OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olimjon Xoldor. “Novvotning duri...” (esse)

... Mirtemir domlaning ellik yoshligi Yozuvchilar uyushmasining Hamid Olimjon nomidagi adabiyotchilar uyida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Andijondan men ham bordim. Domla bilan yubiley yig‘ilishiga bir oz kechroq keldik. Zal to‘la odam. O‘sha yillari hamma majlislarda to‘rda o‘tiruvchilar yana to‘rda. Yubilyarning o‘zlari esa hech kimning esiga ham kelmayotir. Shu vaqt, majlisga raislik qiluvchi kishi yubiley kechasini ochiq deb e’lon qildi. Ammo, Mirtemir domla to‘rda yo‘q edi.
– I-e yubilyarning o‘zi qayoqda?
Zalning hech kimga ko‘rinmaydigan joyida, qisinibgina o‘tirgan Mirtemir domlaga ko‘zi tushgan majlis raisi darhol uni yuqoriga taklif qildi. Mirtemir domla o‘tirgan joylaridan: “Boshlayveringlar, men shu yerdaman!” – dedilar. Hamma ortga, Mirtemir domlaga qaradi, qarsaklar yangradi.

* * *

Bir kuni Mirtemir domla kechki payt “Toshkent” mehmonxonasining birinchi qavatidagi restoranga meni taklif qilib qoldilar. Bormaslikning iloji yo‘q. Ammo, kamxarjroq bo‘lganim uchun xijolat cheka boshladim. Faqat poezd chiptasiga yetadigan pulim qolgan edi. Nachora! “Nima bo‘lsa, bo‘ldi!” – dedim-da, bordim. Restoranga kirdik. Domla o‘chakishgandek, xilma-xil ovqatlarni, ichimliklarni buyurdilar. Men ovqatni yedimmi, ovqat meni yedimi bilmayman. Bu ham yetmagandek, qo‘shni o‘rindiqda o‘tirgan allaqanday notanish xo‘randaning puli kamlik qildimi, ofitsiantka unga o‘dag‘aylay boshladi. “Boyvachcha yigit, pulingiz yetmasa nima qilardingiz bu yerga kirib?” Domlaning quloqlari ancha og‘ir bo‘lsa-da, bu masxaraomuz gaplarni, nazarimda, mendan ham yaxshiroq eshitdilar. Domla ofitsiantkani chaqirib, xo‘randaga qo‘shimcha ovqatlar va ichimliklar buyurdilar. U yigit hayron. Men esa hech narsani anglamas edim. Shunda, Mirtemir domla menga zimdan qarab, miyiqlarida kulib qo‘ydilar-da: “Hayron bo‘lmang, yigitlikda bu xil voqealar bo‘lib turadi. Men bugun kitobga katta pul olganman, hech chatog‘i yo‘q, xijolatchilik chekmang”, – dedilar.
Xullas, haligi notanish xo‘randaning yegan-ichganigacha hammasining hisob-kitobini ham domla to‘ladilar. U yigit chiqib ketayotib, biz o‘tirgan stolga kelib, domlaning kimligi, ismi-sharifini so‘radi. Domla hech narsa demadilar. Faqat: “Bo‘tam, bunday holat menda ham bo‘lib turadi. Hech xijolat bo‘lmang!” – dedilar, xolos. Shunday qilib, ustoz o‘sha oqshom meni poezdgacha kuzatib qo‘ydilar.
Oradan besh-olti oy o‘tib, yana Toshkentga yo‘lim tushdi. Ustozning hovlilarida o‘tiribmiz. Birdan o‘sha notanish xo‘randa esimga tushib, yigitdan gap ochib qoldim. Domla qotib-qotib kuldilar va bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotini bir boshdan aytib berdilar:
– Bir kuni, – deb gap boshladilar domla, – darvoza tugmasi jiringlab qoldi. Ochsam bir notanish yigit turibdi. Uyga taklif qildim. Shoir yoki yozuvchi bo‘lsa kerak, deb o‘ylab  man. Tashqarida bir yuk mashinasi ham turardi. Yigit: “Domla, siz meni tanimadingiz-a?” – dedi. “Yo‘q, bo‘tam! Shoirmisiz? ” – desam, u qotib-qotib kuldi-da: “Men, o‘sha, bundan bir necha oy oldin restoranda sizni xijolat qilgan yigitman, o‘zingiz ismi-sharifingizni aytmasangiz ham odamlardan so‘rab bildim. Siz Mirtemir domlasiz, shundaymi?” “Ha, shunday!” – dedim. Yigit o‘rnidan turdi-da, tashqariga chiqib mashinadan qovun-tarvuz, u-bularni tushirib, uyimizga tashiy boshladi. U mening “to‘xta-to‘xta”mga ham quloq solmadi. Hamma narsani tashib kirgach, mendan duo olib, xayrlashdi. Endi, men, o‘sha yigitning qaerlik ekanini ismi-sharifini so‘rab qolmaganimga hijolatdaman, dedilar ustoz.

* * * 

Hech qachon esdan chiqmaydigan yana bir voqea. Bir kuni, domla uyga kechroq qaytayotganlarida uch barzangi yigit yo‘llarini to‘sgan:
– Qani, omon qolay desang uzat, puldan cho‘z, – degan ularning kattasi dag‘dag‘a qilib.
– Pul yo‘q! – Domla cho‘ntaklarining ichu tashini ochib ko‘rsatganlar.
– Cho‘z deyapman! 
– Marhamat, o‘zlaringiz qidirib ko‘ringlar, topganlaringiz o‘zlaringizniki bo‘lsin!
Yo‘lto‘sarlar domlaning ichki va tashqi cho‘ntaklarini qaytadan titib tashlashgan. Hech vaqo topisholmaganlar. Shunda, ular: “Sen shoir yoki o‘qituvchi bo‘lsang kerak!” – deyishgan.
Domla deganlar:
– Bolalarim, topolmadilaringiz, endi, meni uyga olib borib qo‘yinglar, uydan olib chiqib beraman. Uyda pul bor. Axir, sizlarning ham bola-chaqalaringiz bor, tirikchilik qilishlaringiz kerak-ku!
Yo‘lto‘sarlar bir-birlariga qarashgan. Cholning qo‘lidan hech ish kelmasligini faxmlagan yigitlar uni qo‘ltiqlashib, ko‘cha boshigacha birga kelishgan.
– Agar aldasang yoki militsiyaga telefon qiladigan bo‘lsang...
– Men hech qachon yolg‘on gapirgan emasman, hozir, shu yerda kutib turinglar, – deganlar-da, domla uyga kirib ketganlar.
Anchadan keyin domla yigitlar tomon kela boshlaganlar. Yigitlar hayratga tushganlar. Yaqin kelib, bir tutam pulni ularning kattasiga tutarkanlar, shunday deganlar:
– Mana, bolalarim! Sizlargayam qiyin, bola-chaqalik bo‘lsalaringiz kerak?! 
Yo‘lto‘sarlar boshlig‘i pulni oliboq, “rahmat”ni ham unutishib, juftakni rostlab qolganlar.
Markazdagi restoranga borib pulni sovurishgan va yigitlardan birining kayfi oshib qolganmi yig‘lab turib degan:
– Birodarlar, bizlar ham odam bo‘ldikmi, o‘sha cholning pulini olib, yedik-ichdik, undan hech narsa qolmadi. Men bugundan boshlab bu “hunar”ni tashlaganim bo‘lsin. Yigitlik sha’ni shu bo‘ldimi?..
Oradan bir yil o‘tgach, uchala yo‘lto‘sar domlaning uylariga kelishgan. Domla esa, bu vaqtda o‘sha hangomaning hammasini unutib, o‘z xayollari bilan band bo‘lganlar. 
– Xush kelibsizlar yigitlar, bizga qanday xizmat bor, shoir yoki yozuvchimisizlar, qulog‘im sizlarda, bo‘talarim!
– Otaxon biz o‘g‘rilarmiz, yo‘lto‘sarlarmiz.
– Tavba, bunday gaplarni birinchi marta eshitishim. Hech qachon o‘g‘ri: “Men o‘g‘riman!” – demaydi-ku. Qandoq bo‘ldi tushunmayapman, bo‘talarim?! 
– Eh, otaxon, biz bundan bir yil burun kechasi yo‘lingizni to‘sgan o‘g‘rilarmiz. Axir, uyingizdan pul olib chiqib berdingiz-ku? Nima degan odam bo‘ldik. Yedik, ichdik, o‘zimizga ta’sir qildi. O‘sha, sizni to‘sgan kunning ertasigayoq, bu “hunar”ni tashlab, uchalamiz ham ishga joylashdik. Haloldan, mehnatdan topib, o‘sha sizdan olgan pulni olib keldik. Otaxon siz bizni tarbiyaladingiz, rahmat, pulingizni olib qo‘ysangiz!
– Kechirasizlar, men hech narsani eslay olmayman. Birovning pulini olishga hazar qilaman, hech kimga pul bergan emasman...
Shunday qilib, ustoz, uchta yo‘lto‘sarni tarbiyalab, odamlar safiga qo‘shganlar.

* * *

Andijon safarlaridan birida Mirtemir domla shoir Abduxalil Qoraboevga: “Bozordan novvotning duridan olib kelishini” iltimos qilib, pul berdilar. Abduxalil Qoraboev bir qog‘oz yashikda to‘la novvot olib keldi. Domla juda xursand bo‘ldilar. “Qani ochib ko‘raylikchi, dur ham ikki xil bo‘ladi, oqi va sarig‘i, oqi yaxshiroq bo‘ladi”, – deb yashikni ochdilar. Abduxalil Qoraboev domlani xursand qilganidan juda mamnun edi. Novvotlarni ko‘rib domlaning peshonalaridagi chiziqlar ko‘payganday bo‘ldi. Domla novvotni uchga ajratdilar. Ikki kilogramchasini: “Bu menga. Dur degani qozonga tegmay ipga terilib pishiriladi. Qolganlari sizga mendan siylov”, – dedilar. Men ham, Abduxalil Qoraboev ham shundan keyin novvotning farqiga boradigan bo‘ldik.

* * *

Telefon jiringlab qoldi.
– O-Olimjon, assalomu alaykum, bu men – Mirtemirman. Gap shunday, kelasi hafta shanba kuni to‘y, qizni kuyovga uzatyapmiz.
– Juda yaxshi, albatta, boraman. Bizga qanday xizmat bor?
– Andijonlik hofiz Fattohxonni Toshkentda dovrug‘i baland. Iloji bo‘lsa mening nomimdan to‘yga taklif qilsangiz.
– Xo‘p bo‘ladi.
Ustoz bilan xayrlashib go‘shakni joyiga qo‘ydim. Endi Fattohxonni topishim kerak. U nima der ekan. Hofiz mening eng yaqin qadrdonim, “yo‘q” demas. To‘g‘ri hovlisiga bordim. O‘g‘li Imomjon: “Dadam Toshkentda, havaskor moqomchilarni televizorga olib ketgan, menimcha, ular “Do‘stlik” mehmonxonasiga tushgan bo‘lsalar kerak”, – dedi.
To‘ydan ikki kun avval, Toshkentga uchdim. To‘yxona emas, mehmonxonaga yo‘l oldim. Fattohxonga uchrab, bor gapni aytishim kerak, axir, va’da berib qo‘yganman. 
Mehmonxona ostonasiga endi qadam bosgan edimki, Fattohxonning o‘zlari ichkaridan chiqib keldilar. Lotereyasiga yutuq chiqqan odamlarday suyunib ketdim, quchoqlashib ko‘rishdik.
– Sizni izlab keldim.
– Yo‘g‘-e!
– Ha shunday, Mirtemir domlani bilasizmi?
– U kishini kim bilmaydi.
– Shu odam sizni to‘yga aytgan, qizini kuyovga uzatyapti ekan. Ertaga to‘y.
– Albatta, boraman.
– Men hozir borib domlani tinchitay, ertaga sahar kelib sizni olib ketaman.
– Ovora bo‘lmang, uylarini bilaman, o‘zim boraveraman.
– Birga borganimiz yaxshimasmi, hurmatingiz.
– Unda, maylingiz – dedi Fattohxon.
Toshkent to‘ylari boshqacharoq bo‘larkan. Taniqli san’atkorlar kelishib, bitta-ikkitadan ashula aytishib ketaverar ekanlar. Ertamangi oshdan toki oqshomgacha shunday davom etaverar ekan. Ayniqsa, kechqurungi bazm qizigandan-qizirkan. Navbat Fattohxonga kelganda, u ovoz kuchaytirgichni bir yonga surib qo‘yib, yigirmadan ortiq qo‘shiqni bir-biriga ulab tashladi. Ana olqish, ana qarsak. Bazm tonggacha davom etdi, hech kim uxlamadi, domlaning xursandchiliklari ham bir olam edi.
Nonushtadan keyin, domla meni yonlariga chaqirib: “Hofizni rozi qilishim kerak” – deb qoldilar. Domlaning xatti-harakatlarini fahmlagan Fattohxon ikki shoyi chorsiga uch-uch qilib tugub qo‘yilgan, bazmda tushgan pullarni domlaning qo‘llariga tutqazmoqchi bo‘lib:
– Mirtemir aka, bu bizdan to‘yga qo‘shanch. Sizdan hech narsa kerak emas, – dedi.
Mirtemir domla hayratda goh menga, goh Fattohxonga qarab: “Ajab, ajab!” – deb turardilar.

* * *

To‘yning ertasiga To‘ra Sulaymon, Husan Ro‘zimatov, G‘affor Mo‘minov va kamina taniqli olim Naim Karimovning xonadoniga borib “xordiq” chiqardik. Qanaqa dam olish? Naim aka bizni mehmon qildi. So‘ngra karta tashladik. Mening qo‘lim baland kelib, mezbonni ham, mehmonlarni ham qoqlab qo‘ydim. To‘ra Sulaymonni hatto ustiboshlarigacha yutib oldim.
– To‘rajon, endi, bas qiling, yana o‘ynamoqchi bo‘lsangiz bir shart bor. Konyakdan bir piyola ichasiz, o‘n so‘m beraman.
– Ros-a, hech kimga aytish yo‘g‘-a?
– Gap bitta bo‘ladi, – dedi Naim aka jiddiy.
To‘ra Sulaymon bir piyola konyakni oldi, o‘n so‘m berdim. U birinchi qo‘ldayoq yana yutqazdi. Ikkinchi, uchinchi piyolaga ham o‘n so‘mdan berdim. Ammo, baribir, ishi yurishmadi...
Tongga yaqin qotib uxlab qolibmiz. Bir vaqt ko‘zimni ochsam, To‘ra Sulaymon cho‘ntaklarimni kovlab: “Hech bo‘lmasa yo‘lkira bering!” – deb iljaydi. Kula-kula pullarini egalariga qaytarib berdim...
Ertalab “Hormang”ga to‘yxonaga bordik. Mirtemir domla odatlaricha bizlarni iliq kutib oldilar. Nonushta tayyor edi. Bosh og‘rig‘i qildik. To‘ra Sulaymon esa avvalgiday o‘zini “so‘pi” ko‘rsatib, sir bermay, “ichmayman” deb turardi. Shunda ustoz: “To‘rajon, bir piyola olsangiz biz ham o‘n so‘m beramiz!” – dedilar.
O‘rtada shavqli kulgi ko‘tarildi.

* * *

Mirtemir domla tayinlagan dorilarni olib, Toshkentga yetib bordim. Taniqli kishilar davolanadigan shifoxonadamiz. Kasalxonaning davolovchi shifokori dorilarni ko‘zdan kechirar ekan: “Mo‘miyoiy asil” deganlari shu, bunaqasi aptekalarda bo‘lmaydi, zap topibsiz, domlangizning dardiga davo shu. Darhol qaynatilgan sutga qorishtirib ichish kerak”, – dedi.
Shu xonaning o‘zida dori tayyorlandi, domla “mo‘miyoiy asil” aralashmasini ichdilar. “Mazza-ku!” – deb maqtanib qo‘ydilar. So‘ngra, ozg‘in qo‘llarini yuzlariga surtib: “Umringdan baraka top, kam bo‘lma bo‘tam!” – deb duo qildilar. “Bu yigit shogirdim Olimjon, andijonlik” – deb meni doktorga tanishtirdilar. Og‘riq ancha bo‘shashdi, shekilli, domla ozgina mizg‘igan bo‘ldilar. Anchadan keyin ko‘zlarini ochib: “Hech uxlolmayotgan edim, ancha mizg‘idim, shekilli?” – deb yana duoga qo‘l ochdilar. Ustoz, birdan nima uchundir, hazrat Navoiyni eslab ketdilar. 
– Husayn Boyqaro do‘sti – Alisher Navoiy vafotidan bir hafta o‘tgach, bomdod namozini o‘qib bo‘lib, tashqariga qarasa, lopillatib qor yog‘ayapti, hammayoq oq libosda. Kiyinib, do‘sti qabrini ziyorat qilish uchun hozirlik ko‘ra boshladi. Ikki mulozimi bilan yo‘lga chiqdi.
Husayn Boyqaro dahma ichida, do‘stining qabri ustida yig‘lab turgan bir qizga ko‘zi tushdi. Biroq, unga ko‘pam e’tibor bermadi. Qur’on tilovat qildi. Yuziga fotiha tortgandan so‘ng, qarasa, yarim o‘kinch, yarim adovat bilan yoshli ko‘zlarini unga tikib turgan bu qiz tanishga o‘xshardi. “Ajabo, bu kim bo‘ldi, kim? Axir, bu Guli-ku! Guli! U o‘lganiga ko‘p bo‘lgan yoki arvohmikan?”
Husayn Boyqaro so‘z qotmay, tashqariga chiqdi. Otini yetaklab o‘ylar og‘ushida ancha piyoda yurdi... “Aytishlaricha, bu ayol shoir dafn etilgan kundan boshlab, har kuni paydo bo‘lar, qabr yonida yig‘lab o‘tirar emish. Bu kim? Ha, bu sevgi malikasi, Alisherni shoir qilgan o‘sha Guli edi.
Bundaylar hech qachon o‘lmaydilar. Alisher o‘lmaydi, Guli ham o‘lmaydi. Tirikligida o‘z yurtida nom taratgan bunday zotlar, o‘lganlaridan keyin dunyoga taniladi, ularni jahon biladi. Ha, shunday!..”
Ustoz Mirtemirning ushbu bashoratli rivoyatlari tafsilini ko‘p yillar o‘tib, endi-endi anglayotgandayman. Bu ustoz bilan oxirgi suhbatimiz va uchrashuvimiz edi.
Mirtemir domla o‘lmaydilar. Domla hamisha biz bilan, hamisha barhayot. Bizni qo‘ying, keyingi nevara, chevara, evara shogirdlari ham Mirtemir domla maktablaridan hali ko‘p bahramand bo‘ladilar... 

* * *

Kamina Mirtemir domla bilan bo‘lgan ba’zi uchrashuvlar, suhbatlar, shuningdek, o‘zim guvohi bo‘lgan ayrim voqealarni esladim, xolos. Ustoz haqida ko‘p yozish, so‘zlash, xotirlash mumkin. 
O‘zbekiston xalq shoiri, kamtar inson, ustoz Mirtemir ruhiga hamisha ta’zim qilaman. U kishi men va boshqa shogirdlari uchun doimo ibratdir. Ustozning o‘tnafas lirik she’rlaridan bahramand bo‘layotgan mustaqillik davri yoshlari faxr bilan Mirtemir domlani o‘zlariga ma’naviy ustoz deb bilishlariga ishonchim komil.

Bilib qo‘y, biz yomon odam emasmiz,
Bizga qo‘ymasinlar mayliga haykal.
Bizdan keyin motam tuting, demasmiz,
Yetar eslab, lablar titrasa sal-pal...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.