OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Odil Yoqubov. Qalampir (etyud)

Abdulla akaning «O’tmishdan ertaklar» asari muhokamasida bir masala ustida qattiq munozara bo‘ldi.
Asarda, munozara ishtirokchilarining tili bilan aytganda, bitta «nozik» joy bor: qishloqda usta Qahhorning nafasi o‘tkir emish, — degan gap tarqab ketadi-yu, kasalga chalingan qiz-juvonlar uning hujrasiga serqatnov bo‘lib qolishadi. Shu sababdan qishloqda har xil mish-mish gap tarqab, janjalga aylanadi va axir-oqibat usta Qahhor istiqomat qilib turgan joyidan ko‘chishga majbur bo‘ladi.
Muhokama qatnashchilarining aksariyati bu epizod usta Qahhor obraziga putur yetkazadi, — degan bahonada Abdulla akadan uni asardan olib tashlashni iltimos qilishdi. Men asar chiqqandan keyin ham bir-muncha odamlar bu epizoddan norozi bo‘lib yurganlarini, «Axir bu voqealar yoshlarimizga ibrat bo‘lolmaydi-ku!» deganlarini eshitdim.
Bizning adabiy muhitimizda shu yo‘sindagi gaplar ko‘p bo‘ladi. Nega? Masalaga bu tarzda yondashish realizm an’analariga yot-ku? Ulkan realistik adabiyot bunaqa «nozik» voqealarni tasvirlashdan hech qachon «qochgan» emas.
Bittagina misol: M. Sholoxovning «Tinch don» romanida Aksinyani o‘z otasi zo‘rlaydi, Mitka Korshunov Natalyani ta’qib etadi, Darya qaynatasi Panteley Prokofevichga osiladi. Qalampir ta’mi keladigan bunaqa joylar romanda ancha-muncha bor...
Shubhasiz, «Tinch Don»ni olamga mashhur qilgan narsa bunaqa «yalang‘och» joylar emas, lekin romanning bu joylarini olib tashlang-chi, asar, achchiq bo‘lsa ham, bo‘lakcha «maza» berib turgan bir ta’mdan, qalampir ta’midan mahrum bo‘lmasmikan? Albatta, qalampir hammaga ham yoqavermaydi, biroq... nega endi bitta-ikkita me’dasi buzuq oshxo‘rlarni deb, xushbo‘y, serqalampir osh o‘rniga, bo‘tqa shovla yer ekanmiz?

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.