Bir paytlar kiyish rasm bo‘lgan “shaytonteri” degan gazlamani bir kun kim bilib, kim bilmasligi mumkin.
“Shaytonkavush” degan, bir kunlar chapdast ustalar o‘yinchoq-kavush to‘qigan yoki “shaytonkosa” degan, kishini devona qiladigan o‘tlar nomi-yu, ularning o‘zini ham bu kun ehtimol, birov bilib, birov bilmaydi. Kitoblarda o‘qib, ma’nosiga tushunmaydi.
Lekin ko‘pchilik velosipedni hamon ba’zan “shayton arava” deydi. Bu so‘zlardan har birining shaytonga nimadir daxli bor. Qachondir rasmga kirgan velosipedni mingan kishi ko‘chada lip etib ko‘z oldidan o‘tib ketganida “shayton arava” degan gap xayolga kelgan bo‘lishi kerak.
Qisqasi, Abduvosit ismli kishi o‘g‘li Vosilga:
— Tug‘ilgan kuning ekan. Yur! — dedi. — Senga bironta ulov olib bermoqchiman. U yoq-bu yoqqa borganda minarsan...
Ota-bola ko‘chaga chiqib, shahar etagidagi anqoning urug‘idan bo‘lak hamma narsa sotiladigan katta bozorga kelishdi.
Ular bozor atrofidagi maydonda eshak, ot, keyin bir necha arava mingan chollarni ko‘rishdi.
— Menga qolsa, senga eshakmi, otmi olib berardim. Ikkisi ham, bobong minib yurardilar, mehnatkash hayvon! — dedi Abduvosit. — Faqat, katalakdek uyga eshakni, otni qanday olib kirasan? Shaharda har kim buning uddasidan chiqolmaydi. Men yoshligimda goh-goh arava minganman. Arava olib berardim-ku, hatto imkoni bo‘lgan kishi ham aravani garajga kiritib qo‘yolmaydi. Sig‘maydi...
— Bo‘lmasa, nima olib berasiz, dada? — toqatsizlanib so‘radi Vosil.
— Bitta velosiped. Shayton arava! Mendan sovg‘a... Mashina olib berardim. Ilojim yo‘q. Qo‘lim qisqa Mashinani katta bo‘lganingda o‘zing olarsan.
Inson bolalikdan sharoitga bo‘ysunib qanoatga odatlanib boradi. Xalq iborasi bilan aytganda, ko‘rpaga qarab oyoq uzatishga o‘rganadi. Vosil velosipedga ham rozi, dadasidan minnatdor, boshi osmonda, xursand edi.
Ota-bola uch-to‘rt do‘konga kirib chiqishdi. Bolabop mitti velosipeddan g‘ildiraklari odam bo‘yidan baland haybatli velosipedlargacha tiqilib yotibdi. Ammo o‘smirga mos mo‘‘jaz bironta velosiped ko‘rinmaydi... Axiyri, xayriyat, ularning qidirgani topilgandek bo‘ldi.
— Mana, shu bizniki! — dedi Abduvosit ko‘ksini ko‘tarib.
— Siz uni ololmaysiz, amaki, — dedi Abduvositga razm solib sotuvchi.
— Nega?
— U juda qimmat.
— Mashinadan qimmat emasdir? — dedi Abduvosit.
— Har qanday mashinadan ham uning narxi yuqori.
— Nega? — deb yana so‘radi Abduvosit.
— Uni olimlar yangi ixtiro qilgan. Hammayoqda bemalol yuradi.
Bunday savdo Abduvositning hamiyatiga tegdi. O‘zbekni o‘ldirsa, hamiyat o‘ldiradi. Birovdan o‘zingni kam deb bilish, bunga iqror bo‘lishga yuzing qanday chidaydi? Yergina yorilmaydimi?
— Og‘zingga siqqanini ayt. Biz uni olamiz! — dedi Abduvosit.
Sotuvchi osmon bahosini aytdi. Abduvosit cho‘ntaklaridan bor pullarni so‘nggi tiyinigacha chiqarayotib, o‘g‘li oldida ortiq xijolat chekmaslik uchun:
— Bolam! Sen aravangni olib chiqaver. Yurgazib ko‘r-chi! — dedi.
Vosil shu gapni kutayotgani aniq edi.
U velosipedni yetaklab, do‘kon eshigi ostonasidan o‘tib-o‘tmay minib oldi.
Velosiped boshda eshakka o‘xshab hangrab shataloq otgandek bo‘ldi. Keyin, otga o‘xshab pishqirdi. Keyin, aravaga o‘xshab g‘ijirladi. Nihoyat, mashinadek guvillab shiddat bilan o‘rnidan jildi.
Vosil mingan ulovi mashinaga aylanib yo‘lga tushgunga qadar pinagini buzmagan, kutilmaganda ro‘y bera boshlagan voqea, aqlga sig‘maydigan holatdan shunchaki hayron qolishdan nariga o‘tmagan edi. Mana, endi yangi ixtiro qilingan “jonivor” uning irodasidan tashqari, o‘z-o‘zicha harakatga kirganini payqadi. Bundan ham dahshatli joyi, u aksincha, ostidagi ulov irodasi bo‘yicha ish tutib beixtiyor, murvati buralgandek qo‘l-oyoqlarini qimirlatib borayotganini sezdi.
Albatta, Vosil oddiy hurmat va odob yuzasidan dadasini kutmoqchi, dadasi bilan birga uyga qaytmoqchi edi. Lekin bu telbalarcha oldinga intilgan-suringan shayton aravani to‘xtatishning chora-imkoni bo‘lmasa-chi? Sening xohishing biron narsani hal qilmasa-chi? Shu asnoda boshqa bir holat uning diqqatini tortdi. Chor atrofda mashina g‘ujg‘on o‘ynaydi. O‘ngu so‘lda barcha shoshib-hovliqib borayapti. Bunisi mayli. Yo‘lda raqobat degan dardisar bo‘lar ekan. Yoningdan o‘tgan kishi borki, senga allaqanday adovat bilan, o‘qrayib qaraydi. To‘g‘ri kelsa, ular Vosilni bosib-yanchib ketaverishga tayyor.
Vosil hech bo‘lmasa, shayton arava qayoqqa borayotganini bilsa ekan!
Shu payt u mingan ulov qaysidir dengiz bo‘yiga borib qoldi. Vosil orqaga burilib qarasa, dadasi halloslab yugurib kelyapti:
— Bolam! Ehtiyot bo‘l. Shoshma! O‘zingni unutib, nobud qilib qo‘yma...
Vosil yana dadasini kutolmadi.
Velosiped oldin kemaga aylanib suv yuzida, keyin kitga o‘xshagan yopiq-qayiqqa aylanib suv ostida suzib ketdi. Dengiz sahrodek cheksiz bir olam-ku, ammo bu yerda ham ko‘rpa ostida tepishganga o‘xshab raqobat, biri-biriga bardosh bermay ba’zan yuz bergan halokat, nima qilganda ham, ko‘ringan-ko‘rinmagan xavf-xavotir bor ekan. Vosil his etdi: bu yerda o‘zing-o‘zingni yo‘q qilishdan bo‘lak, birovlar kutilgan-kutilmagan xatti-harakati bilan seni mahv etishi hech gap emas! Xudo asrasin!
Shundan so‘ng shayton arava dengizdan chiqib, qaysidir toqqa o‘rmalab ketdi. Naq cho‘qqiga yetganida oldin pirpirakka, keyin tayyoraga, keyin havo kemasiga aylanib, Yerdan ko‘tarilganicha, Osmon qa’riga sho‘ng‘iy boshladi. Vosil qarasa, dadasi hamon orqadan halloslab yugurib, bulutdan-bulutga, yulduzdan-yulduzga sakrab o‘tib, ovozi boricha baqirib kelayapti:
— Bolam! Bolajonim...
Osmonda ayniqsa, ahvol og‘ir ekan. Yerda birov xabar topgan-topmagan, eshitgan-eshitmagan yulduzlararo ayovsiz jang borayotgan ekan. Vosil mingan shayton arava to‘ppa-to‘g‘ri mana shu jang maydoniga kirib borsa bo‘ladimi? Vosil umrida velosiped minib bir kuni bunday ahmoqchilikka duch kelishini o‘ylamagan edi. Gangib, esi og‘ib qoldi.
Ayni shu soniyada o‘q tegdimi, biron falokat turtib o‘tdimi, shayton arava bexos siltanib-titrab, shuv etganicha, qaytib Yerga tushib keta boshladi. Bir mahal nihoyat, to‘p etib bozordagi do‘kon eshigi oldiga kelib tushdi.
Vosil o‘zini o‘nglab olishga ulgurmay, dadasi ham halloslab yugurib kelib qoldi.
Ota-bola do‘konga kirishdi.
— Bu matoni almashtirib beraqoling, — dedi Abduvosit.
— Siz nima, taraqqiyotga qarshimisiz?
— Taraqqiyot yaxshi, — dedi Abduvosit. — Lekin ogoh bo‘lgan ham ziyon qilmaydi.
Sotuvchi omborxonadan boshqa velosiped olib chiqdi.