OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Lochin (hikoya)

— Men lochinman! — dedi qarshimdagi stolda o‘tirgan ellik yoshlardagi oq sariqdan kelgan baqaloq odam. Kimga gapirayapti ekan, degan xayol bilan yon-verimga qaradim. Hali juda erta, devordagi soat millari endi o‘ndan oshgani uchunmi bejirimgina qahvaxonada ikkalamizdan boshqa hech zog‘ yo‘q. Demak, bu muhim yangilik, murojaat menga qaratilgan. Kimdir ne bir umid bilan o‘zini tanishtirsa-yu, sen lo‘njingni shishirib go‘sht chaynashdan to‘xtamasang, odobsizlik emasmi. Aynan o‘zginasi. Buyuk adib Murod Muhammad Do‘st meni shu alfozda ko‘rsa, balki quyidagicha ta’riflagan bo‘lar edi: u yuziga andak xurramlik surtib, mujmalroq yo‘sinda bosh irg‘adi: “Ha, albatta!”
 Lekin, kattakon stolga xirmondek uyib olgan turli xil ovqatu ichimlikni pishillagancha ichiga paydar-pay tiqayotgan bu dardi ko‘ndalang birdan tilga kirganidan ko‘nglimda hadik paydo bo‘ldi. Tumshug‘i nayzadan o‘tkir, changali po‘latdan baquvvat, shiddati o‘qdan tez lochindan ham ko‘ra ayiqqa, buning ustiga shimoliy qutib xo‘jayini — oq ayiqqa o‘xshab ketadigan suhbatdoshimning holi allaqachon “sarxushlik” deb atalmish hadu hududdan o‘tib bo‘lgan, tovoqdek yuzlari qizarib, katta-katta ko‘zlari suzilib, hatto chaqchayib qolgan edi.
 — Men lochinman! – deb takrorladi u yana. Bu gal ovozi ancha zardali, nazarimda, “g‘alchamisan, senga aytayapman!” degan ohangda chiqdi. «Menga desa Sulaymonning devi bo‘lmaysanmi?”- degim keldi. Lekin uning suzishga shaylangan buqadek boshini egib, ko‘zining usti bilan uqrayib turganini ko‘rgach, fikrimdan qaytdim. Qorong‘u ko‘chada bezorilar qurshovida qolgan notavondek yana beixtiyor atrofimga jovdiradim. Najot kutadigan hech kim yo‘q. Janjal chiqsa, qochib qutulmasam, urib qutulishim gumon. Qo‘llari cho‘qmorday keladigan bu “qush” bir urishda otning belini sindirishi mumkin. Ertalabdan kayfi taroq odam bilan g‘idi-bidi qilib o‘tirishga kimning tobi toqati bor.
 Dilimga parokandalik oraladi.
 — Juda noyob ism, — dedim va quruqshagan tomog‘imni namlash uchun ko‘k choydan xo‘pladim.
 — Lochin ism emas, — dedi baqaloq. – Fazilat! Bilasanmi, qushlarning eng aqllisi lochin bo‘ladi!
 — Ha, albatta.
 Bu yog‘iga gapni ilib ketdim. Qadimda kiborlar ovga chiqqanida nadimlari, ya’ni mulozimlari xo‘jasining yonida bejiz lochin olib yurmagan. Chunki dunyoda biror qush lochindek ovda yaxshi asqotmaydi. Epchil, sadoqatli, ko‘zlari o‘tkir... Bilishimcha, ikki chaqirim naridagi sichqonni ham ko‘radi...
 Savilgina qolgur lochinning sifatu fazilatlariga oid bisotimdagi bor ma’lumot shuni bilan tugadi.
 — O‘zing sichqonsan! – dedi lochinlikka da’vogar. – Bu noyob qushning eng noyob fazilati bilasanmi nimada?
 Na lochini, na nadimlariyu itlari bilan ovlarga chiqadigan kiborlik nasib etmagan ojiz banda bo‘lsam, qaerdan bilay.
 — Aqlida! – dedi suhbatdoshim.- Buni o‘z bolasini qanday tarbiyalashidan ham bilish mumkin. O‘rgan!..
 Vo hasrato, bola tarbiyasini endi tog‘u toshda mayda darrandayu parrandalarni qiyratib kun ko‘radigan yirtqich hayvondan o‘rganishim qolgan ekan.
 — Bilmas ekanman! – dedim suhbatdoshimning lutfidan boumid. – Vek jivi, vek uches!
— O‘zbekcha gapir. O‘zbekchasi nima bo‘ladi vek-pekingning?
— Beshikdan qabrgacha ilm o‘rgan.
— Molodets!
— Balli!.. Yash-shavoring!
Kulishdik. Ikkalamizning ham chiroyimiz ochildi. Subatdoshim ko‘zimga endi anchayin dilkash, ko‘ngli ochiq, chapani ko‘rina boshladi. Unchalik mastga ham o‘xshamasdi.
O‘rtadagi hadigu tortinish ko‘tarilganday bo‘ldi.
— Sensiraganim yoqmagan bo‘lsa, uzr! Bugun mening bayramim!
— Tabriklayman, aka!
— Farzandlar nechta?
— Uchtagina.
— Uchtagina? – Uning ajin tusha boshlagan yuzida “buncha ko‘p?” degan iste’hzoga o‘xshash bir ma’no paydo bo‘ldi. – Meniki bittagina. O‘g‘il. Bugun uchirma qildim!
 Suhbatdoshim pilikdek tekis qora qoshlarini mag‘rur va ma’noli uchirib, boshini irg‘ab qo‘ydi. Nazarimda, jahon chempioni yoki fan doktori unvonini qo‘lga kiritgan yigitlarning otalari boshini ana shunday faxr-iftihor bilan sarak-sarak qilsalar kerak.
— Lochin o‘z paloponini uyasida mehr bilan tarbiyalaydi, — dedi u. – Ovqat beradi, uchishga o‘rgatadi. Voyaga yetganidan keyin baland cho‘qqiga olib chiqadi-da, tashlab yuboradi. – U qo‘lining uchini qiya qilib yerga sermadi. — Bola uchishga, yashashga qodir bo‘lsa, qanot qoqib uchib ketadi.- Endi qo‘lining uchini ko‘kka o‘rlayotgan samolyot misol osmonga ko‘tardi. — Landovuru dangasa, nimjon bo‘lsa, tog‘u toshga urilib, abjag‘i chiqadi. Ota-onasi uni qutqarmaydi! Bildingizmi? Qutqarmaydi-i!
Men o‘ylanib qoldim.
— Aslida deyarli barcha mavjudod, jumladan, inson ham shunday qiladi, — dedim rasmiyroq ohangda. – Bolasini mehr bilan tarbiyalaydi. Farzand esa voyaga yetgach hayotdan, jamiyatdan o‘z o‘rnini topishga harakat qiladi...
— Hamma qilib bo‘pti! – gapimni keskin bo‘ldi lochinparvar. – Hammayam shunday qilmaydi-da! Bolasi uyli-joyli, farzandli bo‘lganida ham kurk tovuqday qanotining ostiga bosi-ib o‘tiradigan odamlar kammi?
 Men o‘zimni beixtiyor derazalaridan ko‘klam quyoshining shu’lasi g‘ira-shira tushib turgan nim qorong‘u qahvaxonada emas, farzand tarbiyasiga bag‘ishlangan qizg‘in bahs-munozara yozib olinayotgan telestudiyada o‘tirgandek his qildim.
— Bunday omiy ota-onalar farzandi tug‘ilishi bilan “o‘qitishim kerak, uyli-joyli qilishim kerak, durustroq ishga joylashim kerak” deb bir umr joni halak bo‘ladi... Vey, o‘zi kun ko‘rmay, bolasini po‘pilab o‘tib ketadi-ya!..
 Suhbatdoshimning ilhomi kela boshlagan aniq edi.
— Bunday “kurk tovuq”ning bolasi bir ishga yaraydimi? Yo‘q! Chunki biladiki, ota-onasi hamma narsani tayyorlab beradi. O‘qishga ham kiritadi, uylantirib ham qo‘yadi, uy-joyini ham mebelidan to idish-tovog‘igacha tayyorlab beradi, ishga ham joylaydi. Shunday ekan, bolasi boshini og‘ritib nima qiladi. G‘irt xudbin bo‘lib o‘sadi. “Qirqqa kirguncha otam boqadi, qirqdan keyin – bolam” degan gapni men to‘qimaganman, okasi! Ana shunday bezbetlarning ota-onasi ko‘zi to‘la yosh bilan aytgan!..
 Xayolimda bir savol to‘g‘ilib kelmoqda ediki, o‘zimni tiyib tura olmadim:
— Siz o‘z sho‘nqoringizni qanday tarbiyalayagansiz? Endi shundan oling?
 Sho‘nqorning otasi shu savolni kutgandek namoyishkorona bir qimtinib oldi va uzun qadahni yarimlatib turgan pivoni miriqib sipqorgach, ovozini bir paysa ko‘targancha javob qildi:
— Bu juda odmi gap, janob Vatson!..
— Buni qarang! Adabiyotni ham suv qilib ichib yuborganga o‘xshaysiz-ku! Olimmisiz deyman?
— Artur Kanon Doyilning kitoblarini o‘qish uchun olim bo‘lish shartmi?.. Oddiy quruvchi-muhandisning tishi o‘tmaydimi?..
— Qoyil!
— Bir gapni aytsam, maqtanayapti, demaysizmi?
 Men rizolik alomati bilan bosh irg‘ashga ulgurmadim. U qo‘lini siltadi: desang, deyver!
— Uka, men uylanmasimdan ancha oldin bolalarimga atab kitob yig‘a boshlaganman. Ancha oldin! O‘g‘limdan esa go‘dakligidan so‘rab turardim. “Xo‘sh, bolam, insonning eng katta dushmani nima?” “Televizil”. “Balli! Vaqtingni o‘g‘rilaydi!.. Insonning eng yaqin do‘sti nima?” “Kitop!..”
— Qiziq!
— Lochin falsafasini qulog‘iga quyib bordim: “Birovga suyanishga o‘rganma.” Men unga atab uy-joy ham qilganim yo‘q, pul ham yiqqanim yo‘q. Mana bugun chet elga uchib ketdi. Yolg‘iz o‘zi. Test deganlarini pistaday chaqib tashladi. London siti universitetida o‘qiydi endi.
— Tabriklayman! Chin dildan tabriklayman, aka!..
 U boshini bilinar-bilinmas irg‘adi va birdan homush tortib qoldi.
 — Xayrlashayotib aytdim: bolam, o‘zbekning O‘zbekistondan boshqa Vatani yo‘q. Bilasan-a? “Bilaman! – dedi o‘g‘lim. – Lochinning bolasi hech qachon o‘z uyini, uyasiyu qoyasini tashlab ketmaydi, dada!”
— Qoyil! Otasining o‘g‘li ekan!
— Ko‘z tegmasin! — dedi ota bejirim qadahchalarga oqidan quyar ekan. — Keling, endi bittadan olaylik.
 Mening ertalab, so‘pi tirsagini yuvmasidan ichish odatim yo‘q. Buning ustiga poliklinikada barmog‘imdan qon topshirib, bu yerga ham och ichakda kelgan, ham ro‘lda edim. Ko‘zimni chirt yumdim. Ko‘zining oqu qorasini begona yurtga jo‘natib, endi xavotirga tushib o‘tirgan ota bechoraning ra’yini qaytargim kelmadi. Inson qush emas-da!

«Kitob dunyosi» gazetasi, 2015 yil 12 avgust sonida chop etilgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.