OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otauli. Diydor (hikoya)

— Hoy, shoir, turing, tashqarida sizni qandaydir rasvo so‘rab kelibdi!
Mehmonxona xodimining bosh ustiga engashgan ko‘yi shivirlab aytgan bu gapi Abdulhamidning uyqusini daf’atan o‘chirdi. Kuni bo‘yi do‘stlari bilan vodiy bo‘ylab qilingan safar-sayohatlari, adabiyot ixlosmandlari bilan qizg‘in uchrashuvlardan charchab-toliqqan, shu bois qotib uxlayotgan odamga uyg‘onish osonmi?! Lekin “rasvo” deganlari!.. “Rasvo”ning kimligini bu odam, umuman, atrof-javonibdagi bandai g‘ofillar qayoqdan bilsin! Ko‘nglida kuchli sog‘inch hissi bosh ko‘tarib, bo‘g‘ziga bir nido baayni toshdek qadaldi: “Otam”! O‘g‘il ota bilan ko‘rishib-qutlasholmay, chinakam ota-o‘g‘il sifatida suhbatlasholmay yurganida nahot otaning o‘zi o‘g‘il bilan diydorlashib-qutlashgani kelib turgan bo‘lsa?! Axir bu yorug‘ olamda “Rasvo” bittagina, u ham bo‘lsa, padari buzrukvori Sulaymonqul bazzoz-ku!
Bir paytlar yolg‘iz o‘g‘lini Andijondan Toshkent sari kuzatar ekan, otasining kuyib-yonib aytgan dil so‘zlari quloqlariga baayni qo‘rg‘oshindek quyilib qolgan: “Men yuvuqsiz harom-harish pastkashlar bilan har qadamda yovdek kurashib, baloxo‘rlarning basharalariga ko‘zgu tutib yashayotgan rasvoyi raddi balo, ashaddiy rasvoyi jahonman! Shuning uchun o‘zimga “Rasvo” taxallusini tanlaganman. Elning ozodligiyu yurtning obodligi yo‘lida kuyib-yonib ado bo‘lgan buyuk haqgo‘y Ado — Adoyining shogirdi ekanimdan faxrlanaman! Shoyadki, ustozga munosib shogirdlik menga ham nasib bo‘lsa!
Ustozning so‘zu lafzdagi ishlarini davom ettirib, bu jafokash xalqning boshiga yog‘ilgan balolarni o‘zimga olib, mayli, men har qancha rasvoyi raddi balo bo‘lay, faqat ona xalqim balolardan tezroq qutilib, yelkasi oftob ko‘rib, peshonasi yarqirasa shoyad! O‘zing ko‘rib turibsan, ey, nuriy diydam! Mening-ku, shu yo‘lda bo‘larim bo‘ldi, kundan kunim battar!.. Endi sen o‘zingga hushyor bo‘l! Bu ko‘pni ko‘rgan xalq “qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi”, degan gapni bilib aytgan! Gapning qisqasi shuki, endi sen mendan uzoqroq yurishing kerak bo‘ladi, o‘g‘lim! Toki “Rasvoning o‘g‘li!” degan tavqi la’nat sening yorug‘ kelajagingga soya tashlab yurmasin! Bu jahon ayvonida kamdan-kam shoirning o‘g‘li shoir bo‘lgan! Shoir otadan shoir o‘g‘il chiqqan taqdirda ham ulardan hech biri otadan o‘zgan o‘g‘il bo‘lolmagan! Qaniydi, endi shunday misli ko‘rilmagan baxtu tole senga nasib qilsa! Buning uchun qadamingni o‘ylabroq bosishing, avvalo, dushman ko‘zi qilib otangdan uzoqroq turishing, otangning uyidan qadamingni uzishing kerak! Men – qadimchi, sen – jadid bo‘lgach, buyog‘i qadimchilar bilan jadidlar anchadan buyon to‘qnashayotganini, balki to‘qnashtirilayotganini yaxshi bilasan! Shuning uchun erta bir kun ota bilan o‘g‘ilni urishtirib tomoshamizni ko‘rish ishtiyoqida turganlarni qattiq dog‘da qoldiraylik ikkimiz! Mayli, vaqtincha ko‘rishmasak, ko‘rishmaylik, faqat urishtirishlariga yo‘l bermaylik! Xudo ko‘rsatmasin, agar diydor qiyomatga qolgudek bo‘lsa, sendan roziman, sen ham mendan rozi bo‘l!.. Agar ko‘rishishga zarurat tug‘ilsa, men seni o‘zim topaman, lekin zinhor sen meni yo‘qlab kelma, uqdingmi? Mening shu gaplarimni xohla – nasihat, xohla – vasiyat deb bil, o‘g‘lim!..”
Abdulhamid mehmonxona hovlisiga chiqib, to‘lin oy yorug‘ida quchoq ochgan ko‘yi o‘ziga peshvoz yurgan otasining bag‘riga otildi: “Otam! Otaginam! Otajonim!.. Birinchi tarbiyachim, birinchi muallimim, birinchi ustozim, birinchi piri murshidim!.. Dalli o‘g‘ilning mubham kelajagini deb diydorni qiyomatga qoldirish fikridan qaytganingiz haq-rost bo‘lsin, otajon! Nahot bu ko‘zlarim aldamayapti? Nahot eshitganim yolg‘on emas!.”
Abdulhamid oydinda otasining qadrdon ruxsoriga, tiyran ko‘zlariga intizorlik bilan tikildi. Keyingi yillarda faqatgina tushlarida ko‘rayotgan padari buzrukvorining diydori!..
Otasi uni bag‘rida tutgan ko‘yi ovozi titrab hayajon bilan shivirladi:
— Tezroq tashqariga chiqib, holiroq joyga o‘taylik, o‘g‘lim! Tag‘in kimdir bizni birga ko‘rib qolmasin!..
Ota-o‘g‘il mehmonxona hovlisidan kimsasiz ko‘chaga chiqdilar. Ko‘zdan panaroq joyda yuzma-yuz o‘tirdilar. Ota o‘g‘ilga sinovchan tikildi:
— Qalaysan endi, o‘g‘lim? Bosh-ko‘zing sog‘-omon, ishlaring yaxshimi?.. Yaqinda “Tong sirlari” kitobingni, ayniqsa, unga Julqunboy yozgan ajoyib so‘zboshini o‘qib bir quvondim-bir quvondim! Ishqilib, iloyo ko‘z tegmasin, balo-qazolardan Yaratganning o‘zi asrasin seni ham, ustozingni ham!..
Abdulhamidning aqli bovar qilmadi:
— Mening bu yerdaligimni qayoqdan bildingiz, qanday topib keldingiz, ota?..
Otasi mamnun jilmaydi:
— Ertalab choyxonada bir necha shoir-yozuvchilar vodiyda yurganini eshitib qoldim. Shahardagi yagona mehmonxona shu bo‘lganidan keyin, axiyri tun yarmida keldim-da, qorovulning qo‘liga bir so‘lkovoy berib, “Cho‘lpon degan shoirga “Seni rasvo chaqiryapti” deb ayt, dedim. “Rasvosi nimasi?” deb hayron bo‘lgan edi, “Sen shunaqa deb aytaver, sendan nima ketdi” deb bazo‘r ko‘ndirdim. Buyog‘ini mana, o‘zing ko‘rib turibsan!
Abdulhamid otasiga tikilgan ko‘yi angrayib qoldi. Ich-ichdan bir toshqin toshib chiqqanday bo‘ldi. Ha, mana, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib turibdi! Mana, Mavlono Muqimiydan ming karra hokisorroq, ona tuproqdek bechora bir zot! O‘g‘lining poyqadamiga jonini poyandozdek to‘shashga tayyor jonsarak ota! O‘zini yer deb bilgan samo dil zot – “Rasvo”. Shu taxallusdagi ulug‘ shoir, Cho‘lponning birinchi ustozi!.. Ovozi titrab so‘radi:
— O‘zingiz qandaysiz, otajon? Og‘rimay, qiynalmay sog‘-omon yuribsizmi?
— Xudoga shukur, o‘g‘lim! Omonchilik!
— Singillarim, jiyanlarim yaxshi yurishibdimi?
— Ular ham yaxshi, o‘g‘lim. Hammalari seni qattiq sog‘inishgan. Ayniqsa, men... kunduzga bazo‘r chidadim-da, kechasi uyqum qochib, “O‘g‘lim o‘z oyog‘i bilan shahrimizga kelganida diydorni qiyomatga qoldirmay, hech kimga bildirmay imi-jimida bir diydorlashib qolay”, deb...
Ota o‘g‘ilga sinovchan tikildi:
— Seni qidirib kelishimdan maqsad faqat diydorlashish emas, o‘g‘lim, shu bahonada aytar so‘zlarim bor! O‘zing ham yaxshi bilasanki, ko‘p yillardan buyon jadidlar qadimchilarni yomonotliq qilib, ularga malomat toshlarini otib kelayotgan edi! Mana, keyingi yillarda “musht ketdi” bo‘lib, endi sho‘rolar jadidlarni yomonotliq qilib boshlashdi. Xudo biladi, erta bir kun kimlar sho‘rolarga qarshi chiqar ekan! Ular el-yurtga balo bo‘ladimi, yo balogardon? Bilmadim, bu xalq qachongacha ikkiga-uchga bo‘linib, bir-biri bilan qirpichoq bo‘larverar ekan! Qachon bu xalq qutlug‘ bir g‘oya atrofida birlashadiyu kim bu xalqqa to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi! Fikri ojizimcha, ana shu qutlug‘ g‘oya ham bu xalqning bir necha ming yillik tarixiy o‘zligini, ham hozirgi zamona zaylini o‘zida ifodalashi kerak! Men shu qutlug‘ yo‘lda qo‘ldan kelgancha harakatimni qildim. Endi “tegirmonning navbati” senga kelib turibdi! “Tong sirlari” bilan qo‘ygan birinchi qadaming qutlug‘ bo‘lsin! O‘zim ko‘rib-kechirganimdan kelib chiqib aytsam, she’riyat tuyg‘ularni qo‘zg‘ashning ta’sirchan usuli, biroq nasr ham tuyg‘ularni, ham fikrlarni qo‘zg‘ovchi hamda hayotni aniqroq tasvirlovchi ta’sirchanroq usul, zamona zaylidir, zamonaning ovozidir. Senga ham otalik, ham ustozlik nasihatim – mayli, she’r yozish ishtiyoqing so‘nmasin, biroq butun kuch-g‘ayratingni nasrga qarat! Shu kecha-kunduzda sho‘rolarning oyoq olishidan qo‘rqqulik bo‘lib turibdi! Qani endi, xalqning qutlug‘ o‘tmishiyu mustamlaka tuzumining butun avra-astarini ko‘rsatadigan bir yirikroq asar yoza olsang! Qolaversa, bu xalqning kelajagi nima bo‘ladi, bu xalq to‘g‘ri yo‘lga qanday chiqib oladi, dunyoda o‘zining munosib o‘rnini qanday egallaydi, shular haqida ham yozsang... — Ota tin oldi, so‘ngra davom etdi. — Toki xalq do‘st kim, dushman kim, kuch va e’tiqodni qaerdan olishi kerakligini bilsin! Nima deding, o‘g‘lim?..
— To‘g‘ri aytasiz, otajon! O‘zim ham shunday bir oliy maqsadni o‘ylab yurgan edim. Mana, ustozim ikki mashhur romani bilan mustamlaka arafasidagi hayotni aniq-ravshan ko‘rsatib berdi. Qani endi men mustamlaka davrining butun zimistonini yoritib, bu zimistonni yorib chiqa olsam!..
— Yasha, o‘g‘lim! Xudo senga quvvat berib, o‘z panohida asrasin! Yodingda bo‘lsin, xalq dushmanlari bunday asarlar yozilishiga tish-tirnoqlari bilan qarshi bo‘ladi. Hatto sening o‘zingni “xalq dushmani” deb ayblashdan toymaydi! Shuning uchun sen endi yanayam hushyorroq bo‘lishing kerak, o‘g‘lim!..
Shu payt kimdir sarpoychan holda mehmonxonadan hovliqib chiqib, atrofga alanglagan ko‘yi ovoz berdi:
— Cho‘lpon! Cho‘lpon, deyman! Qaerdasiz, do‘stim? Qorong‘ida kim bilan topisha qoldingiz?!.
Otaning yuragi shuvillab o‘g‘ilga tikildi:
— Kim bo‘ldi bu? Seni chaqiryapti-ku, o‘g‘lim?..
Abdulhamidning dil qa’rida bir to‘fon bosh ko‘tardi go‘yo. Ayni lahzalardagi ahvol-ruhiyasini otadan sir tutib o‘tirmadi – baribir, hammasini besh qo‘ldek biladi!
— Hamxonam, aniqrog‘i, doimiy hamrohim bu odam! Butun ishi meni, iloji bo‘lsa, halajoygacha kuzatib borib, har bir qadamim haqida kerakli joylarga xabar berib turadigan shaxsiy poyloqchim, o‘zimning qo‘shquloq jonsizim! Haligina dong qotib uxlab yotgan edi, birdan uyg‘onib to‘shagim bo‘shligini ko‘rgan-da, “Tun yarmida qayoqqa gumdon bo‘ldi bu, ertaga so‘rashsa nima javob qilaman?” deb o‘zicha qattiq bezovtalangan!..
Ota astoydil afsus-nadomat chekib boshladi:
— Obbo! Sen bilan diydorlashaman deb, ko‘ngil izmiga yurib, ikki o‘rtada o‘zim istamagan holda qovun tushirib qo‘yibman-ku, o‘g‘lim! Senga chatoq bo‘lib yurmasin tag‘in! Bor, bora qol, o‘g‘lim! Faqat zinhor sir boy bera ko‘rma! “Otam bilan diydorlashdim” dema! “Uyqum qochib, ko‘chaga o‘zim aylanib chiqqan edim”, degin, xo‘pmi?..
Abdulhamid otasining irodasiga bo‘ysungan ko‘yi u bilan unsizgina quchoqlashib xayrlashar, ehtimolki, vidolashar ekan, naq bo‘g‘ziga kelib tiqilgan toshni bazo‘r yutib-yutinib, ohista shivirladi:
— Xo‘p, otajon, xo‘p! Siz ham o‘zingizni ehtiyot qiling!.. — Cho‘lpon jadallab uzoqlashayotgan otasining ortidan termulib turdi. So‘ng mehmonxona tarafga ovoz berdi: — Mana, men buyoqdaman, do‘stim! Darrov sog‘inib qoldingizmi, nima balo!..
Qorong‘ulikda aziz diydordan dili yorishib turgan Cho‘lponga bir qora yaqinlashar, biri esa tobora uzoqlashib borar edi. Bu “qora”lar bir-birini ko‘rmasdilar.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 35-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.