Keyingi o‘n besh yillik umrini qadimiy Yassi qal’asi yaqinidagi Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida o‘tkazgan Husayn so‘fi Muhammad so‘fi o‘g‘li qirchillama qirq yoshida kutilmaganda noaniq bir xastalikka chalinib, to‘shakka mixlandi-qoldi. Tabib-hakimlar bemorni har bob bilan ko‘rib, dardiga davo qidirdilar, lekin bu urinishlardan tayinli natija chiqmadi. Aslida-ku, naq giribonidan bo‘g‘ib olib ketayotgan dardning o‘zi yo‘q! Bemorning o‘zi ham aniq-tiniq “Falon joyim og‘rib turibdi” deb ko‘rsatib berolmaydi...
Bir oycha avval, odatdagidek, saharmardonda tahoratdan so‘ng uyidan chiqib, devor-darmiyon qo‘shni machitning mezanasiga ko‘tarildi-da, muazzinning o‘rniga azon aytdi. Ayni shu chog‘da o‘zini bardam-baquvvat, ovozini jarangdor his qildi. Juma kuni edi, odatdagidek, jamoa bilan namoz o‘qiganidan keyin halimxona bilan zikrxona oralig‘idagi hujrada machitning imom hatibi, mutavallisi, yana bir necha kunda-shundalar bilan birgalikda nonushta qildi. Keyin qiroatxonaga o‘tib, bir muddat mutolaaga muk tushdi. To‘rt-besh sahifa o‘qir-o‘qimas, nimagadir ko‘z oldida harflar allanechuk chaplashib ketaverdi. Toliqdim shekilli deya uyiga chiqib, peshin namoziga qadar cho‘zilib yotdi. Qancha uxlaganini bilmaydi, aloq-chaloq tush ko‘rib, bosinqirab uyg‘ondi. O‘rnidan turganida... dabdurustdan gandiraklab yiqildi. Mana, qariyb bir oydirki, kuniga ikki-uch mahal yolg‘iz o‘g‘li Mahmudga suyanib hojatga borib keladi. Tabiblar bergan ezibichki, tutatqi, damlama, yana boshqa allambalo emlar, qani endi, zig‘ircha kor qilsa! Biron joyi og‘rimaydi. Biron nima ichkisi-egisi kelmaydi. Ishtaha mutlaqo yo‘q! O‘rnidan tursa gandiraklab yiqilayotgandek bo‘laveradi, shu bois uzzukun uzala tushib yotadi. “Shu qimizni iching, otdek bo‘lib ketasiz” deya boshida parvona bo‘layotgan jufti haloli Bibioysha otinning gaplari ham yoqmaydi. Xullas, dardi oddiygina xonaki dard emas, allaqanday dardisar! Tabiblar bemorning rang-ro‘yini ko‘rib taajjublanadilar. “Ko‘rinishingizdan, soppa-sog‘siz!” deya ko‘nglini ko‘taradilar. Muolajalarni to‘liq olsangiz, ishtahangiz ochilib, bo‘z yigitlardek chopqillab ketasiz”, deya umidlantiradilar. “Bekordan-bekorga aylanaveradigan qanaqa bosh bu boshingiz?” deya o‘zlaricha hazillashgan ham bo‘ladilar... Baribir natija... Yo falak! Qaydan yopishdi bu baloyi nogahon?! Nahotki shu alfozda o‘lib ketaversa?! Qirchillama qirq yoshida-ya. Kuni kechagina o‘ynab-o‘ynoqlab yurgan odam... balog‘at yoshidagi yolg‘iz o‘g‘lining baxti-yu taxtini ko‘rmay, uni yetim qoldirib!.. Yo rabbiy! Nahot bu yorug‘ olamga kelib ko‘rgan-boqqani shu bo‘lsa?..
Yo‘q, Husayn so‘fi o‘zini xudoning suyukli bandasi deb bilganidan keyin hech qachon noshukurlik qilmaydi, albatta. Xudoga ming qatla shukurlar qilsa arziydiki, u halol-pokiza umr kechirgan zot Muhammad so‘fi xonadonida tavallud topdi. Ayni shu boisdan bolalik chog‘laridayoq xatmi qur’on qilib, qorilik sharafiga noil bo‘ldi. Navqironlik yillarini Buxoroi sharifda kechirib, mashhur madrasada tahsil ko‘rgani-yu, bu madrasaning eng obro‘li mudarrisi, musulmon dunyosida taniqli shayxulislom Bahriddin Buxoriy hazratlariga kuyovlik martabasiga musharraf bo‘lgani uchun ham behad-behisob shukrona aytsa arziydi. O‘n yetti yoshida Savron qal’asidagi madrasalardan birini bitirib, arab, fors tili bilan birga o‘zining ona tilida ham o‘qish-yozishni puxta o‘zlashtirgan yagona zuryodi, ko‘zining oqu qorasi Mahmud qoridek zakovati hayratomuz o‘smirga padari buzrukvorlik baxti... Xudoning suyukli bandasigagina nasib qiladigan ulug‘ baxt bu!.. Yaratgan Egam, shunday oqil farzand ato etganing uchun o‘zingga hazor shukur, lekin... Shu ketishda erta-indin bandalikni bajo keltirsa... bu yorug‘ olamda Xudodan boshqa ishonari-yu suyanari yo‘q dilbandining holi ne kechadi?! Endi farzandlar rohatini ko‘ramanmi deb turganida bu ne ko‘rgilik? Ko‘nglida bosh ko‘targan isyonni bazo‘r jilovlab, ich-ichdan istig‘for keltirdi: astag‘furillo! Tavba qildim, noshukur bandangni o‘zing kechir, Parvardigori Olam! Yana sening irodangga bo‘ysunib, ko‘nglimdagi qirq yillik orzu-armonlarim, bu orzu-armonlarimni ifoda qilgulik til-zabonim, dil so‘zlarimni uqishga qodir aqli butun zuryodim borligi uchun o‘zingga ming karra shukrona aytsam arziydi. Faqat so‘nggi so‘zlarimni aytolmay armonda ketgulik qilmagaysan! O‘zing hammasidan ogohsan, Yaratgan Egam, toki tildan qolmay turib, o‘g‘limga qirq yildan buyon yuragimning to‘rida saqlagan ko‘ngil sirlarimni, vasiyatimni aytib ulgurmog‘im shart!..
Kecha oqshom o‘g‘liga atalgan so‘nggi so‘zini “Nasib qilsa, ertadan qoldirmayman, tong otsin, aytaman!” deb niyat qilgan edi, bugun ertalab...
Kutilmaganda machitning imomi bir notanish yigitni ergashtirib, “rang ko‘r-hol so‘r”ga kirib qoldi. Bir muddatlik takalluf-iltifotlardan so‘ng imom tashrifdan muddaoni tushuntirdi:
— Manovi birodarimiz bugundan boshlab janoblarining o‘rnida machitimizning so‘fisi sifatida ish boshlamoqchi bo‘lib turibdi, — dedi notanish yigitga ishora qilib. — Xabaringiz bor, anchadan buyon machitlarimizda amri ma’ruf arab tilida olib borilmoqda. Bizda arab tilida ravon gapira oladigan odam o‘zingiz edingiz, taqsir, lekin siz... Endi sizga Xudo shifo bersin. Sog‘ayib chiqqaningizdan so‘ng machitimizning kutubxonasi bilan hattotlik hunari tag‘in ixtiyoringizda bo‘lur!.. Shunga... nima deysiz, taqsir?..
Mehmonlarni kuzatgach, o‘rniga qayta cho‘zildi. O‘zini yana-da holsiz-majolsiz his qildi. Ich-ichidan baayni bir to‘fon bostirib keldi. Xo‘sh, bularning poyqadamidan muddao nima? Bemordan hol so‘rashmi yo... qachon o‘lishini bilishmi?
Kutilmagan tashrif dard ustiga chipqon bo‘ldi. Ishongan yolg‘iz o‘g‘liga vasiyat aytish qarori yana-da qat’iylashdi:
— O‘g‘lim! — keyingi kunlarda har bir kalomiga intig‘-u, mahtal bo‘lib o‘tirgan nuridiydasiga mehr bilan boqar ekan. — Gaplarimni jon qulog‘ingiz bilan eshiting. O‘n yetti yoshingizda arab-u, fors tili bilan bir qatorda ona tilingizni ham bu bandai ojizdan ming karra puxta bilib olganingizdan bag‘oyat mamnunman. Endi... alhamdulillo, siz bilan biz mo‘min-musulmonmiz. Ammo, shuni qulog‘ingizga quyib olingki, Qur’oni Karimning arab tilida nozil etilgani bu millat va bu tilga alohida imtiyoz bermaydi. Aksincha, bu xalq va bu til yer yuzidagi jamiki boshqa xalqlar va tillarning o‘sib-unishi, gurkirab ravnaq topishi uchun mo‘‘tadil iqlim, qulay imkoniyat yaratib bermog‘i kerak! Dini islom bilan Kalomullohning beqiyos qudrati, avvalo mana shunda, o‘g‘lim. Bas shunday ekan, ba’zilar o‘zlarining sayidzodaligini pisanda qilib takabburlikka berilsalar, turkiy tilga nopisandlik nazari bilan qarasalar, mana shu biz yashab turgan zamindagi ne bir aqlli boshlar o‘z ona tillariga begonasirab qarasalar... bu ahvolda dodimizni kimga aytishimiz kerak?
O‘zingiz jiddiyroq bir o‘ylab ko‘ring. Jamiki musulmon dunyosida hadis ilmining sardori bo‘lmish Imom Buxoriy hazratlari qarigan chog‘larida qadr topmay, tahdid-taaddilardan o‘z kindik qoni tomgan yurtga qochib qutulsalar. Falsafa va mantiq ilmini arab tiliga qo‘shib “Muallimi avval” yuksakligiga ko‘targan Abu Nasr Forobiy hazratlari Xalafda qarigan chog‘larida xor-zorlikda umr kechirib, kamsitishlardan o‘libgina qutulsalar!.. Bu qanday bedodlik, axir!.. Mana, bir chekkasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingiz, faqir ham ona yurtimda jon hovuchlab bazo‘r yashadim. Aybim nima edi, bilmayman, bu yerga kelib ham o‘zim — ro‘shnolik, yelkam — oftob ko‘rgani yo‘q! Bilmadim, bu ahvolda avlodlarimizning, ona tilimizning, umuman, Ota Turkistonimizning holi ne kechadi? Xullas kalom o‘g‘lim, Janobi Haqning huzuriga yorug‘ yuz bilan borish oldidan Sizdan yagona o‘tinchim, ham so‘nggi vasiyatim: ona tilimiz xazinasidagi jamiki zarra-yu nuqralarning har birini ko‘zlaringizga to‘tiyo qilib, yig‘ib-terib, asrab-avaylab, bir kitobga jamuljam etsangiz! Shoyadkim yozma nutqdan mahrum bo‘lgan, mana, endi og‘zaki nutqdan ham tobora siqib chiqarilib, kun-bakun o‘lib borayotgan tilimizga qayta jon ato etish baxti Sizga muyassar bo‘lsa! Volidangiz bilan singillaringizni — sizga, sizni — Xudoga topshirar ekanman, jon hovuchlab Janobi Haqdan iltijoyim shu: iloho tilimizning butun boyligi-yu purhikmat so‘zlarimiz bag‘ridagi ma’nolar xazinasini baayni kelinchakning sepidek yarqiratib yozish va jahon ahlining ko‘zlariga ayon ko‘rsatish imkoniyatini shu yagona zuryodimga beminnat ato etgaysan o‘zing!..
Dil qa’ridan chiqib dil qa’riga yetib borayotgan bu gaplardan o‘spirin Mahmudning yuragi to‘liqdi. Otasining qoqshol qo‘llarini mehr bilan silab, qoqsuyak kaftiga labini bosdi. Butun vujudi titrab-qaqshab, jismi-joni yonib-o‘rtanib shivirladi:
— Bas, bo‘ldi, ko‘ngilni vayron qilmang, padari buzrukvor! Vasiyat aytishga zinhor shoshilmang, zero siz hali ko‘p yashaysiz, men bilan nabiralaringizning baxti-taxtini ko‘rasiz!.. Bu gaplaringizni tolibi ilmga yo‘l-yo‘riq sifatida qabul qilg‘ayman, otajon!
Husayn so‘fining bemajol qo‘llari zuryodining bosh-ko‘zini mehr bilan siladi:
— Mayli, siz aytganingizcha bo‘la qolsin, o‘g‘lim!
...Bo‘lajak tilshunos olim, olamshumul “Devoni lug‘atit turk” asarining muallifi Mahmud Qoshg‘ariyning tiniq xotirasiga o‘chmas bo‘lib muhrlangan va bu buyuk tilshunosning butun umr yo‘lini aniq-ravshan belgilab bergan bebaho yo‘riq edi bu!..