqorirog‘idan, bundan bir chaqirim naridan kechilsa, to‘g‘ri Qutiulug‘dan chiqiladi. Turdiboy ana shu o‘n besh-yigirma uyli choqqina qishloqdan. Otasi o‘lgach, Turdiboy daryodan o‘tib, Arslonga qo‘shilib qolgan. O’tgan oy besh kishi bo‘lib Turdiboylarning uyini tortib olgan boyning uyini bosishdi. Shirin tush ko‘rib yotgan ekanmi, boy tepasidagi qop-qora odamlarni ko‘rib, o‘takasi yorilayozdi. Ikkitasi boyni daraxtga bog‘ladi, uchtasi qo‘lga ilingan boyliklarni qopga tiqdi. Oq yaktak, oq ishtonchan boy u yoqdan-bu yoqqa g‘izillayotgan sharpalar har o‘tganda chunonam qaltirar, daraxt yoshroq yoki tagi bo‘shroq bo‘lganida ildiz-pildizi bilan qo‘porib yuborgudek edi. «Yetimning haqiga ko‘z olaytirganning jazosi shu, hali bu xamir uchidan patir, agar yana boshqalarning uy-joyiga ola qaraydigan bo‘lsang!..» Boy tomog‘iga tegay deb turgan kelidastadek qo‘llardan qo‘rqib, dag‘-dag‘ qaltirardi…
 Kechuvni to‘g‘ri tanlaganiga yana bir karra ishonch hosil qilish uchun Arslon tuyatoshni qidirdi. Uni topib, xotirjamlashdi. «Lochin!» Egasi pichirlagan bo‘lsa-da, o‘tlab yurgan ot yeldek yelib keldi. Hayal o‘tmay, ikkov daryoda suzib borishardi…
 Daryodan chiqishgach, ot oldinga yurishni istamay, depsinaverdi. Biron yirtqichning isini oldimi, deya xavotirlangan Arslon atrofga quloq tutdi. Jimjitlik. Faqat yuqoridan – Lochinxona adirlaridan kaltakesaklarning, tunda yemish qidirib izg‘ib yurgan hasharotlarning chirillagani eshitilardi. Tixirlik qilayotgan ot egasining achchiq qamchisi zarbi hadigida yurib ketdi. Tezda adir ustidagi o‘zi ko‘p yurgan yo‘lni topib oldi. Adir kimsasiz, ot tuyoqlari oldidan g‘izillagancha kaltakesaklar o‘tar, tinchlarini buzib borayotgan bahaybat maxluqni cho‘chitishga urinishardi. Ot ularning urinishlarini sezish nari tursin, hatto o‘zlariga ham parvo qilmasdi. Yuz qadamcha narida eski qo‘rg‘on xarobalari qorayib ko‘rindi. Otning sarkashlik qilayotganidan xavotir Arslon qo‘rg‘onda picha nafas rostlamoqni o‘yladi. Biroq yulduzlar charaqlayotgan osmon bu o‘yidan qaytardi.
Qishloqqa qadam qo‘yishlari zahoti nafas olish yengillashdi. Arslonning otdan tushib, yayov yurgisi kelar, lekin vaqt allamahal bo‘lganidan tashvishlanib, ko‘pchib yotgan tuprog‘idan, dov-daraxtlardan ruhiga zavqli bir yengillik ato etayotgan bo‘ydan uzoq-uzoq totishdan o‘zini tiyardi. Lochinning ixtiyorini o‘ziga qo‘yib bergan, u katta ko‘chalarni chetlab, dala yo‘llaridan yo‘rtardi. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan teraklar ko‘ringach, otning qulog‘iga pichirlab, qo‘yvordi. Lochin egasi bilan picha yonma-yon borgach, uning joyida to‘xtab qolganini ko‘rib, dala tomon yo‘rg‘aladi. 
 Terakzorda Arslon o‘zini tanasi bir qulochcha keladigan daraxt panasiga olib, atrofga quloq tutdi. Xavf yo‘qligiga ishongach, bog‘ maydonlari tomon yurdi. Pastqam devordan oshdi, sharpa chiqarmay borib, onasi yotadigan uycha devoriga qapishdi. Oyog‘iga bir narsa kelib suykaldi. Cho‘chib o‘zini nari olgandi, u yana suykaldi. Qarasa, it. Xo‘rligi keldi. Itning g‘ingshib, hovlidagilarni uyg‘otib yuborishidan xavotirlanib, ochiq derazadan asta sakradi. Qorong‘iga ko‘zi ko‘nikmay turgandi, qo‘lidan birov yetakladi. Onasining hech narsa bilan tenglanmaydigan bo‘yidan o‘zini yo‘qotay dedi. Uy to‘riga o‘tkazgach, ona o‘g‘lining yuz-ko‘zlaridan o‘pdi. Og‘zi sho‘rlanib, alam bilan yig‘ladi.
 -Uxlamay o‘tiruvdingizmi, onajon?
 - Kelishingni biluvdim. Endi sira ketmasang, deyman, o‘g‘lim. Hech qayoqqa qimirlamasdan, oldiginamda o‘tirsang.
 - Sizni ko‘p sog‘inyapman. Yoningizdan nari ketmayin deyman. Lekin… ilojim yo‘q-da…
 - Seni sargardon qilganlarni saharlarda qarg‘ayman. Xudoning ko‘zi bo‘lsa, hammasini ko‘rayotgandir… Bolam, ishqilib beva-bechoralarni xafa qilayotganing yo‘kmi?
 - Onajon, nahotki siz ham menga ishonmasangiz?
 - Dushman ko‘ngil-da… Onaginangni kechir, o‘g‘lim… Elning og‘zida xilma-xil gap.
 - Bilaman, onajon, sizlarni qiynab qo‘ydim, yomon ahvolga soldim. O’g‘ri degan so‘zning o‘zi xunuk…
 Ona-bola gapga berilib, deraza yonida turgan sharpani sezishmadi. U eshikdan kirganda ona o‘g‘liga osilib yig‘lardi. O’g‘il tush ko‘rgan kecha ona ham dahshatli tush ko‘rgan, o‘shandan beri tunlar ko‘zidan uyqu qochgandi. Hozir ikkovi ham tushini o‘ylar, bir-biriga aytishdan cho‘chib, nuqul o‘tgan-ketganlarni eslashardi. O’g‘ilning go‘dak bo‘lib qolgisi, onasining issiq pinjiga tiqilib olib, rohat qilib uxlagisi kelardi.
 Tuyqusdan dag‘al qo‘llar uni ona pinjidan yulib oldi. Munkayib ketgan Arslon o‘zini o‘nglarkan, ko‘zlari qo‘l egasini izlab, qorong‘ini paypaslardi. Ortiga o‘girilib, joyiga cho‘kkalab qoldi. Ming qorong‘i bo‘lmasin, uch-to‘rt yil berisiga otasini bunchalik yaqindan ko‘rmagandi. Uning nafasi bolalik xotiralarini titkilab yubordi. Ota daladan horib-charchab kelganda, loyqo‘rg‘on qurayotgan o‘g‘lini ko‘tarib olib, loy yopishgan betidan o‘par, yuzini yuzlariga surkardi. Loyqo‘rg‘onni tezroq bitkazish o‘yidan boshqa o‘yi yo‘q bola pastga tushaman, deb tipirchilar, nihoyat, charchog‘i yozilgach, otasi uni ohista yerga qo‘yardi…
 - Sen bolada tariqcha oriyat bormi? Qaysi yuz bilan ostonamdan hatlading? – Arslonning otasiga rahmi kelardi, uning ovozidagi g‘alati titroqdan ko‘ngli g‘ashlanardi. – El-yurtda boshimni egganing yetmaydimi? 
 - Otasi, rahmatli qaynatam, yurtning o‘g‘risi bo‘lsa-da, o‘g‘ling bo‘lsin, derdilar,- biron kor-hol bo‘lishidan qo‘rqib dag‘-dag‘ titrayotgan ona erini yumshatish yo‘lini izlardi.
 - Miyasi suyulganda bir aytgan-qo‘ygan-da. Otamning boshqa bir hikoyati bor edi. Eshit-gandirsan, o‘g‘rini osayotganlarida onasining tilini tishlab-tishlab uzvolganini…
Erining nimaga shama qilayotganini tushungan ayol kuchini ko‘z yoshiga berdi. Hamon cho‘kkalagancha o‘tirgan o‘g‘lini quchoqladi. Dag‘al qo‘llar uni o‘g‘lidan ajratib, bir burchakka itqitdi.
 - Gap shu, senga! Men allaqachon senday o‘g‘ildan kechganman. Agar, yana shu xonadonga qadamingni qo‘yadigan bo‘lsang, yoqangdan olaman-da, mana shu ikki qo‘lim bilan dor tagiga o‘zim sudrab boraman. Yoki sazoyi qilib, falonchining o‘g‘li edi degan isnoddan qutulish uchun janazangni bitta o‘zim o‘qiy qolaman…
 Ona o‘rmalab o‘g‘li tomon yaqinlasharkan «bolam, otangning gaplarini ko‘nglingga olma, uning ichiga shayton kirvolgan, shayton» derdi birdayin. Arslon esa bir o‘yda – otasi-ning yuzini yuziga bosishini istardi. Ota birdan yumshab, emaklab kelayotgan kampiri tomon ko‘targan oyog‘ini joyiga qo‘ydi. Bir og‘iz so‘zlamay cho‘kkalagancha o‘tirgan o‘g‘lini bosish istagi yuragiga hamla qildi. U tomon bir qadam qo‘ydi-yu, xuddi oyog‘i ostidan ilon chiqqanday ilkis orqaga tashladi.
 - Baribir seni sazoyi qilishadi. Mayda o‘g‘ri bo‘lganingda qo‘lingni chopishardi. Seni sazoyi qilishadi, - ota cho‘ziq «uh» tortdi, bo‘g‘zidan otilgan o‘tli nafas Arslonning loyqo‘rg‘on loyi izi achishtirayotgan yuzini kuydirdi. – Sazoyi qilishadi. Sen butun avlod-ajdodimizga isnod keltirding! Yo‘qol!.. Sazoyi… Daryo-paryoga cho‘kib o‘lganing, dasht-pashtda bo‘riga yem bo‘lganing yaxshi bundan. Yo‘qol, deyapman!
 Arslon onasini avaylab o‘rnidan turg‘azib, yelkasiga boshini qo‘ydi. Ho‘l yelkasi titra-yotgan onasidan bazo‘r ko‘ngil uzib, tislandi, derazadan sakradi. Orqasiga qaramasdan chopib borarkan, derazadan qo‘llarini uzatgancha qolgan onasini ko‘rmadi. Devor oshayot-ganda, ortiga qaytmoqchi bo‘lgan Arslonni qattiq bir kuch ko‘kragidan itardi.
Terakzorga yetar-etmas Lochin qorong‘ulik qo‘ynidan chiqib keldi. Egarga o‘tirishi zahoti ot yeldek uchdi. Adirga yetishgach, Arslon jilovni tortdi, pastga tushib, eski qo‘r-g‘on tarafga yurdi. Ot u bilan yonma-yon yurar, na orqada qolardi, na o‘tib ketardi. «Lochinim, bu tun daryodan o‘tmaymiz, eski qo‘rg‘onda qolamiz, suvning nariyog‘iga qishloq havosi yetib borishi qiyin. Nega jim ketyapsan, kishnasang, sezib qolib, ortimizdan quvishlaridan xavfsirayapsanmi? Yo bo‘lmasa, mening xafaligimni sezyapsanmi? Xafa bo‘laman-da, lochinim! Ona qishlog‘imga, ota yurtimga sig‘may qolyapman-u… Aytgin, men ularga nima yomonlik qildim? Axir, hammasiga yaxshilik qilmoqchiydim-ku!.. Yil-o‘n ikki oy ishlab topgan bor-yo‘qlarini boy qarzlaringga deya omboriga bosganida , xun-xun yig‘-lagan odamlarga achindim-da. Bu zamonda, yorug‘ dunyoda adolat bormi, deya nola qilishgan-da., chidayolmadim, bilasanmi buni! Boyning omboridagi don-dunni egalarinikiga oborib tashladim. Ertasiga qishloq ostin-ustin bo‘p ketdi. Boy anoyi emas, yo‘qolgan g‘allani toptirdi. Sen o‘g‘rilarning umringni zindonda chirittiraman, deganida haligi beshovi baravariga boyga egilib, biz emas, o‘limdan xabarimiz bor, ammo-lekin bu gaplardan xabarimiz yo‘q, deyishipti. Boy nima degan, de: «Mana shu qoplardagi g‘alla menikimi, senlarnikimi?» Beshovi to‘tiqushday «sizniki, boy ota, sizniki», deyishgan. «Mening narsalarim senlarning hovlingdan topilgan, bu o‘g‘irlikmi, yo?..» «O’g‘irlik, boy ota, o‘g‘irlik». «Demak, senlar o‘g‘risanlar! Hammangni qo‘lingni qirqtiraman. Ana keyin cho‘loq qo‘llaringga qarab erta-yu-kech tavba-tazarru qilasanlar! Boy beshoviniyam yerto‘lasiga qamab qo‘ydi o‘shanda. Ertasiga ularni qo‘yvorib, meni opketishdi. Qaysi biri men-dan gumoni borligini aytibdi. Uh, lochinim, lochinim, xayriyat, odam bo‘lib tug‘ilmagan-san-a… O’sha adolat istaganlar bilan boy meni yuzlashtirdi. Beshovidan birma-bir «bu kim» deb so‘rashdi. Hammasi «o‘g‘ri» dedi. Hammasi-ya… Yerto‘ladagi tuynukdan tashqari qarab turgandim, seni ko‘rib qoldim. O’shanda hali toy eding. Esingdami? Tuynuk oldiga kelding-da, ketmay turaverding. Bir kechayu bir kunduz zax yerto‘lada yotgan bo‘lsam-da, o‘shanda birinchi marta xo‘rligim keldi. Toychog‘im meni sog‘inib, qidirib kepti-da, dedim. Ko‘zlaringda sog‘inch ko‘rdim-da. Kechqurun otam kelib, rosa koyidi. Uzundan uzoq nasihat qildi: boy otadan uzr so‘ra, tovba qil, bolalik qilibman, degin… Otam boyga bosh urib kelgach, u bitta toying bor, o‘shani bersang, yopti-yopti qilamiz, ertaga o‘g‘lingni qo‘yvoramiz, depti. O’sha toy sen eding, lochinim! Tushingni suvga aytasan, boy, dedim. Yarim kechada payt poylab turib, yerto‘la eshigini buzdim. Otxonadan seni topib chiqib, uyga jo‘nadim. Meni ko‘rib otamni qaltiroq tutdi. «Boy tong otgach, qo‘yvormoqchi edi-ku! Yo qochib keldingmi?» Indamay turaverdim. «Hoziroq toyni oborib ber. Ertaga o‘zim borib obkelmaganimcha, ostonadan o‘tma!» Otam cho‘rtkesar edi. Gapini ikki qilib bo‘lmasdi. Seni yetaklab hovlimizdan chiqarkanman, o‘ylanib qoldim. Nega endi faqat boyning aytgani bo‘ladi? Men o‘g‘irlik qildimmikin, otamning tili qisiq, toyimni boyga berib qo‘yadi? Nazarimda boy ustingga o‘tirayotganday, semiz gavdasini ko‘tarolmay beling mayishib ketayotgandayin bo‘ldi. Xayol surib-surib, bir mahal qarasam, Lochinxonada, eski qo‘rg‘on oldida turibman. «Endi sen Lochin bo‘lasan, men ham lochin bo‘laman, shu yerda yashayveramiz!» Sen gapimni tasdiqlagandayin kishnading. Ikki-uch kun u yoq-bu yoqda tentirab yurdik. Kunduzi bir iloj qilib o‘tardi, kechalari ko‘z yumishim bilan hovlimiz, onajonim ko‘rinaverardi. Bir kecha uyqum kelmay, yotolmadim. Qishloqqa jo‘nadim. Onam avvaliga rosa suyunib, keyin xavotirga tushdilar.
 «Nega bu ishni qilding-a, bolam? Zarur bo‘lsa, alam o‘tsa, haqlarini o‘zlari topvolishsin edi, senga nimaydi-ya, bolam?»
 «Onajon, o‘zingiz yaxshilik yerda qolmaydi, deysiz-ku».
 «To‘g‘riku-ya… Ular yaxshilikni bilmaydigan chiqishdi. Boy hammasini bir qop-bir qop donga sotvolibdi. Faqat bittasi olmabdi, xolos, imoni borakan.»
 «Bittasida imoni borakanmi, ishqilib. Demak…»
 «Bolam ko‘nglim allanechuk xavotir, boyning odamlari necha marta izg‘ib kelishdi. Tag‘in…»
 «Men ketaymi, bo‘lmasa?»
 «Mayli, boraqol, boshing toshdan bo‘lsin!»
 Devordan o‘tishimni bilaman, qo‘llarimni qayirishdi. O’sha zax yerto‘lada yana bir kecha tunadim. Ertasiga guzar oldidan olib o‘tishdi. Ko‘cha to‘la tumonat odam. Hamqishloqlarim meni sog‘inib qolishipti-da, dedim. Bir mahal qaysi go‘rdan boy paydo bo‘ldi. «Xaloyiq, bu kim?» So‘zi og‘zidan chiqar-chiqmas o‘n-o‘n beshtasi «o‘g‘ri» deb baqirdi. Ovozlarini boy otalari eshitmay qolmasin, deb cho‘chisharmidi, tomoq yiritgudek baqirishar-di. Hech kim bilan ishim yo‘g‘idi, o‘sha beshovlonni qidirardim. Nihoyat, to‘rttasini top-dim. Boy ular tomon qarashi bilanoq «o‘g‘ri, o‘g‘ri» debon chiyillashardi. Lekin bittasi ko‘rinmasdi. Izlab-izlab uniyam topdim. U odamlar ortida boshini eggancha turardi. «Boshingizni ko‘taring, imoni bor odam, anovilar bosh egsin!» Haligi bir qop donga sotilganlarning basharasini ko‘rolmay qolganim rosa alam qildi. Aravaga qo‘shilgan otga qamchi bosishdi. Achchiq qamchi zarbidan bir irg‘ishlab chopib ketgan otga qo‘shilgan arava qattiq chayqaldi. Sal bo‘lsa, qulayozgandim. O’sha kuni otamni ko‘rmadim… Zerikdingmi, lochinim? Nima qilay, yuragim tars yorilay deyapti. O’shanda baribir shaharga yetmasdan qochib ketdim-ku. O’t-betlarda uloqib yura-yura, qosh qorayganda Lochinxonaga keldim. Sen eski qo‘rg‘on atrofida yurgan ekansan… O’shanda o‘n yettidamidim? Allaqachon o‘n yildan oshibdi-da… Lochin, esingdami, o‘sha gaplardan keyin bir yil o‘tgach, qishloqqa borganimiz? Anovi to‘rttaning uyiga qoplarda mayda-chuyda olib boruvdik-ku! Tilanchi bo‘lib qishloqqa borgan yigitimiz nima gap topib keluvdi? Osmondan tushgan boylik hammasiniyam es-hushini og‘dirayozibdi. To‘rttoviyam garangga o‘xsharmish. Har gapining boshida «Ollohga shukr» deyisharmishu, lekin tilanchiga bir burda non ham berishmapti. Eshigiga borgan tilanchiga… Eh, sen odamzot fe’lini bilmaysan-da. Men keyinchalik u yoq-bu yoqdan surishtirganman. To‘rttoviyam «osmondan tushgan boylik» haqida hech kimga og‘iz ochmagan… Lochin, endi bor, sen bir yayrab kel, men biroz dam olayin, tongga yaqin daryo kechamiz».
 Arslon qo‘rg‘on devoriga sakrab chiqdi. Oldinlari yurtga oralaydigan yovning yo‘li avvalo shu qo‘rg‘onda to‘silardi. Bora-bora tashlandiqqa aylangan qo‘rg‘on xonalarining butun qolgan tomlaridan birida Arslon picha mizg‘imoqchi bo‘ldi. Lekin qattiq toliq-qaniga qaramay hech uyqusi kelmasdi. Ko‘zi ilindi, deguncha, qishloq odamlari so‘yil, ket-mon, bel ko‘tarib boshiga kelishar, «o‘g‘ri, boringdan yo‘g‘ing yaxshi, hammamizni isnodga qoldirding», deya baqirib-chaqirishardi. Tevarak-atrofga Lochin o‘g‘ri deya nomi ketgan yigitning ko‘kragini achishtirib bir nima g‘imirladi. Uyqusi butkul o‘chdi. Yuragini bo‘shatay desa, biron suhbatdosh yo‘q. Hozir qutiulug‘lik yigitcha yonida bo‘lganda edi… Dunyo qiziq-da, shuncha odamni ko‘rdi-yu, birontasi uni shu yigitchalik tushunmagan. Hozir qutiulug‘lik yigitcha yonida bo‘lganda edi… Dunyo qiziq-da, shuncha odamni ko‘rdi-yu, Birontasi uni shu yigitchalik tushunmagan. Naq o‘yidagini topadi-ya… Aytish kerak, u to‘dadan ketsin, boshqa kasb etagini tutsin.
 Shu topda shart otiga minsa-yu, boshi oqqan tomonga ketsa. Biron odam kimsan, qaerdan kelyapsan, qaerga ketyapsan, deb so‘ramasa. Ketaversa, ketaversa…
 Birdan pastda sharpa eshitildi. Kimlardir ehtiyotkorlik bilan qadam bosishardi. «Ko‘zingga qarasang-chi, eshak!» Xunuk to‘ng‘illagan ovoz tun sukunatini to‘lg‘atdi. Qaerda-dir eshitgandi bu ovozni. Tanish…
 - Yosh ketib, yurak shirillaydigan bo‘pqopti-da, og‘a. Bu boyo‘g‘lixonaga yarim tunda kela-digan odamning yuragi otdek bo‘lishi kerak.
 - E, hali sen ertalab tuxum yorgan jo‘jasan. Menga o‘xshab shatta yeyversang, ukkilar makonidayam bir cho‘qib, o‘n qaraydigan bo‘pqolasan. Bor, sarkardani boshlab kelaver.
Tanidi, endi tanidi, qoraquroqlik kal o‘g‘ri-ku. Chulchutning to‘dasidan. Sarkarda emish. Hadeganda gapga tushunavermaganidan chulchul laqabini olgan o‘g‘riboshiyam qora-quroqlik edi. Uzog‘i yili u Arslonning to‘dasiga qo‘shilgandi. Bir kosibning uyini tunagach, Arslon urib-so‘kib haydavorgandi.
 Qoraquroqlik o‘g‘rilarning rejasini eshitib, Arslonning a’zoi badanini ari chaqqan-day bo‘ldi. «O’n yildan beri Ispisorga o‘g‘ri oralamasa-ya. Qachongacha o‘sha o‘g‘ri mushukcha-dan qo‘rqib yuramiz? Qani, bo‘linglar, yoz kechasi bir tutam, bitta-ikkitasi uyg‘onmasdan burun ishshi bitiraylik!»
 Tom zirillab ketgandayin bo‘ldi. Mayli, uni mushuk deydimi, boshqami, u baribir arslonligicha qolaveradi. Lekin daryoning nariyog‘idan, qoraquroqdan kelib, uning qish-log‘ida o‘g‘irlik qilishlarini o‘ylab, suyak-suyagicha zirqiradi. Tomdan sakrab tushib uchoviniyam dabdalasini chiqarishga chog‘landi. Yo‘q, pastga tushishiyam shart emas, tomdan turib bir baqirsa bo‘ldi, ovozidan tanib, orqalariga qaramay qochishadi. Lekin ursayam, qochishsayam, bir tun kelib, Ispisorga o‘g‘irlikka tushishni o‘ylashmaydimi... Arslon oshib-toshib kelayotgan g‘azabini ichiga yutdi. Qoraquroqliklarning qo‘rg‘ondan chiqib ketishlarini tishini tishiga qo‘yib poyladi. Qo‘rg‘on bo‘shagach, oradan xiyol vaqt o‘tkazib, Lochinni chaqirdi. Qorama-qora yo‘lga tushdi.
 … Erta tongda butun qishloq vahimadan tong qotdi. Boyning, yana bir o‘ziga to‘qroq kishining eshigi buzilgan, anchagina narsa ko‘chaga tashib chiqarilgandi. Qishloqqa o‘g‘ri tushibdi xabarini eshitgan har bir odam o‘z uyidan xavotirlandi. Boshqa uylar tinch edi. Ikki soat orasidayoq hammayoqni vahima xabarlar bosib ketdi. «O’g‘rilar molga kelishol-may janjallashishipti., bittasining o‘ligini topishibdi.» « Arslon o‘g‘riniyam tutishib-di, uniyam pichoqlashgan ekan…»
 Arslonni hovlilari yaqinidagi terakzordan topishdi. U tunda qoraquroqliklar-ning ortidan qorama-qora kelgach, avvaliga ularning uy tunashlarini kuzatib turdi, keyin Chulchutni ushlab olib, o‘g‘irlagan narsalarining hammasini joy-joyiga kiritib qo‘yishni buyurdi. Qoraquroqliklar narsalarni tashisharkan, Arslonning istehzo aralash gerdayib jonlari halqumga keldi. Bittasi ko‘zshamg‘alat qilgancha orqaga o‘tib, Arslonga pichoq sanchdi. Qo‘rqqanidan qo‘li qaltirab pichoqni mo‘ljalidan – yurakdan ancha yiroqqa urdi. Arslon og‘ir og‘riqqa dosh berib, pichoqni orqasidan sug‘urib olib, qochib borayotgan qoraquroqlikka otdi. U dodlab yubordi. Odamlar uyg‘onishlaridan qo‘rqqan Chulchut bilan Kal qochib qolishdi…
 … Arslonning kuragidan pastrog‘i qattiq og‘rirdi. Terakzor tomon gandiraklab borayot-gan Arslon ko‘yligini yirtib, yarasini bog‘ladi. Pichoq o‘rni jonini achishtirib og‘rir, lekin miyasida yolg‘iz bir o‘y – uyiga yetvolish, onasini ko‘rish! Ana, beshik uyurmaga yaqin-lashyapti, onaginasi qo‘lini uzatyapti. Nimadir kelib qo‘lini yalaydi, qarasa, oti. Lochin zorlanganday bo‘ladi. Lekin egasi buni sezmaydi, ko‘z o‘ngida qo‘l uzatib turgan onasi…
Uni terakzordan topishganda behush edi. O’sha ondayoq butun viloyatga xabar ketdi: «Lochin o‘g‘ri qo‘lga tushibdi. Osimboyning mulkiga ko‘z olaytirgan ekan, Olloh taoloning tig‘i parroniga uchrabdi. Viloyatning diyonatli boylaridan bo‘lmish ko‘p shafqat ko‘rsatib, uni buyog‘i qo‘qonlik, uyog‘i toshkentlik eng zo‘r tabiblarga davolatmoqda…»
 Qoraquroqlik o‘g‘rining o‘ligini hech kim so‘rab kelmadi. Arslon uni tanimayman dedi. U Chulchutni, Kalni tanirdi-yu, lekin bu yosh yigitni tanimasdi. Tanigandayam, uning kim-ligini aytmasdi. U yigitning yigirma yoshlar atrofida eshitar ekan, yuragi jizilladi…
 Arslon picha sog‘aygach, uni boyning yerto‘lasiga qamashdi. «Uchinchisi… uchinchisi…» Ortiq qutulish haqida o‘ylamay qo‘ydi. Nuqul ko‘ziga uyurma ko‘rinar, cho‘kib borayot-gan beshikka onasining qo‘llari cho‘zilgancha qolgan, qoraquroqlik o‘g‘ri yigitning qo‘li uyur-ma ichidan Arslonning bilagini mahkam ushlagancha tortardi. «Jazo haq… haq . Nega endi pichoq sanchishganda o‘lmadim? Xudobexabar boylar shuncha pistirma qo‘yishdi, qotillar yollashdi, birontasining o‘qiga uchsam bo‘lmasmidi…» U jazodan qo‘rqmasdi, aslo. Agar, bordi-yu, sazoyi qiladigan bo‘lishsa, otasining, ukalarining ne ahvolga tushishlaridan tashvishlanardi.
 Yerto‘lada uch kecha-yu uch kunduz yotgan bo‘lsa, bugun tong sari ko‘zi ilinibdi. Tuynuk oldi-ga Lochini kelib uyg‘otibdi. Otning ma’yus ko‘zlari bir nimalarga imlarmish. Tuynukdan chiqishi zahoti otini qayoqqadir sudrab ketishibdi. Ot chopib kelib, yerto‘la eshigini buzibdi…
 - Tur, namuncha uyqung qattiq, - Arslon Lochinini haydavorgan odamlarning yoqasidan olmoqqa tutindi. Biroq ikki qadam tashlamasdan, oyog‘idagi zanjir tarang tortildi.
 - Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi, deyishadi-ya. Yana bunga boy ota shafqat ko‘rsatib o‘tirib-dilar. Hoy, ko‘zingni och, boy ota biron-bir tilagi bo‘lsa, aytsin, deyaptilar.
 Arslon xuddi arvohlarni ko‘rayotgandek baqrayib turaverdi. Qarshisida turganlar «e, bor-e» deya g‘azab bilan qayrilishganda, o‘ziga keldi.
 - Tilak?! Boy aytgan so‘zida turadimi? Bo‘pti, ishondim. Agar sazoyi qilishsa, otamni, ukalarimni tashqari chiqqani qo‘yishmasin…
 Yerto‘la devori qahqahadan cho‘chib tuproq to‘kdi. Ikki kishi bir-biriga qarab qorin ush-lagancha qotib-qotib kulishardi.
 - Bo‘pti. Boy ota hech qachon so‘zlarini qaytib olmaganlar, - dedi nihoyat ulardan biri qo‘li biqiniga yugurib.
 Sazoyini u birda ko‘rgandi. Eshakka teskari mindirilgan, qora surkalgan yuz-ko‘zi qon-ga bo‘yalgan kishiga odamlar ayamay tosh otishardi. «Ota, ularga ayting, tosh otishmasin, otishmasin!» O’shanda u otasiga yopishib yig‘lagandi… Endi o‘zi qora eshakka teskari o‘tqazilgan, yuziga qorakuya surkalgan. Namuncha bu qishloqning ko‘chasi ko‘p bo‘lmasa? Hali u ko‘chadan, hali bu guzardan olib o‘tishadi. Tomoshani sog‘inib qolishiptimi, yo Lochin o‘g‘ri deganlarini bir ko‘rvolay, unga tosh otib savob orttiray, deyishiptimi, yaqin-atrofda odam qolmay kelipti o‘ziyam. Ko‘chaning ikki tarafidan tosh yog‘ilar, yuziga, qo‘liga, ko‘kragiga kelib urilar, lekin Arslon qaddini egmasdi. Ie, quramalik qo‘ychi boy ham keliptimi? Yonidagi xizmatkori unga tosh uzatib turibdi. Uch yuzta qo‘yini haydab ketib, kambag‘al tog‘liklar ulashib berishuvdi, endi uch yuzta tosh otar ekan-da. Qutiulug‘lik boy ham keptilar-da. Ular kelmasalar, kim kelardi. O’nlab chaqirim joydan tomosha o‘chlar kelishsa-yu, bu kishim ikki qadam naridan kelmasalar uyat-da. Mitti ko‘zlarining huzurdan qisilganini… Mayli, bir yayrab qolsinlar. Ana-ana, u kishining yonlarida qamag‘anlik boy tosh g‘ijimlab turibdilar. Oting, otaqoling, bir xalta tillaning alami chiqishi osonmi? Sazoyi bir umrga cho‘zilmaydi-ku, vaqt borida otib qoling…
 - O’g‘riga o‘lim!
 - O’g‘irlik qilgan kishining jazosi shu! O’zing qaytar bu gapni, o‘zing qaytar!
 - Boshingni eg, sharmanda, yo tosh bilan egib qo‘yaylikmi? Butun qishloqni nomusga o‘ldirding…
 Zildek so‘zlar quloqlarining yonidan toshlardan qattiqroq vizillab o‘tardi. Lekin yuz-ko‘zini qonga bo‘yagan toshlar ham, yuragini kemirgan so‘zlar ham bo‘ynini egdirolmadi.
Olomon ayovsiz tosh otardi. Nogoh Arslonning ko‘zi «osmondan uyiga boylik tushgan» hamqishloqlariga tushdi. Ularning yuqori ko‘tarilgan qo‘llari o‘z-o‘zidan bo‘shashib, toshlari oyoqlariga tegdi. «Nega toshni tashladinglar? Otsalaring-chi, boy bergan donini tortib olmasin tag‘in!» To‘rt juft ko‘z bab-baravar yerga tikildi, boshlar egildi.
Bularning beshinchisi, imoni bor odam kelmadimikin? Ie, ana-ku! Yoningizdagilarga pichirlashning vaqtimi hozir? Tezroq yerga engashing, tosh deganga qiron kelgani yo‘q, oting, otib qoling imkon borida.
 Imoni bor hamqishloqning yonidagi odamlarning yuzlari qizarib, qo‘llaridagi toshni bildirmasdan chetga tashlashdi.
 Yo‘llar namuncha uzun bo‘lmasa? Qo‘rg‘ongacha hali qancha bor? Yiqilib qolmasa bo‘lgani. Yo‘q, zuvillayotgan toshlar badanini og‘ritmaydi, o‘limdan qo‘rqmaydi u. Lekin hushidan ketmasa bo‘lgani. Hushidan ketsa, boshi egilib qolishi mumkin. Hushidan ketmasa bo‘lgani…
 Arslon o‘ziga g‘amgin tikilib turgan qadrdon chehrani ko‘rib hushyor tortdi. Bir sil-kinuvdi, ko‘z oldini olgan qon nari ketdi. Turdiboy-ku! Ukaginam, yig‘lama, boshingni baland ko‘tar. Men nima uchun o‘layotganimni sen hammadan oldin tushunasan. Boshingni baland ko‘tar!
 E, voh, yana qayoqqa opketishyapti? Terakzorga kelishdi-ku? Nahotki ko‘chalaridan olib o‘tishsa? Boy so‘zida turmasmikin? Otajon, ukajonlar, o‘tinaman, meni kechiringlar…
 Butkul holdan toygan Arslon egilib qolishdan yanada ko‘proq qo‘rqa boshladi. Darvozalari oldiga yetganda, dodlavoray dedi. Titrab-qaqshab turgan ayollar orasida onasini ko‘r-di. Onasi ko‘zlarini yengiga artib, unga tikildi. «Onajon, yomon tush ko‘ribman». «Tushni yomon demaydilar, bolam». Hozir birinchi marta ilojsizligidan qattiq o‘kindi. Qani endi qo‘l-oyog‘ini yechishsa-yu, boydan bir alamini olsa… Alamini ooollsa… Keyin nima bo‘lsayam… To‘satdan boshi egilayotganini sezib qoldi. Alamidan hayqirgisi keldi. Namuncha bu eshak sekin yurmasa? Lochinim qaerdasan? O’limga o‘zing olib borsang, bo‘l-masmidi?!
 Qo‘rg‘onga yetganida eshakni to‘xtatishdi. Arslonning qo‘l-oyog‘ini yechmoqchi bo‘lib borgan xizmatkor uning ko‘zidagi tig‘ sanchayotgan ta’nani ko‘rib iziga qaytdi. Osimboy qamchi aylantirib tushiruvdi, qo‘rqqanidan yuragi taka-puka bo‘lib eshakka yaqinlashdi. Boshini mag‘rur ko‘targan Arslon qimirlamay turardi. Unga qo‘l tegizdi-yu, xizmatkor boyning qamchisidan ham qo‘rqmay orqasiga qaramay qochdi…
 O’likni qishloq qabristoniga ko‘mishga qo‘yishmadi. Lochinxonada yolg‘iz qabr do‘mpaydi. Oqshomlari qabr oldiga bir o‘spirin va bir ot kelardi. Ular ikki tungacha bir-birlari-ni ko‘rishmadi. Uchinchi oqshom uzoqroq qolib ketgan ot egasi o‘lgandan keyin birinchi bor odamdan qochmadi. Ikkov qabr oldida tonggacha qolib ketdi. Tongda esa, daryo kechishdi…
Qishloqda bir oygacha sazoyi haqida gapirishdi. Bir oydan so‘ng esa boshqa gap topildi – boyning uyiga o‘g‘ri tushib, ship-shiydam qilib ketibdi.

 1982 yil, Ispisor

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.