OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Oybek. Ulug' yo'l (roman)

BIRINCHI BOB

I

Kun sovuq. Quyosh dam ochilib, ko‘ngillarni yoritib yuboradi, dam yopiladi-da, tumshayib oladi. Daraxtlardan to‘kilib ulgurmagan yaproqlar ora-sira shirt-shirt uziladi, salqin havoda bir-ikki aylanib tun izg‘irinida qatqaloqlangan, endi esa sumalaklana boshlagan ko‘cha loyiga g‘aribona yaslanadi.

Kun sovuq, lekin bozor qaynaydi. Bu yerga tutashgan ko‘chalarning hammasidan odam daryoday oqadi. Ba’zi birovlar sovuqdan qotgan qo‘llarining kaftlarini og‘izlariga tutadilar-da, «kuh-kuh» deb isitib oladilar.

Jomening orqasida, uning baland g‘isht devoriga tiqilib Otash-dukchi o‘tiribdi. U lukni g‘uv-g‘uv aylantiradi, so‘ng bir qo‘li bilan ko‘zoynagini ko‘tarib turib, dukni ko‘zlariga yaqin tutani, sinchiklab qaraydi, tag‘in uni silliqlay boshlaydi. Duk kutib o‘tirgan seryamoq juldur paranjili yosh-qari xotinlarga u bir-ikki og‘iz gapirib ham qo‘yadi.

Otash-dukchi oltmishlarga yaqin, burushiq yuzida ko‘zlari teran joylashgan, yelkasi chiqiq, ko‘rkam oppoq soqolli qovjiroq bir chol. Lekin uning ko‘rkam oppoq soqoli bor, sallasining yirtig‘i, to‘nining yamog‘i aslo esiga kelmaydi, bunga o‘rganib ketgan. Soqolini barmoqlari tez-tez tarab, zeb berib turish cholga odat bo‘lib qolgandi.

Borgan sari bozorning g‘ovur-g‘uvuri avjga chiqadi. Bu kun chorshanba bo‘lganidan bozor ayniqsa qizigan. Har kim o‘z holiga yarasha, biri qopda, biri qopchiqda bug‘doymi, arpami keltirib sotar edi. Birovlar savdo-sotiq yoki xarj bilan ovora bo‘lsa, birovlar cho‘ntaklarida siyqa chaqasi yo‘q, bozor rastalarida garang surgaladi.

Jomening bir yonboshida kabobning xush bo‘yi gurkiraydi.

— Keling, keling!.. Pishdi kabob!.. G’archcha moy!. Maza qilasiz, kelib qoling!..— maqtaydi kabobchilar.

— Hay-hay kabob, jonim kabob...— dedi boshini liqillatib dukchi yonidagi paranjili kampirga bir ko‘zini qisib.

— Be... Nimasini gapirasiz,— qixillab kuldi kampir.

— Dimog‘ingga isi tegsa bas!—dedi kinoya bilan tag‘in bir xotin.

— Tezroq bo‘la qoling, ota! Duk o‘zi necha pul?— so‘radi sabrsizlanib shu yerda o‘tirgan bir yosh juvon.

— Arzonroq bo‘lsin,— dedi kampir va ro‘moli uchiga tugilgan tangani sekin ushlab qo‘ydi.

Chol dukning uchini ingichkalar ekan, kulimsiradi:

— Arzon, arzon, bir tanga, xolos! Ko‘rib turibsiz, bir dukni qo‘lday chiqargunimcha ona sutim og‘zimga kelyapti. Sahardan oqshomgacha charxning g‘uv-g‘uvi kallani shishiradi, keyin qorin piyoz po‘stiday shilinib, bazo‘r uyga yetsam, kampirim taq etib oldimga bir kosa arpa umochmi, oqshoq xo‘rdami qo‘yadi. Ha, shunday, singillarim.

— Hammamizning kunimiz shu ekan, yer yutsin dunyosini!— dedi shoshib turgan juvon.

— Tavba degin, qizim, parvardigorim o‘zi yorlaqasin, oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, bandasining umri shundoq...— dedi kampir nasihatomuz ohangda.

— Otamning soqoli oqaribdi-yu, qachon yorug‘likka chiqar ekan?!—so‘radi zaharxanda bilan haligi juvon.

— O’zi ko‘rmasa bolalari ko‘rar yorug‘likni...— dedi kampir osoyishta tovush bilan.

Cholning yuzida istehzoli yengil tabassum titrar edi, u indamay qo‘lidagi katta dukni kampirga uzatdi:

— Mana, ona, duklarning buzrugi — durvoza! Xotinlar navbat bilan bir tangadan pul uzatib duklarni olar, ro‘molchagami, eski lattagami o‘rab, uylariga shoshib jo‘nar edilar.

Xotinlarni jo‘natib, Otash chol shoshmasdan yana o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘ldi. Ba’zan esiga kelgan eski baytlardan asta kuylab qo‘yar edi. Dukchi yonida yamoqchi kosiblar, biror kimsa yirtiq mahsimi, churuk choriqmi ko‘tarib kelarmikin, degan umid bilan sarg‘ayib o‘tirardilar,

— Eshitaylik jinday, balandroq o‘qing, otaxon!— dedi bir kosib yigit.

— Ovoz chiqmaydi, inim, ermak-da,— dedi chol.

— Ota qadim baytlarga misoli kon, hech kim bilmaganni biladi,— dedi chetroqda o‘tirgan kal kosib.

Otash-dukchi bo‘g‘iq ovozini sal ko‘tarib, bir bayt boshladi, «o‘hu-o‘hu» deb yo‘taldi.

— E-e... Chiroqlarim, bir vaqtlar qanday tiniq edi bu ovoz... Endi qarabsizki, xuddi eski aravaning gupchagi...

Shu payt cholning oldida baland bo‘yli, olifta mo‘ylovli bir yigit to‘xtadi:

— Assalomu alaykum, amaki!

Ustida uzun trinka kamzul, boshiga yangi chamandagul do‘ppi qo‘ndirgan, do‘rdoq lablari ustiga ingichka mo‘ylov qo‘ygan, quyuq payvasta qoshli bu yigit Otash-dukchiga, sho‘rvasining sho‘rvasi deganday, chatishib ketgan, uzoq bir qarindosh edi.

— Ko‘rinmaysan, Eshonxon, hanuz boyning eshigidamisan?— so‘radi dukchi qo‘l berib ko‘rishgach va pastak o‘rindiqni yaqinroq surdi.— Qani o‘tir.

— Iya, eshigida deganingiz nimasi, qariya, boyning to‘ridaman, to‘rida!— Eshonxon qo‘njidan bir latta chiqarib, qunt bilan etiklarining changini arta boshladi.— Ishim olchi, amaki, obro‘ katta, boyning jilovi qo‘limda, chizgan chizig‘imdan chiqmaydi.

Dukchi bir zum sukutdan keyin dedi: — Shundoq bo‘lsa, omading kelibdi, uka! Boyaqish otang nuqul mehnat bilan o‘tib ketdi bu dunyoyi g‘amxonadan.— Bir on sukutdan so‘ng dukchi tag‘in Eshonxonga qarab so‘radi:—O’ris tiliniyam o‘rgangan bo‘lsang kerak, jiyan?

— Ha, amaki, qiyib tashlaymiz ruschani ham,— javob berdi g‘urur bilan Eshonxon.

Chol nosqovog‘idan kaftiga jinday nos to‘kib, tag‘in gapga kirishdi:

— Otang boyaqish mardikorlikka ketgan yigitlarni ko‘p gapirardi. Tangri o‘zi bechora bandalariga, yetim-esirlar ahvoliga rahm qilsin, urush bitsa, kelib qolisharmikai?

— E-e, ota, ularning qismati shu ekan, tashvish qilmang, urush bitdi deguncha hammasi darrov uya-uyasiga qarab qanot qoqadi. Podshohi oliy hazrat haqiga erta-yu kech duo qilishni unutmang. Inshoollo, buyuk Rusiyamiz g‘olibiyatga erishajak. Bunga aminmiz,— dedi Eshonxon bilimdonlik bilan.

— Qaydam, inim, — dedi dukchi, og‘zidagi nosvoydan Kurmaklanib.— Zamon buzilishga buzildi. Ishqilib, o‘g‘lonlarning omon kaytganlarini ko‘rsak bas, keyin biz omonatini topshirardik-da, adamga ravona bo‘lardik... Ha, bu yolg‘on dunyoning achchiq sharbatini xo‘p totdik...

Eshonxon avval mo‘ylovini bir-ikki daf’a burab oldi, keyin ovozini pasaytirib, chol tomon engashib sirli ohangda dedi:

—Otaxon, tangriga ming karra shukur qilsangiz arziydi, shu kunlar sizga omad keldi, katta omad...

Dukchi qattiq taajjubdan yalt etib qaradi Eshonxonga:

— Nima deyapsan, esing joyidami? Och-yalang‘och bir g‘arib banda bo‘lsam, mening eshigimda omad ne qilsin?!

Eshonxon, avval bir qah-qah urib kuldi, keyin tag‘in shivirladi:

— Ota, butun shohona molu dunyo ko‘chib keladi yaqinda xonadoningizga, baxt-saodat, iqbol — barchasi sizni izlab qoldi...

— E-e, tentak, ajab gaplarni aytasan. Hazilni qo‘y, inim, zamon ahvolidan so‘yla. Yurtga tinchlik kerakmi, yo‘qmi? Nega yurt og‘alari buni o‘ylamaydilar? Men shunga dog‘man...

— E-e, chol-e,— dedi Eshonxon qo‘lini siltab,— yurtning ahvoli bilan bosh qotirmang, o‘zingizni o‘ylang, gapni eshiting! Mashhur attor Eshmuhammadxon boyni yaxshi bilasiz-a? Katta yer-suvlari, g‘ij-g‘ij mol to‘la do‘konlari... Toshkentning to‘rt dahasi uniki desam, lof bo‘lmaydi.

— Ha, bilaman, bilaman, bir vaqt elakday uch gaz chitni zakot deb tutqizgan edi menga. Past, ziqna, it fe’l bir boy. Xo‘sh, gapir, qani eshitaylik.

— Chamamda, ikki hafta burun, bir kun, kech payti boy aka ikkovimiz faytonda yonma-yon o‘tirib, o‘sha attor boynikiga bordik. Ulfatchilik joyida bo‘ldi, ichdik, yedik... O’sha kuni Eshmuhammadxon janoblarinikida qiz oshi ekan. Katta ichkari hovlisining butun uy-ayvonlari qizlarga liq to‘la edi. Bir qizlarki, har biri bir parizod deysiz. Tashqari ham to‘la odam. Biz pinhon xo‘p tomosha qildik. Eshmuhammadxonning qizini ham g‘ira-shira ko‘rdim. Malikalarday yasan-tusangan, to‘lagina, lekin rostini aytsam, uncha ko‘hlik emas, qorachagina qiz ekan.

— Ha, eshitdim. Eshmuhammad jahonda misli yo‘q bir to‘y beribdi, ta’rifidan til ojizmish. Quturgan-da, oltin quturtiradi...— dedi dukchi kesatib.

— Ah, avji gapni qiziq joyida buzasiz-a! Boylar axir shahrimizning ko‘rku obro‘si, to‘y qilsa, yurtga osh bersa, yomonmi? Haddan tashqari to‘y bersa, o‘z hamyonidan axir hammasi! Har to‘yning o‘z mezoni bo‘ladi. Gapni eshiting, ota! Saidahmadxon, men, bir to‘da boylar sekin derazadan tomosha qildik. Katta uyda qizlar saf tizib o‘tirishibdi. To‘rda boobro‘ oilalarning oltin-kumush, shohi-zarboflarga belangan qizlari, poygakda holi tang oila qizlari... Lekin bunday bazmni sira ko‘rmaganman, Marg‘ilondan, Farg‘onadan dong‘i ketgan yallachilar chaqirilgan. Dutoru tanbur, ashula, o‘yin bir zum tinmadi. Lekin barchaning aqlini olgan bir qiz bo‘ldi... Chiroyli, popukday bir qiz o‘ynadiki, ah-ah, iqlimda misli yo‘q, beqiyos...

— Ha, ha, ahyonda shunday o‘ynoqi bir qiz chiqib qoladi,— dedi kulib dukchi.

— E-e, gapni bo‘ldingiz. Xo‘sh, shunday qilib, chunon o‘ynadiki o‘sha qiz, Saidahmadxon janoblari es-hushidan ayrildilar qoldilar. «Yana bitta o‘ynasin, yana bitta o‘ynasin», deb sharaq-sharaq pul sug‘ura boshladi. «Uyat bo‘ladi», deb bazo‘r pullarni qayta kissasiga soldirdim. Boyu boyvachchalarning barchasi qizga mahliyo bo‘ldi, illo barchasining ko‘ngli o‘rtandi. Qiz ham payqab qoldi shekilli, izza bo‘lib tappa o‘tirib oldi, piq-piq yig‘ladi. Eshmuhammadxon: «Bas, bo‘ldi, chiqinglar tashqariga», deb hammamizni ichkaridan haydadi. Keyin ko‘p o‘tirmadik, jo‘nadik. Saidahmadxon tamom hushdan ayrildi, dedim, yo‘lda anchagacha bir so‘z qotmadi, lekin chidamadi, shekilli, so‘radi: «Kimning qizi ekan? Ofat! Ofat!» «U g‘arib-benavo bir oiladan. Oti Zumrad», dedim.— Eshonxon cholga tikildi:—: Xo‘sh, nima deysiz, amaki? Endi gap sizdan.

Cholning qovog‘i osilib ketgan edi:

— Bas, bas, haromi! Tilingni tiy, aljirama!—dedi qahrli bo‘g‘iq tovush bilan dukchi Eshonxonni jerkib.— Zumrad pok, asil qiz. Qiz oshilarni, qiz bazmlarini sevadi, o‘rtoqlari bilan borgandir boynikiga. Ochiq, sho‘x qiz. Nima bo‘pti?

Bir oz sukutdan so‘ng Eshonxon jiddiy ohangda so‘radi:

— Xo‘sh, nima deysiz, ota? Gapim chin. Boy: «Tez o‘rtaga tush, gaplash», deb qo‘ymayapti. To‘g‘ri, o‘g‘illari bor, qizlari bor, qo‘sh xotini bor, tag‘in xohlabdi bir uylanishni, nima bo‘pti? Davlatiga yarashadi-da. Mashhur zavodchi bo‘lsa, shohona sha’n-shavkati bo‘lsa, qizingiz malikalarday yayrab-yashnaydi, yomonmi?

Chol «uh» deya boshini quyi soldi, xomush tortdi.

— Tavba, qiziq gap...— dedi parishon holda. Eshonxon dukchining bo‘shashganligini payqab, yana shivirlab avray boshladi:

— Tixirlik qilmang, xo‘p deng, qariya! O’zingiz ham boy bo‘lib olasiz, bu yog‘ini o‘ylang. Duk-pukingizni yig‘ishtiring, shu ham kasb bo‘ldi-yu, qo‘ying-e! Tole oftobi chiqaman deyapti, esingiz joyidami?!

— Inim Eshonxon, bu g‘oyat qiyin savdo,— dedi Otash-dukchi.— Boy akang o‘lguday quv, mug‘ambir odam. Ko‘p ko‘rganmiz, chirog‘im. Boylar oshiq bo‘pti, jigaridan uribdi, deydilar. Unday qilaman, munday qilaman, boshimga ko‘taraman, deb Sulaymon taxtini va’da qilib, bechoralarning gulday qizlarini oladilar. Shunaqa beaxloq bo‘ladi boy-boyvachchalar! Ko‘p ko‘rganmiz, jiyan! Bizdaqa hokisorlarni aldashga, avrashga usta ular. Boshimni qotirma, jiyan, qo‘y behuda gaplarni!

— E, bas-e! Mo‘‘tabar zotlarga til tegizmang! To‘g‘ri, bitta-yarimta ziqna, baxili onda-sonda chiqib qoladi, hammasi shunday bo‘laverarmidi! Saidahmadxon muruvvatli, adolatli, g‘ariblarga mehribon bir odam. Qani, ota, fotihani beravering, qizingizning baxtini o‘ylang! Biz bir xolis duo deb yuribmiz!

Chol ham ikkilanib qolgan edi. «Harna bo‘lsa-da, boy, badavlat odam, balki qizim boyning davlatida olqib-cholqib, bola-chaqali boyvuchcha bo‘lar, o‘zim ham qariganimda qornim to‘yib ovqat yerman», deb o‘yladi ichida. Bir zumda Otash-dukchi ko‘nglida fikrlar quyuni aylanib ketdi.

— Jiyan, meni shu tobda shoshirib, ikki oyog‘imni bir etikka tiqma. Bu oson gap emas, umr savdosi, deydilar axir. Sabr qil: bir-ikki kun o‘ylab ko‘ray, kampirimga maslahat qilay, qavmi qarindoshim bor o‘zimga yarasha.

— Mayli amaki, har nechuk ishni tezroq bitirgan yaxshi, orqaga surmang, o‘zingiz dono odamsiz, sizga maslahatning nima darkori bor? Unga-bunga aytib, baxt qushini cho‘chitib qo‘ymang!—o‘rnidan turdi Eshonxon.— Xo‘p xayr!

Eshonxon qaddini tik tutib, tim tomon tez yurib ketdi. Dukchi uzoq parishon o‘tirdi. Boshida turli-tuman xayollar chalkashib ketdi. Goh: «Shunday katta bir davlatmandga qaynata bo‘lish tog‘day bir baxt-ku», derdi o‘z-o‘ziga, goh: «Bunday voqealarning oqibati hamisha falokatli bo‘lgan», deya gumonga ketar edi chol. «Tog‘day taxt bo‘lguncha, barmoqday baxt bo‘lsin», dedi Otash-dukchi o‘zicha shivirlab va shu on xayoli tamom qarshi tomonga uchdi.

Jomedan muazzin ovozi yangradi, dukchi shoshilinch ravishda duklarni, asboblarni yig‘ishtirgach, juma namoziga yugurdi.

 Saqlab olish

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.