OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otauli. Haddi Iskandariy (tarixiy hikoya)

Yer yuzida haq va adolatni qaror toptirish yo’lida butun G’arbu Sharq, jumladan, Arabistonu Hindiston, Eronu Turon tuproqlarini egallab, kuni kecha Isfijob bilan O’trorni zabt etgan Iskandar Zulqarnayn qo’shini favqulodda shujoat bilan Yassi qal’asi tomon ot surdi. Qal’aga taxminan o’n chaqirimcha qolganida uzoqdan ulkan bir tepalik ko’rindi. Yaqinlashganlarida uning ustiyu yon-bag’irlarida tumonat odam ko’zga tashlandi. Butun bir qishloq ko’chib chiqqanmi, nima balo, oralarida yoshu qari, xotin-xalaj, hattoki emizikli go’daklargacha bor!
Tepa bag’ridan bir guruh nuroniy qariyalar ajralib chiqib, qo’shinga peshvoz yurdilar. Qishloq oqsoqoli bo’lsa kerak, yuz yoshdan oshgan bir nuroniy qariya qo’lini ko’ksiga qo’yib yoysimon egilgan ko’yi Iskandarga o’ktam qarash qildi:
-    Marhabo, sohibqiron! Xush kelibsiz! Qadamlariga hasanot!..
Necha yillardan buyon behisob qishlog’u kentlarni zabt etib, bunday ochiq yuz va keng quloch bilan quchoq ochib kutib olishni ko’rmagan jahongir avvalo o’zidan yoshi ikki barobar ulug’ otaxon, qolaversa, uning ikki yonida va ortida jamlangan jamoaning susi bosib beixtiyor ordan tushdi. Qariya bilan quchoqlashib ko’rishgach, u boshlagan tomonga yurdi. Ko’m-ko’k gilamdek qalin ajriqzor ustiga to’shalgan guldor paloslar, anvoyi gilamlar, to’kin dasturxonu banoras ko’rpachalarga qarab hayratiga hayrat qo’shildi. Bosqinchini kutib olyaptimi bular yo olamdagi eng aziz mehmonini?! Sir boy bermay oqsoqolning iltifotiga ko’ra ko’rpachaga tiz cho’kdi. Unga yuzma-yuz qariyaning o’zi, har ikkisining ikki tomoniga a’yonlaru oqsoqollar o’tirdilar.
-    Qishlog’imizga xush kelibsiz, mehmon, qadamlariga gul bitsin!.. 
Iskandar tag’in sir boy bermadi.
-    Tashakkur, oqsoqol… - O’zinimi-qariyani alahsitish umidida tepa atrofiga sipo qarash qildi: - Bu qanday qishloq?
Qariyaning chiroyi yana-da ochildi:
-    Qishlog’imizni “Iyiqon” deydilar, mehmon! “Iyiqon” deganlari yunon tilida “ezgu qon”, “yaxshi qon”, “qoni toza” degan ma’nolarni anglatadi. Men shu qishloqning oqsoqoliman, otim Qoruvli. Qishlog’imizni yana “Qoruvlilar qishlog’i” deyishadi. Sababi bizning butun ajdodlarimiz qoruvli qorovul, dovyurak soqchi, sergak posbon o’tgan…
Iskandarning yuz-ko’zida sezilar-sezilmas istehzo zuhur ko’rsatdi:
-    Nimani qorovullaysiz?..
-    Shu el-yurtni, hamqishloqlarni, o’z-o’zimizni.
-    Kimdan?
-    Insofini yo’qotib qo’ygan yomon odamlardan.
-    Nima bilan?..
-    Yaxshi so’z bilan, mehmondo’stlik bilan, insof bilan…
Iskandar avval yonidagi a’yonlariga, keyin ortidagi qo’shiniga bir sidra ko’z tashladi:
-    Biz… yer yuzida haq va adolarni qaror toptirish azmidagi yaxshi odamlarmiz!.. Sizlarga ham olib keldik!
-    Nimani “olib keldik?”
-    Haq bilan adolatni-da!
Nuroniy otaxon endi soqolini tutamlab bir muddat sukutga toldi-da, ohista dedi:
-    Shuncha yo’l yurib… Bular o’zimizda ham yetarli edi-ku! Bizda yo’q narsalarni olib kelsangizlar ekan! Yo… sizdek adolatpeshaning topgan-tutgani anovi… nayza bilan qilichmi?!.
Iskandaning yuziga qon tepdi. Oppoq soqolini hurmat qilganiga… qarib quyulmagan chol… haddidan oshyapti-ku! Bu xom sut emgan banda kuch – adolatda emas, adolat – kuchdaligini, Aleksandrning qilichi ne bir o’tkir tillardan o’tkirroqligini bilmaydi, shekilli! Bildirib qo’ysinmi?!. Oldi-ortiga qarab, jahlini bazo’r tiydi, biroq qariya tilini tiymadi:
-    Tinch-osuda yashab turgan qurolsiz ulusning bosh ustiga qilich o’ynatib kelish… shu ham adolatdanmi, sohibqiron?!.
Iskandar endi beixtiyor jahliga ham, tiliga ham erk berdi:
-    Jallod?.. Avval tili, keyin boshi kesilsin!
Lekin oqsoqol pinagini buzmadi:
-    Tilim kesilishidan avvalroq ogohlantirib qo’yay, sohibqiron! Agar chinakam adolatpesha bo’lsang, shu tepada yolg’iz meni emas, butun iyiqonlilarni o’ldirib, ana undan keyingina Yassi qal’asiga o’tasan! Bizning yagona iltimosimiz ham, talabimiz ham shu! Biz iyiqonlilar baayni bir jonu bar tanmiz. Yaratgan Tangriga shukur, shu paytgacha iyiqonlilar ichidan bironta nomard-sotqin chiqmagan!..
Iskandar oqsoqolning bosh ustida qilish yalang’ochlagan jallodga “to’xta” ishorasini qildi. Hayratini yashirolmadi.
-    Nahotki?!. Sening o’limga roziliging-ku, tushunarli! Biroq Hamqishloqlaringdan hech kim… nahotki o’limdan qo’rqmasa?!. 
-    Xuddi shunday! Biz uchun hamjihatlik yo’lida o’lish ham sharaf, sohibqiron!
Iskandar bir muddat lol qotib o’yga toldi. Bo’lishi mumkin emas! O’limdan qo’rqmaslik qadar mard bo’lish mumkin, albatta, lekin mardlikning turlari shu qadar ko’pki!.. Boylikka sotilmaslik, mansabga uchmaslik, baloyi nafsga berilmaslik, huzur-halovatlardan o’z ixtiyori bilan voz kechib, shirin jondan ajrash… osonmi?!.
Nihoyat, Iskandar o’z ahdini ma’lum qildi:
-    Yaxshi! Ko’ramiz! Mayli, sening boshing tursin, men atigi uchtagina hamqishlog’ingni sinovdan o’tkazay-chi!..
Shartlashuvga binoan Iskandar tepa bag’ridagi o’tovga yolg’iz o’zi kirib, huzuriga iiqonlilar orasidagi bir Bukrini chorladi:
-    Nahot bu dunyodan bir umr bukrayib, qaddingni rostlaolmay o’tib ketaversang?!. Istaysanmi, oqsoqolni o’ldirib, qishloqning butun inon-ixtiyorini sening qo’lingga topshiraman?! Aks holda oqsoqol emas, sen o’lasan?!.
Bukrining qaddi beixtiyor rostlandi:
-    O’zim Bukri bo’lsam ham ko’nglim to’g’ri, sohibqiron! Iyiqonlilarga isnod keltirganimdan o’lganim yaxshi!
O’tovdan Bukri qad rostlab chiqib, uning o’rniga Pakana pildirab kirdi. Iskandar siporishini qo’yib, muddaoga ko’chdi:
-    Nafaqat o’z hamqishloqlaring, saltanatimdagi jamiki novchalar sening oldingda ikki bukilib turadi! O’zingni ulardan balandroq his qilib, zir yugurtirib huzurlanishni xohlaysanmi?!.
Nazarida Pakananing qaddi ko’z oldida bir gaz o’zgandek bo’ldi:
-    Yo’q, xohlamayman! O’zga yurtda sulton bo’lguncha o’z yurtimda ulton bo’lib o’lganim yaxshi, sohibqiron! Axir , meni Pakana qilib yaratgan novchalar emas-ku!..
Pakananing o’rnini Maymoq egalladi.
-    Saltanatimning yarim boyligini senga beraman! “Og’zi qiyshiq bo’lsayam boyning bolasi gapirsin”. Sen gapiraverasan, boshqa hamma, shu jumladan, hamqishloqlaring baliqdek jim eshitaveradi. Sening aytganing aytgan, deganing degan bo’ladi. Og’zingdan chiqqani muhayyo qilinadi… Xo’sh, nima deysan shunga?..
Maymoqning og’zi qiyshiqligi daf’atan yo’qoldi:
-    Mening eng katta boyligim – hamqishloqlarim bilan hamjihatligim, hamnafasligim, ahilligim… Ular o’lsa – o’laman, yashasa – yashayman!
Iskandar Maymoq bilan oldinma-ketin o’tovdan chiqib, tantanali xitob qildi:
-    Biz o’z haddimizga yetib kelibmiz, birodarlar!.. Bilasiz, ustozim Aristotel “Hoy makedoniyalik Aleksandr, mayli, jahonni egallasang egalla, faqat o’z haddingni bil, haddingdan oshma, insof yo’lini tut!” deb nasihat qilgan edi. Xudoga shukur, men o’z haddimni axiyri bildim! Manovi qishloq Xitoy devoridan ham mustahkamroq devor, metin qo’rg’on, mahobatli istehkom ekanki, undan oshib o’tishga shaxsan o’zim ojizman!.. To’g’ri, bu qishloqning butkul xonavayron qilib, hammalarini qirib tashlashga kuchimiz yetadi, biroq ko’ra-bila turib bu ibratomuz birlikni, birdamlik-hamjihatlikni yo’q qilish… o’taketgan noinsoflik, bizning sha’nimizga yarashmaydigan nohaqlik, uchchiga chiqqn adolatsizlik bo’lur edi!.. Yo’q, men o’z vijdonimga xilof ish tutib, haddimdan osholmayman!.. Bugun shu manzilda otlarimizga dam berib, ertaga ortimizga qaytamiz. Manovi Murodtepada safarimizni qaritamiz. Gap shu, birodarlar!..
“Bir kunlik mehmon”lar mezbonlar bilan dilkash suhbatlarda kechani kunduzga uladilar. Iskandar biri biridan nuroniyroq otaxonlarning biri-biridan bama’niroq gaplarini tanasiga o’ylab, ularning mag’zini chaqib, yana bir karra qattiq hayratga tushdi: “Mana, ko’rib qo’ying, bitta emas, o’nta, yuzta, mingta Atistotel! Faqat bu aristotellarning o’z gaplarini qog;ozga tushirib ovora bo’lishga xushlari yho’q, lekin hammalari eshitganini quloqqa qo’rg’oshindek quyishga ustasi farang ekan!.. Bir keha ming kecha emas! Shu bir kechada mingta Aristotel bilan biryo’la suhbatlashish… o, naqadar ulug’ baxt bu! Izlay-izlay topgan haddi, intila-intila yetib kelgan sarhadi bu!..”
Saharmardonda donishmandu mardi maydon mezbonlar bilan quyuq xayr-ma’zur qilishib, ortlariga qaytdilar. Iskandar ot ustida o’zini qushdek yengil his qildi. “Darhaqiqat, iyiqonlilar ekan, qoruvlilar ekan, qorovullar ekan! – deb o’yladi o’zicha ich-ichidan orziqib. Orziqishi shunday bir ezgu tilakka o’z-o’zidan ulanib ketdi: - Qaniydi butun jahon ahli shu qishloqdagilardek hamjihat, hamnafas, baayni bir jony bir tan bo’lsa!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.