Tarixiy lavha
Qadim turkiy so‘zlarning tub lug‘aviy
ma’nolarini puxta biladigan lug‘atshunos olim
Ernst Begmatovga bag‘ishlayman
Rabg‘uz (Raboti O‘g‘iz)dan Hazrati Sultoni Orifin ziyoratiga otlangan karvon Terskay (ya’ni, Teskari – hozirgi So‘zok shahri)da bir kecha tunab, Qoratovni oshib, nihoyat, Yugnaktepa yaqinidagi «Shakarbuloq» deb ataluvchi buloq qoshidagi rabotda qo‘nim topdi. Nosiruddin Burxoniddin Rabg‘uziy o‘ziga hamroh-safardosh ziyoratchilar qatorida buloqdan qonib suv ichdi-yu butun jismi-jonida ajib bir huzur-halovat, g‘ayrat-shijoat tuydi. Payg‘ambari Akram yoshini qoralab turgan bo‘lishiga qaramay, shu topda o‘zini baayni yosh yigitlardek bardam-baquvvat his qildi. Yonida qo‘l qovushtirib xizmatga shay turgan rabot sohibini savolga tutdi:
– Ajab xosiyatli buloq ekanmu? Nechun «Shakarbuloq» deb atalur, taqsir?
Rabot sohibi ayni shu savollarni kutib turgandek ko‘zlaridan o‘t chaqnab, o‘zgacha zavq-shavq bilan astoydil tushuntirishga tutindi:
– Suvi shakardan shirinroq, boldan totliroq bo‘lganidan keyin, «Shakarbuloq» deyiladi-da, aziz birodarim! «Asalbuloq» desangiz ham haqingiz ketmaydi! Rivoyat qilishlaricha, bir paytlar chingiziylar vayronaga aylantirgan Yugnak qal’asi – hov anovi ko‘zingizga aniq-ravshan ko‘rinib turgan Yugnaktepa o‘rnida Adib Ahmad hazratlari tavallud topgan ekanlar. Ayni shu qutlug‘ tavallud sanasida shu xosiyatli buloq ko‘z ochgan ekan. Adib Ahmad hazratlarining o‘zlari bir umr piri komillari Ahmad Yassaviy hazratlariga talpinib yashaganlaridek, o‘shandan buyon bu buloq ham Turkiston shahriga – Yassaviy hazratlarining xoki poyiga intilib, yo‘l-yo‘lakay boshqa katta-kichik buloqlarning suviga qo‘shilib, ulkan Qorasuv arig‘ini hosil qilar ekan. Tog‘ tepasidagi oppoq qorlardan yig‘ilgan suv «Oqsuv» deb atalganidek, yer bag‘ridan qaynab chiqqan buloqlardan to‘plangan suv «Qorasuv» deb atalishini o‘zingiz ham yaxshi bilsangiz kerak?..
Nosiruddin Burxoniddin savolga javoban tasdiq ma’nosida bosh irg‘ar ekan, yuragi to‘lqinlanib, ich-ichdan orziqdi. Bu jahon ayvonida bizning turkiyimizdek ifoda qudrati cheksiz til tag‘in bormi ekan! Avvalo Yaratgan Egamning, qolaversa, ona tilimizning bemisl qudrati baayni qatradagi quyosh aksidek shu bir juft so‘zdayoq aniq-ravshan ko‘rinib turibdi-ya! «Oqsuv» bilan «Qorasuv» so‘zlarining tub lug‘aviy ma’nolari Mahmud Koshg‘ariy hazratlarining «Devoni lug‘atit turk» asarida qalamga olinganmu edi, afsus, shu topda eslayolmay, xotirasi pand berib turibdi. Har qalay, burnog‘i yil muqaddas Turkiston zaminidagi Zangi ota, Nurota, Cho‘pon ota, Cho‘lpon ota, qo‘ying-chi, jami qirq nafar aziz-avliyolarning qadamjolarini bir sidra ko‘zlariga to‘tiyo qilib chiqqanida, ayniqsa, bir hol ko‘nglida o‘chmas taassurot qoldirgan edi. Nurota bulog‘ining suvi yig‘ilgan mo‘‘jizaviy hovuz, bu hovuzda bahuzur o‘ynab-o‘ynoqlab yurgan avliyo baliqlar-ku, ne bir tepsa tebranmaslarning ham ko‘rar ko‘zlarini quvnatib, o‘zlarini hayajonga solishlari muqarrar! Ayniqsa, bu Avliyo otaning ikki tomonida tizilishgancha qad kerib turgan ikki tog‘ tizmasidan biri – «Oqtov», yana biri «Qoratov» deb atalishi o‘zini qattiq ajablantirgan edi. O‘shanda Nurota rabotining sohibi ham xuddi manovi birodaridek ko‘zlaridan o‘t chaqnab, ajib zavq-shavq bilan tushuntirish bergan edi:
– Nima sababdan avliyoi kiromimizning o‘ng tomonida saf tortgan tog‘lar «Oqtov», so‘l tomonida tizilishgan tog‘lar «Qoratov» deb atalishini aniq-tiniq bilishni istaysizmi? Oqtovni – nazmning, Qoratovni – nasrning o‘ziga xos timsollari deb bilaverasiz-da! Bu tizma tog‘lar asrlardan buyon «Vatanim Nurota, tog‘lar orasi» deya ham nazm, ham nasrda bab-baravar qalam tebratishga qodir qalam pahlavonining tavallud topishini kutib yotibdi, axir, taqsiri olam! Mening shu gaplarimni qulog‘ingizga qo‘rg‘oshindek quyib oling-da, xulosa chiqaravering, agar rostdan ham o‘zim ixlos qo‘ygan shoiri zamon Rabg‘uziy hazratlari bo‘lsangiz!..
O‘shandan buyon uzoq-uzoq xayollarga cho‘mib, totli-totli orzulardan yuragi bot-bot orziqib ketadi. Qadimiy Turkiston zaminida Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Ahmad Yugnakiydek nazm bahodirlari-ku, hamisha bisyor bo‘lgan, bugun ham bisyor! Demakki, bulardek purviqor tog‘lar orasida yana bir tog‘ bo‘lib qad rostlash ne bir ilohiy qalam sohiblari uchun ham anchagina dushvor! Lekin badiiy nasr maydonida javlon ura oladigan «mana men» degan nosir… bu ulusda bormi o‘zi?! To‘g‘ri, og‘zaki ijodda latifadek butun turkiy ulusning benazir nasrini yaratgan o‘lmas Xo‘ja Nasriddin afandimiz bor! Lekin yozma adabiyotda qani o‘sha zakovatu zarofatda tengsiz afandimiz bilan bo‘ylasha oladigan ilohiy qalam sohibi?! Modomiki afanditabiat padari buzrukvorim Burxoniddin qozi bundan oltmish uch yil muqaddam yolg‘iz o‘g‘li bo‘lmish bu faqirga ne bir umidlar bilan «Nasriddin» deb ot qo‘ygan ekan, yo Qodir Alloh, aqalli endi bu bandai ojizingga oltmishdan oshganimda shu umid tog‘ini ko‘ngildagidek ushatish baxtini muyassar qilarmikansan O‘zing!..
Mana, shunday uzun xayollar, totli orzular, sidqidil iltijo-tavallolar bilan ko‘z ochib yumguncha bo‘lmay oradan uch yilga yaqin vaqt o‘tib ketibdi-ya, buni qarang! «Umr – oqar suv» deganlari nechog‘li haq-rost ekan! Shu uch yildan buyon qay yo‘sinda nazmdan nasrga o‘tib, nosir sifatidagi ishni aynan nimadan boshlasam ma’qul bo‘lar ekan, deya astoydil o‘ylanadi. Bundan biror oygina muqaddam qadimiy Isfijob yaqinidagi Hazrati Sultoni Orifinning padari buzrukvori Ibrohim ota bilan volidai mukarramasi Qorasoch ona maqbaralarini ziyorat qilib, ko‘ngli allanechuk ravshan tortgach, xuddi manovi Shakarbuloqdan suv ichgandek, Qorabuloqdan qonib-qonib suv ichdi. «Qorabuloq» desa degudek kattakon buloq ekan o‘ziyam! Naq bir tegirmon suv yer bag‘ridan qaynab-toshib chiqayotgan buloqning «Qorabuloq» deb atalishi ko‘nglida turkiy tilning naqadar purhikmat-purma’noligiga hayrat-u iftixor hislarini uyg‘otgan edi.
Mana, endi birgina buloq emas, ko‘pdan-ko‘p shirin-shakar buloqlar suvining qo‘shilishidan hosil bo‘lgan ulkan ariq nomining «Qorasuv» deb atalishini qarang!.. Mo‘‘jizani ko‘ring! Xudoning qudratini ko‘ring!..
Ertasiga Qorasuv yoqalab yo‘lga tushgan karvon bu ariq suvi kelib quyiluvchi ulkan soy – Qorachiq ustidagi ko‘prikdan o‘tar ekan, Nosiruddin Burxoniddin Rabg‘uziyning ko‘ngil ko‘zgusi daf’atan ravshan tortib, fikri misli ko‘rilmagan darajada tiniqlashdi: avval-boshda Qorabuloq, keyin Qorasuv, mana endi – Qorachiq!.. Agar Ahmad Yassaviy hazratlari bu turkiy ulusning ko‘z qorachig‘i bo‘lsalar, bu ko‘zning qorasi bilan oqi!.. Nima bu? Turkiy tildagi nazm bilan nasr emasmi mabodo?! Turkiy nazmning dilbar shoirlaridan biri «Ko‘zingning qarosi oqi birla ajib kufredurki, iymon birla hamroh» deb yozib, ko‘zning qorasini – kufrga, oqini – iymonga mengzagan edi. Aftidan, bu o‘xshatishda nuqson bordek. Yo‘q, ko‘z qorasi, ayniqsa, uning qorachig‘ini kufr deb bilishning o‘zi kufr, aniqrog‘i, kufroni ne’mat emasmi?..
Qani endi nasrdek qora so‘zda shunday bir asar bita olsaki, u purviqorlikda Bobotog‘-u Askartog‘, boringki, Tangritog‘ bilan bo‘ylasha olsa! Ahmad Yassaviy hikmatlari nazmdagi «Qur’oni turkiy» deb atalganidek, bu asar ham nasrdagi yana bir «Qur’oni turkiy» sifatida olamda dovrug‘ qozonib, tarix sahifalarida mustahkam saqlanib qolsa!
Ko‘nglida tug‘ilib-o‘sib, nihoyat, pishib yetilgan bu ijodiy niyatini qay yo‘sinda ro‘yobga chiqarmoq mumkin?! Qorachiqsoy ko‘prigining ustidan o‘tar ekan, aniq-ravshan bir xulosaga kelib to‘xtadi: «Osilsang baland dorga osil» deganlar. Azim Turkiston zaminida Kalomulloh – Qur’oni Karim ma’nolarining tafsirlariyu sharhlari ham, mukallimlar-u mufassirlar ham behisob! Lekin… oq yomg‘ir, oqsoy, oqdaryo suvidek osmondan baayni obi rahmat bo‘lib yog‘ilgan Kalomullohda tilga olingan jami yetmishdan ortiq qissalarning teran ma’nolarini badiiy nasrning qorabuloq bilan qorasuvdek yer bag‘ridan qaynab chiqqan ilohiy chashmasiga aylantirib, ularni qora so‘z ko‘magida yoshu qari – barchaga oppa-oson tushunarli bo‘lgan yaxlit turkumga marjondek tizib chiqsa-chi o‘zi? Turkumni «Qisasi Rabg‘uziy» deb atasa!.. Bu asar to qiyomatga qadar Yassaviy hazratlarining «Devoni hikmat»i qatorida kitobxonlar qo‘llaridan qo‘ymay, qo‘lma-qo‘l qilib qayta-qayta o‘qiydigan umrboqiy asar bo‘lmasmi ekan?! Agar «umr – oqar suv» bo‘lsa, bu olamda oqar suvning kattasi – qorasuv – payg‘ambarlar umri emasmi?! Demakki, nasib qilsa, Qur’oni Karimda qutlug‘ nomlari tilga olingan payg‘ambarlar qissalarini o‘zigagina xos mushohada chig‘irig‘idan o‘tkazadi!
Nosiruddin Burxoniddin Rabg‘uziy Qorachiqsoy sohilidagi bir muddatlik hordiqdan keyin manzilga yaqinlashgan karvon ahli qatorida yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, axiyri Turkiston shahriga kirib bordi. «Turkiston elining shayxulmashoyixi» Xoja Ahmad Yassaviy ziyoratgohiga butun vujudi hayajonga chulg‘anib, tafakkur xumdonida, nihoyat, pishib yetilgan shunday bir qutlug‘ niyatini diliga mahkam tukkan holda qadam qo‘ydi: «Bismillahir rohmanir rohiym!.. Yo piri komil, o‘zing bu bandai ojizga madadkor bo‘l!.. «Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichar» deydilar. Ko‘ngildagi eng pinhoniy nuqtadan – dil qa’ridan baayni buloqdek qaynab chiqqan dil so‘zlari, «toma-toma ko‘l bo‘lur» deganlaridek, shoyadki kunlardan bir kuni ko‘zlarni oydin, ko‘ngillarni ravshan torttirguvchi yana bir ulkan Qorasuvni hosil qila olsa!..»
Muallifning so‘ngso‘zi:
Jahon adabiyotida ham, o‘z adabiyotimizda ham ilohiy mavzularda bitilgan shoh asarlar talaygina bor. Mavlono Jaloliddin Rumiyning «Masnaviyi ma’naviy»si, Dante Aligerining «Ilohiy komediya»si, Shayx Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr»i, Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning «Lison ut-tayr»i, Gyotening «Faust»i, Fitratning «Shaytonning Tangriga isyoni» va «Qiyomat» hikoyalari, Mixail Bulgakovning «Usta va Margarita», Chingiz Aytmatovning «Qiyomat» romanlari, Abdulla Oripovning «Jannatga yo‘l» va Erkin Vohidovning «Ruhlar isyoni» dostonlari… Asarlar orasida Mavlono Nosiruddin Burxoniddin Rabg‘uziyning «Qisasi Rabg‘uziy» («Qisasul anbiyo») asari bosh manba (Qur’oni Karim – Kalomulloh)ga eng yaqinligi bilan alohida ajralib turadi. Shu boisdan ham, mana, yetti asr – yetti yuz yildan buyon asar xalqimiz tomonidan sevib mutolaa qilinadi. Asrlar mobaynida rabg‘uziyxonlik xalqimiz ma’naviyatining uzviy bir qismini tashkil etib kelgan qissaxonliklarning sarchashmasida haqli ravishda turibdi. Ushbu shoh asarning dunyoga kelishiga bosh sabab – ma’naviy-ruhiy omillar xususidagi badiiy tasavvur mahsuli bo‘lmish ushbu mo‘‘jazgina tarixiy hikoya shoyadki ko‘nglingizda rabg‘uziyxonlik ishtiyoqini salgina kuchaytira olsa…