OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otauli. Birovning dardi (hikoya)

Kutilmaganda og‘riq zaptiga oldi. Beli naq siniqqa o‘xshaydi. Boshi aylanib, ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Bir joyda mixlangandek qadalib o‘tirib ishlaydigan odamning joni-jahoni belida bo‘ladi, shekilli-da! Qirq yildan beri uzzukun belkurakda yer ag‘darganida ham pinak buzmay, og‘riq nimaligini bilmagan bu baquvvat belning hozirgi og‘rig‘i... keyingi kunlarda o‘qtin-o‘qtin shunaqangi zaptiga oladiki, dunyo ko‘zingga tor ko‘rinib ketadi. Nazarida, shu topda o‘tiraversa hushini yo‘qotadigandek. Beixtiyor o‘rnidan turib tashqariga otildi. To‘qqiz qavatli oynavand bino oldidagi yo‘lak bo‘ylab dam u tomonga, dam bu tomonga beto‘xtov odimlar ekan, ikki qo‘li bilan qotib qolgan belini uqaladi.
To‘g‘ri, noshukurlik kimga kerak, belining quvvati — pushti kamaridan bino bo‘lgan o‘g‘il-qizlari oyoqqa turib, es-hushlarini tanishdi. O‘zi ham, xudoga shukur, oltmishdan yetmishga qarab omon-eson o‘tib oldi. Yetdim deganda yiqilmasa bas endi! Ayni «O‘g‘il uylab, qiz chiqaradigan yoshimda ketma-ket to‘ylar-u nevaralar ko‘ramanmi men ham!» deya shirin orziqib yurganida... qaydan paydo bo‘lib qoldi bu «belog‘riq» degan yopishqoq balo! Koshki uncha-muncha qo‘lbola emlashlar kor qilsa! Og‘riq kuchayganida joni ko‘ziga shirin ko‘rinib, chopqillagancha uyiga boradi-da, beliga shifobaxsh yog‘ surkab to‘shakka o‘raladi. G‘arq terga botganida... birdaniga bo‘g‘in-bo‘g‘inlari bo‘shashib, allanechuk yengil tortib, beixtiyor mudrab ketadi. O‘rnidan turganida o‘zini qushdek yengil his qiladi. Qarabsizki, bir muddat avvalgi zabun holini paqqos unutib, tag‘in bitmas-tuganmas tashvishlarga andarmon bo‘lib ketaveradi. Shifokorlarga aniq tashxis qo‘ydirib, iloji bo‘lsa, biron shifoxonada yotib davolanishga, bu baloyi nogahondan butkul xalos bo‘lishga anchadan buyon hafsala qilmaydi. Aniqrog‘i, qo‘rqadi! Xudo nasib qilsa, endi to‘y ko‘raman deya astoydil chog‘lanib turganida shifoxonaga yotgudek bo‘lsa, go‘yo qaytib turolmaydigandek tuyulaveradi. Roppa-rosa qirq besh yil muqaddam qirchillama yoshida soppa-sog‘ yurgan otasi endigina balog‘at yoshiga yetgan to‘ng‘ichini uylantirish taraddudida yurganida bir oshnasining uyiga ulfatchilikka borganiyu, shu joyda o‘zini behuzur sezib boshini yostiqqa qo‘ygani, shu-shu bosh ko‘tarolmay, vido so‘zini aytolmay bu yorug‘ olamdan ko‘z yumib ketgani... Kutilmagan fojiadan keyin o‘zining yetimlikda ko‘rgan-kechirganlari! Bularni unutib bo‘ladimi! Qanaqasiga unutish mumkin?!
Yana bir ko‘rgilikni hech qachon unutolmaydi u! Aytishlaricha, ayni shu ishxonasidagi ayni shu lavozimda ishlab yurgan bir qadrdoni to‘ng‘ich qizini uzatayotib ayni to‘y chog‘ida kutilmaganda bandalikni bajo keltirgan ekan! Bu baxtsiz tasodifga nima sabab — o‘zi bir umr intilib bazo‘r yetgan to‘y quvonchini yuragi ko‘tarolmaganmi? Jo‘jabirdek odam, to‘y taraddudida yugurib-elaverib, axiyri yetdim deganda toyib yiqilganmi? Yo boshqa sabablar ham bor edimi? Buyog‘ini endi Xudo biladi. Uning bilgani shuki, o‘n yetti yil muqaddam o‘sha bexos juvonmarg ketgan akaxonining o‘rnida ish boshlagan edi u! Bunday «o‘rinbosar»lik ham, xuddi yetimlikdek, chidaganga chiqarilgan!.. Demak, zinhor-bazinhor yetdim deganda yiqilmasligi kerak! O‘zini har qanday xavf-xataru baloyi nogahonlardan asrashi kerak!
Shunday ahd bilan jadal odimlar ekan, kutilmaganda o‘n qadamcha naridagi muhtasham binoning atrofiga o‘ralgan naqshinkor panjaraga suyangan ko‘yi tetapoya go‘dakdek allanechuk chayqalib turgan bir odamga ko‘zi tushdi. O‘zicha «Mastmi, nima balo?» deya ajablanib tikildi. Ammo u mast emas, bemorga o‘xshardi! Ustiga ustak, shundoqqina ko‘z oldida chalqanchasiga yiqildi-yu uzala tushganicha qimirlamay qoldi! Hushidan ketdimi... Bir xayoli shu o‘n qadamcha masofani uch-to‘rt hatlab, to‘siqlardan o‘tishning mashqini olgan otdek sakrab borib, uning boshini ko‘targisi, «O‘zingizni qo‘lga oling, aka, nima bo‘ldi sizga?» deya hushiga keltirgisi, agar hushiga kelavermasa, «Hoy, odamlar, yordam bering!» deya qichqirgisi keldi. Lekin, afsuski... shu topda nainki beli, oyoqlari ham, tili ham toshdek qotib qolganga o‘xshardi. Ayni lahzalarda kuni kechagina o‘zi o‘qigan buyuk adibning so‘nggi romanidagi bir ayanchli manzara butun dahshati bilan qayta namoyon bo‘ldi. Tog‘ qoplonini o‘limdan qutqaraman deb o‘zini o‘limga mahkum etgan bechora inson!.. Joni uzilgan Jaabarsning yoniga bazo‘r yetib borib jon taslim qilgan qahramon! U-ku, orqa-oldini ko‘pam o‘ylayvermaydigan ozod qush, o‘limga tik boqishdan hayiqmaydigan so‘qqabosh erkak edi. Binobarin, unga ikki dunyo bir qadam edi. Ko‘z oldidagi o‘lik jon ham inson emas, nihoyati hayvon, oshini oshab, yoshini yashagan qoplongina edi. Lekin o‘zi shu topda dard ustiga chipqonni ko‘tara oladimi?! Basharti anovi odam hushidan ketib yiqilgani zahoti jon taslim qilgan bo‘lsa, bu fojiani ko‘rib o‘zi ham jon taslim qilmaydimi?! Jon bermagan taqdirida ham, uni yomonotliq qilishga anchadan buyon qulay payt poylab yurgan raqiblari lapashang-landovurlikda, qotillikda, yana allambalolarda ayblab, jonidan to‘ydirmaydimi? Shu topda ko‘zlariga ayon ko‘rinib turgan omonatgina joni bunday dard ustiga chippa yopishgan chipqon azobini ko‘tara oladimi?! Basharti ko‘tarolmasa, to‘y umidida turgan o‘g‘il-qizlarining holi ne kechadi? O‘ziga o‘xshab endigina baxt uyining ostonasidan hatlayman deb turishganida, yetimlikdek dahshatli ko‘rgilikka giriftor bo‘lishadimi?! Undan ko‘ra, jonini asrab, «Tuya ko‘rdingmi — yo‘q!» deya ko‘rib-ko‘rmaganga olib ortiga qayta qolgani ma’qulroq emasmi?! «Qani, nima qilar ekan?» deb atayin yotib olgan bo‘lsa-chi? Ana, nariroqda bir odam har ikkisiga zimdan ko‘z tikib turganga o‘xshaydi-ku! Yana boshqa ko‘rinmas ko‘zlar ham qadalib turgandir balki?..
U shahd bilan ortiga burilib, kelgan yo‘lida ravona bo‘ldi. «Zo‘rdan zo‘r chiqqanda...» deganlaridek, bel og‘rig‘i taqqa to‘xtab, uning o‘rniga dil og‘rig‘i — vijdon azobi xuruj qila boshladi: «Ol-a! Bu kuningdan o‘lganing yaxshi emasmi sen qo‘rqoqning?! Yordamingga muhtoj odamni ko‘ra-bila turib o‘z tinchingni o‘ylab qochib qolding-a!..» Vijdonining oldida o‘zini oqlashga urindi: «Nima qilay axir, o‘zim ham shu topda yordamga muhtoj bo‘lib turgan edim-da! Qolaversa, otam o‘lganidan keyingi qariyb yarim asrlik umrim o‘zgalarning dardini o‘zimga olib, og‘irini yengil, mushkulini oson qilishlarda kechdi. Aqalli birontasi «Otangga rahmat!» demadi. Aksincha, bu yaxshiliklarga javoban faqatgina dakki-dashnom, ta’na-malomat eshitdim. Oqibatda, mana, o‘z dardim o‘zimga yetib ortib turibdi. Shu ahvolda birovning dardini qanday ko‘taray, o‘zing jiddiyroq o‘ylab qara, hoy, Vijdon?! Yaqinda bir qadrdonim o‘zining achchiq tajribasidan kelib chiqqan hikmatli gapini aytdi — o‘zing ham eshitding: «O‘lgan o‘lib ketaveradi, lekin men yashamoqchiman, demakki, o‘lish uchun emas, yashash uchun kurashaman!». Ha, hammaning yashagisi keladi! Mening ham yashagim keladi, xolos! Shu istagimni ham men bechoraga ayb qilib taqamoqchimisan endi, hoy noinsof Vijdon?! Sening dastingdan o‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim-ku!..».
Uzoqroqdagi «xatarli manzil»larga bormay, ishxonasining shundoqqina oldidagi yo‘lakda o‘z vijdoni bilan kurashganicha odimlar ekan, biror haftagina avval mutlaqo kutilmagan tarzda ro‘y bergan bir voqea yodiga tushdi.
O‘shanda dam olish kuni o‘g‘il-qizlari bilan ikki soatcha elektrichkada yo‘l yurib, besh-olti soat dala hovlisida «dunyoning ishlarini saranjomlab», charchab-horib ortlariga qaytar ekanlar, kutilmaganda... beli og‘rib qolmadi-yu, lekin xuddi hozirgidek dili xufton, yuragi vayron bo‘ldi: avvaliga har gal dala hovlisiga borayotganida yo kelayotganida, albatta, o‘ziga ro‘para bo‘ladigan bir «xira pashsha» bu gal ham shundoqqina ko‘z oldidagi bo‘sh o‘rindiqqa abjirlik bilan o‘tirib olsa bo‘ladimi! «Turqingni ko‘rmay sening!» deya boshqa joyga qochib qutulishning mutlaqo iloji yo‘q! Chunki hafta oxiridagi so‘nggi qatnov emasmi, odam tirband! O‘g‘il-qizlari bilan bo‘sh o‘ringa o‘tirib ulgurishgani uchun xudoga shukur qilsa arziydi! Tog‘ning ajib manzaralarini tomosha qilib bir bekatgina tinch-xotirjam, bahuzur-bamaylixotir yo‘l yurishdi. Navbatdagi bekatda qarasa, ochiq derazaning oldida, shundoqqina ko‘z o‘ngida bir kampir... qo‘lida ulkan shisha idish to‘la asalni ko‘tarib, unga yolvorib turibdi:
— Shuni ushlab turing, ukam, men hozir tepaga chiqib borib qo‘lingizdan olaman, maylimi?
Kampirning nimagadir allanechuk bejo boqib turgan ko‘zlariga qarab, ko‘ra-ko‘ra ko‘zi pishib, anchagina ko‘sa bo‘lgan emasmi, bir shumlikni sezdi. Imkon qadar silliqroq «sirg‘alib chiqish»ga urindi:
— Ochig‘ini aytsam, ishlay-ishlay qo‘llarimda shu topda jon qolmadi, opajon, ko‘tarolmay sindirib qo‘ymay tag‘in, asalingizni o‘zingiz olib chiqavering, maylimi?..
Rad javobini kutmagan ekanmi, yo tepaga qarayman deb oyoq ostidagi toshlarga sirpanib munkidimi, haytovur, kampirning boshi ustida — uning ko‘z oldida ohista chayqalib turgan shisha idish yerga tushib chil-chil bo‘ldi. Ichidagi asal toshloqqa yoyildi. Uning orasida suvqog‘ozga o‘ralgan allanima, hoynahoy qoradori sinchkov ko‘zlariga aniq-ravshan ko‘rindi! Bunisi kamdek, kampir shundoqqina ko‘z oldida hushidan ketib yiqildi. Eng qizig‘i — ro‘parasida allanechuk olazarak bo‘lib o‘tirgan «xira pashsha» o‘rnidan sapchib turib, izdihomni bosa-yancha apil-tapil pastga intildi... O‘rnidan qo‘zg‘algan elektrichkaning ochiq derazasidan ortiga burilib qarab ko‘rdiki, haligi «xira pashsha» kampirning oldiga yugurgilab borib, uni turg‘azib, usti-boshini qoqa-qoqa allanimalarni uqtiryapti!.. Bir fikr miyasiga chaqmoqdek urildi. Agar ko‘ngilchanlik qilib, o‘sha idishni qo‘liga olganida, haligi kampirga sherik-hamtovoq sifatida qamoqqa tiqilishi muqarrar edi! Ko‘zga aniq-tiniq ko‘rinib qolgan bir balo-qazoga gariftor bo‘lib, makkorona tuzilgan to‘rga tushishdan xudoning o‘zi asradi o‘shanda!
Xotirasida qayta jonlangan bu voqea shunga o‘xshash boshqa voqealarga ham o‘z-o‘zidan ulanib ketdi.
Esida, bir paytlar o‘g‘li uzoq xorijiy mamlakatga o‘qishga otlanar ekan, unga shunday nasihat qildi: «Soddadil, ishonuvchan xalqmiz, o‘g‘lim. Kimlardir hamisha ana shu nozik joyimizga ta’sir qilib, ustalik bilan foydalanmoqchi bo‘lishadi. Shuning uchun atrofingda yurgan o‘zingdan chiqqan balolardan ehtiyot bo‘l! Yaxshilikni ham o‘ylab qil!..».
Yaxshiyam nasihat vaqtida bo‘lgan ekan, o‘sha yili yozgi ta’tilga kelganida o‘g‘li bir antiqa voqeani hikoya qildi: «Birga o‘qib yurgan bir do‘stim yozgi ta’tilda o‘sha yurtda qolib ishlamoqchi ekan, mening qo‘limga bir tugunni tutqazib, «Shuni Toshkentga oborsang, bir qarindoshim bekatda qo‘lingdan oladi», dedi. Men «Uzr do‘stim, bunday qilolmayman!» deb silliqqina sirg‘alib chiqdim. Shu payt hamrohim himmat ko‘rsatdi: «Mayli, mana, men oboraman!». Shunday deya tugunni oldi. Lekin samolyotdan tushib, yuklarimizni olayotganimizda: «Mening yukim ko‘payib ketdi, shuni tashqariga sen olib chiq!», deb haligi tugunni uzatyapti. «O‘zing olib keldingmi, endi o‘zing olib chiqaver-da, do‘stim!» deb olmadim. Chiqaverishda nazoratchi jomadonimni rosa kavlashtirib, nimanidir astoydil qidirdi. Atrofiga olazarak bo‘lib qaradi. Nima qilishini bilmay dovdiradi. Axiyri pasportimni qo‘limga ushlatib ruxsat berdi...».
Ko‘rgan-boqqanlarini birin-ketin eslar ekan, beixtiyor yuragi to‘liqdi. Yaratganga astoydil iltijo-tavallo, dil-dildan munojot qildi.
U endi birovlar dardiga uzil-kesil nuqta qo‘yib, o‘zining ko‘p yillik orzu tog‘ini bir chekkadan ushatishga boshladi. Cho‘qqiga ko‘tarilgani sayin yo‘lchining ahvoli battar mushkullashib, xavf-xatarlar tobora oshib-toshib borganidek, mana, birovlar dardini cheka-cheka o‘zi ham, sog‘lig‘i ham, imkoniyatlari ham chingiga* yetay deb qoldi, axir! Endi o‘zi bir umr intilgan marraga omon-eson yetib borishning payida bo‘lgani ma’qul.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.