OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otauli. Hisobot (hikoya)

O’zbekdek o‘ziga o‘zi g‘alva orttirib, o‘z qobig‘iga o‘z ixtiyori bilan o‘ralib, kundalik tashvishlarga ko‘milib yashaydigan xalq bu olamda tag‘in bormi ekan?! Har bir o‘zbekning boshida bir dunyo tashvish – dunyo tashvishi: uylanish, o‘g‘il-qizlarni o‘stirib-undirish, ularga sep yig‘ish-uy qurish, keyin uzatish-uylantirish, xullas, ish, ish, ish: na huzur, na halovat,na safar, na sayohat, na orom, na farog‘at!.. Shunga yarasha... Mayli, hech kim “Mana, fidoyi o‘zbek!” deb haykal qo‘ymasin. Mayli, minnatdor bo‘lib rahmat ham aytmasin. Aqalli yomonotliq qilmay, bir og‘izgina “Ey, yashang-e, omon bo‘ling-e!” desa ekan!.. “Tuya lo‘k-lo‘k etadi, ustida karvon o‘tadi”. Xolbuki tuyaning o‘zi ham dunyoning ustuni emas! Lo‘killay-lo‘killay bu olamdan o‘tadi-ketadi kunlardan bir kuni!..
Normuhammad odatdagidek tushlik paytida ishxonasidan chiqib, uyigacha ikki chaqirimlik yo‘l bo‘ylab ildam odimlar ekan, haligina chiqaverishda bexos uchratib qolgan eski qadrdonining gaplarini o‘yladi. O’zidan o‘n yosh katta bu odamga havasi keldi: o‘z boshidan boshqa hech bir tashvishi yo‘q. Har yili taralabedod, har oyi safar-sayohat, har kuni bayram! Biror yil avval ko‘rganida Tibet, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Seylon va hakozo Sharq mamlakatlarini bir sidra aylanib qaytganini aytib maqtangan edi. Bugun bo‘lsa, kuni kecha Avstraliyadan qaytibdi-yu, endi bir muddat nafas rostlagach, naqd olti oyga Antraktidaga ketmoqchi ekan! Yer yuzida ko‘rmagani faqat shu “Oq qit’a”gina qolibdi, xolos. Shu bois “Mayli, omonat jon yo‘lda qolsa ham roziman” deya tilxat yozib berib, “hal qiluvchi safar”ga otlanib turganmish. Oltmishdan oshganda olti oy oq qit’aga “hayo-huyt!” deya bosh olib ketish!.. O’sha Afanasiy Nikitinning ashaddiy shogirdi uchun qanchalik oson bo‘lsa, o‘zi uchun shunchalik qiyin, hatto aqlga sig‘maydi...
Normuhammad odatdagidek yo‘l-yo‘lakay non do‘konidan xarid qilgan besh bo‘lkani to‘rva xaltaga joylab, supraqoqti qizining maktabiga zing‘illadi. Zing‘illar ekan, battar xunobi oshdi. Bunday yelib-yugurishlarning nihoyasi bormi sira?! Qachon o‘zidan tinib-tinchib, bamaylixotir “qarilik gashtini surib” yashar ekan? Shunday kun ham kelarmikan? Shunday kunga yeta olarmikan u o‘zi?!.
O’ylab qarasa, ellik to‘rt yoshining roppa-rosa ellik yilini, demakki, yarim asrlik umrini yo mana shunday yelib-yugurish, yo yeng shimarib ishlashlarda, yo boshqotirma xisob-kitoblarda o‘tkazibdi. Ko‘pincha uchalasiniyam bir qo‘shib!.. Esida, to‘rt-besh yoshidayoq rahmati otasi yangi uyni chala qurib, yangi yer o‘zlashtirar ekan, o‘sha yerning taqdirini uch o‘g‘liga topshirib, o‘zi davlatning ishiga ketar edi.”Mana, quduq to‘la suv, mana, “nasos” degan mo‘‘jiza, mana, navnihol ko‘chatlar!.. Men kelgunimcha hammasini uch qaytara sug‘orib qo‘yasanlar! Gap shu!..” Olti-etti yashar aka bilan uch-to‘rt yashar ukaning yonida navbatma-navbat quduqdan chelakda suv tashib xisoblardilar – xisoblab tashirdilar: bir chelak, ikki chelak, uch!.. Keyinchalik bo‘yi andak cho‘zilib, yangi uyni suvoq qilayotgan otasiga zambilg‘altakda loy tashishar ekan, tag‘in – bunisini endi tilda emas, dilda, ichda, ich-ichda – xisoblardi: bir g‘altak, ikki g‘altak, uch!..
O’n olti yoshida otadan yetim qolganida esa, tilida ham, dilida ham xisobiga xisob qo‘shildi. To‘ng‘ichi – yigirma yashar, kenjasi – olti oylik jami to‘qqiz yetim, onasi bilan qo‘shib xisoblaganda, boquvchisiz qolgan o‘n jonning ko‘rgan kuni, ayniqsa, akasi o‘qishini sirtqiga o‘tkazib, o‘zi maktabni bitirguncha biror yil... yo tiyin sanash, yo kun sanash, xullas, asosan xisob-kitoblarda o‘tdi. Yetuklik attestatini qo‘liga olgan zahoti zilziladan keyingi Toshkentga kelib, kunduz – qurilishga ishga, kechqurun – universitetga o‘qishga kirgach, xisob-kitoblari boshqacharoq tus oldi: xudoga shukur, ham ishlab, ham o‘qib boshladi!.. Xudoga shukur, akam uylandi!... Xudoga shukur, singlim o‘qishga kirib oldi!.. Xudoga shukur, ukalarim ham qad rostlab, qatorga qo‘shilib kelyapti!.. Xudoga shukur, mana, diplom ham qo‘lga tegdi!..
Olti yil qurilishda ishlab – universitetda o‘qib, bir yillik harbiy xizmatni ham o‘tkazib, yigirma to‘rt yoshida respublika xisoblash markazida ish boshlagan Normuhammad xisob-kitobning kattasini o‘sha yerda ko‘rdi. “Xisobli dunyo” deganlaricha bor ekan-e! Roppa-rosat o‘ttiz yildan buyon shu “markaz”dagi xisob-kitoblari... agar bir joyga jamlangudek bo‘lsa, bitta emas, kamida to‘qqizta tuyaga yuk bo‘lsa kerag-ov! Yigirmu to‘rt yoshdan yigirma to‘qqiz yoshgacha yigit umri-ku, xisoblar-u kitoblar ummonida qulochni katta otib suzishlarda kechdi. Nainki kunglar va oylar, hattoki yillar o‘tgani bilinmadi. Xisob-kitoblari murod-maqsadlar-u orzu-armonlarga qorishib ketdi: avval yolg‘iz singlim o‘qishni bitirsin, keyin yaxshi bo‘ladi!.. Avval shu ukam o‘qishni bitirib borib uylansin, keyin o‘zim!.. Avval shu kitobni yozib tugatay, ana undan keyin... naryog‘iga olam guliston bo‘ladi!.. Lekin, mana, o‘ttiz besh yil o‘tdi , qani o‘sha guliston olam?!.
Esida, o‘sha bo‘ydoqlikmi-erkin qushlik chog‘lari ishdan ta’tilga chiqib Turkistonga borganida uy qurayotgan ukalariga ko‘maklashish asnosida ayrim hamqishloqlari, endi bilsa, atayin anqovsirab so‘rashar edi:” Respublika xisoblash markazida itshlaymian degina-a? Nimaning xisob-kitobini qilaverasanlar muncha?..” Endi yaxshigina tushunadiki, bu ko‘ndalang savol zamirida soddadilning hayrati emas, ko‘pni ko‘rgan, ko‘ra-ko‘ra ko‘sa bo‘lgan donishmandning istehzosi bor ekan! Istasangiz-istamasangiz, har qanday xisob-kitoblar insoniy umrning sarxisobiga bog‘lanar ekan, bog‘lanishi shart ekan, aks holda u havoyi, mag‘zi puch bir narsa, shunchaki sarob ekan! Sarobga intilganning holiga voy ekan!
Normuhammad besh yillik sarobga intilishlardan har qalay quruqqo‘l chiqmadi: yigirma to‘qqiz yoshida uylanib, o‘ttiz yoshida bir o‘g‘ilga – ota, o‘ttiz bir yoshida shu shahri azim chekkasidagi ikki xonali uyga – ega, o‘ttiz ikki yoshida “Xisobli dunyo” degan dastlabki salmoqli kitobiga - muallif bo‘lib chiqdi...
U non to‘la to‘rva – qo‘lida, maktabga yetib kelib ko‘rdiki, kenjatoy-erkatoy qizi tag‘in eshik oldida yo‘q: to‘rvasini osiltirib avval oshxonaga, keyin sinf xonasiga kirib borisha majbur bo‘ldi. Qizi odatdagidek sinfda kutib o‘tirgan ekan. Mehrning bir ko‘zi – kaftda, qo‘lidan yetaklab chiqayotib jahlini mehri yengdi-da, Yaratganga iltijo qildi: “Iloyo shu qizim tezroq ulg‘ayib, mayli, otasiga haykal qo‘ymasin, faqatgina minnatdor bo‘lsa ekan!..”
Yo‘lda qizi tag‘in “beboshlik” qildi: “Mendan kichkinalar o‘qishga o‘zlari kelib o‘zlari ketishadi. To‘rtinchi sinfni bitiryapman-a! Qachongacha mana shunaqa qo‘limdan yetaklab yurasiz, ada?..” Qizini ovutgan bo‘ldi: “Bu yilgi o‘qishing tugashiga biror hafta qoldi-ku, demak, yana biror hafta... Mayli, yanagi o‘quv yilidan boshlab o‘zing kelib ketaverasan, qo‘y endi, xafa bo‘lma, qizim!..”
O’ziga qolsa, ellik to‘rt yoshida o‘n yashar qizchasi bilan boshlashib yurmay, uni o‘z erkiga qo‘yardi. Lekin... yigirma to‘rt yashar akaning ham, yigirma ikki va yigirma yashar opachalarning ham ishdan bo‘sh vaqtlari yo‘q. To‘g‘ri, qirq olti yashar onaning bo‘sh vaqti bor. Lekin u Normuhammadga qattiq tayinlab qo‘ygan: “Maktabi ishxonangizning yo‘lida-ku, adasi, meni ovora qilmay, shu qizingizni o‘qishga o‘zingiz oborib-obkepturmasangiz bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Hozir bizda ham bolalarni o‘g‘irlab, evaziga ota-onasidan otning kallasidek pul talab qilish urf bo‘layotganmish, tinchlik kerak! Koshki sizda otning kallasiek pul bo‘lsa, xisob-kitobdan boshqa hech vaqo!..” Jiddiyroq o‘ylab qarasa, xotinining gaplarida jon bor. Katta qizlari-ku, balog‘at yoshida, qolaversa, birga ishlashadi: bir-birlariga esh, bir-birlariga ko‘z-quloq! Lekin bu qizchasi yolg‘iz... Darhaqiqat, tinchlik kerak, kambag‘alning butun boyligi, topgan-tutgani ko‘z oldida turgani ma’qul. Qo‘l ostida bo‘lsa yana-da ma’qul – ishonchliroq! Binobarin, yanagi o‘quv yilidan qizi mustaqil bo‘lib, o‘qishga o‘zi kelib o‘zi ketadimi-yo‘qmi, bunisini xudo biladi. Hoynahoy ishonishlari qiyindir-ov! Hozircha qizini ishontirib tursin-chi!..
Mayli, yanagi yilni qo‘ya turib, bugungi kunni – shu bugunni o‘ylagani ma’qul. Tushlikka atalgan shu bir soatdagi ishlariga ulgurishi kerak. Bir soatning qariyb yarmi yo‘lda ketdi, qolgan yarmida tezroq tushlik qilib, ishiga kechikmay yetib borishi shart. Nachora, qizchasining qadami unmayapti-da, lekin zehn solib qarasa, anchagina bo‘yi cho‘zilib, yelkasiga barobarlashb qolibdi. O’n yoshidaki shunchalik bo‘ydor, bu qizi ham otasidek novchagina bo‘ladiganga o‘xshaydi, ishqilib, xudo baxtini bo‘yiga o‘lchab bersin!
O’n yil avval shu qizi tug‘ilgan kunning ertasigami-indiniga xisoblash markazining sobiq rahbari uyiga sim qoqib, bilsa hazil, bilmasa chin ma’nosida gap qildi: “Nima balo, o‘zingiz tug‘dingizmi? Endi buyog‘i qirq to‘rt yoshda chaqaloqni oq yuvib, oq tarab o‘tiribmizmi?..” Ma’lum bo‘lishicha, qo‘ng‘irog‘-u hazil-huzuldan muddao uni bir oylik ijodiy safarga o‘zlari bilan birga yozuvchilarning Do‘rmondagi bog‘iga olib ketish ekan. Bundan muddao esa, xisoblash markazining besh yillik faoliyati xususidagi batafsil xisobotni Normuhammadga yozdirmoqchi, o‘zlari qo‘lyozmani ustidan peshma-pesh ko‘rmoqchi ekanlar. O’shanda u xisobotga mukkasidan sho‘ng‘ib ketdi, lekin sobiq rahbariga o‘xshab “Qarigan chog‘da shu shahri azim sharoitida to‘rtinchi farzand – to‘rtinchi tashvishning nima keragi bor edi” deb o‘ylamadi ham. Aksincha, astoydil suyundi: Xudoga shukur, yurt mustaqil bo‘lgan kunlarda to‘rt qutbga tatigulik to‘rt farzandning otasi endi u! Ana endi to‘rt ko‘z tugal bo‘ldi. To‘g‘ri, yolg‘iz o‘g‘li ukalik bo‘lganida nur ustiga nur edi. Lekin Xudoning bergani shu – shu uchinchi qiz ekan, berganning bilgani bordir: uch qizni o‘stirib-undirib, tengini topib uzatgan ota to‘ppa-to‘g‘ri jannatga tusharmish-ku!..
U kichkina qizini boshlab uyiga kirib kelganida odatdagidek jamoa jam ekan. Hatto o‘g‘li bilan katta qizlari tushlik qilib bo‘lib, endi ishga qayta otlanib turishibdi. Qo‘lini apil-tapil yuvdi-da, o‘zini oshxonaga urdi. Biror soatlik tushlikni besh daqiqaga keltirishga o‘zicha urinar ekan, xotini odatdagidek hazilomuz gap qildi, to‘g‘rirog‘i, zorlandi: “Sizga tegib shu to‘rt devoru qozon-tovoqdan boshqa nima ko‘rdim! Turkistonning qorovuliga tekkanimda ham bundan yaxshiroq yashashim mumkin edi! “Katta matematik olim bo‘laman” deganingizga laqqa ishonib, “yur” desangiz ergashib kelaveribman-a men nodon! Aqalli endi tezroq yorug‘likka chiqib, bu to‘rt devor ichida bir dursillagan kelin ko‘rsam ekan!..”
Bemavrid gaplardan Normuhammadning ensasi qotdi: “Noshukr banda! “Sizga tegib nima ko‘rdim” emish! Avvalo yigirma besh yillik turmush ko‘rding. To‘rt qutbga tatigulik shu to‘rt qorako‘zni ko‘rding. Ularning havas qilsa arzigulik qaddi-kamolini ham, xudoga shukur, ko‘rib turibsan. Qolaversa, shahri azimning qoq markazidagi to‘rt xonali oliymaqom uyni, Xo‘jakentdagi dala hovli bilan ikki xonali uyni, sandiqda harakatsiz yotgan universitet diplomini va hokazolarni ko‘rding. Xudo xohlasa, niyatni butun qilsang, dursillagan kelinni ham, chaqmoqdek kuyovlarni ham ko‘rarsan, axir!..” Qani endi xotinini insofga chaqirib, noshukurlikdan qaytarishga unda til-zabon, aqalli vaqt-soat bo‘lsa! Yigirma besh yillik umri, kuch-g‘ayrati, butun borlig‘ini beminnat bag‘ishlagan umr yo‘ldoshi, o‘zi o‘qigan universitetda o‘qitib oliy ma’lumotga ega qilgan malakali mutaxassiski shunday norozi ekan, bu olamda Normuhammaddan minnatdor kim bor?!.
Odatdagidek xotinining gaplarini “eshitmay” apil-tapil tushlik qildi. Bunday hazilomuz gaplarga-ku, chidasa bo‘ladi. Hazil-da, hazil! Lekin kiraverishdagi ko‘zgu oldida ishga qaytib chiqish taraddudida turgan o‘rtancha qizining nolinishi yuragini o‘rtab yuborgandek bo‘ldi go‘yo. “Ishdan – uyga, uydan – ishga! Bor-yo‘q ko‘rgan-boqqanimiz shu! Ishga chiqqim, umuman, yashagim kelmay qolyapti!..” To‘g‘ri, nolish o‘ziga emas, katta qiziga aytilyapti, qolaversa, malomat emas, nihoyati bir nola! Lekin uning bir chekkasi otaning yuragiga nashtardek sanchildi. Yashab to‘ymaydigan, ishlab charchamaydigan yigirma yoshda… bu qanday gap?! Mana, o‘zi bir joyda muqim Muqimiydan ming karra ko‘proq ishlab hali-hanuz ishlagani sayin ishlagisi kelaveradi-ku! Yo hisob-kitobning mehrigiyosi-yu ohanrabosi shu qadar kuchlimi ekan? Unday desa, qizlarining kasbi-kori – tikuvchilikning gashti hisobchilikning gashtidan kuchliroq, qolaversa, qo‘lga ilingulik natijasi ham bugungi kunda ming chandon ko‘proq, shekilli?..
Jiddiyroq o‘ylab qaralganda, qizi mutlaqo nohaq emas. Tengdoshlari yayrab-yashnab oliy maktablarda o‘qib, o‘zlarining esa, uzzukun bir joyga mixlangandek ninaga ko‘z tikib ishlashlariga ich-ichdan o‘ksinadi-da!
O’zlarida o‘qishga ishtiyoq kuchli bo‘lmasa, otasining dasti uzun bo‘lmasa, buning ustiga xotini aytganidek, “bor-yo‘q kuch-g‘ayratini singlisi bilan ukalarining o‘qishiga sarflab bitirgan, qolgani yolg‘iz o‘g‘liga bazo‘r yetgan” bo‘lsa! Nachora, bu malomatlarda ham jon bor! Esini taniganidan buyon “otam”, “akam”, “opam”, “singlim”, “ukalarim” deb yashadi. Otasi-ku, ularning qaddi-kamolini ko‘rolmay o‘lib ketdi. Lekin boshqalari… qani, qay biri undan minnatdor bo‘ldi?! Esida, o‘n ikki yil avval o‘n ikki yashar o‘g‘li bilan yeng shimarib dala hovli qurib boshlaganida tomni yopishga qiynalganidan uyida yashab oliy ma’lumot olgan ukalariga yolvorib bordi: “Dang‘illama uy emas, Tom tog‘aning kulbasi!.. Tomni yopish, xolos!” deya insof so‘rab o‘tindi. Birontasi qadam bosib kelmadi! Ikki o‘rtada Turkistonga borib kelishga pul sarflagani qoldi. Uch-to‘rt yildan keyingina ikki ukasi qadam ranjida qilib, “Mana, shaharga keldik” deganiga azza-bazza dala hovlisiga boshlab borsa, ukalari tog‘ oralab qo‘shnining yong‘oqzoriga hujum qila ketishdi. Azbaroyi gap-so‘zni ko‘paytirmaslik umidida qo‘llariga ketmon ushlatib dalasini ko‘rsatgan edi, o‘shanda shartakiroq Salimjon ukasi gapning po‘stkallasini aytdi-qo‘ydi: “Aslida biz hasharga emas, osharga kelganmiz, akam!” Nachora, o‘sha Xo‘jakentda tug‘ilib o‘sgan tog‘a-jiyanlar – Yo‘lchi bilan Mirzakarimboy o‘rtasida mehr-oqibat yo‘qligi holva ekan! Tug‘ishgan aka-ukalarda mehr-oqibat kam qoldi hozir! Bu xalq “o‘zim!” deb boshladimi, o‘zini to‘xtataolmaydi. Gadoyi – boy, boyi – xudoy bo‘lsam deydi. Ostanovkasi yo‘q! “Ostanovka” so‘zini ruslar olib kelganidan keyin noiloj uni “bekat” deb tarjima qilib olishdi!..
Shu topda o‘tganni kavlashtirishga balo bormi! “O’tgan o‘tdi, ketgan ketdi, so‘lgan so‘ldi, qolgan qoldi”. Endi bo‘ladigan ishni qilib, keyingi yigirma yil jon olib-jon berib shahri azim markazida oyoqqa qo‘ygan o‘g‘il-qizlarining taqdirini jiddiyroq o‘ylagani ma’qul! Qarindoshlik rishtalari, jigarbandlar o‘rtasidagi mehr-oqibatni qayta tiklashga qurbi kelmay turgan ekan, endi aqalli oilasi mustahkam bo‘lsin! Tezroq ishga borib kelgach, kechqurun oila boshlig‘i sifatida besh jonga barobar yana bir karra durustroq amri ma’ruf qilishi kerakka o‘xshaydi. Aslida shu… keyingi o‘n iki yil bor kuch-g‘ayrati-yu qo‘r-qutini dala hovlisiga sarflab, u yerda kulba qurib, bog‘ yaratib bekor qilgan ekan! Shunga sarflagan mablag‘ining o‘ndan biriga har yili biron dam olish uyida mazza qilib hordig‘ini chiqarsa, qolganini o‘g‘il uylab, qiz uzatishga yaxshi niyat bilan tuflab tugsa bo‘lmasmidi! Yo‘q, aksincha, besh yil avval “Bo‘ldi, endi dala hovlida yer timdalab ishlamayman, soya-salqinda rohatlanib dam olaman!” deb turganida tinib-tinchimas xotini tag‘in qutquga soldi: “Dala hovlida boshqa qo‘shnilardek dang‘illama uy-joy qurolmaganingizdan keyin, yonidagi besh qavatli uydan ikki xonagina arzon-garov olaylik-qo‘yaylik, adasi! O’g‘il uylab-qiz chiqargach, erta bir kun chol-kampir Toshkentdagi uyni o‘g‘ilga topshirib, o‘zimiz kenjatoyimiz bilan ham barcha qulayliklari bor uyda, ham bahavo hovlida, ham soya-salqin bog‘da ikki yorti – bir butun qile-eb, qarilik gashtini sure-eb…  Xo‘p deya qoling, adasi! Erta bir kun o‘g‘il-qizlarimiz ham bir-birlariga esh bo‘lib! … Qarabsizki, mana, uch-to‘rt yildan buyon uyoqda - o‘zi ortiqcha tashvish bo‘lib turgan dala hovli yonida ikki xonali uy yana bir tashvish, bu yoqda - yolg‘iz o‘g‘ilni tezroq uylab, qizlarni birin-ketin chiqarish! Xullas, tashvish ustiga tashvish! Shu bugun ishxonasidagi tashvishlardan tezroq qutulsa, uyidagi tashvishlarini yengillatishning hisob-kitobini qilishi kerakka o‘xshaydi. Bir odamning yelkasiga shuncha tashvish… bas-da endi, agar u rosmana tuya bo‘lganida ham!..
Normuhammad yo‘l-yo‘lakay soatiga apil-tapil ko‘z tashlab ishga otilar ekan, kiraverishdagi telefon nolakor jiringladi. Temirki chidayolmayapti, haliyam qulog‘i chidaydi! Dastakni qo‘liga olib qulog‘iga tutgan edi, markaz rahbarining yangi o‘rinbosari! “Normuhammad aka, tez yetib keling, jiddiy gap bor, sizsiz eplashtirolmayapmiz!” “Ha, mana, ketayapman!” dedi-yu tashqariga otildi. Uydan chiqar ekan, qo‘shnilarga sir boy bermaslik umidida o‘zini bamaylixotir tutishga urindi, ayni chog‘da, qattiq alami keldi. Kuni kecha ham xuddi shunday tushlik chog‘i endi uyiga yetib kelganida qo‘ng‘iroq qilib, xuddi shunday ko‘rsatma beruvdi. Lo‘killab borganida batafsilroq ko‘rsatma beruvdiki, biror soat ichida yuqoriga markazning yillik faoliyati haqida qisqacha hisobot tayyorlab berishingiz kerak ekan! Kutib o‘tirishganmish!.. Lom-mim demay biror soatda ishni saranjomladi-da, qo‘lyozmani qo‘liga topshira turib beixtiyor portladi: “Yuqoridagilarga aytingki, uka, odam bolasini dorga osishdan avval ham “Ertaga soat falonda osamiz, toat-ibodatingni qil!” deya muhlat berishadi. Xudoga shukur, dunyoga o‘t ketayotgani yo‘q! Xudoga shukur, mustaqil mamlakatda tinch-xotirjam yashab turibmiz! Xudoga shukur, hukumatimiz ham muvaqqat hukumat emas?!.”
Nachora, do‘ppi olib kel desa boshni olib kelishga hoziru nozir o‘pkasi yo‘q haybarakallachilar hamisha bo‘lgan, hozir ham bor! O’zinig qo‘lidan ish kelmaydi-yu do‘ppi tor kelganida ikki oyoqni bir etikka tiqib shunaqangi qisti-bastiga olishadi, qarabsizki, kim yomon – siz yomonsiz. Xudo o‘zi shunaqalarga insof bersin! Xudodan tilash bilangina ish bitmaydi, ularni insofga chaqirib turish ham kerak! Hisoblash markazining sobiq rahbarlaridan biri o‘z xotirasida oshkora aytgan ediki, qachonlardir tsekaning bo‘lim mudiri “eng katta rahbar” nomidan xuddi shunday qisti-bastiga olganida beixtiyor shunday portlabdi: “Men tuyaman, o‘sha katta rahbaring – ot, sen bo‘lsang, shu ikki o‘rtada bog‘lab qo‘yilgan bir itsan! Men it bilan bitga emas, otga hisob beradigan tuyaman, tushundingmi, uka?!”
Bu-ku endi, qariyb jon achchig‘ida aytilgan qozoqning to‘qqiz pulidek tushunarli, lekin bir qadar quyushqondan chiqqan dag‘alroq gap. O’zbekning muomala madaniyati, takallufi, o‘zaro lutfu karami, “qizim, senga aytaman” qabilidagi nozik qochirimlarga boy gap-so‘zlari!.. Peshinga qadar necha marotaba ko‘rishganlarida ham hisobot yuzasidan lom-mim demagan o‘rinbosar… nega tag‘in qo‘qqisdan?.. Yana qanday jiddiy gap chiqib qoldi ekan?!.
Normuhammad uyidan ishxonasigacha bo‘lgan ikki chaqirimlik yo‘lni odamdek yurib, yo‘rg‘adek yo‘rtib yoxud tuyadek lo‘killab emas, baayni qushdek uchib o‘tdi. Ma’lum bo‘ldiki, “yuqori”ning mas’ul xodimi haligina maxsus savollarini qoldirib ketibdi. Oqqa ko‘chirib qo‘yilgan hisobot endi shu savollarga aniq javob tarzida jadal ravishda qayta yozib chiqilishi kerak ekan! Ana xolos, pishdi gilos! Shunday qilish kerakligini kimdir bugun bexos eslab qolibdimi, yo?!. Yana bir karra portlagulik ahvol-ruhiyada bo‘lsa-da shaytonga hay berdi. Gapni chuvalashtirmay bo‘ladigan ishni qilgani ma’qul! Biror soat ichida hisobotni buzib savollarga moslab qayta qurdi-da, qo‘lyozmani o‘rinbosarning qo‘liga qayta tutqazdi: “Bo‘ldimi, uka? Tag‘in nima yozishimiz kerak? Faqat… mayli, bir kun emas, aqalli biror soat avvalroq aytib qo‘ysangiz, iltimos, tuxum og‘ziga tiqilganida emas!..”
Xonasiga kirib, endigina xotirini jamlashga tutingan edi, ittifoqo markaz boshlig‘i yonida allaqanday mehmon kelib kirib keldi. Avval xonani, so‘ng xona sohibini unga tanishtirdi, lekin unisini bunisiga tanishtirib o‘tirmadi. Mehmonga “Men hozir…” dedi-yu uni tashqariga yo‘llab o‘zi ortiga qaytdi. Xona to‘rida g‘ozdek qotib turgan Normuhammadni o‘tirishga undab, o‘zi qarshisiga yuzma-yuz o‘tirdi-da, burgutdek yovqur qarash qildi:
–    Yoshingiz nechchida, uka?
–    Ellik to‘rtda?..
–    Markazda qachondan buyon ishlaysiz?
–    O’ttiz yilcha…
–    Qachondan buyon bosh hisobchisiz?
–    O’n yil bo‘ldi. Siz kelishingizdan to‘rt yilcha avval?..
–    Endi, uka, shu yerga rahbar bo‘lib kelganimdan buyon sizga qo‘limdan kelganicha yaxshilik qilyapman, to‘g‘rimi?.. Nima, yoqmayaptimi? Yoqmasa, ariza yozing-da, o‘z ixtiyoringiz bilan ishdan bo‘shang, xo‘pmi? Ishingizdan norozi bo‘lsangiz, ana, to‘rt tomoningiz qibla!.. Tushunarlimi?!.
Normuhammad mutlaqo tushunmadi: gunohi nima uning?! Kimning arpasini xom o‘rdi? Kimning tomorqasiga tosh otdi? Kimning oldida qanday ayb ish qildi?!. O’zi ixlos qo‘ygan eng zo‘r matematik olimlardan biri, ishga kelganidan buyon, darhaqiqat, o‘ziga xayrihohlik va mehr-muruvvat nazari bilan qarab kelayotgan to‘qqizinchi boshliq, “endi rahbarga yolchidim” deb yurganida… nega bunday kutilmaganda to‘nini teskari kiyib oldi?! Nahot o‘ttiz yillik toat-ibodatiyu hisob-kitoblari shundoqqina ko‘z oldida bir lahzada yonib ketsa-da, kuyib kulga aylansa?! Bunga qanday toqat qilib bo‘ladi?!.
U bexos quruqlikka chiqib qolgan baliqdek nafas olishga qiynalib, hang-mang bo‘lib turgan edi, ko‘z o‘ngida shahd bilan tashqariga yo‘l olgan rahbar eshik oldi-da bir muddat to‘xtab, ortiga yana-da yovqurroq qarash qildi:
–    Chayon oxir-oqibatda o‘zini chaqar ekan?..
Nima demoqchi?! Kim chayon - chayon kim?! Nortuyani chayonga mengzash… shu adolatdanmi?! Xudodan-u bandalaridan so‘rab olgan adolatli shumi?!. Garchi “Qiyomat”da quturgan Qoranordek ahvol-ruhiyada bo‘lsa-da, rahbarning mas’um qo‘zichoq ko‘zlaridek beg‘araz va bu ko‘zlar uchun favqulodda qahrli nigohlarga chidayolmay baayni bo‘tadek bo‘zladi:
–    Shafqat qiling, aka…
Shunday deya rahbarga ergashib tashqariga chiqdi. Bino oldida ularni haligi mehmon betoqat-bezovta kutib turgan ekan. Rahbar xizmat mashinasiga o‘tirar ekan, u tomonga qiyo ham boqmay, mehmonga uqtirdi:
–    Ana, aytdim! Ariza yozib ishdan bo‘shaydi! Bo‘ldimi?..
Mashina shiddat bilan olg‘a intilar ekan, Normuhammad mehmonga zimdan ko‘z tashladi. Kim o‘zi bu? Kutilgan mehmonmi yo kutilmagan mehmon? Umuman, mehmonmi-mezbonmi? Hisoblash markaziga, markazning hisobotiga, o‘zining insoniy taqdiriga, xususan, ishdan bo‘shash-bo‘shamasligiga bu odamning qanday aloqasi bor?! Nega markaz rahbari odam qurigandek kelib-kelib shu kishiga – bir yozuvchi asarining nomi bilan aytganda, “ko‘chada qolgan odam”ga xisob berishi kerak?! “Ko‘chada qolgan odam”ni u ham ko‘chada qoldirib, o‘zi o‘z xonasiga qaytib kirdi. O’zicha hisobladi, xomcho‘t qildi, hisobni hisobga qo‘shdi, ko‘paytirdi… Qayta-qayta hisob-kitob qilib ko‘rdi. Dastlabki xulosaga keldiki, demak, hisobotda bir ishkal bor! Lekin… qanday ishkal?! O’ttiz yillik tajribaga ega hisobchi – bosh hisobchi undagi har bir raqam, har bir jumlaga istalgan joyda boshi bilan javob bera oladi.
Qonidan-u jonidan, uch yuz oltmish tomiri bilan to‘rt yuz qirq to‘rt so‘ngagidan o‘tib qog‘ozga tushgan hisob-kitoblar-ku, axir, ular?!. Bas shunday ekan, gap nimada?!. Daf’atan miyasiga bir fikr chaqmoqdek urildi: darvoqe, hisobotning oqqa ko‘chirilgan nusxasida qo‘lyozmadagi so‘nggi bir jumla yo‘q edi-ku! Haligina savollarga moslab qayta ko‘chirayotganida e’tibor bermaganini qarang! O’sha jumlani xotirasida so‘zma-so‘z qayta jonlantirdi: “Modomiki hisoblash markazining ikki yillik faoliyati bilan bog‘liq hisobot xususida gap ketar ekan, uning yuzdan ko‘proq xodimlaridan, ikki yil emas, mayli, yigirma-o‘ttiz yil emas, mustaqillikning o‘tgan o‘n yili mobaynida kimlar nima ish qildilar, shu xususda ham hisobot so‘rash kerak bo‘ladi deb o‘ylaymiz. Masalan, markaz a’zosi Normuhammad Shomuhammedov o‘n yil mobaynida kundalik hisoblar va hisobotlardan bevaqt orttirib, “Hisob raqami”, “Hisoblash texnikasi”, “Hisoblash texnologiyasi”, “Hisob-kitob” degan jami to‘rtta yirik tadqiqot yaratdi. To‘rtta salmoqli kitobni – rus tilidan, ikkita tadqiqotni – qozoq tilidan tarjima qildi, sohaga doir o‘nlab maqolalar, risolalar va hokazolar yozdi. Ayni chog‘da, shunday markaz a’zolari ham borki, ular o‘n yil badalida, surishtirib qarasangiz, ikkini ikkiga qo‘shgan emaslar, hatto “Ikki karra ikki – besh” deb o‘ylaydilar! Afsuski, na unisiga bir og‘iz tashakkurnoma, na bunisiga yengilgina tanbeh! Bu shunchaki e’tiborsizlik emas, o‘taketgan haqsizlikdir”.
Qani, shu jumlaning avra-astarini ag‘darib, jiddiyroq o‘ylab ko‘raylik-chi! Ishchanni – ishchan, yalqovni – yalqov deb atashning, serg‘ayratga olqish aytib, takasaltangni mehnatga undashning nimasi yomon, xo‘sh?! O’tgan asr boshlaridagi mardikorlik voqealaridan to “o‘zbek ishi” deb atalgan ko‘rgiliklarga qadarlik aksariyat kulfatlarning zamirida xizmatga tuhmat, mehnatkashni yomonotliq qilish yotmasmidi? Ayblay turib ishlataverish va ishlata turib ayblayverish, yaxshilikka yomonlik bilan javob qilaverish insofdanmi? Nahot bu dunyoda odam bolasidan yaxshilikka yaxshilik hech qachon qaytmasa? Nahot odam bolasi yaxshilikka yomonlik bilan javob qaytara turib vijdonan qiynalmasa?! Normuhammad esini taniganidan buyon hech kimga yomonlik sog‘inmaydi, barchaga, ayniqsa, o‘z jigargo‘shalari-yu diltortarlariga hamisha xolisanillo yaxshilik qilib suvga soladi: baliq bilar, baliq bilmasa, Holiq bilar!..Lekin shunda ham... Fikrni fikrga qo‘shib mantiqiy xulosa chiqaradigan bo‘lsak, nima, o‘ttiz yil shu markazga qalb qo‘riyu peshona terini to‘kishdan murodi kunlardan bir kuni o‘z ixtiyori bilan ariza yozib ishdan ketish edimi?! Bunisi qanday nohaqlik bo‘ldi sira?!.
Normuhammad ich-ichidan qaynab-toshib chiqayotgan isyonni bazo‘r jilovlab, sovuqqon bo‘lishga urindi. Xo‘sh, endi nima qilish kerak? O’ttiz yil muttasil dorixonadagi tarozibondek har bir mo‘‘jaz zarrani ham hisobga olib yashagan, qaerda hisobdan adashdi? O’zining qonuniy haqqi-huquqini so‘rab xato qildimi? Nega hamisha haq berilmasligi, aksincha, olinishi – kimningdir qo‘lidan yulib-tortib olinishi kerak?! Qachongacha insofga chaqirish insofsizlikni avjiga chiqaraverishi kerak? Ahmad Yassaviy hazratlari naq yuz yil – bir asr muttasil insofga chaqirgan bu xalqni nahotki endi hech qachon insofga keltirib bo‘lmasa?!. Yo o‘zi ham noshukurlik qilib, andak oshiribroq yubordimi ekan? Bir gap kamlik, ikki gap ko‘plik qiladigan darajada ko‘ngli nozik odamlarga, ayniqsa, rahbarlarga malol keladigan biron-bir noo‘rin-nojo‘ya so‘zga bexos yo‘l qo‘yib, hisobdan adashdimi ekan? Qani, qay so‘z bo‘lishi mumkin o‘sha ortiqcha so‘z?! Xotirasiga ishonmay, dastlabki nusxaning qo‘lyozmasini kompyuterchi qizdan qaytarib oldi-da, bir sidra qayta ko‘z yugurtirdi, yonidagi hisobchilarga ko‘rsatib, fikr so‘radi. Yo‘q, hammasi joyida! O’rnida ishlatilgan, o‘rni-o‘rniga qo‘yilgan haq so‘z! “Erigan temir parchasi kabi O’rtab yuboradi tushgan joyini”. Haq so‘zning kuchi bu! Xo‘sh, kim u chidayolmasdan o‘rtanayotgan?..
Dalillarni muqoyasa qilish, chog‘ishtirish, qiyoslash, qiyosiy tahlillar nihoyasida qat’iy bir fikrga keldiki, hamma gap yangi o‘rinbosarda! Hoynahoy u so‘nggi jumlani rahbarga azza-bazza o‘qib berish bilangina kifoyalanmay, o‘zi tushunganidek talqin ham qilgan, rahbarni Normuhammadga qarshi qayrab solib, uning yuragiga zimdan o‘t yoqib, tag‘in o‘t o‘chiruvchilar jamiyatiga qo‘ng‘iroq qilgan-da, “mehmon”ni bu o‘tni o‘chirishga chiqargan! Tamom, boshqa gap yo‘q. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas! Yosh, zakovatli, kelajagi porloq hisobchi, qatoridagi nor, otashqalb va olovyurak Gulxaniy deb yursa, oddiygina go‘lax-o‘tyoqarga o‘xshaydi-ku bu! E qoyil! O’t yoqishga ustasi faranglardan chiqib qoldi-ku! Demak, sir boy bermay shunday bir tadbir qo‘llash kerak bo‘ladiki, toki u o‘zi yoqqan o‘tni o‘zi o‘z qo‘li bilan o‘chirishga dilida majburiyat sezsin! Shahd bilan yurib o‘rinbosarning huzuriga kirib bordi-da, atayin anqovsiradi:
- Hisobot masalasi tinchidimi? Hech gap yo‘qmi? Uchinchi odamning ko‘ngli taskin topdimi?..-  Savollarga javobdan qanoat hosil qilgach, o‘zidan o‘n yosh kichik, lekin ustasi farang hisobchining ko‘zlariga tik boqib, battar anqovsiradi: -Rahbarimiz hisobotning qaeridandir norozi bo‘lib anchagina achchiq-tiziq gaplar qildi. Sababini unchalik tushunmadim. Mabodo siz bilmaysizmi?.. – O’rinbosarning musichadek beozor, mo‘min-qobilgina ko‘rinayotgan qiyofasiga sinovchan boqib, akalarcha nasihatomuz ohangga o‘tdi: – Endi-i, siz bu yerda yangisiz, uka! O’rtada anglashilmovchilik bilan xojolatpazlik bo‘lmagani ma’qul. Avvaldan shakllangan an’ana shuki, men hisobotni qo‘ldan kelganicha yozaman, o‘rinbosar undan keragini olib, maromiga yetkazib, boshliqqa ko‘rsatadi, kerakmasini ko‘tarib yurmay, sekingina o‘zimga qaytarib beradi-da, xatoyimni ko‘rsatadi. Tushunarlimi?.. To‘g‘ri, mening hisobotlar bobida o‘ttiz yillik tajribam bor, lekin bir kalla – bir kalla, ikki kalla – ikki kalla-da, ukajon, shunday emasmi, “beayb parvardigor” deganlar… Hammamiz ham bu dunyoda g‘animatmiz…” Aftidan, o‘rinbosar hammasini tushundi, buning ustiga, xayriyat, oriyati, hamiyati, vijdoni bor ekan, insofga keldi: “To‘g‘ri aytasiz, aka!” deya turib beixtiyor duvva qizardi… Normuhammad o‘zini qushdek yengil his qilib o‘rnidan turdi: “Nihoyat, o‘ttizinchi yilning hisobotidan ham yaxshigina qutuldik-a, uka! Xo‘p, xayr, ertaga yaxshilik bilan ko‘rishmaylik!”
Ishxonadan uyiga bamaylixotir qaytar ekan, o‘zini yanada yengilroq his qildi. O’zicha qat’iy xulosaga keldiki, haqsuyar o‘zbek o‘z boshiga ortiqcha tashvish orttirsa orttirar, lekin u bu tashvishlarni, jamiki muammolar, jumboqlar, masalalarni ham avvalo hisob-kitob, qolaversa, sabr-toqat va nihoyat, yaxshilik bilan yengadi. Ha, yaxshilik bilan yengadi, hattoki yomonlikni ham!..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.