OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oybek. Qutlug' qon (roman)

BIRINCHI BOB

I

Vaqt peshindan oqqan edi. Iyul oyiniig quyoshi hamma yoqni olov seli bilan to‘ldirgan, havo allaqanday oq alanga bilan jimgina yonganday... Keng dala yo‘lida qatnovchilar siyrak: eski kir qalpog‘ini burniga qadar tushirib, issiqdan mudragan va horg‘in oriq otining yalqov qadamiga bardosh qilib shahardan qaytayotgan chetan aravali dehqon ikki oyog‘i bilan eshakning qorniga niqtab, muttasil «xix-xix» bilan halqumini qirgan bir mo‘ysafid uzumchi, qatig‘ini pullab, xurmachalarini orqalagan, issiqqa qaramay, goh aravaga osilgan, goh qush uyasini qidirib daraxtlarga ko‘z tikkan ust-boshi kir-chir sho‘x bolalar... Issiq tobora ortar, «g‘ir» etgan shamol yo‘q, ot-arava ko‘targan chang havoda uzoq vaqt qimirlamay turib qolar, yuzlarga qizgan temir uchquni kabi yopishar, nafasni bo‘g‘ar edi.
Qahraton qishda yalang oyoq muz bosib, saratonda qizgin qum kechib issiqda, sovuqda obdan pishgan bizning yigitni ham (katta masofani piyoda bosgani uchunmi) kun xiyla betoqat qilgan edi. U kuyib yotgan bilq-bilq yumshoq tuproqda salmoqli oyoqlarini ildam va yirik-yirik bosar, ko‘zlagan joyiga tezroq yetishga oshiqib o‘tkinchilardan so‘rar edi:
— «To‘pqayrag‘och»ga yaqin qoldimi?
— Hali bor. Ko‘prikdan keyingi guzar.
Uning ochiq yoqali uzun ko‘ylagi, ustidagi olacha yaktagi suvga pishganday jiqqa ho‘l bo‘lgan; ba’zan g‘ashi kelib, badaniga yopishgan ko‘ylakni ko‘chirar va yelpinar edi.
Ko‘prikdan o‘tish bilanoq guzar boshlandi: ko‘chaning ikki tomonida bir-biriga qarshi ikki choyxona, bir qassob do‘koni, buning yoniga suqulgan kichkina baqqolchilik.
Ko‘cha iflos, lskin suv qalin sepilgan; har yoqqa tarvaqaylab o‘sgan beso‘naqay, qari tollarning ko‘lankasi quyuq.
Yigit so‘l yoqdagi choyxonaning karavotiga o‘tirdi. Chang va terdan hosil bo‘lgan kirni yaktak etagi bilan yuzidan sidirib tashladi. Kichkina xaltani yoniga qo‘yib, choy so‘radi. Samovarchi chuvak yuzli, eti suyagiga yopishgan, jikkak va shu bilan baravar girt ko‘sa odam edi. U ustaning qo‘liga tusha-tusha xo‘p ezilgan, qorni pachaq, chirkin katta samovarning oldida yog‘och yelkasini qisib o‘tirar, kelgan-ketgan odamlar bilan unchalik ishi yuq; is bosgan kir latta bilan dam samovarni, dam yonida qalashgan piyola-choynaklarni artar, har kuni ming martalab qo‘lida tutadigan piyolalarni olib, go‘yo birinchi daf’a ko‘rganday, ko‘zini aylantirar, tovushini baland qo‘yib, o‘zicha valdirar edi: «Odamlarga hayronman-da! Agar sig‘sam edi, samovarning otashdoniga tushib, ko‘mir o‘rniga yonar edim. Jabbor ko‘sadan bir hovuch kul qolgan bular edi. Shu ham tirikchilikmi? Mana bu xumsaning ham labi uchgan! Mana bunisi darz ketibdi... Hoy, aravakash bola, otingni tort, naq tezagini do‘ppingga solib beraman!»
Nihoyat, shang‘i samovarchi jo‘mragi uchiga jez qoplangan choynakni va bir piyolani yngitning oldiga do‘q etib qo‘yib ketdi.
Choyxonada odam siyrak. Yigitlardan yuqoriroqda, o‘rta yoshli ikki dehqon o‘tirar, bu yil sabzi-piyozning bozori kasodligidan va ulovsizlikdan hasratlashar edi. Biri so‘zlab-so‘zlab, qamchi dastasi bilan yelkasini qashir, ikkinchisi esa qo‘nji bir qarich, churuk chorig‘ini ko‘rsatib: «Bu qachon yangi bo‘ladi? Sen ot-ulovdan gapirasan! Dehqonchilikda barakat qolmadi. Dehqonning sira maeaei yo‘q»-, deydi. Unisi: «Ha, ishqilib, bosh omon bo‘lsin, birodar», degan so‘zni takrorlar edi. Choyxonaning burchagida, kunning dahshatli yonuviga qaramay, qalin, qora jun chakmon o‘ralgan bir qozoq devorga suyalib mudrar, minut sayin ko‘zini ochib loqaydlik bilan samovarchiga buyurar edi: «Shilimni uzat!» Samovarchi nuqul kul bilan to‘lgan sarxonaga cho‘g‘ qo‘yar, burishib-turishib, chilimni olib borar va o‘dag‘aylar zdi: «Tort, tort, sira haqing ketmasin!» U chilimni butun kuchi bilan, kashandalarday tortib, og‘ziga qitday tutun ilashmaganidan teskari burilib mikgar-dardi: «Sartning qudoy urg‘ani sen ekansen, o‘ngmag‘ur...»
yig‘it g‘oyat chanqagan edi, choyni quyib, puflab-puflab ichdi. Belbog‘iga tugilgan qirq tiyin chaqadan tegishlisini ayirib olib, piyola ichiga tashladi-da, o‘rnidan turdi. Lekin bir muddat taraddudda qoldi: qay tomonga qadam bosishini bilmas edi. Samovarchining «it fe’l» ekanini payqagan bo‘lsa ham, noiloj uning oldiga bordi.
— Mirzakarimboyning bog‘i qaerda, bilmaysizmi?— dedi muloyimlik bilan.
— Nima ishing bor?
— Yo‘liqmoqchi edim-da.
— Hm... Mirzakarimboyni Toshkentning to‘rt dahasi biladi. Hov anav ko‘chaga buril. Dang‘illama darvoza. Usha Iskandar Zulqarnayn ham bunaqa qo‘rg‘on solgan emas! — Samovarchi qo‘shaloq barmoqli panjasini cho‘zib bir ko‘chani ko‘rsatdi. Keyin bu begona yigitga boshdan-oyoq ko‘z yugurtirib, havasi kelib gapirdi:
— Rosa muchang bor ekan, inim. Badaningdan kuch yog‘idib turibdi-ya. Qaerliksan, sayramlikmi? Boy boboning omadi...
Choyxonaning ichkarisidan bir tovush yangradi:
— Tuf de, ko‘zing tegadi, kasofat! Shu so‘zingni menga aytsang, tishingni sug‘urib olardim.
— Koshkiydi manda tish bo‘lsa, sanda gavda bo‘lsa, simyon!
Yigit ularning so‘ziga bolalarday jilmayib, yo‘lga tushdi.
Yashil bo‘yoq bilan bo‘yalgan, ust tomoni o‘ymakor panjarali, katta va og‘ir darvozaga yetganda, yigitning yuragi bir oz o‘ynab ketdi. Darvozaning bir tavaqasi ochiq. U uzoqdan ichkariga qaradi. Qarshisida daraxtlar ostidagi katta supada, dastro‘molchasi bilan yelpinib o‘tirgan, qordek oppoq ko‘ylakli, oq soqoli bir tutamgina cholga ko‘zi tushdi. Yuragi yana po‘killadi. «Toshkentning to‘rt daxasi» taniydigan bu davlatmand kishining oldiga qanday kiradi? U sodda, uyatchan, kamtarin yigit edi. Lekin bir lahzada allaqanday kuch uni itarganday bo‘ldi. U darvozadan kirib, supaga o‘n-o‘n besh qadam qolganda, qo‘l qovushtirib, ta’zim bilan: «Assalomu alaykum» dedi. Faqat, salavot bosganidan, uning ovozi istagiga qarshi baland jaranglamadi. Allaqanday bo‘linib, siqilib chiqdi. Chol o‘tirgan joyidan qimir etmadi, bir qo‘lini qosh ustiga qo‘yib, keksalarga xos boqish bilan bir zum tikildi:
— Kel, chirog‘im, nima xizmat?
Yigit supa oldida to‘xtab, xaltasini qo‘ydi, uzun, baquvvat qo‘llarini cholga cho‘zdi. Supaning chetiga omonatgina o‘tirib, boshini quyi soldi: «Qaerga keldim? Mirzakarimboy shu kishimikan? Balki bu boshqa birovdir deb o‘yladi.
Chol bu begona yigitning vaziyatida taraddudlanish sezib, qaytadan so‘radi:
— Xo‘sh, o‘g‘lim, nima arzing bor? Ayt...
yigit boshini ko‘tardi va unga tikilib qarab, jilmaydi.
— Mirzakarimboy siz bo‘lasizmi?
Chol boshi bilan tasdiqlagach, yigit davom etdi:
— Men Xo‘jakent qishlog‘idan keldim, jiyaningizning o‘g‘li bo‘laman.
— E, Xo‘jakentdan?
— Xushro‘ybibining o‘g‘liman.
— E,— Mirzakarimboy butun gavdasi bilan bir qo‘zg‘alib qo‘ydi,— jiyanim Xushro‘ybibining o‘g‘liman degin, barakalla. Rahmat, jiyan, yo‘qlab kelibsan. Qalay, onang baquvvatmi? Har yerda bo‘lsa, omon bo‘lsin. Oting nima, jiyan?
— Otim Yo‘lchi. Ayam, shukur, sog‘-salomat. Sizga salom deb qoldi.
— Dadang... E, Sherali qalay, bardammi?
— Dadam o‘lgan, ikki yildan oshdi chamasi. Mirzakarimboy qo‘llari bilan soqolini yengilgina siypab, marhumga fotiha o‘qigan bo‘ldi.
— Boyoqish ko‘p yaxshi odam edi; insofli, hamiyatli edi. Bir vaqtlar o‘rtada bordi-keldi bo‘lib turar edi. Dadang bu yerda ham, shahar hovlimizda ham bo‘lgan. Sen hech kelganmiding?
— Yosh pallamda dadam, ayam bilan birga shahardagi hovlingizga kelganim g‘ira-shira yodimda bor...
Chol o‘tmishni esladi. Yo‘lchi o‘z onasidan yuz martalab eshitgan gaplarni hikoya qila boshladi, yani opasidan ikki yosh qiz yetim qolgani, ulardan Xushro‘ybibi o‘z otasi tarbiyasida qolib, uning singlisi Oyimbibini Mirzakarimboy o‘zi tarbiya qilib, naq erga berish oldida vafot etgani, Xushro‘ybibining tolei pastlik qilib, ota o‘lgandan so‘ng amakilari qishloqqa, Sheraliga erga berganliklari va hokazoni so‘zladi. So‘ng chol sukutga botdi, kichkina, lekin hali tetik ko‘zlarini mudroq bosgan odam kabi, sekingina yumdi. U hozirgina yodiga olgan qishloqi Xushro‘ybibini ham, uning kamtarin, mehnatkash marhum erini ham, kutilmagan vaqtda yo‘qlab kelgan bu arslonday qishloqi jiyanchani ham unutgan, uning fikrini yolg‘iz o‘z ishlari ishg‘ol etgan edi. U bankalar orqali o‘z raqiblariga qarshi olib bormoqchi bo‘lgan sirli ishlarni, o‘z qarzdorlariga nisbatan qanday muomala va munosabatda bo‘lishni o‘ylar edi. U qarzdorlarni uch guruhga bo‘ldi. Birinchi guruhdagilar bilan savdo muomalasini avvalgicha davom ettiraveradi. Chunki bularning «qo‘li uzun», qo‘r-quti ko‘p. Ulardan bir kun ozni ko‘p qilib oladi. Ikkinchi guruhdagilarga birmuncha do‘q qiladi, shu bilan skladlarda cho‘kib qolgan gazlamalarni yaxshi baho bilan ularga o‘tkazib yuboradi. Uchinchilarning esa dumlaridan mahkam ushlab olib, maymunday o‘ynatadi... So‘ng katta o‘g‘li Hakimboyvachchaning paxta savdosi yuzasidan o‘ris firmalari bilan yaqinda tuzgan shartnomasi ustida o‘ylab, bu ishning qaltis tomoni sira yo‘qligiga va tajribakor aqlning ko‘rsatishiga muvofiq, bu ishdan foyda daryoday toshib kelishiga yana chuqurroq ishongach, zavqlanib ketdi-da, ko‘zlarini yana mahkamroq yumdi.
So‘zamol, badavlat qari tog‘aning birdan ko‘z yumib sukutga botishining sababini, tabiiy, Yo‘lchi tushunmadi. Kelganim unga yoqmadi shekilli, degan andishaga ham bordi. Lekin u endi boshini ko‘tarib, cholga va atrofga dadilroq qaray boshladi. Mirzakarimboyning gavdasi kichik, qo‘llari ingichka bo‘lsa ham, zuvalasi pishiq ko‘rinadi. U go‘shtdor ham emas, oriq ham emas, kichik, ayyor yuzi xo‘rozning tojisiday qip-qizil; oppoq soqoli va miyiqlari toza va taralgan...»
Bir tanobdan mo‘lroq chor burchak tashqarining har tomoni diqqatni jalb qilarli edi. O‘rtada supa va hovuz. Tanasi ikkita katta qulochga sig‘maydigan bir tup sada tevarakka tangaday oftob tushirmaydi. Hovuzning narigi chetida bir-biriga yaqin o‘tqazilgan, shoxlari bir-birining ichiga kirgan uch tup olma daraxti. Bir tupida olmalar endi sarg‘ayib yiltiramoqda, bir tupida mushtday yirik olmalar hali ko‘m-ko‘k, ularga boqish bilan kishining tishi qamashib, og‘zi so‘lakka to‘ladi; bir tup jaydari qizil olma, mevasining mo‘lligidan hovuzga engashib tushgan; hovuz suvida bir qancha qizil olma yoqutday tovlanib, jimillab suzadi. Hovuzdan yigirma qadamlar narida to‘rt tomoni ochiq, ustunlari chiroyli naqshlangan, yerdan odam bo‘yi baland ko‘tarilib solingan kattagina shiypon; buning atrofi gulzor. Quyoshda mayin tovlanib, xilma-xil ranglar bilan mavjlangan mayda gullar orasida ko‘rkam yuksalgan qizil duxoba gullar olov parchasi kabi yonadi.
Yo‘lchi ko‘zlari bilan atrofni sayr etarkai, ro‘baro‘dagi qo‘rg‘on — ichkari hovli eshigidan yosh-yosh o‘g‘il va qiz bolalar chuvillashib chiqishdi. Bularning kiyimlari toza va yangi edi.
Mosh rang duxoba do‘ppili, to‘qqiz-o‘n yashar, chiroylikkina bola — bolalarning eng kattasi edi. U ichiga katta oq kalamush qamalgan qopqonni yerga qo‘ydi, eshikchasini ochdi. Semiz kalamush yerga tushib, lapanglab darvoza tomonga qochdi. Bolalar qiyqirib, uni quvlasha ketdi: «Ustiga lampa moy sepib yondiramiz!» Nabiralarining haddan oshgan suyunchli hangamasi cholning ko‘zlarini ochdi... U qo‘li bilan go‘daklarga do‘q qildi: «Gugurt o‘ynamanglar, hoy!» deb qichqirib ham qo‘ydi. So‘ng, qarshisida o‘tirgan jiyanini unutayozganidan ogoh bo‘lib, yupatish uchun:
— Obbo jiyan-e, biznikini topib keldingmi-ya? Ha, so‘rab-so‘rab Makkani topadilar... Hay, Oynisa, buvingni chaqir!—Bolalarga aralashmay bir chekada turgan rangpar, bezgaknamo qizga buyurdi boy.
Qo‘rg‘on eshigidan ayol ovozi eshitildi:
— Nima kerak?
— Munda kel — chol qo‘li bilan imladi.
— Kishi bor-ku.
— Qarindosh... Xushro‘yning o‘g‘li,— deb tushuntirdi
— Qaysi Xushro‘y? Esim ham qursin, ha, qishloqdanmi?— o‘rta bo‘yli, to‘la, lekin keng yuzining go‘shtlari sarg‘ayib, salqib tushgan ellik sakkiz yoshlarda bo‘lgan kasalnamo xotin asta-asta yurib kelaverdi. U supaga yaqinlashgach, Yo‘lchi o‘rnidan turib salom berdi va onasining salomini topshirdi. Ammo kekkaygan xotin uning so‘zini tinglamadi, eriga qarab so‘zladi:
— Qishloqdagi jiyaningizning o‘g‘limi? Tog‘dek yigit bo‘libdi. Yoshligida ham bo‘lali bola edi... ko‘zimga tanish ko‘rinib turibdi.
Mirzakarimboy xotiniga dasturxon olib chiqishni buyurgach, u ketish oldidagina, ko‘rinishda samimiy, lekin aslida soxta va masxarali tovush bilan Yo‘lchining onasini va ukalarini so‘radi.
Boy endi issiqdan shikoyatlanib, uh-uhlab o‘tirdi. Uning kampiri patnis va bir choynak choy olib chiqdi. Patnisda to‘rtta kulcha, ikki bosh qizil chillaki va bir bosh qush cho‘qigan qandaydir oq uzum bor edi. Yo‘lchi qishloqdan keltirgan xaltani kampirga uzatdi.
— Ayam berib yubordi, qurt...
— Sadag‘asi ketay,— qampir xaltani ushlagisi ham kelmay, qo‘l uchi bilan tutib gapirdi,— koyib nima qilar edi bechora.
Nabiralar xaltadagi qurt ekanini eshitib, kampirning oyog‘i ostida o‘rmalashdi va: «Manga bitta, buvi», «Manga ancha bering, buvi» deb qiy-chuv ko‘tarishdi. Kampir xo‘mrayib, nabiralarni jerkib tashladi. Bolalar yopishavergach, xaltani ochishga majbur bo‘ldi-da, labini burib vaysay boshladi:
— Xah, shumtakalar, og‘izlaringda erib ketadigan suzma qurtni bersam olmaysizlar, shu tosh qurtni talashasizlar. Mana, ko‘rdinglarmi, qattiq — tishlaringni ushatadi. Bay-bay, bu bolalarning dastidan o‘lib bo‘ldim, axir bu tosh qurt, jig‘ildonlaringni teshib yuboradi-ku.— Mehmonning qizarganini payqagan keksa boy, o‘z xotininiig katta og‘iz va betamizligiga achchiqlanib, yuzini teskari burdi, lekin xotini yana valdiramasin uchun, yumshoq gapirdi:
— Hay, ichkari kir, chag‘ir-chug‘urdan qulog‘im bitdi. Yo‘lchi qurt olib kelganiga pushaymon qildi. Onasi qo‘shnilardan qurt yig‘ib, boy tog‘a uchun sovg‘acha tayyorlab, suyuna-suyuna uning qo‘liga tutqazgach, yaxshi-yomonligini surushtirmay, u ham olib jo‘nagan edi.
Boy tog‘a nopni ushatib, patnisni Yo‘lchining oldiga surib qo‘ydi.
— Ol, jiyan, yo‘l yurib kelgansan. Bir parcha yerlaring borligini eshitar edim, qo‘llaringdami?
— Yo‘q,— patnisdan bir burda non olib javob berdi Yo‘lchi,— yer sotilib ketgan.
Mirzakarimboy yerga o‘ch odam edi. Yerli-suvli odamlar, qanday bo‘lmasin bir sababdan qiynalib qolsalar, darrov ularning pinjiga tiqilar, yo o‘rtaga kishi qo‘yib, yerni tezroq o‘z qo‘liga o‘tkazishga tirishar edi. Hatto, yer sotishni xayolga keltirmagan odamlarning yerlarini,— agar ularning yerlari o‘z yerlariga chegaradosh bo‘lsa,—o‘zinikiga qo‘shish uchun hech nimadan toymas, har qanday nomus va adolatning betiga tupirar edi. Ammo, Yo‘lchining sotilib ketgan yeri unga hech aloqasiz bo‘lgani uchun, yerning qadr-qiymati va bu xususdagi mahkam qanoatlarini tushuntira boshladi:
— Chakki bo‘libdi, jiyan. Yer sotgan er bo‘lmaydi, er yer sotmaydi. Mana bu gapning mag‘zini chaq... Yer sotganlarning ko‘pini ko‘rdik, axiri gadoy bo‘ladi, To‘g‘ri, yerni pulga sotadilar, naqd pulni jaraq-jaraq sanab oladilar. Pul hamma narsaning otasi. Pul belga quvvat, boshga toj. Puldor odam qanotli odam, bu qanot bilan mag‘ribdan mashriqqacha uchasan, har yerda oshna-og‘ayni, do‘st-yor topasan... Puldor odam Maskavgacha, Varshavgacha boradi. Pulsiz odam o‘z joyidan bir qadam siljisin-chi! Be!.. Pul shunday aziz narsa, jiyan. Lekin pulni juda maqtab yubordim, shoshma, yerda ham xosiyat ko‘p. Yer tug‘adi. Yerga cho‘pni tiqib qo‘ysang, ko‘karib, qulochga sig‘mas daraxt paydo bo‘ladi. Pul-chi? Pul ham tug‘adi. Juda ko‘p tug‘adi, tez tug‘adi. Ayniqsa, bu zamonda pul sertuxum bo‘lib ketgan. Ammo, pulni tutish qiyin, yeb, ichib qo‘yish juda oson. Pul asov qushga o‘xshaydi, sal bo‘sh tuttingmi, qo‘lingdan uchadi-ketadi. Yer ham tug‘adi ham pulga kishan soladi. Yer olgan ko‘karadi, yer sotgan quriydi Mana bu gapning mag‘zini chaq, jiyan!
— Nochorlik, tog‘a,— Yo‘lchi piyoladagi sovigan choyni ikki qultumda bo‘shatib, gapirdi,— dadam bir yil to‘shakda yotib qoldi. Ekinimiz yaxshi bo‘lmadi. Qo‘l kalta bo‘lgandan keyin, qayoqqa uzatasiz?
Yo‘lchi hali gapini bitirmagan edi, Mirzakarimboy uni kesdi:
— Bir terining ichida qo‘y necha ozib, necha marta semiradi,— dedi salmoqlanib boy,— kishining boshiga yomon kunlar ham keladi, ko‘nish kerak bunga. Bundan o‘ttiz besh yil ilgarimikan, rastada do‘konni ochgan yilim edi-da, boshimga bir mushkul ish tushdi: ba’zi vaqtda savdogarlar ham siqilib qoladi, sen bunga tushunmaysan. Menga pul kerak, qaerdan olaman! «Rakat» mavzuida otadan qolgan uch tanob joy bor edi, koranda ishlatar edi. Ba’zi og‘aynilarim, shuni sot, deyishdi. Vaqti kelganda, jiyan, do‘stlar qo‘ltig‘ingga kirib, balchiqdan tortmaydi. Men do‘stlarga sira ishonmayman. Maslahatga hammasi chaqqon. Nega desang, maslahatgo‘ylik oson narsa-da; tili qimirlaydi, xolos. Men ularga quloq solmadim. Boshni u yoqqa urdim, bu yoqqa urdim, axir bir evini topdim, jiyan. Sandiqdan xotinimning kiyim-kechagini chiqardim, uyni bezashdan boshka narsaga yaramaydigan asboblarni yig‘ishtirdim, barini sotib pul qildim. Bilasan, xotin ahli molga o‘ch bo‘ladi, alalxusus, sandiqdagi molni yer-ko‘kka ishonmaydi. U yig‘ladi-siqtadi. «Sandiqda chirib yotgan moldan yerdagi axlat a’lo, ablah», dedim unga. Xotin erning quli; xotinning ko‘ngliga, ra’yiga qarash ish qilgan erkak odam emas, jiyan. Ishim to‘g‘rilanib ketdi, yerim o‘zimda qoldi.
— Tog‘a, boshqa ilojimiz yo‘q edi. Mana sizda narsa bor ekan, sotibsiz, bizda bir parcha yerdan boshqa, ko‘zga ilinarli hech narsa yo‘q edi. Men qarab turmadim, poda boqdim, o‘roqchilik qildim, otboqar bo‘ldim. Ayam boshoq terdi. Qishloqda tirikchilik qilish juda qiyin. Ochlik-yalang‘ochlikka ko‘nikib, tirikchiligimizni qilar edik, lekin bir narsaga boshimiz garang bo‘lib qoldi: dadamning gardanida qarzi bor ekan. Ozgina. O‘ttiz so‘mga ham yetmaydi. Dadam, kasali og‘irlashgandan keyin, tashvishga tusha boshladi. «Ko‘zim ochiq ekan, qarzdan qutulib olay, go‘rimda tinch yotay, Yo‘lchi ro‘zg‘orga qaraydimi, qarzimni uzadimi», dedi ayamga. Xullas, yer juda arzonga ketdi. Kishining haqidan qutulganiga biz ham suyunib qolaverdik.
— Ha, bunday degin,— Mirzakarimboy oyoqlarini gilamga uzatib, silab, gapni davom ettirdi:— Bu endi boshqa gap. Qarz yomon narsa, jiyan. Qarzdan qutulish uchun yer tugul, kishi o‘zini qul qilib sotishi kerak. Odamning hayvoni kishi haqidan qo‘rqmaydi, kishi moliga ko‘z olaytiradi. Shunday odamlar borki, o‘zlarida hech nima yo‘q, boshqaning mulkiga hasad qiladi, ko‘rolmaydi. Faqirlikka bo‘ysunmaydi, yaxshi yeb, yaxshi kiyishni orzu qiladi. Jiyan, aqling bo‘lsa, kishining bir tiyiniga xiyonat qilma. Tiyin ham pul, yuz ming so‘m ham pul. Sen har narsani Ollodan ko‘r. U bers — xo‘p; bermasa — xafa bo‘lma, taqdirga shukur qil, nomusli kambag‘al bo‘l. U dunyoda foydasini bilasan. Qani, non ol, uzumga qara.
Yo‘lchining qorni juda och edi. U tungi salqindan fondalanib, to‘xtovsiz yurish bilan qiyom vaqtida shaharga kelgach, anhor labida o‘tirib qishloqda beliga tugib olgan bitta nondan boshqa hech nima yemagan edi. Lekin Mirzakarimboy, savdogar nazokatidanmi, yoki odatlanganidanmi, nonni juda mayda ushatgan edi. Yo‘lchi bir burdasini og‘ziga tiqsa, lunjining bir chekkasida yo‘qolib, ketar, patnisga ketma-ket qo‘l cho‘zaverishga iymanar edi. Sodda qishloq yigiti takallufni bilmasa ham, odob-ta’zim xususida onasi ancha-muncha gaplarni uqtirib yuborgani uchun, davlatmand qarindosh huzurida ovqatdan tortinishni ma’kul ko‘rdi, dasturxonni tezgina yig‘ishtirib, choy icha boshladi.
Mirzakarimboy qishloqi jiyani bilan so‘zlashishdan to‘xtagan bo‘lsa ham, fikri yigitni o‘rganish, uning kelishining chin sabablarini mulohaza qilish bilan mashg‘ul edi. U o‘z ichida shunday o‘yladi: «Qarindoshlarning ahvoli pachava, tirikchiligi bemaza. Yersiz, ot-ulovsiz qishloqining kun kechirishi — o‘lim azobi. Onasining uzoqlashib ketgan tog‘asini yigit bekorga yo‘qlab keladimi? Yo‘q, mandan kiyim-kechak, pul-mul olish umidida kelgan. Buni onasi yuborgan, albatta. Xotinlarning xulqi, odati ma’lum. To‘rtta qo‘shni xotin orasiga kirsa, boy tog‘am bor, eshigini yel ochib, yel yopadi, deb maqtansa kerak. Yaxshiyam o‘zi kelmabdi... Bo‘lmasa haligicha necha marta ko‘z yoshini to‘kib, tirikchiligidan zorlangan bo‘lardi. Bu yigit aqlli ko‘rinadi, ham ulug‘vor, vazmin yigit...»
Mirzakarimboy ilonning yog‘ini yalagan odam edi: hamma boylar kabi, ayyor, mug‘ambir, puxta-pishiq; u yuraksiz emas, balki har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rar edi. Mana shular orqasida u, kamtarin mahalla baqqolining o‘g‘li Karim chittak — kichkina, lekin harakatlari chaqqon va ildam bo‘lganidan, yoshlikda shunday laqabi bor edi,— hozir kimsan Mirzakarimboy!.. U Toshkentning eng oldingi boylaridan. Toshkentning eski  va yangi shaharlarida to‘plab sotuvchi ikki gazlama do‘koni, Turkiston o‘lkasining turli shaharlarida katta-kichik ayrim do‘konlar, Toshkent tevaragidagi turli mavzularda yer-suv va hokazo unga qaraydi. Bundan tashqari, uning katta o‘g‘li Hakimboyvachcha yirik paxta savdosi bilan mashg‘ul...
Boy o‘z umrida ko‘pni ko‘rgan, ko‘pni tanigan, turli shahar va turli odamlar bilan muomala qilgan, uning qo‘lidan juda ko‘p xizmatkor, qarol, chorakor va hokazo o‘tgan. Shuning uchun odamni tez anglab olar edi. O‘zining bu xislatiga chuqur ishonar, bu bilan boshqalarga maqtanmasa ham (maqtanchoqlikni yomon ko‘rar edi u), ba’zi vaqt ichidan faxrlanardi. Mana hozir uning qarshisida mushtipar jiyanining o‘g‘li. U bilan turli narsalar haqida uzoq suhbatlashdi, lekin yigirma uch yoshli yigitning aqlida sira nuqson ko‘rmadi. Uning arslonday ko‘rkam gavdasi, keng peshanasi, chuqur samimiyat ifodasi bilan to‘la yirik, hushyor ko‘zlari, kir yaktagi ichidan qavarib turgan keng ko‘kragi, baquvvat qo‘llari, so‘zlaridagi qishloqcha soddalik va to‘g‘rilik (bu xususiyatni kambag‘al odamlarda katta fazilat deb topar edi boy) unga juda yoqdi. «Obdan chiniqqan yigit, unga berilgan ovqat behuda ketmaydi», deb o‘yladi u. Lekin shu bilan baravar, Mirzakarimboy Yo‘lchining butun siymosida katta jasorat va g‘urur. sezdi. Bu sifat unga jilla ma’qul tushmadi. Keyin, uning ehtiyotkorligi «sinamagan otning sirtidan o‘tma» degan xalq maqolini eslatdi, agar Yo‘lchi unikida ishlashni orzu qilsa, bir qancha vaqt sinamoqchi bo‘ldi: «Oqibat yaxshi bo‘lsa, qo‘limdan sira chiqarmayman. Yalqov va g‘irrom, yo qo‘li egri bo‘lsa, silliqlik bilan haydayman», deb o‘yladi.
— Jiyan,— ohista murojaat qildi Mirzakarimboy,— o‘ylab qarasam, ahvollaring chatoqqa o‘xshaydi. Nima qilasan, yana qishloqqa qaytasanmi?
Boyning savoliga Yo‘lchi qanday javob berishni bilmay qoldi. Qishloqdan chiqarkan, boy tog‘asidan, albatta, xizmat so‘rashni onasi uqtirgan edi. Endi u «qaytaman» desa, erta-indin qnshloqqa jo‘nashi kerak, u vaqt onasi xafa bo‘ladi: «Shunday katta dargohdan o‘rin topolmay qo‘lingni burningga tiqib qaytdingmi, noshud!» deydi. «Qolaman, biron xizmat topib bering», deyishga g‘ururi yo‘l qo‘ymadi, Chol takror so‘ragach, u javob berdi:
— Toshkentda ish topsam, balki qolarman. Mirzakarimboy soqolining uchini barmoqlari bilan chimdib, kulib qo‘ndi:
— Shaharda qayoqdan ish topasan? Bizda yura tur. Non-nasibang bizda bo‘lsa qolarsan, bo‘lmasa, qishlog‘inggami yo boshqa tomongami jo‘narsan. Rizqingnn Ollo taolo qaerga sochgan, biz bilamizmi?
— Xo‘p. Ixtiyor sizda,— boshini qimirlatib dedi Yo‘lchi.
Mirzakarimboy astagina o‘rnidan turdi. «Yorasulullo» deb ming‘irladi, supadan tushib, kechagina sotib olinganday, yarqiragan chiroyli, ixcham «sodiqi» kavushni oyoqlariga ildi, kavushni g‘ijirlatib, qari bo‘lsa ham xo‘rozday kekkayib, qo‘rg‘on tomonga yurdi. Naq shu pallada darvozadan katta qora sigir shataloq otib, orqasida bir kishini urib kirdi. Boy cho‘chib, o‘zini chetga oldi. Haligi kishi orqaga tashlanib oriq-chandir bo‘ynidagi tomirlari o‘qlovday qabarib, sigirni bazo‘r to‘xtatdi: «Hech kuchga bo‘yin bermaydi bu zantaloq...»,— boyga qarab dedi u. Keyin birdan Yo‘lchini ko‘rib qolib, ko‘zlarida «u kim?» degan savol javdirar ekan, boy kulib unga gapirdi: «Yormat, bu bola jiyanim bo‘ladi. Tanish, ish o‘rgat!» U indamadi, sigirni uzoqda, devor tagidagi bir daraxtga bog‘lab qaytgandan so‘ng, Yo‘lchi bilan ko‘rishar ekan, qo‘rg‘on ichiga kirib ketgan boy bir zumda yana eshikda ko‘rindi:
— Yormat, shaharga otni tezroq olib tush, Hakimjon kutib qolmasin, bugun mehmonlar bor-a...
— Beda o‘rib qo‘yish kerak edi-ku,— boshini qashidi Yormat.
— A, kun ham kechikib qolibdi.
— Men o‘raman bedani, bedalaring qaerda?—Yormatta qarab dedi Yo‘lchi.
Mirzakarimboy jiyanining ishga tayyorligidan rozi kabi kuldi-da, indamasdan ichkari kirib ketdi.
— Mehmonni ishga solar ekanmiz-da,— dedi Yo‘lchini birga olib jo‘narkan Yormat,— ha, qari kelsa oshga, yosh kelsa ishga.
Yormat Yo‘lchi bilan yonma-yon yurib eski tanish kabi undan-bundan so‘zlashib bordi. U qirq besh yoshlarda, novcha, chayir odam, yuzida siyrak cho‘tir izi qolgan, soqol, mo‘ylovlariga anchagina oq tushgan edi. Qo‘sh belbog‘i chapanichasiga past bog‘langan, yurishi ham oliftalarga taqlidni ko‘rsatar, uning butun qomati, hamma harakatlari o‘ziga zeb bergan, maqtanchoq kambag‘alni tasvirlar edi.
Ular picha yurib, to‘rt-besh tanob joyni ishg‘ol etgan bedazorga chiqishdi.
— Mana bedam!— qo‘lini beliga tirab, ko‘zi bilan uzoqqa ishorat qilib dedi Yormat.— Hafsalangiz bo‘lsa, bedanani shunda tuting-da.
— Yo‘ng‘ichqa siznikimi? Yosh ekan hali, juda baquvvat o‘sibdi,— Yormatga qarab dedi Yo‘lchi.
— Xax-xax-xax...— qattiq kuldi Yormat va o‘roqni Yo‘lchiga tutqizib gapira boshladi:— Mirzakarimboy otamning ostonalarida o‘n olti yildan buyon ishlayman, yigitcha. Shunday bo‘lgandan keyin «sizniki, bizniki» deyishga o‘rin qoladimi? Bu bedalarga ozmuncha terim to‘kilganmi, eh-he! Keyin ko‘rsataman, boyning ko‘p yerlarini man yolg‘iz o‘z kuchim bilan ko‘kartirganman. Qani, mana shu yoqdan o‘ravering. Bir aravani mo‘ljallab o‘ring. Bu kun payshanba, Hakimboyvachchaning mehmonlari chiqadi. Agar ukalari Salimboyvachcha ham ulfatlarini boshlab chiqsa, tomoshani unda ko‘rasiz: hamma yoqni ot tutib ketadi.
Yo‘lchi o‘roqqa diqqat bilan tikilib qaradi va enkayib o‘ra boshladi. O‘zini chapdast-epchil o‘roqchi hisoblagan Yormat Yo‘lchining ishidan kamchilik topib, o‘z mahoratini unga ko‘rsatish umidida, bir muddat kuzatib turdi. Lekin uning tajribali ko‘zi Yo‘lchining ishida hech qanday kamchilik ko‘ra olmadi, Ba’zi jihatdan, masalan, ildamlikda bu yigitni o‘zidan ustun ko‘rdi. Boshqalarning ishini kamsitishni yaxshi ko‘rgan bu «o‘zbilarman» odam bu gal jindan yon berishga majbur bo‘ldi.
— Durust, sartarosh soch olganday qirtishlab o‘rar ekansiz. Men ketdim.
Beda orasi juda issiq, go‘yo quyoshning butun olovi beda ichiga yashiringanday qizg‘in, bo‘g‘uvchi havo yuzga uradi. Yo‘lchi mo‘l-mo‘l ter quyib, hech qayoqqa qaramay ishlayverdi. O‘roq o‘tkir edi. O‘ralib-chaplashib o‘sgan qalin maysani «shar-shar» yiqib borar ekan, o‘zi ham zavqlandi.
Hozir uning ko‘ngli bir qadar ko‘tarilgan: «Boy tog‘am insofli odam bo‘lsa kerak. Mana, haligi odam shuncha yil ishlabdi. Xizmatkor qul emas, foyda ko‘rmasa turadimi? Gapiga qaraganda, xursandga o‘xshaydi. Qishloqda ko‘p odamlarning yumushini qildim, mayli, bu yerda ham ishlay. Yaxshi ishlasam, albatta, chakki bo‘lmaydi. Negaki, bular qarindoshlarim, hammadan yulsalar ham, mendan yulmaslar. Tog‘am qancha nasihat qildi, men bilan qancha gaplashdi, Endi ishim o‘ng bo‘ladi, endi ayam, ukam, singlim zoriqmaydilar. Lekin gap yaxshi ishlashda...» Shuning singari o‘y-xayollarga botib, mo‘ljallagan miqdorini o‘rib bo‘ldi. So‘ng, uyum-uyum to‘plab, keng qulochiga siqqancha ko‘tarib, boyning tashqarisiga tashimoqqa boshladi.
Quyosh yashiringan bo‘lsa ham, kunduzning yorug‘ligi hali tamom so‘nmagan edi. Allaqanday mayin, muloyim jimjitlikni atrofda sigir, buzoqlarning ma’rashi, daraxtlar orasidan qushlarniig ora-sira yangrab, yana bir zumda tingan sayrashi seskantiradi. Hamma narsa horg‘in, mudrashga boshlagan kabi... Allaqanday poyonsiz g‘arib oqshom.
Boyning tashqarisida Yo‘lchidan boshqa hech kim yo‘q. Bu yerda hozirgina bemalol o‘ynab yurgan ikki bola, Yo‘lchini ko‘rish bilan, undan hurkkan kabi, ichkari hovliga qochishdi. Qishloqi yigit supa labida boshini quyi solib o‘tirar, kambag‘al qishloqdagi chordevor uyini, mehribon onasini, sevikli ukalarini ko‘z oldiga keltirib o‘ylar ekan, ko‘chada birdan otlarning dukurini eshitdi, sakrab turib, darvozaga yugurdi. Chiroyli saman otning jilovini tugib, egasini qo‘ltiqlab yerga tushirdi. U — oq jujun kamzul ustidan beqasam to‘n kiygan, o‘rta bo‘yli,mallador, qora burama mo‘ylovli, dimog‘dor, qarashlari o‘tkir va, tez, yoshi qirqqa yaqin bir odam edi: bu Mirzakarimboyning o‘g‘li Hakimboyvachcha. Otdan tushib shoshib-pishib gapirdi:
— Yormat menga aytdi seni, jiyan. Yaxshi, otlarga qara, qarindosh!
To‘nining etaklari bilan etigini nari-beri urib, ichkariga kirdi.
Yo‘lchi gali bilan mehmonlarning otlarini daraxtlarga ham devorga qoqilgan maxsus temir qoziqlarga qantarib bog‘ladi. Bir nechasini otxonaga olib kirdi. Keyin alla-pallaga qadar qo‘rg‘on, ichkari hovli eshigi bilan shiypon orasida bo‘zchining mokisiday qatnadi, mehmonlar uchun dam yasog‘lik patnislar, dam choy, dam non och qorinni kemiradigan lagan-lagan mantilar, dam kosalarda sho‘rvalar tashidi Yormat shahardan piyoda qaytib, o‘lguday horigani uchun, hamma otlarga Yo‘lchi qaradi. Bir mehmonga qarashli izvoshchi Jo‘ra aka bilan birga qorong‘ida o‘tirib, mehmonlardan qolgan ovqatdan yedida, Yormat topib bergan bir eski ko‘rpachani quruq yerga yoyib, boshini bir bog‘ ho‘l bedaga qo‘yib uyquga ketdi...

II

Yoz kechasi qisqa. Yo‘lchi bir chimdim uxlab, begona joyga o‘rganmaganidanmi, ko‘zini ocharkan, tong otgan edi. Havo salqin, toza. Unda-munda qushlar sayraydi. Yo‘lchi o‘rnidan turdi, ariqda yuz-qo‘lini yuvib, tashqari sahnida bir oz kezdi Mehmonlar shiyponda shohi, atlas, adras ko‘rpalarda, boshlarini oppoq va yumshoq yostiqlarga ko‘mib uxlaydilar, ba’zisi pishillaydi, yana birovi xirillaydi, kimi sekingina burni bilan hushtak chaladi. Ba’zilari xurrak tortadi. Ular bir-birlari bilan o‘chakishganday, xurrakni daraja-badaraja oshirishga tirishadi: birisiniki avjga minganda, ikkinchisi boshlaydi.
Mayin tong shabadasi rang-barang gullarni sekin tebratib, atirlarini har yoqqa sepadi. Yo‘lchi bu go‘zal gulzordan uzoqlashgisi kelmasa ham, lekin xurrakni eshitmaslik uchun, bu yerdan ketdi. Mana yangi va ko‘rkam izvoshchikning o‘rnidig‘ida ikki bukchayib, uzun qamchini qo‘ltig‘iga qis-irgan holda yazvoshchi Jo‘raboy dang qotib yotadi.
Yo‘lchi otxonaga kirdi. Xashagini tugatgan otlar oldingi oyoqlarini yerga urib, tama bilan kishnadi. Yo‘lchi ularga beda tashladi. Keyin kurak va supurgi olib otxonani tozalay boshladi.
U bolalikdanoq otlarni sevar, yaxshi otlarni boqib, tomosha qilishdan har vaqt zavqlanar edi. Bu yerdagi otlar turli tusda va turli bichimda bo‘lib, zotli, nodir otlar edi. Xalq bunday otlarni «bulutga sakraydigan ot» deydi. Kambag‘al yigit endi yorug‘da hamma otlarni ayrim-ayrim ko‘zdan kechirdi. Ayniqsa, oyoqlariga, bo‘yinlariga, boshlariga diqqat qildi. Toza supurgi bilan ularni boshdan-oyoq supurdi, qo‘llari bilan siypaladi, barmoqlari bilan yollarini taradi. Artgan, tozalagan sari semiz otlarning badandari yarqiraydi, ko‘zga yana ham tovlanib, chiroyli ko‘rindi.
Mana. Jo‘raboy ham turib keldi. U o‘zining maxsus joyga bog‘langan otiga yaqinlashib: «Ha, jonidan, yaxshimisan? Ko‘ngling nimani tusaydi? Aylanay, qora boladan!» kabi so‘zlar bilan otni erkalay boshladi.
— Uyquga qoniqdingizmi, Jo‘ra aka!— dedi Yo‘lchi.
— Kucher ahli, ham har xil xizmatkor ahli tiriklikda uyquga qonadimi, uka?! O‘lganda — boshqa gap,— deb javob berdi Jo‘ra va oldingi tishlari tushgan og‘zini katta ochib esnadi.
— So‘zingiz to‘g‘ri!
— Sen ham ot quliga o‘xshaysan-a?
— Bo‘lmasam-chi,— dedi kulib Yo‘lchi,— ot eng yaxshi hayvon, juda suyaman.
— Suyganga yarasha, o‘zingniki bo‘lsa!— dedi xo‘rsinib Jo‘ra.
— Ha...— deb javob berdi Yo‘lchi.— Lekin yaxshi niyat — yorti mol. Bir kun o‘z otimni minarman. Uchqur bo‘lmas, uloqchi, poygachi bo‘lmas, yomonroq bo‘lar...
Jo‘ra qo‘llarini yoyib, yelkasini ojizona qisib umidsiz ekanini ifoda qildi. Otning yag‘riniga yopishgan bitta «itpashshani» tutib, so‘ka-so‘ka etik poshnasi bilan ezdi. Bo‘g‘iq, xasta ovoz bilan sekingina kuyladi:

Lyublyu, lyublyu Mamajon, lyublyu, Mamajon, 
Stakanda choy ichgan lyublyu Mamajon.

Keyin yengini shimarib, ot bilan chinakam mashg‘ul bo‘ldi.
Yo‘lchi Jo‘raning otini va unga qanday parvarish qilishini tomosha qilarkan, Jo‘ra boshqa otlarga bir zum ko‘z tashlab, dedi: «Xo‘jayiningning samani yaxshi, agar ot tanisang, risoladagi saman — shu. O‘ziyam qizdek narsa-da».
— Sizniki-chi?— dedi Yo‘lchi kulib.
Jo‘ra oti haqida gap sotishni yaxshi ko‘rar edi, darrov tili qichidi:
— Bu tug‘rida har qanday so‘z ortiqcha,— faxrlanib gapira boshladi Jo‘ra,— bu bittayu-bitta. Tengi-sherigi yo‘q. Buni chopganda ko‘r. Yosh-qari, jamiki xaloyiqning ko‘zi bunda! Uzoqdan qaraydi, qorasi o‘chguncha tikilib qoladi. Odamzodning ko‘zi yomon bo‘lar ekan, uka. Bir kun Eski Jo‘vada xo‘jayinni kutib to‘xtagandim. Bozor kuni, odam qalin. Hamma ko‘zini lo‘q qilib otga qaraydi. Tak, tak. Pashsha talayaptimi, hozir hammasini jahannamga yuboramiz qoracham!—pashshalarni ezib davom etdi Jo‘ra.— Haligi yerda bir mo‘ysafid kelib, hassasiga suyalib, tikildi-qoldi. O‘zi ilgari asli qallob ekan. «Mallaxondan beri yashayman, bolam, ne-ne xonlarning, ne-ne beklarning otlarini ko‘rganman, ne-ne otlar o‘z qo‘limdan ham o‘tgan. Ammo, bu otjon ekan. Qaysi boyniki, bahosi qancha?»—dedi. «Otni yeding» dedim ichimda. «Boshqasi bo‘lsa, qamchi bilan solar edim, lekin soqoling oqini hurmat qildim», dedim...— Ertasiga ot og‘rib qolsa bo‘ladimi! Kapalagim uchib ketdi. Yaxshiki mendan bo‘lak hech kim payqamadi. Xo‘jayinim otni tariqcha ham tushunmaydi. Kishi molini saqlash benihoyat qiyin, uka. O‘lib-netib qolsa baloga men qolaman. Xo‘jayin baqiroq odam. Yuvosh kishi ham xo‘jayin bo‘lgandan keyin, o‘zini bilmay ketadi, ko‘rganmiz. Xususan xizmatkorga o‘dag‘aylashni yaxshi ko‘rishadi. Nima qilish kerak? Boshim qotdi. Lip etib, bir azayimxon domlanikiga bordim. Nafasi o‘tkir deb eshitar edim.— Pup, pup, pup... changga botibsan, jonivor. Hozir hammomdan chiqqan qizday yaltiratib qo‘yaman...— ha, domlaga nima dedim? Uyimizda bir bechora bemor bor, shaytonlab yotibdi. Taqsir, borib dam solib keling, shoyad nafasingizdan shifo topsa... Xo‘p, deb yonimga tushdi domlam. Otxonaga boshlab kirdim. Taqsir, mana bemor, dedim. Domla kuldi. Hech bokisi yo‘q, kecha gavmush sigirga ham dam solgan edim, dedi. Keyin duo o‘qib, otga dam urdi, sufladi. Isiriq tutat, dedi. Domlaga o‘z yonimdan bir so‘lkovoy qistirdim, ketdi. Ammo ko‘zimga uyqu kelmadi. Qoq yarim kechada enam oldiga bordim. Birgina kampir enam bor, uka. Yoshim qirqqa kirdi. Na xotin, na bola-chaqa. Dunyodan toq o‘tdik hisob. Enam kinna solishga, kuf-sufga chaqqon. Kampirni uyg‘otib: «Tur, karomatingni ko‘rsat», dedim. Voqeani tushuntirdim. Kampir bilan jo‘nadik. Qish kechasi. Sovuq. Yer oynaday. Boyoqish enam sirpanib, necha yerda yiqildi; harsillab, nafasi bo‘g‘ilib, axir yetib bordi. Tong otguncha enam bechora otga kinna soldi. Gap shunday, uka. Izvoshda «kataysa» qilish iuqul rohat. Lekin, nafsilamrda bizga o‘xshash otboqarga, haydovchiga qiyin, juda qiyin. Chu, nari tur, arzandam, tagingni tozalab qo‘yay endi.
Quyosh anchagina ko‘tarilgan edi. Mehmonlar o‘rinlaridan turib, kiyinib, gulzor atrofida o‘zaro gaplashib, kulishib beparvo yurishar edi. Ularning gaplari, muomalalari, yurish-turishlari Yo‘lchiga tamom begona tuyuldi. Ularga yaqinlashuv emas, hatto uzoqdan qarashga ham botinmadi. Jo‘ra o‘z ishini bitirgandan so‘ng, mehmonlar tomonga bemalol yurib bordi, hatto ba’zilari bilan ikki-uch og‘iz so‘zlashib, ko‘chaga chiqib ketdi. Yo‘lchi mehmonlardan uzoqda qo‘rg‘on ichidan oqib chiqayotgan ariq labida, daraxtga suyanib cho‘qqaydi.
Qo‘rg‘on eshigidan Mirzakarimboy chiqdi. Yo‘lchi o‘rnidan turib salom berdi. Boy unga qaramasdan «vaalaykum» deb o‘tib ketdi. Bir ozdan keyin mehmonlar oldidan qaytdi-da:
— Bu yoqqa yurchi, jiyan,— dedi.
Boy ariqdan tetik hatlab, oldinda yurdi. Uning yangi amirkon kavushi yumshoq g‘irchillar, shohi yaktagi quyoshda jivir-jivir tovlanib, uchqunlanib yaltirar edi. U bog‘ning tashqariga qaratilgan kichkina eshigiga kirdi. Yo‘lchining ko‘ziga «jannatday» katta bog‘ manzarasi ochildi, tomosha qilib, keksa tog‘aning orqasidan yuraverdi. Orasidan Qo‘qon arava bemalol yuradigan keng, uzun ishkomlar ikki tanobdan mo‘lroq yerni ishg‘ol etgan. Ko‘m-ko‘k tok barglari ertalabki quyoshda jilvalanadi. Bog‘ning to‘rt tomonini o‘ragan baland, yangi paxsa devor bo‘ylab shaftolilar o‘sadi. Ko‘plariga tirgovichlar qo‘yilgan bo‘lsa ham, mevaning ko‘pligidan shoxlari sinib, yerga tegib yetadi. Bog‘ning quyisida katta olmazor... Yo‘lchiga shunisi qiziq tuyuldiki, bu yerda qay tomondan qaramang, hamma daraxtlar bir chiziq ustida, tekis saf tortib turadi, daraxtlar o‘rtasidagi masofa ham baravar. Daraxtlar tani pakana, mevasi mo‘l va yirik. Lekin hozir deyarli hammasi ko‘m-ko‘k. Bundan tashqari, bog‘ning turli joylarida har xil mevali daraxtlar — nok, o‘rik, behi, jiyda va hokazo anchagina.
Mirzakarimboy bog‘ni aylanib, bir yerda to‘xtadi va kulib:
— Ishga tobing bormi, jiyan?— dedi.
— Ishga chanqovmiz-da,— deb javob berdi Yo‘lchi.
— Xo‘p, bog‘ning shu ikki tomonidagi zovurni tozalaysan, ishkomni yaxshilab chopasan. Lekin bularni shunchalik aytib qo‘ydim-da. Oldin qilinadigan boshqa ish bor. Yur, uni ko‘rsataman.
Ular bog‘dan chiqish oldida, bir yigitga duch keldi. Yo‘lchi uni tog‘asining kichik o‘g‘li Salimboyvacha ekanini payqadi. U ingichka, rangpar, qisiq ko‘zli, quyuq payvasta qoshli, peshanasi torroq yigit edi. Yoshi yigirma beshdan oshmagan bo‘lsa ham, qarimsiq ko‘rinar edi. Uning boshida yap-yangi tagdo‘zi do‘ppi, ustida cho‘ntaklari qop-qoqli, qaytarma yoqali uzui oq jujun kamzul, oyoqlarida ixcham, yangi etik. U to‘xtab gapirdi:
— Dada, bu yigit jiyaningizmi? Qalaysan, eson-omonmisan? Durust, durust...— ko‘zlaridagi kinoya, labidagi sun’iy iljayish bilan Yo‘lchiga qo‘l uchini berdi va bir zumda bog‘ ichida g‘oyib bo‘ldi.
Mirzakarimboy kechagi bedazorning etagida to‘xtadi.
— Ko‘rdingmi bu to‘nkalarni?—Yo‘lchiga qarab gapirdi u.— Bu yer chakalak edi. O‘tgan yil hammasini kesib oldik. Endi sen ishga tushib, kundalarni qo‘por, yerni tozala!
— Oldin buni bajaraymi?—to‘nkalarni ko‘zdan kechirib so‘radi Yo‘lchi.
— Bugundan boshlayver. Bu zarur ish. Birinchidan, yer ochiladi. Ozgina yer emas bu. Taxminan chorak kam bir tanob. Yeni-veri bilan qo‘shilib, bir tanobdan mo‘l yer qo‘lga kiradi. Keyin yaxshilab chopasan. Yarmiga sabzi, yarmiga kartoshka ekasan. Shu bilan qishligimiz bemalol chiqadi. Yana bu joyda qancha o‘tin yotibdi? To‘nkalarni kavlab, bir chekadan yorilsa, talay o‘tin beradi. O‘tinsiz qozon kaynamaydi. chirog‘im. Har nimani bozordan olaversa, Sulaymonning g‘aznasi ham chidamaydi, jiyan. Ro‘zg‘orni bilish kerak. Boplab kundakov qil, ildizi qolmasin uqtingmi?
Yo‘lchi boshini qimirlatib tasdiq qildi. Shu yerda nonushta qilgandan so‘ng, bir ketmon va bir bolta keltirib ishga tushdi. U har xil og‘ir yumushlarni qilib o‘rganib ketgan bo‘lsa ham, to‘nka kavlamagan edi. To‘nkalar juda ko‘p ham bir-biriga juda yaqin. Yer esa tosh-metin. Qayrag‘och, teraklarning ildizi yer bag‘riga qattiq singgan. Yo‘lchi ishga razm solib, qaydan boshlash kerakligini o‘yladi. U avval katta kundalarning tevaragini ketmon bilan chopishga boshladi.
Ketmon yerga, naq toshga urilganday, tegadi. Yer ushalib, tosh parchalari singari atrofga sachraydi. U, bu yerga oldin suv qo‘yib, yer yumshagandan so‘ng kavlash kerakligini anglasa ham, vaqtni yo‘qotmaslik va tog‘aning amridan chiqmaslik uchun metin joyni kavlayverdi. Yer bora-bora kuchga bo‘ysunadi. Yo‘lchining zarbasi ostida to‘nkalar yalang‘ochlana, o‘zining qo‘pol, bahaybat gavdasini ko‘rsata boshlaydi. Birini qo‘porgandan keyin, ishning tiliga tushunadi. Tomog‘i qaqrasa, ariqdan suv ichib keladi, terlaydi, suvga chanqalganday ho‘l ko‘ylakni yechib, bir chekaga tashlaydi. Yo‘lchi katta to‘nkani yalang‘ochlab, ildizlarini, yo‘g‘on tomirlarini bolta bilan urib, yerdan ayirar ekan, o‘zidan o‘n besh-yigirma qadam narida, bedapoya etagida, yoniga paqirini qo‘yib, unga yashirincha tikilib turgan bir qizga ko‘zi tushdi. Qiz paranji o‘rniga churuk bir yaktak yopingan edi. Egnida eski, lekin oq chit ko‘ylak. Oyoqlarida juda eski kalish.
Yo‘lchi ishdan bir lahza bo‘lsin to‘xtamadi. Lekin bolta urish uchun qaddini ko‘tararkin, uning ko‘zlari, go‘yo unga bo‘ysunmaganday, bir necha marta o‘sha qiz tomonga tortildi... «Bu kimning qizi, qaydan keladi, qayoqqa boradi, uning boqishlarini sszdimi, yo‘qmi»— Yo‘lchi bilmas, ammo uning go‘zalligini birinchi qarashdayoq his etdi. Qiz hali yosh bo‘lsa-da, bo‘ychan edi, bichimi ingichka va sambit guli novdasiday adl edi. Oppoqqina, nozik yuzi quyoshda shunday tiniq ko‘rindiki, go‘yo u nurdan yaratilganday. Peshana va chakkasida salqigan sochlarining jingalaklarida shu’lalar mavjlanib yonar edi. Nihoyat, Yo‘lchi boltani qo‘yib, manglayidan terini sidirdi-da, qizga dadilroq qaradi. Lekin qiz uyalib, darrov yuzini yashirdi. Bir minutcha qimir etmasdan, qayoqqadir qarab turdi, so‘ig paqirni ko‘tarib, bedapoya bo‘ylab yuqariga, boyning bog‘i tomonga yurdi. Yo‘lchi ko‘zlarini qizdan uzmay qotib qoldi. Qiz nariroq borib, orqaga bir qayrilib boqdi. Yigit uning yuzlarida, ko‘zlarida, qandaydir muloyim tabassum sezdi. Qiz bedapoyadan o‘tib, so‘l yoqdagi daraxtlar orasida g‘oyib bo‘lgach, Yo‘lchi yengil, lekin yurakning ichidan kelgan bir xo‘rsinish bilan yana ishga tushdi.
Quyosh tik kelgan. Havo lovillab yonadi. Yo‘lchining yalang‘och yelkasini va orqasini quyosh qizdiradi. It akillamaydi, qushlar sayramaydi. Ular o‘zlarini soyaga olib mudrashadi. Yo‘lchi yerning tosh bag‘rini yorib to‘nka qo‘poradi. Qorni ochganligidan, ichi achishib, qandaydir behuzurlik sezadi. Na choydan, na nondan darak bor. «Mehmonlar bilan ovora bo‘lib, unutgan bo‘lishsa kerak...» deb o‘yladi yigit.
Naq peshin vaqtida Yormat choy-non olib keldi, ularni yerga qo‘ymasdan, Yo‘lchini koyidi.
— Tez chiqing-e... Kunning issig‘ini sezasizmi?!— Yo‘lchining bajargan ishiga ko‘z yugurtib, o‘zicha o‘yladi: «Devkor yigit ekan».
Ular daraxt ostida, salqinda o‘tirishdi. Yormat nonni ushatib, dastlab Yo‘lchiga choy uzatdi va jiddiy tus bilan dedi:
— Ishning pir urgani shu. Kishini chaqib qo‘yadi.
— To‘g‘ri, ammo yigit odamga hech narsa emas,— beparvo javob berdi Yo‘lchi.
Yormat maysa ustiga uzala cho‘zilib, qattiq «uh» tortdi va choponining yoqasi bilan ko‘kragini yelpidi.
— Mehmonlarni kutib charchaganga o‘xshaysiz-a, Yormat aka?— kulib dedi Yo‘lchi.
— Be... Mehmon kutish-a...— qo‘zg‘almasdan gapira boshladi Yormat,— har qancha mehmon bo‘lsa, o‘zlari kutishadi. Men qancha ish qilib keldim! Bir arava go‘ng ortib, katta yerga eltib tashladim. Bir qozoqda ming bog‘ bedamiz bor edi, qaytishda undan bir arava bosib keldim. Yo kechki salqin bilan, yo ertaga ertalab shahar hovliga olib tushaman. Qanday beda, deng, bog‘i quchoqqa sig‘maydi. Qozoq halol ishlaydi, bizning sartiyada insof yo‘q. O‘ziyam suv tekin tushdi. Xo‘jayin erta ko‘klamda shartlashib, pulni to‘lab qo‘ygan edi.
— Puldorlar har bir narsani o‘z vaqtida g‘amlab, arzonga tushirishadi. Kambag‘alning sho‘ri quriydi, kerak vaqtda birni ikkiga oladi.
— Nafsilamr, gapingiz juda to‘g‘ri.
— Tog‘amizning yana boshqa yerlari bormi? Qaerda?— dedi Yo‘lchi.
— Bu shunchaki salqinlab ketiladigan joy. Katta yer yuqorida, shu yerdan bir soat mo‘lroq yurasiz, u yerda nuqul paxta unadi. Unda xizmatkorlar, mardikorlar ishlab yotadilar. Eh-he, hali siz nima deb o‘tiribsiz. Ayniqsa, xo‘jayinning katta o‘g‘li Hakimboyvachcha paxtaga juda o‘ch odam. U kishi yolg‘iz vaxta savdosi bilan ovora. Toshkentdan, Farg‘onadan ham ko‘p paxta sotib oladi. Bularning hamma ishidan xabardorman. Axir kecha aytdim-ku, o‘n olti yildan buyon shu yerda xizmat qilaman. Shu yerga kelgan yilim, xudo bir qiz bergan edi, mana hozir bo‘yi yetib qoldi. Boshqa farzandim yo‘q, xudo umr bersin, ishqilib chirog‘imni o‘sha yoqsin...
Yulchining yodiga haligi qiz tushdi: «Shuning qizi emasmikin?»—U piyolaga choyni quyib, Yormatning oldiga qo‘ydi.
— Iching. Siz toshkentlikmisiz?— dedi Yo‘lchi. Yormat boshini ko‘tardi, bir qo‘lini yerga tirab yonboshladi. Choydan bir-ikki ho‘plab, so‘zga kirishdi:
— Men Samarqandning bir qishlog‘idanman. Yosh pallamda yetim qoldim. O‘g‘irlikdan boshqa ishni — jamiki hunarni qilib ko‘rdim. Keyin samarqandlik bir boyga qarol bo‘lib yollandim. U kishi tog‘angiz bilan do‘st edi. Xo‘jayin Samarqand borsa, to‘g‘ri biznikiga borib tushar edi. Uch-to‘rt yil ishlaganimdan keyin, xo‘jayinim umri qisqa ekan, o‘ldi. Mol-mulki yosh bolalariga qoldi. O‘rtada har xil merosxo‘rlar ko‘paydi. Boylikning tagiga suv ketdi... Shu o‘rtada birdan bu xo‘jayin borib qoldilar. Toshkentga qaytishda meni ham olib jo‘nadilar. Chunki yaxshiligimni, to‘g‘ri, halol ishlaganimni bilar edilar. Umr ariqdagi suvdan tezroq oqar ekan. Shuncha yil o‘tibdi, ammo menga xuddi kechagiday bo‘lib ko‘rinadi.
Yo‘lchi diqqat bilan tingladi, Yormat piyolani. bo‘shatib yana davom etdi:
— Bu oilada nima sir o‘tsa, barchasi menga ayon. To‘y, aza — barisiga aralashaman. Mehmonlarini, qarindoshlarini ham taniyman. Boyning davlati ham menga ma’lum. Tog‘angiz miqti boy. Ayniqsa, mana shu besh-olti yil ichida boylik juda zo‘rayib ketdi, xo‘p deyavering. Xudoning qudratida, davlat bir kelsa, daryodek toshib kelar ekan... shunday, uka. Men bu dargohning o‘z odamiman. Dadangizni ham taniyman, bir-ikki suhbatlashgan edim, bu kun esimga tushdi.
— Siz xo‘jayindan yillik haq olsangiz kerak? — Yormatning og‘ziga qaradi Yo‘lchi.
Yormat bir nafas sukut qildi. Bu savolga qanday javob berishga qiynalgan kabi, nosqovog‘ini o‘ynab, yerga tikildi. So‘ng asta gapirib ketdi:
— Xudo haqi, men xizmatimga bir narsa bering deb so‘ramayman. Insof o‘zlaringga bersin, deyman-da, yuraveraman. Qishda xo‘jayinlarning yonboshida bo‘lgan bir katalak hovlida yashayman. Yozda anov bog‘ning orqasida bir ayvonchada turamiz. O‘z dekchamizni o‘zimiz qaynatamiz. Xo‘jayinning qozonidan unda-munda bir totmasak... yo‘q, moysiz bo‘lsa ham o‘z dekcham yaxshi. Ayolim qishin-yozin ichkari hovlining yumushini qiladi, kir yuvadi, uy-joyii supuradi, non yopadi, ko‘rpa qaviydi. Xo‘jayinning qizi uchun palak, dorpech, qiyiq tikadi. Yumushdan ko‘pi bormi! Uka, bor-boricha,  yo‘q — holicha, ishqilib, bir kunimiz o‘tib turibdi. Tirikchilik qiyin. Bir vaqtlar tuya yong‘oq, endi qumaloq ham ko‘zga dori. Non topolmay ko‘chada gadoylik qilib yurganlar ozmi, uka? Xudo shundan saqlasin...
Yormat og‘ziga nosvoy solib, jim bo‘ldi. Yo‘lchi ham boshini quyi solib, bir oz dam olishni istadi. Nogoh jimjit va qizg‘in havoni yangratib, hofizning ta’sirli ovozi ko‘tarildi. Ashulaning kuyi, aytuvchiniig tom jarangli ovozi Yo‘lchining yuragiga bahor latofati kabi to‘qindi. U ko‘zlarini suzib, ashula yangragan tomonga qaradi. Kuy uzoqdan, boynikidan uchar edi. U zavqni buzmaslik uchun, Yormatga bu to‘g‘rida hech nima demadi. Yoqimli sadoning sehriga berilib, ko‘zlari sekin yumildi, boshi yana quyiroq tushdi. Uning ruhi go‘yo ashulada jimgina eridi. Muloyim, dilnavoz sadolar uning butun tomirlaridan hordig‘ini sug‘urganday bo‘ldi. Ashula nihoyasiga yetdi. Lekin bir zumdan keyin, yana ayni tovush parvoz qildi. Ammo o‘zga maqomda, o‘zga, yana chuqurroq mavjlanishlar, jilvalar bilan ko‘ngilni yana qattiqroq sehrlovchi ingichka titramalar va ranglar bilan... Havoda u kuyning so‘nggi mavjlari tinarkan, Yo‘lchi dedi:
— Rosa ovozi bor ekan-da, yo‘lini ham qiyar ekan. Tog‘amiznikidanmi?
Nosvoyini tuplab, iljayib javob berdi Yormat:
— Ha, biznikida.
— Kechasi hech nima aytmadi-ku, kunduz keldi shekilli. Yormat kuldi.
— Bu hofiz butun olamga tanilgan. Yakkayu yagona ovoz... Ammo hozir o‘zi bu yerda yo‘q.
— Nima deysiz,— hayratlanib dedi Yo‘lchi?— o‘zi bo‘lmasa, ashula qaerdan?
— To‘g‘ri, o‘zi yo‘q, ashulasi bor... Gramofon degan buyumni ko‘rganmisan, yo eshitganmisan?— kulib so‘radi Yormat.
— Yo‘q, u nima bo‘ladi?
— Ashulachining ovozini mashinaga ko‘chiradi, ayrim-ayrim lagancha qilib... keyin shu mashinaning qulog‘ini burasang, lagancha gir-gir aylanib, ashula, dutor tanbur vang‘illayveradi. Xuddi jonli odamday.
— Qishloqi deb meni laqillatmoqchimisiz?— qoshini chimirdi Yo‘lchi.
— Nega laqillatayin?.. Ilm-hikmat bilan har nimani qilsa bo‘lar ekan. Shaharda ko‘nkani ilgari ot surgar edi. Mana endi ko‘nka otsiz yuribdi. Otsiz qanday yuradi? Hammasi ilmi hikmat. Gramofon ham shunday. U Farangistondan kelsa kerak. Tunov kuni bir bilgich odam: «U yoqda hunar baland bo‘ladi», degan edi. Gramofon boylar orasida rasm bo‘lib qoldi. Shunday o‘tirshilarda o‘rtaga qo‘yib chalishadi. Ishonmasang, kechqurun senga ko‘rsatay.
Birdan boshqabirovoz eshitildi: kimdir tez-tez gapiradi, dam erkakcha, dam xotincha so‘zlaydi, dam chaqaloq bo‘lib «inga»laydi... Yo‘lchi taajjublanib, Yormatga qaradi.
— Bu «Abdulla fonuschi» degan katta qiziqchi. Hozir gramofonda qiziqchilik qilayotibdi,— dedi Yormat. Yo‘lchi «tavba» deb o‘rnidan turdi, ketmonni olib ishga tushdi. Yormat choynak-piyolani ko‘tardi, ketar oldida qichqirdi:
—Boshing sog‘ bo‘lsa, hali Toshkentda ko‘p ajoyib ishlarni ko‘rasan, yigitcha!..

To'liq: Oybek. Qutlug' qon (roman) - PDF

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.