OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Odil Yoqubov. Oshqovoq (etyud)

— Ko‘kterakdanman, dedingizmi, bolam? Maqsud Laylak — degan bo‘lardi, hayotmi?.. Salom aytib qo‘yasiz. Bu haligi... Musavoy polvon-chi?
— U kishi qazo qilganlar, ota...
— E, shunaqami? Joyi jannatdan bo‘lsin! Ko‘p yaxshi odam edi, rahmatlik. Oshqovoq bo‘lmaganda qishlog‘imizda ildiz otib ketarmidi, qaydam. Tuppa-tuzuk ishlab kelayotganida o‘rtadan oshqovoq hangomasi chiqib qoldiyu omadi ketdi bechoraning!
— Qanaqa oshqovoq, ota?
— Ha shu... o‘zing bilgan oyim qovoq-da, bolam... O’ttizinchi yillarning boshimikan, endi xo‘jalik tuzilgan chog‘lar. Musavoy polvon xo‘jaligimizga rais bo‘lib keldilar. U mahalda o‘ttiz ro‘zg‘or ham bir xo‘jalik edi! Sibirga surgun bo‘lgan Qo‘shoqboy — degan boyning uyiga tushdi, qo‘shni bo‘p qoldik. Sal qo‘rsligini aytmasangiz juda mehnatkash, mo‘min-muloyim odam edi, boyaqish. O’ziyam deng, ketmonni urardi azamat! Boshqalarniyam qattiq ishlatardi, o‘ziyam ishlardi shovvoz!
Kuz keldi. Tuzukkina hosil ko‘tardik. G’alladan yolchimadigu ammo lekin sabzavot yomon bo‘lmadi. Hammasidan ham oshqovoqni ayting. Har oshqovoqki, bir eshakka yuk bo‘ladi!
Sovuq tushib qolgan edi, chamamda, bir kuni nima ham bo‘lib, kelin o‘z qishlog‘iga ketdi. Kampirga «Polvonning choy-poyiga qarab tur», deb tayinlab qo‘ydim.
Har kuni qovoq oshi. Nahorgayam qovoq oshi, tushda ham, kechqurun ham.
Bir kuni kampir qovoq somsa qilgan ekan, bir tovog‘ini qizimdan berib chiqardim. Sal o‘tmay qizalog‘im, ko‘zida yosh, qaytib kirdi.
— Polvon amakim chaqiryaptilar, dada!.. chiqdim. Darvozada polvon turibdilar. Qo‘lida boyagi bir tovoq somsa, qovog‘idan qor yog‘adi, vajohatidan odam qo‘rqkulik! Meni ko‘rdiyu gap yo‘q, so‘z yo‘q, haligi somsani tovog‘i bilan boshimdan oshirib hovliga otdi deng!
— Ha, Musavoy, tinchlikmi, o‘zi?
— Tinchlikmi deydi-ya? Uyimdagi hamma oshqovoqni o‘g‘irlab o‘zimga somsa qilib berasanmi? Qani, olib chiq, o‘g‘irlagan oshqovoqlaringni, muttaham!..
— Axir, qaysi oshqovoqni aytyapsiz, polvon? — demoqchi bo‘lamanu qani endi gapga quloq solsa!
O’ziyam polvon desa polvon degudek davangiday yigit edi, yoqamdan ushlab bo‘g‘ib olgan, ovozi do‘rillab, qishloqni boshiga ko‘tarib baqiradi, o‘g‘ridan olib, muttahamga solib so‘kadi! Kaftdekkina joy, labbay deguncha qo‘ni-qo‘shni, butun qishloq ahli yig‘ildi-qoldi. Biz ham o‘zimizga yarasha obro‘likkina chapani yigitmiz, axiyri hushimni yig‘ib: «Musa polvon bo‘lmoq tugul Alpomish bo‘lsang ham, sen bilan bir olishib ko‘ray», deb men ham endi yoqasidan olgan edim, qo‘qon aravada kelin kelib qolsa bo‘ladimi!..
— Ha, Alijonni adasi.. (Alijon degan o‘g‘illari bo‘lardi, hayotmi? Balli! Salom aytib qo‘ying!) Ha, Alijonni adasi? Vo, o‘lmasam, sizga nima bo‘ldi?
— Nima bo‘lardi? Sen u yoqda o‘z darding bilan yuribsan, men dalada ish bilan yuribman, bu o‘g‘ri-muttahamlar bo‘lsa hamma oshqovoqni o‘g‘irlab tag‘in o‘zimga somsa qip bersin!
— Qaysi oshqovoqni aytasiz?
— Qaysi bo‘lardi! O’sha mehmonxonaning burchagida yotgan oshqovoqlarni aytaman-da! Bittasini qoldirmay urib ketibdi-ya, bu muttahamlar!
— Voy adasi tushmagur-ey!.. Men hamma oshqovoqni somonxonaga olib kirib, somonga ko‘mib qo‘yuvdim-ku, ko‘rmabsiz-da, adasi!
Kelin bechora shunday deb, chopib kirib ombordan ikkita oshqovoqni ko‘tarib chiqsa bo‘ladimi!..
Polvonni aytaman, sizga yolg‘on, xudoga chin, bolam, rangida qon yo‘q, turgan joyida yax bo‘lib qotdi, qoldi!
Rahmim kelib: «E birodar, qo‘ying endi, xato bo‘ldi, ko‘rib turibman, xondan ham xato o‘tadi», deyman. Qani endi boshini ko‘tarib yuzimga qaray olsin-chi, bechora!
Shu kuniyoq otga minib tumanga jo‘nadi. Ertasiga ertalab (biz bilmay ham qoldik) sahar payti. Ko‘kterakdan arava olib kelib ko‘chib ketibdi.
— Attang, qurib ketgur shu oshqovoq bo‘lmaganda qishlog‘imizda ildiz otib qolarmidi, qaydam? Ko‘p sodda, ko‘p yaxshi odam edi, rahmatlik!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.