OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Soy sohili (hikoya)

Er-xotin oradan yigirma yetti yil o‘tgach yana “Xinali qor”ga keldi va yana birinchi qavatdagi mo‘‘­jazgina xonaga joylashdi.
– Avval kelganimizda bu dargohning binosi ham, jihozlari ham ancha g‘arib edi, – dedi ayol. – Qarang, endi qanday yaraqlab, yashnab ketibdi. Tanish qiyin.
– G‘aribligini men unchalik sezmagan ekanman.
– Unda yosh edik-da, dadasi.
– Endi-chi, qarib qoldikmi?
– Har holda... Men yigirmada, siz yigirma beshda edingiz...
Ayol siniqqina kuldi. Avval karavotining oyoq tomoniga suyab qo‘yilgan bir juft qo‘ltiqtayoqqa, so‘ng ostonada turgan aravachaga ma’yus nigoh tashladi. Er xotinining ko‘nglidan o‘tgan o‘kinchni sezdi – u paytlar mana bu dahmazalarga kunim qolmagan edi.
Er avval kelganlarida esida qol­­ganlarini xotiniga to‘lib-toshib, qo‘shib-chatib, odat­dagidek hazil-huzullardan aralashtirib aytgisi kel­di, lekin aytolmadi. Endi hech qachon ayta olmasli­gini anglab, labini tishladi. Aytsa, shikas­ta ayolning majruh ko‘ng­liga beadad ozor yetadi. Uni pichoqsiz so‘ygan bo‘ladi. Mayib odamga to‘rt muchasi sog‘ligidagi totli damlarini eslatishdan og‘irroq azob bormi! Biroq aytsa aytgulik xotiralari kam emasdi. Ayniqsa, qo‘sh­ni xonada turgan ellik yoshlardagi chuvakkina, ko‘­sanamo odamning Yo‘ldoshni bir chetga chaqirib:
“Uka, sizda insof bormi o‘zi? – deb so‘ragani. – Na kechasi uyqu berasiz, na kunduzi? Kasalmisiz nima balo? Bu ezg‘ilashda bechora qizni o‘ldirib qo‘ya­siz-ku?..” Yo‘ldosh yelkasini uchirgan: “Sizga nima qay­g‘usi qoldi, amaki?” Lekin “g‘amxo‘r” qo‘shnining niyati buzuqroq ekan, savolining javobini ham kutmasdan muddaoga o‘tgan-qo‘ygan: “Jononingizning birorta dugonasi yo‘qmikan, uka?.. Qancha desa berardim?..” Aftidan, Mahfuzani Yo‘ldoshning jazmani deb o‘ylagan ekan. “Dugonasi-ku, yo‘q, – deb qattiq g‘ijingan yigit, – lekin to‘qsonga kirgan momosi bor. Chaqiraymi? Tanishasizmi?..”
Ayolning qo‘ltiqtayoqqa suyanib, aravachaga mixlanib qolganiga uch yildan oshdi. Uch yil burun, qishda, ertalab ishga ketayotganida ne bir falokat bosib, uni mashina urib ketdi.
“O‘zingni mashinaning tagiga tashlar ekansan, – deb hazillashgan edi o‘shanda oyog‘ini qo‘liga olib shifoxonaga yetib borgan eri, – kelib-kelib “Zaporojets”ni tan­laysanmi, qaddingdan! Kasofat haydovchisi ham to‘qsonga borib qolgan nogiron bir chol ekan. Durustroq mashina, boyvachcharoq odam topolmadingmi?”
“Nima qilay, topganim shu bo‘ldi!..”
Erning odati shu – hazillashayotganini ham, masxara qilayotganini ham dabdurustdan bilish qiyin. Bir nima desang, javobi tayyor: “To‘rt kunlikkina umrimizni sud majlisiga aylantirib, bu hayotdan bir-birimizga xo‘mrayib o‘tamizmi, qaddingdan?”
Bu kabi hazil-huzul gaplar o‘z yo‘liga-yu, lekin ayolning ko‘ngli ham, qaddi ham yarimta bo‘lib qoldi – beli sinib, orqa miyasi qattiq lat yegan ekan.
“Shukr qilaylik! – deb chaynaladi endi Yo‘ldosh xotini injiqlik qilsa. – Kasalini bergan, shifosini ham berar...”
U bundan jo‘yaliroq gap topolmaydi. Topolmagani uchun gapni mudom boshqa yoqqa buradi.
“Men-ku mayli, siz juda qiynalib ketdingiz, dadasi, – deydi ayol. – Mengina sho‘rlik sizning kuningizga ham, tuningizga ham yaramasa-am!..”
“Ey Xudoyim! – deb tavallo qiladi er ichida. – O‘zing taskin-tasalli ber! O‘zing sabr-qanoat ber!..”
Ayolga erining xayoli buzilgandek tuyulaveradi. Ilgari “qaddingdan” degan erkalash tilidan tushmas va bu xotiniga behad yoqar edi. “Qaddi-qomatingdan o‘zim o‘rgilay” degani-da. Endi “onasi”ga o‘tib olgan. Yarimjon xotinini ayaganidan shunday desa-ku mayli, lekin Mahfuza erining boshqa ayolga ko‘ngli sust ketganidan xavfsiraydi. Eri ba’zan ishdan kech keladi. Ba’zan shirakayf bo‘ladi. Bunday kezlarda xotiniga mehribonligi yanada oshib, iyib ketadi.
Ayol chidab turolmaydi:
“Kayfingiz taroq-ku! – deydi ovozi titrab. – Kimlar bilan shakarguftorlik qildingiz?”
Er nega ushlanib qolganini aytadi: “Boshqarmada majlisda edim”, “Chorak yakunlari bo‘yicha hisobot topshirdik...” Lekin ayol ishonmaydi – qo‘rqqanning ko‘ziga doim qo‘sha ko‘rinadi...
“Kimlar bilan shakarguftorlik qilardim? – Gapni hazilga buradi u. – Jononkalar bilan-da. Hammasi senga salom aytdi!..”
Yo‘ldosh qarasa, so‘nggi paytda kollejdagi bozori o‘tib qolgan muallima qizlar, boshi ochiq ayollarning salom-aligi ancha quyuqlashgan: “Yangamiz tuzukmilar? Oyoqqa turib ketdilarmi?..” Oyoqqa turib ketolmasligini juda yaxshi biladi. Bilgani uchun ham nimadandir umidvordek astoydil so‘raydi. So‘rar ekan, go‘yo “ahvoli og‘ir”, “umid yo‘q” degan javoblarni kutgandek bo‘ladi. Nigohini bosh hisobchining o‘ychan ko‘zlariga g‘amza bilan tikadi: “Dardingiz bo‘lsa, ayting, akajon, o‘zim darmon bo‘laman!..”
“Rahmat! – deydi ichida Yo‘ldosh. – Hozircha “Tez yordam”ga ehtiyojimiz yo‘q!”
Ayol erini zimdan kuzatadi. Sezdirmasdan uning yon telefonini titkilab ko‘radi, ko‘ylaklarini hid­laydi, kostyumidan begona soch tolalarini qidi­radi. Qidirar ekan, albatta yig‘laydi. Er buni sezib sezmaslikka, bilib bilmaslikka oladi. Eziladi.
Ayol bir kuni erining oldiga bir enlikkina yelimxaltacha tashladi:
“Buning ichidagi nima? – dedi titrab-qaqshab. – Sochmi?”
“Ha, soch”, – sirli qarash qildi er va nigohini yerga qadab, biroz sukut saqlab turdi. Xotinining rosmana jahli chiqishini kutdi. Jahli chiqqanida Mahfuza yanada chiroyli bo‘lib ketadi.
“Kimning sochi ekanki, yoningizda tumorday olib yuribsiz?” – ovozini balandlatdi ayol betoqat bo‘lib.
 Er sezdi: ayolining butun vujudi quloqqa aylanib, nafas olishi ham to‘xtab qolgandek bo‘ldi.
“Kimniki bo‘lardi, seniki-da, – dedi Yo‘ldosh oso­yishta ohangda. – Tanimadingmi? O‘tgan yili Germaniyaga borganimda yonimga solib ketgan edim. Shundan beri...”
Ayolning oyoqdan qolganini hamma – qarindosh-urug‘, tanish-bilish, nashriyotda birga ishlaydigan ham­­­kasblari birin-ketin unuta boshladi, bayramlaru ha­yit kunlarini hisobga olmaganda, hol-ahvol so‘rab keladiganlarning qadami sekin-asta siyraklashib bordi, so‘ng butunlay uzildi hisob. Omon bo‘lishsin, farzandlar ham o‘zidan ortmas ekan. Mahfuza yozmishiga – yolg‘izlikka ko‘nikdi. Qamoqxona tuynugidan osmonga noumid termulgan mahbusday oltinchi qavatdagi uyning derazasidan gavjum ko‘chada emin-erkin yelib-yugurib yurgan odamlarga uzun kun qarab o‘tiradi. Far­qi – derazaning panjarasi yo‘q.
So‘ng deraza oldiga ham kelmaydigan bo‘ldi.
Yo‘ldosh bir kuni qarasa, xotini deraza rafiga tirsaklarini qo‘yganicha pastga engashib turibdi. Ichkariga yopirilib kirayotgan yoqimsiz shamol pardalarni beayov tortqilaydi, to‘qqiz qavatli uyning tomigacha bostirib kelgan qora bulut yurakni ezadi. Nafas olish qiyin.
“Tinchlikmi?” dedi er ko‘ngliga xavotir oralab.
“Ilgari e’tibor bermagan ekanman, – dedi ayol hazin. – Oltinchi qavat ham anchagina baland bo‘lar ekan. Deraza rafiga chiqsang-da, tashqariga qarab bir talpinsang... Bor-yo‘g‘i bir marta... Hamma muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi-qo‘yadi. Azoblar tugaydi!..”
Har qancha gapdon, har qancha dadil bo‘lmasin, er­ning tiliga kalima kelmay qoldi. Mehr to‘la ko‘z­la­rida yosh g‘iltilladi.
“Keyin men nima qilaman? – dedi derazani yopar ekan ovozi titrab. – Meni ham o‘ylaysanmi, sen xotin!..”
“Sizni o‘ylaganim uchun aytayapman-da!..”
“Bu gaplarni qo‘y! – dedi er. – Xudoning qahrini kel­tirma!..”
Ayol sekin aravachasiga cho‘kdi.
“Shuncha yil birga yashab, seni biror joylarga dam olishga ham olib bormabman”, – dedi Yo‘ldosh aybdor ohangda.
“Olib borgansiz, – dedi ayol o‘ychan. – “Xinali qor”ga borgan edik... Esingizdami? Tog‘dagi dam olish uyi. Hozir sanatoriy bo‘lgan deyishadi.”
“Ha-a, esimda. “Asal oyi” edi”.
“Yana “asal oyi” deysizmi? – ayolning ovozidagi mahzunlik o‘rnini tetiklik egallayotgani sezildi. – O‘zbekchada “chilla” bo‘ladi, degandim-ku...”
“Xo‘p, ana sen aytgancha – chilla bo‘la qolsin! Ham yozning chillasi, ham kelin-kuyovning chillasi edi! To‘g‘­rimi?..”
“To‘g‘ri! O‘shanda siz meni soydan ko‘tarib o‘tol­magan edingiz...”
Er labini tishladi: “Soydan ko‘tarib o‘tolmagan edimmi?..”
Shu gapdan keyin – oradan bir hafta o‘tgach u “Xinali qor”ga ikkita yo‘llanma ko‘tarib keldi.

* * *
Mana, sanatoriyga kelganlariga ham uch kun bo‘ldi. Er ayolini aravachaga o‘tqizib muolaja xonalariga, oshxonaga olib boradi, oqshomlari sayrga olib chiqadi. Ko‘zi tushgan borki, ularning yonidan beparvo o‘tolmaydi – birov achinish, birov hayrat bilan kuzatadi, yana kimningdir nigohida havas jilvalanadi. Odamzot qiziq, ba’zan nogironga ham havas qiladi.
 Bugun tushlik mahali er-xotin oshxonaga kirib borganida tanovvulga o‘tirganlarning hammasi, qa­riyb ikki yuz kishi, yana ularga – aravachada o‘tirgan qirmizi ko‘ylakli ayol bilan saxtu sumbati kelishgan basavlat erkakka baravar burilib qaradi.
“Bu ukamiz zavjingizmi, singlim?” – deb so‘radi ikkala qulog‘iga ham rayhon qistirib, qosh-ko‘zlariga qalin o‘sma surib olgan oltmish yoshlardagi ayol ular dasturxonga o‘tirganida.
Mahfuza savol nazari bilan eriga qaradi. U “zavjingiz”ni tushunmagan edi.
“Husband”, – dedi Yo‘ldosh.
“Ha-a, – javob qildi Mahfuza, – erim”.
“Xudoga shukr qiling, singlim, – dedi “Bibi Ray­hon” (Yo‘ldosh unga darhol shunday nom qo‘ydi). – Beadad shukr qiling, baxtingiz bor ekan... Ochig‘ini aytaymi? Maning shunday mehribon, shunday sadoqatli erim bo‘lganida umrimni aravachada o‘tkazishga ham rozi edim, dardingizni olay!..”
Mahfuza yana, bu gal minnatdor bo‘lib eriga qa­radi. Eri esa yana o‘z bilganidan qolmadi. Qolsa haqi ketadigandek, gap qildi. Qo‘ying, xola, unaqa demang, biz bir ko‘rkam yigit bo‘lsak, ko‘ngli sust ketgan xonimlarning hammasini “Zaporojets” turtib ketaversa, bu muzofotda sog‘ ayol qolmaydi. Innankeyin bunday mashinalar noyob matoh sifatida tarix muzeylaridan joy olganiga chorak asrdan oshgan bo‘lsa, shuncha “Zaporojets”ni qaerdan topamiz?
Bibi Rayhon ham bo‘sh kelmadi:
“Boshqa xil mashina turtib ketgani hisobga kirmaydimi, dardingizni olay?”
“Yo‘q, kirmaydi. Innankeyin haydovchisi ham kamida to‘qsonni urib qo‘ygan frontovik chol bo‘lishi kerak!”
“Gapga juda usta ekansiz, dardingizni olay? Artest-partestmisiz?”
“Qayoqda! Artist emasman, lekin ozgina muddat partiest bo‘lganman. Komfirqa davrida”.

* * *
Oromkursida o‘tirgan er shaxd bilan turdi:
– Ketdik! Soy bo‘yiga boramiz:
Soy sohili – so‘lim-so‘lim,
Soy bo‘yiga tushsa yo‘lim,
Sevganimning visolini
So‘lim soydan so‘rar ko‘nglim…
– Bir zamonlar shunday bir qo‘shiq bo‘lardi. Esing­dami?
– Esimda... Cho‘tga mehr qo‘ymaganingizda, sizdan zo‘r hofiz chiqardi, – dedi karavotda oyog‘ini mitti gulli oq choyshabga o‘rab o‘tirgan ayol katta-katta ko‘zlari quvonchdan chaqnab. – Soy bo‘yiga boraylik, deyishga tortinib turgan edim... Ko‘nglim bo‘p keting-ey!..
U qo‘ltiqtayoqqa qo‘l cho‘zdi.
– Shoshma!
Er aravachani xotinining karavoti yoniga surib keldi va o‘ng qo‘ltig‘idan olib, aravachaga o‘tqizdi. Ayolning oyoqlarini aravachaning yassi uzangisiga ildirgach, paypoqlarini almashtirdi, tagi yupqa va tekis oq tuflisini kiydirdi.
Ilgari bu oyoqlar… Endi manikenning plastmassa oyog‘ini eslatadi – sarg‘imtir, sovuq, so‘li qochib, terilari quriy boshlagan. Shu qusurni yashirish uchun Mahfuza bechora yozning chillasida ham yo lozim, yo uzun paypoq kiyishga majbur...
– Hammayoq jimjit, – dedi ayol hovliga chiqqan­larida. – Havoning issiqligini qarang.
– Ahli oromgoh orom og‘ushida. “Tixiy chas”!..
Ikki cheti qalamdek tekis asfalt yo‘lka bo‘yidagi archalarning oftob tomoni oq bo‘zga o‘ralib, tagiga halqob qilib suv quyilgan. Atrofi chimzor-stadionni eslatadi. Birorta sarg‘aygan, toptalgan giyoh yo‘q. Hammayoq ko‘m-ko‘k. O‘ngirlari oromgoh hovlisiga tutashib ketgan baland tog‘ cho‘qqilaridagi qorga qo‘ngan chang-g‘ubor uzoqdan xinaga o‘xshab ko‘rinadi.
Aravachaning g‘ildiraklari keksa chinor tomon burildi.
– Soyning shovullashini qarang!.. – dedi ayol yuziga urilgan salqin epkindan yayrab.
Soy yigirma yetti yil, balki yigirma yetti ming yil avval qanday oqqan bo‘lsa, shunday shovullab oqib yotar edi.
– Yodingizdami, Yo‘ldosh aka?.. – deb so‘radi ayol.
– Nima yodimdami?
– Avval kelganimizda siz meni shu chinorning tagida opichlab olib, soydan ko‘tarib o‘tmoqchi bo‘lgan edingiz!..
“Yo‘q, ko‘tarib o‘tolmagan edingiz!..”
Erning tomog‘iga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Ha, yonida yaqindagina visoliga yetgan tengsiz bir so­hib­jamolni ko‘rib, yigitning kishti kelgan, zavqiyu g‘ay­rati jo‘shgan edi o‘shanda.
“Suv juda sovuq! – deb tipirchilagan edi kelinchak. – Shamollab qolasiz. Iltimos, qo‘yvoring, Yo‘ldosh aka! Og‘rimagan boshingizga bir dard orttirmang! Iltimos, jonim!..”
Bu gapni eshitib, yigit bo‘shashgan va shashtidan tushgan edi. Tushgani uchun so‘ng ko‘p afsus chekdi. Garchi tipirchilab, qattiq qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, kelinchak o‘shanda kuyovi soydan ko‘tarib o‘tishini juda-juda istagani har gal shu voqea eslanganida uning gap-so‘zlaridan sezilib turadi: “Yodingizdami, siz meni soydan ko‘tarib o‘tmoqchi bo‘lgan edingiz?..” Bu savol erning qulog‘iga: “Yodingizdami, siz meni soydan ko‘tarib o‘tolmagan edingiz?” bo‘lib eshitiladi.
U paytlar ikkisi ham yosh, har qanday erkalik, sho‘xlik ko‘ngliga ham, haddiga ham sig‘adigan paytlari edi. Mana endi biri yarimjon, ikkinchisi, qad-qomati avvalgidek tik va sog‘lom bo‘lsa-da, siyrak sochlariyu yo‘g‘on qoshlariga allaqachon qirov qo‘ngan, ajin tusha boshlagan yuzlari o‘ychan bir qiyofada yana o‘sha sohilda, o‘sha chinor tagida turibdi.
– Yodimda, albatta!
Er aravacha g‘ildiraklarini tormozlab, oyog‘idagi charm chorig‘ini yechdi va kulrang shalvorining lippasini sonigacha shimardi. Mayda tosh aralash qum oyog‘ini mo‘rchadagi tomchiday qattiq kuydirdi.
– O‘shanda anavi teraklar ingichkagina qalamcha edi, – dedi ayol atrofni suqlanib kuzatar ekan. – Qarang, ko‘p qavatli uydan ham baland bo‘p ketibdi. Lekin ancha siyraklashib qopti.
Er ayolni belidan ushlab, aravadan ozod ko‘tarib oldi:
– Yo, Rabbi-im!..
– Voy, o‘lmasam! Voy-voy!.. Nima qilyapsiz? Qo‘­ying, qo‘yib yuboring! – Tipirchilashga tushdi ayol. – Ko‘r­ganlar nima deydi, axir!.. Sharmanda bo‘lamiz!..
– Jim bo‘l!..
Ayol beixtiyor erining bo‘yniga osildi. Bo‘yniga chirmashgan oppoq bilaklarning taftiyu farang atirining bo‘yidan erning vujudiga ajib bir sarxushlik indi. Ayol zotining qaynoq og‘ushini sog‘inganini sezdi. Yetmish ikki tomiri bo‘shashib ketgandek bo‘ldi.
– Dori ichaverib, do‘xtirda yotaverib, zil-zambil bo‘lib ketganman, dadasi! – dedi ayol aybsinib. – Jonim, shu ishni qo‘ya qoling! Iltimo-os!..
– Jim bo‘l, dedim senga! – endi cho‘rt kesdi er. Ovozi shu darajada keskin chiqdiki, ayolga eri jerkiyotganday tuyildi.
Er oyog‘i bilan toshlarni sekin-asta paypaslab suvga tushdi. Qaynoq qumga ko‘nika boshlagan oyoqlari muzday suvda uvishib qolganday bo‘ldi. Etlari jimirlab ketdi.
To‘lqin suv o‘tlarini qizlarning mayin sochlaridek tortqilab o‘ynaydi.
“Ey Xudoyim, o‘zing sharmanda qilma! – deb yolvordi er ichida. – O‘zing qo‘lla!..”
Yo‘ldosh o‘zicha chamai cho‘t qilgan ediki, soyning eni o‘n besh-o‘n olti metrcha keladi. Xotini ko‘pi bilan, ellik kilo. Bir qop un. Nima, bir qop unni o‘n besh metr­ga ko‘tarib borish shunchalik qiyinmi? To‘g‘ri, soy tubi notekis – balchiq yopishgan toshloq. Oyoq bexosdan toyib ketishi mumkin. Chag‘ir ham kam emas. Toshdan ko‘ra, oyoqni tilsa ham chag‘ir yaxshi. Lekin oyog‘ingni balandroq ko‘tarolmaysan, qadamingni kengroq tashlayolmaysan – shunisi yomon. Do‘ppiday toshni ham toshbaqaday aylanib o‘tish kerak. Mabodo munkib yoki chayqalib ketsang, tamom: gavdangni ushlab qolishing gumon.
Tizzasidan ham yuqorigacha ko‘tarilgan suv Yo‘l­doshning boldiriga ninaday sanchilib, sovug‘i tos tepasigacha chiqdi. Saratonda ham shuncha sovuq bo‘ladimi, bu jonivor? Tog‘dan erib tushayotgan bo‘lsa kerak. Oqimning shitobi baland.
– Ehtiyot bo‘ling, jonim! Sirpanib ketmang!
– Qo‘rqma, kadrlar joy-joyiga qo‘yilgan!
Yo‘ldosh yengi kalta havo rang ko‘ylagining etaklarini xotinining taqimi ostidan o‘tkazib, chap qo‘liga o‘rab oldi. O‘ng qo‘li bilan belidan quchdi.
 Har kuni necha marta ko‘tarib, necha marta suyab aravachaga o‘tqizib – tushirib yurgan bo‘lsa-da, sezmagan, sezsa ham mo‘ljalni kamroq olgan ekanmi, xotini, rostdan og‘irgina ekan. Ikki metr ham yurmasidan erning qo‘llari tolib, ko‘ylagining yoqalari bo‘yinga solingan arg‘amchiday butun gavdasini pastga torta boshladi. Ko‘tarib olgani bo‘ychan bo‘lsa-da, nozikkina ayol emas, go‘yo yarim tonnalik tosh, bo‘yniyu belida qattiq og‘riq turdi. Soyning o‘rtasiga yetishiga hali uch metrcha bor. Sudrab tashlagan qadami yarim qarichdan oshmaydigan odamning yo‘li unmaydi. Yo‘ldosh qarasa, xotinining paypoqlari allaqachon ho‘l bo‘lib, to‘pig‘igacha suvga botgan. Buni Mahfuzaning o‘zi hali ko‘rgani, sezgani yo‘q, chog‘i.
Er to‘xtab, tobora cho‘kib, bukilib borayotgan qad­dini rostlash uchun qattiq silkindi va xotinini ba­landroq ko‘tarib oldi.
– Voy! Nima bo‘ldi? Oyog‘ingizga biror narsa kirdimi?..
– Yo‘q... hammasi joyida... –Tetik ovozda javob qildi er. – Suzishni bilasan-a?..
– Voy o‘lmasam! Shunday ham hazil bo‘ladimi-a!.. Qo‘rqitmang!
Mahfuza jiqqa terga botib, yuzlari bo‘g‘riqib ketgan eri holdan toya boshlaganini sezdi.
– Orqaga qayta qolaylik, dadasi! O‘zingizni qiy­namang, iltimos!
– Aslo! – dedi er hansirab. – “Yigitlik qal’asin bermasman bejang!” Bilasanmi, kimning she’ri?
– Yo‘q. Kimniki?
– Bilsam so‘rarmidim?..
Munkib ketmaslik, yiqilmaslik kerak. Yiqilsa, ikkalasini ham suv oqizib ketadi va toshdan toshga urilib, kimning bo‘yni avval sinib, kimning boshi keyin yorilishini yolg‘iz Xudo biladi.
– Voy! Tuflim... “Baletka” tuflimning bir poyi yo‘q-ku... Tushib qopti!..
Tushib qolmagan, suv oqizib ketgan! Uh! Sharmanda bo‘lding, Yo‘ldosh! O‘lding, Yo‘ldosh! Senga bu tirtang­lashni, bu bodilikni kim qo‘ygan edi. Holingni bilibgina o‘tirsang o‘larmiding!..
– Sadqai sar! – dedi er og‘zidan olovdek chiqib kelayotgan hansirashini bosishga harakat qilar ekan. –Qo‘yaver, o‘zi ancha eskirib qolgandi... Yangisini olamiz.
U butunlay holdan toyib, oyoqlari, qo‘llari go‘yo jonsiz tayoqqa aylanib borayotganini sezdi. To‘xtadi. Orqaga qaytib bo‘lmaydi – uzoq. Oldinda yana shuncha masofa bor. Savil, toshning ko‘pligini! U yana silkindi va xotinini durustroq ko‘targan bo‘ldi. Lekin urinishi behuda ketdi – ayolning oyoqlarini suvdan chiqara olmadi. Aksincha, silkinish asnosida xotini yanada pastroqqa, erining tizzasigacha tushganday bo‘ldi. En­di, ishqilib, xotinning beliga suv tegmasin! Beliga suv tegsa, shamollab qoladi.
– Biror odamni yordamga chaqiraylik, dadasi, – dedi ayol tahlika bilan. – Ana, narigi qirg‘oqda bir amaki biz tomonga qarab turibdi. Qo‘lim bilan imlaymi?..
– Jim bo‘l!
Xotinining ko‘ngli buzilib turgan ekan, yig‘lab yubordi:
– Tag‘in bu kunimiz ham ko‘p bo‘p qolmasin, deyman-da, dadasi...
– Sandirama deyapman senga!..
Yo‘ldosh suv bo‘lib ketgan boshini arang ko‘tarib, yon-veriga qaranib oldi va ellik qadamcha narida yalang‘och to‘riq otini sug‘orib turgan oq ko‘ylakli baqaloq bir odamni ko‘rdi. Ot egasi kaftini peshonasiga soyabon qilgancha ular tomonga ajabsinib qarab turardi. Yo‘ldosh bu odam sharqiragan soydan kechib o‘tayotgan erkak bilan ayolning muddaosini bilolmay hayron bo‘layotganini taxmin qildi. Erkakning ko‘zi ojizga o‘xshamaydi, chinorning tagida aravachasi turibdi. Tani-joni sog‘ desang, yigirma qadam naridagi ko‘prik qolib, mayib xotinni ko‘tarib kim suvga kiradi? Yo biror falokat bosdimikan? Yov quvmayotgandir axir! Yo er bo‘lmish birortasi bilan garov o‘ynadimikan? Aqli joyida odam ayol kishini, buning ustiga majruh xotinni o‘rtaga qo‘yib garov o‘ynamaydi. O‘zidan xabari yo‘q shaharlik biror hovliqma bo‘lsa kerak. Ha, borib turgan hovliqma, hunar ko‘rsatmoqchi! Bo‘lmasa, oftob olov purkab turgan shu mahalda bu yerda iti adashmagandir.
– Bu yerlarga meni soydan ko‘tarib o‘taman, deb olib kelgan ekansiz-da, dadasi, – dedi ayol hiqillab. – Eski gaplarni esingizga solguncha tilginam kesilsa bo‘lmasmidi? Sanatoriyasiga kelmaylar ketay! Endi nima qilamiz-a?.. Anavi amakini chaqirayli-ik!
– Chaqirmaymiz! – dedi er qat’iy va xayolidan o‘tkazdiki, chaqirganimda nima deyman? Aka, xotinimni ko‘tarolmay qoldim, iltimos, kelib, ko‘tarishib yuboring, deymanmi? Otboqar kelib Mahfuzaning bellaridan quchib, oyoqlaridan opichlab, sohilga chiqarib qo‘yadimi?.. Undan ko‘ra yerga kirib, ustimga tuproq torganim durust emasmi!..
– Seni o‘zim, faqat o‘zim ko‘tarib o‘taman, Mahfuz! – dedi Yo‘ldosh ehtiros bilan. – Bilib qo‘y, seni birovlarga xor-zor qilib qo‘ymayma-an, Mahfuz!.. Men seni qo‘lim nima, boshimda ko‘tarib o‘taman, Mahfuz!..
– Qiynalib ketdingiz, dadasi!..
Er xotinining gapini shartta kesdi:
– Qo‘rqma, o‘lmayman!.. Mening jonim qattiq!..
U chap tovoni qattiq achishganini sezdi. Savilgina qolgir, shu yetmay turuvdi! U endi e’tibor berdi: tinimsiz chirillayotgan chigirtkalarning tovushi quloqni teshib yuboray deydi. Qaerdadir qo‘zichoqning nochorgina ma’ragani eshitiladi.
– Ozgina qoldi! – dedi ayol.
– Ozgina qoldi! – deb pichirladi er. – Ozgina, Mahfuz!..
Erning oyoqlari, qo‘llari go‘yo paxtaga aylanib, o‘ziga bo‘ysunmay qoldi. Tizzalari tinimsiz titray boshladi.
– Faqat chayqalib ketmasligim kerak, – deb pichirladi u o‘ziga o‘zi gapirgandek. – Yana ozgina chidashim kerak!
U oldinga qaradi-yu, lekin hech narsani ko‘rmadi. Go‘yo ko‘z oldini qalin oq parda, tuman qoplab olganday. Saratonda tuman nima qiladi? Yo‘q, bu tuman emas, shafaq. Ko‘zini shafaq bosdi.
Qaerdandir, uzoqdan elas-elas ovoz keldi:
– Bir qadamgina qoldi, jonim! Bir qadamgina-a!..
– Yiqilsam ham oldinga yiqilishim kerak, – deb hansiradi Yo‘ldosh.
– Yo‘q, siz yiqilmaysiz, dadasi! Siz polvonsiz-ku! O‘zimning polvonimsiz-ku! O‘zimning mehribonimsiz-ku! O‘zimning yurakkinamsiz-ku!..
Yo‘ldoshning bo‘ynidagi va belidagi chidab bo‘l­maydigan og‘riq yanada kuchaydi. Quloqlari chippa bitib qoldi.
– Ehtiyot bo‘ling, dadasi, oldingizda xarsang bor! – dedi ayol. – Salgina chapga, chapga yuring!..
Yo‘ldosh ko‘zlarini ochishga madori yetmayotganini sezdi.
– Chapga, sal chapga oling, dadasi...
Yo‘ldosh o‘ngu so‘lni anglaydigan holda emasdi. So‘nggi kuchini yig‘ib, mast odamdek gandiraklagancha ikki qadam qo‘ydi.
– Bo‘ldi, yetdik! – degan sas keldi uzoq-uzoqlardan.
“Yetdikmi?” deb pichirladi Yo‘ldosh.
– Yetdik! – ayol o‘kirib yig‘lab yubordi. – Sohilga yetdik, dadasi!..
Oldinga munkib ketgan er xotinining ustiga yiqilar ekan, tizzalari qaynoq qumga cho‘kkanini sezdi.
— Voy oyog‘im! — deb hayqirib yubordi ayol. — Tovonimgacha muzlab ketdi-ku!..

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 12-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.