OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olimjon Xoldor. Tushunish (hikoya)

Professor Mavlaviy unga termulib qoldi. Nima uchundir ko‘zoynagini olib, shishalarini dastro‘molchasi bilan artgan bo‘ldi va qaytadan taqdi. “Hm”, deya o‘rnidan turdi-da, xona bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
Aftidan u shogirdidan bunday takallufsizlikni kutmagan, bu unga o‘ta hurmatsizlik, shakkoklik bo‘lib tuyulgan, endi esa unga munosib javob berishga, javob berganda ham o‘z mavqe-martabasini yerga urmaydigan salmoqli, zarbali so‘zlar topib aytishga chog‘lanardi.
Nozim esa bosh solib o‘tirar, g‘isht qolipdan ko‘chgan, faqat professorning oxirgi gapini eshitish qolgandi uning uchun...
— Hm... — dedi nihoyat professor deraza oldida to‘xtab, tashqariga ko‘z tikarkan. — Shunaqa degin.

* * *

Nozim o‘rta maktabda a’lochi o‘quvchilardan hisoblansa-da, o‘qishni davom ettirish niyati yo‘q edi. Gap shundaki, u hali o‘n to‘rt yoshli o‘smir ekan, ota-onasidan judo bo‘ldi: ular dovonda avtohalokatga uchrashdi. Nozim ikki birday norasida singlisiga ham ota, ham ona o‘rnida qolib, ularga bosh-qosh bo‘lib kelayotgandi. Shu vajdan to singillarini o‘qitib, oyoqqa qo‘ymaguncha o‘z orzu-havaslaridan tiyilib turmoqchi edi. Singillar ko‘nmadi. Toshkentga ketasiz, o‘qishga kirasiz, vassalom, deb turib olishdi.
Talabalik yillari bo‘lajak huquqshunos kunduzi o‘qib, kechalari vagondan ko‘mir tushirdi, mashina yuvish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Uning sodda va halolligini bilgan o‘sha deparadagilardan biri ishonib yengil mashinasini ijaraga berdi. Nozimning ishlari yurishib ketdi. O‘zidan orttirib singillariga pul jo‘natib turdi. U darslarni qoldirmas, bo‘sh vaqtini kutubxonada o‘tkazar, har xil o‘yin-kulgularga ko‘ngil bermasdi.
Oradan yillar o‘tib, singillari ham o‘zlarini eplaydigan bo‘lib qolishdi. O‘shangacha na kursdoshlari, na domlalar Nozimning tunda nimalar bilan mashg‘ul bo‘lganini bilishmadi.
Nihoyat, talabalik davri ortda qoldi. Kim kelajakda kim bo‘lishi tajribali ustozlarga ayon. Vazirlik va boshqarma tomonidan eng iste’dodli talabalar tanlovi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Nozim bu tanlovga qatnashmaslikka harakat qildi. Ammo bir hafta oldin tanlov qatnashchilarining ro‘yxati e’lon qilingan, unda Nozimning ham ismi-sharifi bor edi.
Tanlov suhbatlari boshlandi. Qatnashchilarning aksari: “Men olim bo‘lib yurtimga ko‘proq naf keltiraman, fanning rivojiga o‘z hissamni qo‘shaman”, kabi rasmiy gaplardan nariga o‘tmasdi. Navbat Nozimga keldi. Tanlov raisi so‘radi:
— Nozimjon, siz iste’dodli talabalarimizdansiz. Boshqa niyatlaringiz bo‘lmasa, aspiranturada olib qolsak, degandik. Sharoitingizni bilamiz. Ammo, qirqiga chidagan, qirq biriga ham chidashi kerak. Biz ham qarab turmay, yordam beramiz. Mana, muhtaram Mavlaviy domlamiz sizga ilmiy rahbar bo‘ladilar...
— Ishonchingiz uchun rahmat, lekin...
Mavlaviy domlaga ko‘zi tushdiyu, e’tirozga chog‘langan Nozim o‘z-o‘zidan “mayli, roziman”, deb yubordi. Sochlari qordek oqargan xushsuvrat professorning marhamatli otalardek kulimsirab turishi uni sehrlab qo‘ygandi.
— Ha, bu boshqa gap, — dedi rais jilmayib, — sizga omad tilayman!..
— Faqat bir iltimosim bor, — dedi Nozim professor Mavlaviy tomonga bir qarab olib, — agar mumkin bo‘lsa...
— Ayting.
— Aspiranturada sirtdan o‘qisam. Ishlab turib, ilmni tajriba bilan qo‘shib olib borsam, degandim.
— Rahbaringiz rozi bo‘lsalar, marhamat?
— Men roziman, — dedi professor o‘ziga yarashgan mayin jilmayish bilan.
— Demak, kelishdik, — dedi raislik qiluvchi so‘zini muxtasarlab, — omadingizni bersin.

* * *

Nozimjon Andijonga qaytib, huquq mahkamalarining birida ish boshladi. Birinchi galda singillarini o‘z xohishiga qarab turmushga uzatdi. O‘zi esa sobiq kursdoshi, xorazmlik Gulsara ismli qiz bilan ahdlashib, to‘y muddatini bir muddat orqaga surdi.
Mavlaviydek katta domlani aspiranti bo‘lgandan keyin tez-tez Toshkentga borib, qoralagan ishlarini ko‘rsatib maslahatlarini olib turishi kerak. U har gal Toshkentga borganda ilmiy rahbari: “Ishni tezlashtir, muddating yaqinlashmoqda”, deb shoshtirar va qo‘shimcha topshiriqlar berib yuborardi.
Gohida domlaning shaxsiy topshiriqlari ham bo‘lib turardi: “ertaga qizimning tug‘ilgan kuni, mehmonlar kelishadi, Anjonda u-bu narsalar arzonroq, deb eshitaman...”. “Kennoying ayollar bilan gap yeydi, narigi haftada uning navbati, esingdan chiqmasin...”
Nozim domlaning topshiriq va sha’malariga “Xo‘p bo‘ladi!” deyishga deydiyu, keyin boshi qotadi. Oriyat o‘limdan qattiq. Va’da berdingmi, ustidan chiq, yigitmisan aytganingdan keyin bajar-da! Nozimjon domlaning yumushlarini qarz-havola qilib bo‘lsa ham ado etib yurar, og‘rinmaslikka harakat qilardi.
Bir safar domla qo‘ng‘iroq qilib, “Nozimjon, yuqoridan komissiya bor, ular hali senga ham ko‘p kerak bo‘ladi. O‘n kishilik choyxona xarajatini, suv-puv, meva-cheva deganlariday... olib kelsang. O‘tirishda o‘zing ham bo‘lasan. Ular bilan tanishib olsang yomon bo‘lmaydi”, dedi.
Endi nima qilish kerak? Oxiri o‘z to‘yiga deb atab qo‘ygan narsalarini bozorga olib chiqib pulladi. Domla nimaiki degan bo‘lsa, hammasini muhayyo etib, Toshkentga uchdi.
Mavlaviy domla Nozim olib kelgan narsalarni qabul qilib oldi va ularni ikkiga ajratdi. “Mana bular shu yerda qolsin, bularni ol-da, Qodiriy bog‘iga g‘izilla, oshga unnab tur, mehmonlarni o‘zim boshlab boraman”.
Osh damlangan vaqtda domla paydo bo‘ldi.
— Qalay, tayyorgarlik bo‘lyaptimi, ichimlik kamroq ko‘rinadi, qizilidan yana ikkita olib kel, bolam.
— Xo‘p bo‘ladi, — dedi Nozimjon ruhsizroq ohangda. Axir Andijonga qaytishda yo‘l puli deb asrab qo‘yganini ham sarflab yuborsa... endi telefonini sotib chipta olishga to‘g‘ri keladi.
— Endi, Nozimjon o‘g‘lim, sen o‘zimnikisan, mehmonlar juda nozik odamlar, sen ularga ko‘rinmasang ham bo‘ladi. Ishlaringni o‘zim bitiraman. Ular shubha qilib yurishmasin.
Nozimjon ilk marta og‘rindi. Indamay choyxonadan chiqib ketdi.

* * *

Mavlaviy domla shahar markazida, kattagina hovlida yashaydi.
Nozimjon bu hovliga navbatdagi kelishida eshikni oppoq yuzli, nozik va istaraligina qiz ochdi.
— Anjandanman, domla yo‘qlagandilar, — dedi Nozimjon.
— Oyim bilan to‘yga ketgandilar, hademay kep qolishadi, — dedi qiz. Nozim shunda e’tibor qildi: qizning bir qo‘li xiyol titrab turardi. “Bechora shunday chiroyli qiz-a!”— deya ich-ichidan unga achindi.
— Singlim, siz kimlari bo‘lasiz? — dedi unga ergashib hovliga kirarkan.
— Qizlariman.
— Oldin hech ko‘rmaganim uchun so‘radim, kechirasiz.
— Hechqisi yo‘q, — qiz siniq kulimsiradi, — o‘tirib turing, men choy opkelaman.
— Hojati yo‘q, kelib qolarmikanlar?
— Xijolat bo‘lmang, aka, sizzi kelishizzi aytgan edilar.
Qiz dasturxon yozdi.
— Singlim, men domlaning aspiranti bo‘laman.
— Bilaman, adamla sizzi juda maqtaydila, bu yigit mening kelajagim deydila... Ismim Nozima
— Xursandman tanishganimdan, men Nozimjonman.
— Adash ekanmiz, — dedi qiz jilmayib...
Suhbat qovushdi. Nozima o‘z nozik tabiatiga ko‘ra ko‘proq musiqa, asosan g‘arb kompozitorlari asarlari xususida gapirdi. Nozimjon uncha tishi o‘tmasa-da, o‘qigan, eshitganlari yuzasidan munosabat bildirib turdi.
Katta darvoza ochilib, domla ayoli bilan kirib keldi. Ikki yoshning yonma-yon, ochilib-sochilib o‘tirganlarini ko‘rgan chol-kampir bir-birlariga ma’noli qarab qo‘yishdi.
— Keldingmi, o‘g‘lim? — dedi Mavlaviy domla shogirdi bilan ko‘risharkan, — To‘ylarimiz shunaqa, erta tongdan boshlanib, to kechgacha davom etaveradi. Yaxshi o‘tiribsizlarmi? Akangni zeriktirib qo‘ymadingmi, qizim?
— Hoy qizim, — dedi kampir norozi ohangda, — dasturxoningda hech narsa yo‘q-ku! Qani, darrov qozonga qarab yubor, bir chimdim osh damla. Axir mehmonni ham shunday kutib oladimi?
Nozimning qarshiligiga qaramay, professor ham xotinini quvvatladi.
— Shunday qil, qizim. Ungacha biz akang bilan daftarlarni bir varaqlaylik-chi, unda nima gaplar bor ekan. O‘g‘lim, Nozimjon, o‘tgan safar mendan xafa bo‘lmadingizmi? Shunaqa xonasi edi-da.
— Yo‘g‘-e, men to‘g‘ri tushundim...
Nozimjon Mavlaviy domlaning birinchi marotaba yayrab, ochilib-sochilib o‘tirganini ko‘rishi edi.
Domla qo‘lyozmalarga tez-tez ko‘z yugurtirar ekan, “bo‘ladi, bo‘ladi, bu ham bo‘ladi, o‘zim qarashib yuboraman”, deb qo‘yardi. Bu kutilmagan takalluflar tagiga yetolmagan Nozimjon “rahmat, minnatdorman”, deb bosh irg‘ab qo‘yar, ammo dilining chekkasida mubham bir xayollar g‘imirlar, nega, nega deb so‘roqqa tutardi.
— Bo‘p qopti, endi buyog‘ini tezlashtirsang, bir-ikki oy ichida himoyaga qo‘ysak ham bo‘ladi. Qo‘rqma, o‘g‘lim, o‘zim yoningda bo‘laman, himoyang yaxshi o‘tishiga kafilman.
— Rahmat domla, ishonganim faqat siz-da! — dedi Nozimjon o‘zi unchalik istamagan holda.
— Qullug‘, o‘g‘lim, bundan keyin hech tortinmay, o‘z uyingga kelganday to‘g‘ri kirib kelaver. Bizaning yoshimizam bir joyga borib qoldi. Hovli-joylar kimlarga qoladi? Ilmda ham mening soham bo‘yicha sendan boshqa hech kim yo‘q. Seni menga Xudo yetkazdi. Mendan keyin ishimni sen davom ettirasan, Nozimjon bolam.
— Minnatdorman, domla!
“Tavba, nima bu, omadmi, yoki?..”
— Bir umr Xudodan o‘g‘il tilab yashadim. Mana, qariganda bir qiz ato etdi, shunga ham shukr. Ko‘ryapsanmi, u ozgina nogiron, lekin turmush qursa yaxshi bo‘p ketadi. Mutaxassislarning xulosasi shunday. Topgan-tutganim shu qizimniki deb yashayapman, o‘g‘lim!
Oshu obdan keyin ular yana ancha gurunglashib o‘tirishdi. Kechga yaqin domlaning qistoviga qaramay, Nozim vokzalga chiqib ketdi. Ana shu kundan boshlab domla ilmiy davralarda Nozimjonni tildan tushirmay maqtar, uni ishongan shogirdlarimdan biri der edi.
Nozimjon domlasining bu qadar o‘zgarib qolgani sababini har holda anglab yetdi. Qizi yolg‘iz, buning ustiga... Domlani tushunishga harakat qildi: Qizini ishonchli, sinalgan yigitga topshirmoqchi. Lekin!..
Ha, uning ko‘ngliga og‘ir botgan narsa, domlasi nega bu qadar ochiq-oshkora taklif qilyapti? Shogirdining xohish-istagi bilan hisoblashmayapti ham. Qo‘li qisqa odamni bemalol o‘z yo‘rig‘iga solish mumkin deb o‘ylayaptimi?!
Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas domla telefonda Nozimjonni chaqirib: “O‘g‘lim, bir kelib ket, ishing hal bo‘ldi, ancha-muncha chalasini shu yerda bajarishingga to‘g‘ri keladi”, dedi...
Nozimjon yana domlaning hovlisida: qo‘lyozma qayta-qayta varaqlanmoqda. Ishni uchga ajratishdi: “bo‘ladi, ishlash kerak, bo‘lmaydi”. “Bu yog‘ini tezlatish bizga, avtoreferatni chiqarish va tarqatish esa himoyachining ishi”.
— Endi o‘g‘lim, buyog‘i toshkanchilik, yeydigan-ichadigan, yotadigan-turadigan joying bor, faqat ishlash, ishlash kerak, qizim ham yordamlashib yuboradi.
Nozimning xayolidan kechgan o‘ylar to‘g‘ri chiqmoqda. Domlaning niyati aniq: Nozimni qo‘ldan chiqarmaslik, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab olish!
— Domla, sizni ancha ovora qiladiganga o‘xshayman.
— Hech narsa emas, o‘g‘lim, himoyangdan keyin shu yerda qolasan, men qaridim, ishimni, bor bisotimni senga topshiraman. Istasang, hovlini ham senga xatlab, ikki qo‘llab tutaman, — dedi domla komil ishonch bilan.
Nozim hal qiluvchi daqiqalar kelganini fahmladi. Hozir u ikki yo‘ldan birini tanlashi kerak. Xo‘sh, nima qilsin? “Yo‘q, domla, kechirasiz, men Toshkentda qololmayman, axir ota-onam chirog‘ini yoqib o‘tirguvchi kimsa yo‘q!” desinmi? Agar u shunday deb masalani ko‘ndalang qo‘ysa, nimalar bo‘lishini ko‘z oldiga ham keltirolmas edi.
— Himoyani qaysi kunga qo‘ysak ekan, nima deysan, o‘g‘lim?
— Bilmay qoldim, singillarim bilan bir maslahatlashib, so‘ngra aytsam bo‘larmikin, domla?
— Himoyadan keyingi dasturxonni nazarda tutayotgan bo‘lsang, u yog‘ini ham pishirib qo‘yganman, barcha xarajatlar bizdan.
— Yo‘q, domla, o‘zi shundog‘am sizdan qarzdorman. To‘yga atalgan ozgina jamg‘armam bor edi. Shuni sarf qilaman. To‘y keyinroq o‘tsa ham bo‘laveradi.
— Qanaqa to‘y, Nozimjon?
— O‘zimniki-da domla, o‘zingiz bosh bo‘lasiz.
— U yog‘i ham tayyor, to‘yni avval shu yerda, so‘ngra qishlog‘ingda o‘tkazamiz.
Nihoyat fursat yetdi. Endi orqaga surib bo‘lmaydi.
Nozim ertami-kechmi ko‘pdan boshini g‘ovlatib yurgan sirni domlaga bildirishi kerak edi. Oxir majbur bo‘ldi.
— Domla, sizni tushundim. Ochig‘ini aytsam, juda yaxshi qizingiz bor, aqlli, kamtarin. Qolaversa, sizday mehribon, bag‘rikeng ustozdan ko‘p yaxshiliklar ko‘rdim. Lekin, taklifingizni qabul qilolmayman. Unashtirilgan qizim bor.
— Nima, nima deding?
— Ha shunday, keliningiz Xorazm qizi... Uni taniysiz, kursdoshim Gulsara.
Professor unga termulib qoldi, ko‘zoynagini olib, dastro‘molchasiga artgan bo‘ldi-da, qaytadan taqdi. “Hm”, deya o‘rnidan turdi-da, xona bo‘ylab yura boshladi.
Nozim bosh solib o‘tirar, ustidan chiqariladigan hukmni yurak yutib kutardi.
— Hm, shunaqa degin...
Professor unga emas, derazadan tashqariga qarab dedi.
— Demak, eshaging suvdan o‘tib oldi-da, a?
— Domla...
— Chuchvarani xom sanabsan. Men tirik ekanman, hech qachon himoyang bo‘lmaydi.
Nozim hayrat bilan domlasiga tikilib qoldi: odam bolasi bu qadar buqalamun bo‘lmasa?! Hozirgina mehribon ota edi. Endi ashaddiy dushman!
Nozim bir xayoli o‘rnidan sapchib turib qo‘lyozmalarini burdalab tashlamoqchi bo‘ldi. Lekin, otasi tengi odamga bunday munosabatda bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
Ko‘zini yerdan olmagan holda, chuqur xo‘rsindi-da:
— Domla sizni tushunaman, lekin meni ham tushuning, iltimos. Ilojim yo‘q. Beburd bo‘lishni, odamgarchilikdan chiqishni istamayman.
Nozim o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, eshikka yo‘l oldi.
— Xayr, yaxshi qoling...
Professor bir zum angrayib qoldi-da, so‘ngra shoshilinch hovliga chiqdi. Biroq darvoza oldida shahdi so‘nib, turib qoldi.

* * *

Nozimjon bir haftalar o‘tib, Toshkentdan telegramma oldi.
“O‘g‘lim, seni tushundim, kelib himoyangni qilishing mumkin. Mavlaviy”.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.