OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qamchibek Kenja. Lafz (hikoya)

Kech kuzda oddiy tumov bahona yotib qolgan Dehqonboy akaning dardi sekin-asta og‘irlashib, ko‘klamda battar iskanjaga oldi.
Otasiga dori istab tuman markaziga borgan Odil jurnalist Karim Ahadni Toshkentga kuzatish munosabati bilan temir yo‘l bekati biqinidagi choyxonada uyushtirilgan ziyofatga tasodifan qo‘shilib qoldi. Ulfatlarga bozorda ro‘para kelib, xaltalarini ko‘tarishib yurdi. Ko‘chaga chiqishganda ular bilan xayrlashmoqchi edi, yur, o‘t-po‘t yoqisharsan, deb, qo‘yarda-qo‘ymay boshlab ketishdi.
Yoronlar dasturxonni shunday hafsala bilan tuzashdilarki, bu oshxo‘rlik emas, haqiqiy bazmi jamshid edi. Karim Ahadning do‘stlari turli soha egalari - savdogar, tergovchi, soliqchi, qassob, do‘kondor, tadbirkor, xullas, qo‘rli-shudli yigitlar edi. Ayrimlari Karim Ahaddan bir-ikki yosh katta ham edi. Ulardan to‘rt-besh yosh kichik, mo‘mingina Odil uchun ana shunday so‘zi ham, o‘zi ham butun, boobro‘ odamlar bilan bir dasturxon atrofida o‘tirish allanechuk sharaf edi. O‘t yoqib, ul-bul tashib, o‘choq bilan so‘ri oralig‘ida qatnab yurgan Odilning bir ko‘zi, bir qulog‘i o‘shalarda edi.
Karim Ahad kim gapirsa, o‘shaning og‘ziga qarab, boshi bilan tasdiqlab, ma’qullab o‘tirardi. Poytaxtday joyda ishlaydigan jurnalist ham shunaqa kamgap bo‘ladimi, deya taajjublanardi u. Ayniqsa, havolanish uning tabiatiga tamoman begonaga o‘xshardi. Iyib, erib ketdi chog‘i, nihoyat uning ham tili yechildi, uch-to‘rt kun avval bo‘lim mudirligiga lavozimiga o‘tkazilgani, shunga... besh-o‘nta ko‘ngil yaqinlariga bir cho‘qim osh qilib berish niyati borligini oshkor etdi. Yoronlar qutlovni yog‘dirib yuborishdiku:
— Agar xohlasang, do‘st, biz borib xizmat qilamiz o‘tirishingga, — dedi Botir hayajon bilan Karim Ahadning kiftiga urib.
— Ovora bo‘lasizlar-da, uzoq joy... — dedi jurnalist hamnishinlarining bir unisiga, bir bunisiga ohista nigoh yugurtirib.
— Shunday yuvadigan ish bo‘ladiyu, ovorasi bormi! Ishxonangda obro‘ying yanayam oshadi, o‘rtoq. — do‘kondor hamtovoqlariga yuzlandi.
— Juda olijanob taklif, bunaqa aqlli gap faqat seni kallangdan chiqishi mumkin, — dedi tadbirkor Husniddin.
— Boramiz! — deyishdi qolganlar jo‘r ovozda.
— Erkakcha gap!
— Bormagan – nomard!
Odil hayajonlanib, zavq bilan kuzatib o‘tirgan edi, Botir qiyqirib qoldi:
— Hey, Odilvoy, sen-chi? Nimaga o‘shshayib turibsan, ammamning bo‘zog‘iga o‘xshab? Hamma boradi deyildimi, hammaning ichida senam borsan. Yo, sen o‘zga sayyoralikmisan?
Bu gapni soliqchi Zufar ham quvvatladi:
— Boshqa qavmdanmisan, degin. O‘rtoqlar, bu yigit meniyam didimga o‘tirdi, ilgari gaplashmaganimiz uchun yaxshi bilmasakanman.
 Odil beixtiyor xijolat bo‘lib, qizardi.
— Mayli, o‘ylab ko‘rsin, — oraga tushdi Husniddin.
— Nimasini o‘ylaydi! — kesdi uni Ro‘ziboy va Odilga, — boshida do‘ppisi bor. Ammo do‘ppi kiyishniyam qonun-qoidasi bor, og‘aynichalish. Daladagi qo‘riqchiga qopqoq qilib qo‘yiladi, — u Odilning boshidan to‘rt gulli, odmiroq tepchilgan do‘ppini shartta ko‘tardi-da, «pop» etkizib, sarosimadagi yigitning chap chakkasi tomonga qiyshaytirib qo‘ndirdi. — O‘g‘il bola do‘ppini manaqa kiyadi! Ammo o‘ziyam uzuqorasi ekan-da. Endi boshlaganda chevarni qo‘liga chipqon chiqib qolganga o‘xshaydi.
— O‘zingda shuyam yo‘g‘-u, Qo‘zi!
— Biziki uyda.
— Hay, bo‘ldi, birodarlar, o‘tlab ketdik, — Matiso qo‘llarini tepaga ko‘tardi. — Poyiz jo‘nashiga oz qolyapti. Odil o‘zi biladi, sharoiti ko‘tarsa...
— Sharoit-paroit ketmaydi, — panjalarini yozib, ikki tomonga sermadi Sattor. U ham ancha qizishib qolgan edi. — Zufar aytganday, dasyorlikka tuzuk ekan, bizga asqotadi, tak, shto, boradi! — U Odilga tikildi. — To‘g‘rimi, borasanmi, yo...
— Borov-raman, — dedi Odil ikkilanibroq. Bir hisobda uni o‘z saflariga, odam qatoriga qo‘shishayotganidan ichida suyunardi u, biroq Toshkentga borib kelishning o‘zi bo‘ladimi? Ulfatchilikning o‘ziga yarasha yo‘l-yo‘rig‘i bor — aravani baravar tortish kerak. Yoningdagilar pul xarjlayversayu, sen ko‘zingni lo‘q qilib turaversang, bundan o‘sal ish yo‘q... O‘zining holi esa o‘ziga ma’lum. Otasi ancha abjir odam, hovliga qayta-qayta har xil ziravor, rediska ekib sotib tirikchilikni yurgizardi, u yotib qoldiyu, ro‘zg‘ordan baraka qochdi. Odil bu ishlarni uncha eplolmayapti.
Alqissa, ulfatlar ikki haftadan keyingi jumaga to‘xtadilar. Quruq qo‘l bilan borilmaydi albatta, demak, pul yig‘iladi, deya dilidan o‘tkazdi Odil.
— Qanchadan to‘playmiz, — so‘radi u mum tishlab o‘tiraverishni o‘ziga ep bilmay.
— Sen, Odil, — dedi Matiso iljayib, — kelindan komandirovochniyga qo‘l qo‘ydirib olsang bo‘ldi, muhrni o‘zimiz bosib beramiz.
Kulgi ko‘tarildi.
— Ja unchalikmas, tergovchi aka, — dedi Odil qizarib-bo‘zarib.
— Tegishyapti, so‘tak, — yelkasiga shapatiladi Husniddin. — Sen, kuyov to‘ra, yangi ro‘zg‘orsan. Yo‘l-kirangga pul topsang, bas. U yog‘ini o‘ylama.
Karim Ahadni poezdga kuzatib, har tarafga tarqalishdi.

* * *
Belgilangan kun yaqinlashgan sari Odil dam hayajonlanib, dam yuragi po‘killardi. Shoshib qolmayin deb ishidan javob oldi. Har ehtimolga qarshi tanish-bilishlardan qarz ko‘tarishni ko‘zladi. Lekin topishining tayini yo‘q odamga kim ham pul tutardi. Bersayam, uni uzish-chi?..
Otasining holati, kayfiyati durustroq paytini poylab, iymanibgina so‘z ochdi. Ko‘ngli ochiq padari buzrukvorning ulfatboz, odamoxunligi farzandga ayon edi, albatta. Faqat u hozirgi vaziyatda o‘zining quyushqondan tashqari bu xohishi, bemor kishiga og‘ir botmasmikin, «Men nima ahvoldamanu, yuragingga o‘yin-kulgi siqqanini qara-ya», deb qolmasmikin, degan hadikda edi. Demagan taqdirda ham ichida dili og‘risa-chi?
Shu sabab ming istihola bilan gapiga izoh bera boshladi:
— Borish niyatim yo‘q, shunchaki ularni gapini aytyapman, xolos.
— Juda-a yaxshi o‘ylashibdi, — dedi shiftga qarab yotgan Dehqonboy aka bir lahzalik sukutdan so‘ng. — Oshna-og‘ayni degan bir-birini yaxshi-yomon kunlarida yonida turadi-da. Karimjon — qishlog‘imizni obro‘yi, otasiga rahmat. O‘ziyam ancha bama’ni yigit. Boravur, o‘g‘lim. Karimjon, nima bo‘lsayam, musofirday gap. Musofirni yo‘qlash — katta savob.
— Bir-ikki kun turib qolishimiz mumkin, deyishyapti. Siz...
— Mendan tashvishlanma, o‘g‘lim, — Odilning gapini bo‘ldi ota. — Tuzukman, bir-ikki kun nima degan gap. Safarlaring bexatar bo‘lsin. — Ota barmoqlari ingichka tortgan kaftlarini yozib, yuziga surtdi.
Odil kalovlandi.
— Bo‘lmasa, — davom etdi Dehqonboy aka dadillanib, — bugun ayang bilan tomorqadagi rediskaning yetilganini yulib, tayyorlanglar, ertaga sotib kelasan. Kamiga ayang Salomatxondan olib berar...
Barchin opa hayratlandi.
— Shu paytda-ya?!
— Men ruxsat berdim, lafz qip qo‘yipti, — dedi ota sal ovozini ko‘tarib va boshini Odil tomonga o‘girdi. — Pul topiladigan narsa, yigitning lafzi qaytmasin...
Onasi ayvonga chiqishgach uni qisdi-bastiga oldi.
— Dadangni holini bilib turibsanu, Tashkanda nima bor, bolam? Unaqa, peshindan keyin boyiganlarga nima qilarding ilashib? Ko‘rpangga qarab oyoq uzatmaysanmi?!
— Ko‘rpamizga nima bo‘pti, aya, shu bo‘yi o‘tib ketmasmiz, bizgayam Xudo berib qolar...

* * *
Odil kelishilgan kuni o‘tgan galgi choyxonaga va’dalashilgan muddatdan yarim soatcha ilgari yetib bordi. So‘zining ustidan chiqyotganidan boshi osmonda edi. Axir, otasi «qo‘y, o‘g‘lim...» deyishi mumkin edi-da... Bir chetdagi chorpoyada dam-badam devordagi g‘ijjak g‘ilofini eslatuvchi mis rang osma soatga nazar tashlab, choydan xo‘plab o‘tirdi. Belgilangan muhlat — to‘rt ham bo‘ldi, o‘tdi ham. Karim Ahadning qadrdonlaridan esa darak yo‘q edi. Odilning ikki ko‘zi yo‘lda, endi kelib qolishar, hozir kelib qolishar deb o‘tirardi. Bezovtalanib katta ko‘chaga qarab keladi, tag‘in o‘tiradi. Vaqt o‘tmaydi, qo‘li beixtiyor choynakka yuguradi. Achchiq ko‘k choy oshqozonni shilib yubordi-yov. Kelishuvga binoan shu yerda qorinni yaxshilab to‘yg‘azib keyin poezdga chiqishmoqchi edi. Ajabki, haligacha birortasining qorasi ko‘rinay demasdi. Diqqati osha boshladi. Meni tashlab jo‘navorishgan bo‘lsa-ya, yo u baribir bormaydi, borolmaydi deb o‘ylashdimikin, degan shubha ichini kemirardi. Balki, balki... ana shu kuni “borasanmi?” deb, qayta-qayta so‘rashganida hardamxayollik bilan javob bergandi, shunga ular keyin kengashib, qiynamay qo‘ya qolaylik, degan qarorga kelishdimikin? Dadil «bo‘pti, boraman» deyavermagan ekan-da. Lekin oldindan bir narsa deyish ham qiyin edi-da. Otasining rozi bo‘lish-bo‘lmasligini aniq bilmasdi... Samolyot yo mashinada ketishdimikin, degan xayolga ham borardi u. Jo‘naydigan vaqt yo reja o‘zgarib qolgan bo‘lsa, uni ogohlantirib qo‘yish yodlaridan ko‘tarildimikin, yo‘q lozim topishmagan!
Soat besh yarim bo‘ldi — yo‘q. Demak, ketishibdi. Aks holda shu choqqacha ikki-uchtasi kelardi-ku. Ehtimol, biron joyda maishat qilib qolishgandir. Poezdning jo‘nashiga esa bor-yo‘g‘i o‘ttiz daqiqa vaqt qoldi. Birdan esiga bilet muammosi tushib, bekatga chopdi. Hayhotday binoning bir burchagidagi «kassa» degan tirqishga boshini suqdi.
— Toshkentga...
— Siz uchun topib beramiz, yaxshi yigit, — dedi pattachi qiz jilmayib. U ham Odilning ahvolidan boxabardek tuyulib ketdi. Bunga sayin, yigit asabiylashdi. Biletni oldi hamki, ulfatlar kelishmadi. Birontasi ham!.. «Demak ketishgan!..»
Odilning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, orqaga qaray-qaray vagonga chiqdi. Bir ko‘ngli qaytivoray ham dediyu, yana ikkilandi. Shuncha gap-so‘z, ovoragarchilikdan keyin uyga nima deb kiradi? Meni laqillatishibdi, deydimi?.. Toshkentga umrida bormagandi, shuni o‘ylab sal diltang bo‘ldi, so‘ng so‘rab-so‘rab Makkani topishgan-ku, hozir hamma yerda kirakash mashina to‘lib yotibdi, ayniqsa poytaxtday joyda bu narsa muammo bo‘lmas, deb o‘ziga tasalli berdi.
Kechasi bilan xayoli qochib, buning ustiga temir g‘ildiraklarning besaranjom, vahimali taraqa-turuqidan uxlaganday ham bo‘lmadi. «E, qoyil, o‘g‘il bola...» deyishsa kerak... shu xayol unga taskin berardi.
Aytganiday, poezddan tushishi bilan kirakashlar o‘rab, qo‘ltig‘idan ko‘targanday oyog‘ini yerga tekkizmay bekatga yetkazishdi. Tamaddi qilganiyam imkon berishmadi. Oq-sariqdan kelgan, chapdast yigitcha «Damas»ni keng, ammo ulov tig‘iz ko‘chalardan g‘izillatib haydab ketdi. Odil ikki tarafdagi bir-biridan purviqor binolarga, yap-yangi ko‘priklarga, yo‘llarga angrayib boqardi. Poytaxt – poytaxt-da...
Hash-pash deguncha yigitcha baland, uzundan-uzun, deyarli derazalardan iboratdek -ko‘rinuvchi bino ro‘parasida mashina to‘xtatdi.
— Siz aytgan joy sho‘t aka, kiraverishdagi melisaga uchrasangiz, tanishingiz qaerdaligini aytib beradi, — tushuntirdi u va Odilning qo‘lidan pulni yulqib olib, yana shiddat bilan mashinani surib ketdi. Odamgarchiligi durust, lekin juda shitob ekan zang‘ar, ko‘nglidan o‘tkazdi Odil shamolday uchib borayotgan «Damas» ortidan bir zum qarab qolarkan, qoida-poida bilan zig‘ircha ishi yo‘g‘-ey.
Odil u yoq-bu yoqqa alangladi, oshxonaga o‘xshagan joy ko‘ziga chalinmadi. Mayli, Karim Ahadni topsin-chi, ehtimol hamma shu yerdadir...
Bino yo‘lagidagi melisa ko‘rsatmasi bilan devordagi jadvaldan Karim Ahadning telefon raqamini topdi-da (katta ro‘yxatda hamqishlog‘ining ham ism-sharifini ko‘rib, yuragi yana bir hapriqib oldi), burchakda osig‘liq qora apparatga cho‘zildi.
— Karimjon aka, men keluvdim, Odilman, Anjandan.
— Iy-iy... hozir, hozir tushaman.
Odil sal chetga chiqib, aylanadigan temir to‘siqdan yonbosh bilan qisilib kirib-chiqayotgan turli toifadagi shoshqin odamlarni kuzata boshladi. Ular bir-birlarini yaxshi tanimaydiganday, boshlarini xiyol qimirlatib, faqat «yaxshimisiz» degan bir kalom bilan so‘rashib o‘tib ketishardi.
Qisqa fursatda yo‘lakda Karim Ahad ko‘rindi. Uning yirik ko‘zlari yanada kengayib charaqladi.
— Boshqalar qani? — so‘radi Kaimjon quchog‘ini ocharkan.
 — Endi kelib qolishar, men ular bilan xabarlasholmay, o‘zim poyizga chiquvdim.
— Mayli, xonada gaplashamiz, qani, yuring.
Mehmonning esa qorni tatalardi. Qo‘qon bekatida tog‘ora ko‘tarib chiqqan juvondan olib yegan to‘rttagina kartoshka somsa poezd yarim yo‘lga yetmayoq qorinnii sidirib, boyaqishning ichaklarini ship-shiydam qilib bo‘lgan edi.
— Sizni ishdan qoldiraman-da. Yaxshisi, bironta sherik bo‘lsa, bozor-o‘char qilib, choyxonada oshga taraddi ko‘rib turardik. Devzira opkelgandim, uch kilocha.
— Juda yaxshi, yetadi.

* * *
Karim Ahad Odilga Yoqubjon ismli hamkasbini qo‘shib berdi, to‘g‘rirog‘i, Odilni unga tirkab qo‘ydi. Bo‘ydor, qoshlari tutash, to‘ladan kelgan bu yigit ham andijonlik ekan, guruchning daragini eshitib suyunib ketdi, bir siqim kaftiga olib, sinchiklab ko‘rdi.
— O‘ziyam qoraqiltiriq shekilli, malades. Shunga boshimiz qotib turuvdi. Boykechiknikimi yo Bo‘taqaranikimi?
— Boykechikniki. Maqtashdiyu...
— E, yashang, aka, — Odilning yelkasiga qoqdi Yoqubjon.
Ular bozorga kirishdi. Ko‘proq Yoqubjon pul xarjladi, lekin Odil ham, sherigi “hay-hay”lasa-da, qarab o‘tirmadi. Otasining ta’kidi qulog‘ida edi.
Yunusobodning bir chekkasidagi «Shinam» choyxonasi u qadar hashamatli bo‘lmasa-da, fayzli, eng muhimi, katta qatnov yo‘lidan bir muncha ovloqdagi, bahavo maskan ekan.
Odil Yoqubjonning suyagi buzuqroqligidan uning qozonga egilishini tasavvur qilolmayotgandi. Miyasida “oshni o‘zingiz damlaysiz”, deb qolsa-ya, hayajonlanib, o‘xshatolmasam-chi, degan fikr g‘imirlardi. Hamrohining sabzini shippa-shippa, qolipdan chiqayotganday bir tekis to‘g‘rashidanoq masala oydinlashdi-qo‘ydi. U og‘ir bir yukdan xalos bo‘lganday, yengil tortdi.
Karim Ahad soat birlarda sheriklari bilan keldi. Ular to‘rt-besh kishi bo‘lib, asosan yoshlar, faqat bitta-ikkitasininggina sochiga oq oralagan edi.
Yoqubjon esa palovni qiyvorgan edi. Mehmonlar taomni ta’riflab, maqtay-maqtay yeyisharkan, Yoqubjon guruch Andijonning devzirasi ekanligini, uni bugungi ziyofat muallifi Karim Ahadning mana shu shinavanda hamqishlog‘i, qadrdon ukaxoni Odiljon olib kelgani, uning o‘t yoqishga ham ustaligini aytib, haqiqatda ham shunday, deganday unga jilmayib qo‘yardi. Oshxo‘rlar «E, kam bo‘lmang, otangizga balli», deyishar, Odil esa... o‘ng‘aysizlanib, yerga qarardi.
Mehmondorchilik havaskorona askiya, hazil-huzil bilan ko‘ngil ochar o‘tirishga aylandi. Hammaning kayfiyati zo‘r, ruhi baland edi. Karim Ahad ham o‘zida yo‘q edi, faqat u har zamon-har zamonda yo‘l tarafga qarab-qarab o‘tirar va engashib Odilga «Kelishmadi, a?..» deb shivirlab qo‘yardi. U yo‘lakdagi melisaga choyxona manzilini yozib qoldirgan edi.
Mehmonlar kuzatilgach, Karim Ahad: «O‘sha gap — gap, ertaga bir Toshkentni aylantiraman», dedi. Odilning ham niyati shunday edi, illo otasini eslab, dili g‘ash tortib qoldi. Bir kecha-kunduz unga bir necha kunday tuyula boshlagandi. Keyin, cho‘ntagining ham qo‘ri pasaydi. Safar, katta shahar, darhaqiqat, ancha-muncha aqchani ko‘rdim demaydi. Buning ustiga, kechga yaqin havo aynib, osmon gezarib oldi.
 
* * *
Ertasiga ertalab Odil tuman markazida poezddan tushganida havo ochilib ketgan, ammo kechasi bilan selday yoqqan yomg‘irning zahri badanni junjiktirardi. Dadam sovuq yemadimikin, degan g‘am bosdi Odilni. Bir tomondan, sinchkov padari buzrukvoriga nima deb borish xijolatchiligi uni qiynardi. Yolg‘on gapirish mumkinmas, rostini aytsa, o‘g‘lim bizga qog‘oz do‘ppi kiydirgan ekan-da, deb o‘ylashi aniq.
Lekin otasiga hisob berishga to‘g‘ri kelmadi.
Karavot yonida cho‘nqayib, erining bilagini uqalab o‘tirgan Barchin opa uyqudan uyg‘onganday birdan jonlanib, «Dadasi, dadasi, Odiljon keldi», dedi. Dehqonboy aka ko‘zlarini ohista ochib, zaif nigohlari bilan Odilni qidirdi, uni topgach, past, sust tovushda pichirlab, «Borib keldingmi, o‘g‘lim, barakalla...» dedi, keyin qo‘lini «Yaqinroq kel...» deganday, majolsizlik bilan cho‘zdi. Ozg‘in barmoqlari titrardi. Odilning yuragi «shuv» etib ketdi, cho‘kkalab, yonog‘ini qiblagohining sarg‘imtir tus olgan so‘lg‘in yuziga avaylab tekkizdi.
— Bolam, yigit kishi doim o‘z lafzida turishi kerak...
Otasi boshqa so‘z aytmadi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 19-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.