OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qamchibek Kenja. Muhabbat badali (hikoya)

Mazkur voqeani bir necha yillar avval Hindistonning nomdor shaharlaridan biri Laknovda eshitgan edim.

* * *

Nadim ikki bora ro‘zg‘or tutgan, ammo farzand ko‘rmagan, ayollar esa turli bahona-sabablar bilan uni tashlab ketishgandi. Endilikda otameros hujrasida tanho kun kechirar, ertalabdan qaro shomgacha riksha haydab, itday charchar, arzonroq oshxonada naridan-beri tamaddilanardi-da, uyga madori qolmagan oyoqlarini sudrab borib, ostonadan o‘tardiyu o‘zini qachonlardan beri yig‘ilmagan o‘ringa otar va shu zahoti dong qotib, o‘sha bo‘yicha ertalab, quyosh tig‘ urib chiqib kelayotgan pallada arang ko‘zini ochardi.
U avvallari turli joylarda kirakashlik qilib yurgan, Bank qurilib, oldi gavjumlashgach, uyiga yaqinligi uchun shu yerni asosiy pakka qilib olgandi.
Bir kuni aravani chetroqqa qo‘yib, keksa imli daraxtiga suyangancha mudrab o‘tirgandi, ayol kishining rikshachilar bilan savdolashayotgani qulog‘iga chalinib, o‘rnidan turdi-da, davraga yaqinlashdi. Turli yoshdagi bir necha kirakash o‘rtasida dam unisi, dam bunisiga yuzlanib, ikki-uch rupiya talashayotgan limu rang sariyli, qora, yaltiragan sochlarini orqaga silliq taragan chiroyli xonim Nadimning ko‘ziga issiq ko‘rindi. Astoydil tikilib, uni tanidiyu a’zoi badani jimirlab, o‘zini orqaga tortmoqchi bo‘lib turuvdi, juvon unga nigoh tashlab qoldi. Rikshachining yuzlari qizarib ketgandi, lekin ayolda zarracha o‘zgarish yuz bermayotgani va parvo qilmayotganini ko‘rib, vujudi bo‘shashdi. “Xayriyat, tanimadi!..” Tanimadigina emas, aksincha, uning o‘skin, baroq soqoliga, surrang uzun ko‘ylagiga qarab aftini sal burishtirgandek bo‘ldi. Nadim tanbeh berib, ogohlantirib turadigan yostiqdoshi yo boshqa yaqini yo‘qligi, to‘g‘rirog‘i hafsalasizligidan soch-soqolini o‘stirib yuborgandi.
Endi unda xonimga nisbatan qiziqish kuchaydi, barmoqlari uchini juftlab, hurmat izhor qildi va “Bibisohib, aytgan joyingizga, o‘sha narxga men olib borib qo‘yaman” dedi, ko‘zi uning nigohi bilan to‘qnashib qolmasligi uchun bo‘ynini egib. Xonim riksha zinasiga “meni ko‘tararmikin”, deya hadiksiraganday oyoq qo‘ydi. Ayni damda Nadim juvondagi zohiriy o‘zgarishlarni kuzatardi. O‘shligida ovozi yangroq, ko‘zlari chaqnoq, jikkakroq qiz edi. Endi uning qarashlari jiddiy va bir muncha kibrli ko‘rinar, gavdasi bo‘lagina, salobatli edi.
U rikshani yuragi hapriqib, turli hissiyotlar girdobida yengil entikkancha tortib borarkan, ayolga qaragisi, qachonlardir uning diliga ko‘p alam-iztiroblar solgan o‘sha husni, o‘sha jozibasi va malohati nafaqat saqlanib qolgan, balki bir necha chandon ortgan ruxsoriga to‘yib boqqisi kelar, lekin avvalo bu istaklarni ro‘yobga chiqarish darajasida orqaga qayrilishning imkoni yo‘q, ham noqulay, qolaversa... Unga tanilib, sharmandasi chiqqandan ko‘ra, o‘zini ilohiy Ganga yo nahrul muhabbat — ishq daryosi Jamuna qa’riga otgani yaxshi emasmi? Notavon ko‘ngliga qo‘tir jomashov, deb, sen shu holing bilan mendek bir aslzoda xonimga oshiq bo‘luvdingmi, demaydimi?
Manzil uncha uzoq emas, shaharning g‘arb tomonidagi yangi mavzening boshlanishida bo‘lib, taxminan o‘n besh daqiqalik yo‘l edi. Nadimning tili, ko‘zlari qanchalar tug‘yon urmasin, sokin aql, izzat-nafs va hadik oldida ojiz edilar. U “Rikshachi, to‘xta!” degan buyruqni eshitmagunicha bir og‘iz churq etmadi. To‘xtashga amr bo‘lganida nechog‘lik suyunganini faqat o‘zigina biladi, chunki u endi andak tin olishi va aravadan tushayotgan mijoziga bir emas, bir necha bor, ayni chog‘da kishi bilmas tarzda, beozor qarab olishi mumkin edi.
— Haqqingni ol, rikshachi!
Nadim o‘ziga keldi va xonimning unga cho‘zilgan oppoq, biqqigina kaftidan tangani barmoqlari yengil titrab olarkan, qariyb pichirlab rahmat aytdi. Xonim uning minnatdorchiligiga ahamiyat ham bermay, og‘ir gavdasiga nomunosib yengil qadamlar bilan borib, hovli eshigi o‘rnidagi bambuk g‘ovni nafis bir harakat ila ochib kirib ketdi. Boshmog‘ining yoqimli taqillashi Nadimning qulog‘ida, sariysi etaklarining yengil, chiroyli hilpillashi nigohida qoldi.
U bir amallab kulbai vayronasiga yetdi-da, hayajondan, sarosimadan, xavotirdan bo‘shashib shalpaygan jussasini tappa tashladi va ko‘zlarini yumdi. Miyasidagi xotira qatlarini titkiladi. Xayoli yigirma yillar orqaga — o‘tmishga parvoz qildi...
Ular bir kollejda o‘qishgandi. Saboh chiroyli qiz edi. Uni orzulaganlar ko‘p edi. Boy xonadonning qizi bo‘lgani sababli uni orzu qilishardi xolos, unga yigitchasiga gap otish, “qarmoq tashlash”ga, muhabbat izhor etish tugul, o‘z mayli va munosabatini anglatib qo‘yishga ham hech birining yuragi dov bermasdi. Qimmatbaho sirg‘a-bilakuzuklari, toza matoli sariylarining o‘ziyoq o‘zgalardan — qizlardan, yigitlardan ajratib, bir necha pog‘ona ko‘tarib turardi. O‘sha paytlarda ham u kollejga faytonda kelib-ketardi. Shaydolarning bir imtiyozi bor edi — o‘rtadagi “betaraf hudud”ga daxl qilmagan holda, uzoqroqdan, vaziyatga ko‘ra, birrov qarab olmoq, tikilmoq, termulmoq va g‘oyibona suhbatlashmoq... Axir, odamning o‘zidan ko‘ra ming bora erkin xayolini cheklab, ta’qiqlab bo‘lmaydi-ku. Ana shu xayol, tasavvur qanchadan-qancha bedavo ishq ahliga qanot bag‘ishlab, taskin berardi. Nadim Sabohga boshqalardan — oshiqu beqarorlarning hammasidan ham ko‘p va qattiq mubtaloman, deb o‘ylardi. Nima bo‘lgandayam Nadim Sabohni jimgina suyardi. Ular goho-goho, yuzma-yuz kelib qolishganda o‘zaro salomlashishardi ham. Bunday mahallarda Nadim kalovlanib, boshi aylanar, nazarida oyoqlari, gavdasi yerdan ancha balandlab ketganday tuyulardi. Sho‘x va shaddod bu qizning dangallik odati ham bor edi — hammaga, hatto muallimlarga ham dadil, shartta gapirardi. Uning biron talaba bilan yaqinligi to‘g‘risida esa hatto mish-mish ham chiqmagandi. Birdan qiz kollejga kelmay qo‘ydi, bir necha kundan keyin esa ularning oilasi qayoqqadir ko‘chib ketgani haqida gap tarqaldi. Shu-shu Nadim Sabohni qayta ko‘rmagandi. Uzoq vaqtgacha qattiq o‘kinib, sog‘inib, tez-tez eslab yurdi. Uni ko‘z oldiga keltirsa yuragi ezilib ketganday bo‘lardi. Lekin so‘nggi marta qachon uni xotirlagani aniq emas. Holbuki, Nadim muhabbatining birinchisi ham, oxirgisi ham shu edi. U o‘zining mavqeini durustroq chamalay bilmaydigan bir davrda, hamma narsadan men kuchliman, zo‘rman deydigan, har qanday g‘ov-to‘siqni, cheklash, taqiqlarni, mumkin-mumkin emas, joiz-nojoiz, boy-kambag‘al, yuqori-quyi mazhabu, tabaqa degan qiyosu tafovutlarini tan olmaydigan, borki sohada ustuvorlikka, g‘oliblikka da’vogar mag‘rur va qaysar yoshlik hamda unga kuch-quvvat, shiddat va jasorat ato etadigan xayolparastlik — romantiklikning qudrati va ta’sirida qizga ko‘ngil qo‘ygan edi...
Nodim chuqur entikdi, boshini sarak-sarak qildi. Axir u ham, bir amallab bo‘lsa-da, har holda kollejni bitirgan edi. Lekin ishi hech yurishmadi. O‘zini u yoqqa urdi, bu yoqqa urdi, har xil mahkamalarda yugur-etim vazifalarni bajarib yurdi, shundan nariga o‘tolmadi, kosasi ham oqarmadi. Buning ustiga oilaviy turmushda ham omadi chopmadi. Aka-ukadan ham yolchimagandi. Taqdiri azal manglayiga shularni yozgan ekan, nachora? Ammo bugungi tasodif yorug‘ dunyo ne’matlaridan, orzularidan sovib, mog‘orlagan qalbini ozgina olov, yog‘du bilan ilitish, poklamoqchi bo‘lgan Lakshmining inoyati emasmikin?..
Ertalab barvaqt uyg‘ondi, siniq ko‘zgu bilan qaychini qo‘liga olgan yerida taraddudlanib qoldi. Saboh xonim bugun ham kelarmikin o‘zi? Balki kecha bankka shunchaki bir ish yuzasidan tashrif buyurgandir. Yo‘q, soqol-mo‘ylovini qirtishlab qo‘ysa ayol uni tanib qolishi mumkin...
Soch-soqoliga salgina qaychi urdi. Ammo aravasining ichini supurib-tozaladi, o‘rindiqni, yon to‘siqlarni, g‘ildirakning gubchagi, kegaylarini, yaltillab ketgan shotilarni nam latta bilan artib chiqdi. Lekin shotilar orasiga kirganda rikshachilik amalining naqadar tubanligi, o‘zining ikkita uzun yog‘och o‘rtasida ot-hayvon o‘rnida turishi qanchalik ayanchli ekanligini dastlab ish boshlagan kunidagidan ham chuqurroq tuydi va shilimshiq bir narsani ushlab olganday afti burishdi, eti uvishdi. Bu “hunar”ni yig‘ishtirish kerak, degan o‘y kechdi dilidan.
U shu kuni mijoz istamadi, hatto qo‘l ko‘targanlarga ham qaramay, to‘g‘ri bank binosiga qarab borardi. Hali erta bo‘lgani uchun riksha ham, bank va o‘zga muassasalarga kirib-chiquvchilar ham kam edi. Aravani chetga tortib qo‘ydi-da, o‘zi panaga — azim imli ostiga o‘tib, kelayotganlarni kuzatib o‘tirdi. U nimagadir Saboh xonim shu bankda yo qo‘rg‘on ichidagi boshqa bir mahkamada ishlasa kerak, degan farazda edi. Shu safar fahmi unga pand bermasligini tilab, ma’budlarga iltijo qildi. Keluvchilar ko‘paygan paytda — soat sakkizlar arafasida uzoqdan ustida bir ayol kishi o‘tirgan izvosh ko‘rindi. Nadim beixtiyor turib ketdi, yuragi xuddi kollejdalik paytlaridagiday dukillab ura boshladi.
Izvosh uning yaqiniga kelib to‘xtadi va undan Nadimning ko‘zlarini yaraqlatgan kimsa — bugun yashil sariy kiygan, bilagi, yelkasi bilan tirsagining o‘rtasi oq va bo‘liq Saboh xonim tushdi-da, rikshachini rozi qilib, hech kimga qiyo boqmay, yon-atrofga umuman nazar solmay, oq tuflisi poshnalari bilan asfaltni yengil to‘qillatgancha qo‘rg‘on tomon yo‘naldi. Demak, u ham aksariyat sohibjamol qiz-juvonlar singari izvoshda ko‘zga tashlanib, sollanib yurishni yaxshi ko‘radi, shekilli. Demak, qaytishda ham albatta faytonga o‘tiradi, agar shu joyga ishga kelgan bo‘lsa, har kuni qatnaydi.
U yurdi, turdi, birpas-birpas aylandi, daraxtga suyanib, pon shimib o‘tirdi, o‘yladi, quvondi, g‘ashlandi. Nihoyat, quyosh gardishi kengayib, quyiga ena boshlaganda aravasini uzoqdan ko‘rinadigan yerga jildirib, o‘zi uning yonida hovli tarafdan ko‘z uzmay turdi. Odamlar birin-ketin, juft-juft bo‘lib chiqishardi-da, qay birlari piyoda, qay birlari yengil mashina yo mototsikllarini minib jo‘nashardi.
Bekatda Nadimnikidan tashqari yana ikkita izvosh bor edi, xolos. Chunki odatda yaqinroqqa boradiganlar, keksalar yo kamxarjroq sanoqli kimsalargina riksha yollashardi.
Lakshmining chindan ham bu g‘aribu benavoga shafqat nazari bilan boqayotgani aniq edi. Bir payt Saboh xonim yakka o‘zi bir-bir bosib chiqib keldi-da, nigohi Nadimning aravasi va uning o‘zida to‘xtadi. Ehtimol bibisohibga ham aft-angori ko‘rimsizroq rikshachining royishligi, kamsuxanligi va bir maromda yurishi ma’qul tushib qolgandir. Xullas, og‘zi qulog‘iga yetgan Nadim hayajonlanib, beixtiyor qadamini tezlashtirgan edi, tanbeh eshitdi.
— Men shoshayotganim yo‘q, ey!.. Bugun senga nima bo‘ldi? — dedi xonim. Uning ovozi hamon o‘ktam, hamon amirona edi.
— Afu eting, malikam, — uzr so‘radi Nadim sekinlab, boshqa so‘z demadi. Ortiq kalom aytmoqqa ojiz va nochor edi, zero xonimga bundan ziyod javob va izohning hojati ham yo‘q edi. Illo, kutilmagan, iste’molda kam “malikam” iborasi xushyoqdimi, jilmayib qo‘ydi, taassufki, bu siylov egasiga yetib bormadi — shotilar orasidagi odam-otga orqaga o‘girilish noqulay va nojoiz, qolaversa, Nadimning ichi-borini “uni ranjitib qo‘ydim”, degan xavotir kemirib azob bermoqda edi. Oyoqlarini endi tikan kirganday avaylab bosardi.
Nadimning kallasi yanada egilib ketganini ko‘rgan Saboh xonim “bechora xafa bo‘ldi chog‘i”, deb o‘yladimi, boshqa sabablimi, har holda, “Rikshani yaxshi haydar ekansan”, dedi mayinlashgan bir tovushda. Nadim boshini ko‘tardi va uning dilida umid uchqunlarimi, nimadir yiltillab, bag‘rini nurga to‘ldirganday va bu nur uning shuurini ham yoritganday bo‘ldi, yorishgan shuuridan beixtiyor “o‘zimni tanitsam u nima derkin, menga qanday muomala qilarkin, yuzi-ko‘zida qanday o‘zgarish yuz berarkin?..” degan fikrlar o‘ta boshladi va darhol niyatidan qaytdi, darhaqiqat, bunisi endi quyushqondan chiqish edi.
O‘qimsiz, lohas etuvchi issiqdan nafasi bo‘g‘ilib turgan odamga tuyqus kelgan salqin shabada qanchalik huzur berib, tanasini yayratsa, xonimning bexos aytgan ikki og‘iz kalimasi ham Nadimga shunday farog‘at bag‘ishladi, uning manglayidagi tirishlarni yozib yubordi, ko‘z oldini xiralashtirib, dilini xijil qilib turgan qoramtir parda to‘ziyotgan oppoq parga aylandi va u parlar izvoshning yo‘liga yorqin shu’lalar bo‘lib sochildi.
Shu oqshom paxtasi yopishib ketgan yalangqavat ko‘rpacha Nadimni go‘yo parto‘shakday allalardi. Faqat bir fikr uni allamahalgacha uxlatmadi. Nihoyat, shunday qarorga keldi: soch-soqolini yaxshilab kuzaydi, qani u tanirmikin, agar shunda ham tanimasa... Yo‘q, Saboh xonim uni shubhasiz tanib qoladi, orada yaqinlik yuzaga keladi va unga qulfi dilini ochishga imkon tug‘iladi. Axir, izhor etilmagan rozini — bu og‘ir, ammo orombaxsh yukni shuncha yildan beri pinhona ko‘tarib kelmoqda, mayli, uni narigi dunyoga ham olib ketishga tayyor va qodir, lekin agar uni sezdirib, bildirib qo‘ysa, omonatni egasiga yetkazgan xolis kimsaday ruhida bir yengillik, halovat tuyarmidiykin...
Tongda u aytganini qildi: sochini ham, mo‘ylovini ham keskin qisqartirdi, soqolini esa, batamom qirib tashladi. Endi uning bir oz bo‘rtik yonoqlari, kenggina manglayi, risoladagiday quloq-burni, to‘mtoqroq — erkagona iyagi, eng muhimi, kechadan beri gavhari quvvatlanib, bo‘lakcha charaqlay boshlagan ko‘zlari ozodlikka chiqqanday dallang ko‘rindi... So‘ng anchadan beri sovun ko‘rmagan yuzini hafsala bilan yuvdi, bo‘g‘ma yoqali qora ridosi o‘rniga yenglari uzun, yoqasiz, havorang panjobi ko‘ylagini kiydi, oyog‘iga shippak ildi.
Bibisohib bugun och qirmizi tusdagi libosda edi. U hovlidan shoshib yurib chiqayotgan edi, tanish rikshani ko‘rib qadamini sekinlatdi. Faytonga “qo‘shilish”ga shay turgan Nadimga nigohi tushgan xonim beixtiyor yurishdan to‘xtadi, kipriklari hayrona pirpiradi. Nadim esa jilmayib qaradi, lekin ikkisi ham lom-mim deyishmadi. Bibisohib ikkilanganday arava zinasiga oyoq qo‘yarkan, tashqi aft-angori butunlay o‘zgarib, odam siyoqi kirib qolgan hammolga zimdan sinovchan nazar soldi. Bu payt Nadim shotilar orasiga o‘tib, ikki qo‘lida ularni ko‘tarib turardi.
Anchagacha yo unisidan yo bunisidan sado chiqmadi. “Baribir tanimadi, xotirlay olmadi-ya, — o‘ylab borardi Nadim, — yo oriyat ustun kelib, o‘zini tanimaganga olyaptimikin... Demak, endi boshqa gap-so‘zga, shama-ishoraga o‘rin yo‘q. O‘pig‘liq qozon yopig‘ligicha qolgani durust chog‘i...”
— Men sizni qaerdadir ko‘rganga o‘xshayapman-a, — dedi bir ozdan so‘ng Saboh xonim birdan “siz”lab.
Rikshachining tomirlarida qon to‘xtaganday bo‘ldi, ko‘tarilgan oyog‘i beixtiyor bir lahza muallaq turib keyin yerga tushdi. “Demak, esladi!..”
Bu yog‘iga uning sabri chidamadi, sichqon-mushuk o‘yinini davom ettirishga toqati yetmadi.
— Bir paytda o‘qiganmiz, — dedi yelkasi osha xonimga birrov ko‘z tashlab va darhol oqlash uchun qo‘shimcha qildi: — G‘o‘rlik qilib, kollej imtihonlarini yaxshi topshirolmagandim. — Aslida bunga mana shu malakning birdan g‘oyib bo‘lib qolgani ham sabab edi. Anchagacha uni qo‘msab, kechalari yuragi ezilib, bedor tong ottirgan talaba yigitchaning o‘qishdan ko‘ngli sovib ketgandi. Qaytib o‘zini qo‘lga ololmadi. — Taqdir meni yana sinovga tashladi, — davom etdi Nadim, — bu sinovdan ham o‘tolmay yuribman.
U hayrat va taajjubda edi: dilida boshqacha jumlalar tuzar, tilidan esa butunlay o‘zga so‘zlar sirg‘alib chiqardi.
Ayol yana og‘ziga mum solganday jimib qoldi. Demak, sobiq kollejdoshi uni xokisorona va ilmoqli iddaosiga munosabat bildirib, andak ko‘nglini ko‘tarib qo‘ymakni lozim ko‘rmadi.
Endi olamda g‘ildirak charmining vishillashi va riksha egasining shippagidan taralayotgan “ship-ship” ovozgina qolgan va ular g‘oyat noxush eshitilardi.
Nadimning ham tili tanglayiga yopishdi. Manzilga yetib, to‘xtaganda ham Saboh xonim tarafga qarashga jur’at etmay, yerga boqqancha sabrsizlik va hayajon bilan kutib turdi. Xonim izvoshdan ohista tushib, tirnoqlari pushti lakli, panjasi xinoli qo‘lini uzatarkan, Nadim boshini salgina ko‘tardi, dastini beixtiyor kishanga tutib berayotganday, qaltirab cho‘zdi. Shunda... Shunda zilday og‘irlashgan qo‘ng‘ir tus kaftiga to‘kilgan to‘rtta tanga cho‘g‘day tuyuldi, ularni zarda bilan, shosha-pisha kissasiga tiqdi-da, arava shotisini shiddat bilan orqaga burib, jadal yurib ketdi.
Uning kulbasi shundoqqina yo‘l bo‘yida bo‘lib, ko‘chaning narigi beti har xil o‘simlik va o‘t bosgan past tekisliklar edi. U aravani odatdagi joyiga — uychasi devori yoniga hafsalasizlik bilan qo‘ydi-da, qaytib chiqib yo‘l qirshoviga cho‘nqayib o‘tirdi. Tizzalarini quchoqlab olislarga tikilgancha xayolga cho‘mdi. Anchadan so‘ng soniga nam tegayotganini sezib ko‘zini ochdi. Yuragidan tomayotgan alam yoshlari shalvarining ancha qismini ho‘l qilgan ekan. Cho‘ntagidagi boyagi tangalarni olib, sinchiklab ko‘ra boshladi. To‘rtta pul. Simobiy bir jufti besh rupiyalik: old tarafiga gullar orasiga “5” raqami, orqasiga esa Hindiston davlatining ramzi — uch boshli sher tasviri chekilgan, qalin, ikki qavatli, xiyla salmoqli tanga. O‘ngsiz zangor tusdagi ikkitasi katta, lekin yupqa va yengil, oldi tomonida yetti burchakli shakl va shakl o‘rtasida “1” raqami, uning ikkala yonida sholiningmi, bug‘doyningmi boshoq naqshi, ortida esa yana o‘sha — uch boshli sher. Chaqalarning unisida ham, bunisida ham hindi va ingliz tillarida “Hindiston” va “rupiya” so‘zlari, tanga zarb etilgan sanalar bitilgan. Avvalgi bir jufti — o‘n rupiya peshona teri, kira haqi, xo‘sh, keyingi ikkitasi — ikki rupiy-chi? Boshini ko‘tardi. Quyosh botib, qizil shafaqning parcha-parcha shu’lalari osmonning janub yoqlaridagi laxtak-luxtak ko‘kimtir bulutlarda akslanar, kun chiqishdan bosib kelayotgan qorong‘ilik o‘sha shu’lalarni ham o‘z domiga tortib, olam tusini tobora xiralashtirib borardi.
Yana kaftidagi “boylik”larga tikildi. Ular eskirgan, qo‘ldan qo‘lga o‘taverib siyqalanib ketgan metallar edi. Nahotki, hamma narsa — hayot ham, orzu umidlaru muhabbat, hatto oddiy munosabat ham shu chaqalarga bog‘liq bo‘lsa?.. Xo‘sh, chaqalar Nadimga nima berdi? To‘g‘ri, kundalik yemish, qora chiroqqa moy, arzon-garov ko‘ylak, shippak berdi. Xo‘sh, yana nima? Shuncha yil ishlab, arava sudrab, loaqal bitta velosiped-riksha yo skutorga ham yetisholmadi... Ammo bugungisi hammasidan ham oshib tushdi. Bundan ortiq sharmandalik, bundan ortiq tahqir bo‘ladimi...
Nega u har kungi, kelishilgan haqni beravermadi? Ikkita chaqani qanday xayolda, nima maqsadda qo‘shib qo‘ydiykin? O‘zini saxovatliroq, olijanobroq ko‘rsatish niyatidami yo avvalgi kuni arzimagan bahoni savdolashganini o‘ylab, unda oriyat hissi g‘alayon qildimi, o‘sha ziqnaligini xaspo‘shlamoqchi bo‘ldimikin? O‘ unga silai rahm qilgisi kelib ketdimikin? O‘, yo... sening muhabbating men uchun ikki pul, deganimikin bu?.. Qariyb chorak asr qalbi to‘rida pinhon asrab-avaylab, yillar quyuni, qashshoqlik, qiyinchilik to‘fonlarida gard yuqtirmay, shikast yetkazmay ardoqlab olib yurgan ishqining javobi shumi? Nahot bu uzoq yillik beozor, bee’tibor, beqimmat oshuftaligining badali bo‘lsa?.. Qani endi, taqdir uni o‘sha bepisand, havoliq nozanin bilan qayta uchrashtirmagan bo‘lsayu, o‘smirlikdagi beg‘araz, musaffo sevgi nash’asi, zavqi-sururi, totli armoni va U haqdagi o‘sha, dastlabki beg‘ubor tasavvuri bilan o‘lib ketsa... mingdan-ming rozi edi!..
U cho‘zib bir “oh” tortib o‘rnidan turdi-da, tangalarni qulochkashlab pastga — qorayib, katta o‘pqonga o‘xshab yotgan jarlikka uloqtirdi. Keyin yo‘lning o‘rtasiga chiqdi-da, boshini xam qilganicha kun botishga qarab asta-sekin yurib ketdi...
Saboq xonim har kuni ishdan chiqarkan, Bank yaqinidagi bekatga kelar, kishi bilmas kimnidir qidirar, xizmatga shay turgan rikshachilarning hech biriga rayish bildirmas, fursat o‘tib kutgani, qidirgani kelavermagach, to‘g‘ri kelgan rikshaga unsizgina chiqib o‘tirardi-da, uyiga jo‘nardi. Va shunda ham umidvor ko‘zlari chor-atrofga nigoron bo‘lib borardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.