OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Geri gedan (hikoya)

Ustoz! Ushbu xatimni o‘qib chiqqach kompyuteringizdan o‘chirib tashlang. Unga begonalarning ko‘zi tushib, faqat o‘zingizga ishonib aytayotgan sirimdan voqif bo‘lishlarini va ustimdan kulishlarini istamayman.
Juda xunuk, juda yomon ish qilib qo‘ydim. Bugun ikkinchi kuni, lekin hali-hamon eslasam, yuragim orqaga tortib ketayotir. Yo‘q, pushaymondan ham, qo‘rqqanimdan ham emas, andishadan! Balki, uchalasidan hamdir. Bu sitam, bu ko‘rgulik, bu isnod menga qaerdan, qanday yopishdi? Ko‘zga yaqin ayol bo‘lganim uchunmi? Erim — Nodirbek akam Yaponiyaga ketgach, yolg‘izlanib qolganim uchunmi? Bilmayman.
Garchi o‘sha kuni peshindan keyin ishxonadan chiqib ketayotib pollarni artib yurgan farrosh ayoldan, yo‘lakdagi qon qaerdan paydo bo‘lganini so‘raganimda, u oqizmay-tomizmay aytgan gaplardan ko‘nglim biroz taskin topgan bo‘lsa-da, haligacha ichimni it tirnab yotibdiki, oxiri yo‘q. Farrosh opa to‘lib turgan ekan, yozg‘irib ketdi: «anavu noskash yigit» zinapoyadan ikkinchi qavatga chiqqan joyida yiqilib tushibdi. Ertalabdan aroqqa to‘yib olib, ustidan tinimsiz nos chekkan odamning holi yana nima kechishi mumkin? Sip-silliq marmarning ustida ham eplab yurolmaydi bu yoshlar. Boshi aylanib, yiqilgan emish. Men sizga aytsam, faqat shu bola emas, galastuk taqib, o‘zicha po‘rim bo‘lib yuradigan duppa-durust boshqa erkaklar ham xonasida o‘tirib nos chekadi-da, chiqit solinadigan chelakka tuflaydi. Qarabsizki, kechgacha ham xona sasib ketadi, ham chelakka qarab bo‘lmay qoladi — tupukka to‘ladi. Bunisi ham mayli, nosini to‘g‘ri kelgan joyga — koridorga, gultuvakka, eshiklarning orqasiyu zinapoyalarga tuflab ketishini aytmaysizmi... Tozalaguncha ko‘ngillarim aynib ketadi... Nima? Ha, do‘xtir ko‘ribdi. O‘zimizning do‘xtir. Og‘zi-burniga paxta tiqib qo‘yibdi. Tishlari singan emish. Yuzlari do‘mbira bo‘lib ketibdi. O‘zim ko‘rdim. «Damas»ga solib, apil-tapil uyiga jo‘natib yuborishdi. Ortiqcha gap-so‘zdan qochishdi, chamasi. Ichib olgan ekan-ku!..
Men yetakchi mutaxassis bo‘lib ishlaydigan bankda, ayniqsa, bizning kredit bo‘limimizda oyning oxiri yaqinlashganida «it egasini, mushuk xo‘jasini tanimay qoladi». Odamlarga kredit berish oson, undirish azob. Ana shu azobni deb oyning oxirida hammani «to‘lg‘oq tutadi». Ba’zan shanba, yakshanba kunlari ham ishlaymiz. Qarzdorlarga birma-bir sim qoqib, kreditini so‘ndirishini iltimos qilamiz. Bu gal ham shunday bo‘ldi — mart oyining oxirgi shanbasi filialimizda ish kuni, deb e’lon qilindi. Men sahar mardonda ishga keldim. Mo‘ljalim jumada chala qolgan ishlarimni ertaroq tugatib, «yorug‘ yuz bilan» uyimga qaytish, yo‘l-yo‘lakay bozor-o‘char qilish edi. Uch oydan oshdi, erim Tokio universitetiga stajirovkaga ketganlaridan buyon, uy-ro‘zg‘or tashvishlari to‘la o‘zimga qolgan.
Soat o‘n ikkidan o‘tganda xonamga Mansur kirib keldi. Xushbichim, lekin yuz-ko‘zidan surbetligi va hudbinligi shundoq ko‘rinib turgan o‘ttiz besh yoshlardagi dimog‘i bo‘yidan baland yigit. Marketing bo‘limiga ishga kelganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Uni birinchi marta ko‘rganimda «devorga suv purkab, somonini oladiganlar xilidan ekan», deb o‘ylagan edim. Yanglishmagan ekanman.
Kalta olingan qora sochlari moy surtilganday yaltirab turgan bu po‘rimboyvachchani ko‘rib, ensam qotganini yashirmadim: «sen yetmay turuvding!»
— Bir iltimos bilan keluvdim? — dedi u.
Hayron bo‘lib o‘rnimdan turdim. Erkak kishi, buning ustiga yoshi katta odam, tik tursayu ayol qarshisida yalpayib o‘tirsa, g‘alati bo‘lar ekan.
— Iltimos?
— Ha. Iltimosim: endi iloji boricha, har kuni shu libosingizda yursangiz. Qizil koftangiz, bellari ingi-i-ichka, korsoni ke-eng, to‘pig‘ingizga bosh urib turgan lippalari to-orgina qora sharavoringiz, chiro-oyli boshingizning ortiga tortilib, chiro-oyli turmaklangan kashtan rangli sochlaringiz sizga shunaqayam yarashibdiki, ishxonamizdagi ayrim yigitlar tuni bilan uxlayolmay chiqayotir! — U «ayrim» so‘ziga alohida urg‘u berib aytdi va birdan ashula ohangiga o‘tdi. — «Dehqon o‘g‘li Barotning uyqusida «oq-oltin»!..
Mansur o‘zining bu gaplaridan o‘zi huzur qilib, sharaqlab kuldi.
Maqtov kimga yoqmaydi? Uning bu chiroyli gaplari, o‘xshatishlari menga ham yoqdi. Lekin, ichimdagi quvonchni sirtimga chiqarmadim. Sababi, bu kichkina daromadning zamirida kattagina ta’ma yashiringanini ko‘nglim sezib turardi.
— Shoir bo‘p keting-ey! — Shunday dedimu darhol pastki labimni tishladim: sirtingga chiqarmaganing shumi?
— Siz hali mening shoirligimni, besh yil nashriyotda ishlaganimu, hatto kitobim ham chiqqanini bilmaysiz-da?
— Yo‘q, — men ham moliya institutini tugatgunimcha, to‘rt yil, haftalik gazetada musahhihlik qilganimni, bir qancha maqolalarim chop etilganini aytmoqchi bo‘ldimu, fikrimdan qaytdim. Gapni cho‘zib, chuvalantirib nima qilaman.
— Nega kitobimning nomini so‘ramayapsiz?
— O‘zingiz aytarsiz...
— «Qiynama, yor», — dedi u ma’noli qilib. — Bir nechta she’rimni ashula ham qilishgan, radiodan ham berib turishadi.
Indamadim. U stolim qarshisidagi bo‘sh kursilarga qaradi. Maqsadini sezib, sezmaslikka oldim. Shu bilan tomoshaning muqaddimasi tugab, asosiy qismi boshlandi.
— Kechagi taklifim nima bo‘ldi? — dedi u qarzini so‘rab kelgan odamday dab-durustdan. — Boramizmi?
— Qaerga? — dedim va joyimga o‘tirib, kompyuterimning o‘chib qolgan qop-qora monitoriga tikildim. Yomon bir hodisa yuz berishini sezganday qovoqlarim uchib, ichimdan titroq ko‘tarilib kela boshladi. — Tavba! Meni kim deb o‘ylayapsiz, o‘zi?..
Mansur bepisand kuldi. Kulgusining zamirida go‘yo, kim bo‘larding, hamma ayol qatori bir ojizasan-da. Farqing shu — beliga birinchi marta egar urilgan toyday pishqirayapsan. Mingi bo‘lsang, boshlagan tomonimga jimgina yo‘rtib ketaverasan. Senga o‘xshagan tegma noziklarning ko‘pini mingi qilganman. Sen ham qochib qutula olmaysan, degan ma’no bor edi.
— «Qaerga, qaerga?» deyaverarkansiz-da? Qaerga bo‘lardi? Kafe-ega-a! Birga tushlik qilamiz, dedim-ku!
U chekkadagi kursiga o‘tirdi. Qora kostyumining tugmasini yechib, bo‘ynidagi havorang galstugini bo‘shatdi.
— Kechirasiz-u, men ilgari ham siz bilan kafe-mafelarga borib yurarmidim?
— Bormagan bo‘lsangiz, endi borasiz!.. Xonangiz yorug‘ va juda shinam ekan. Havo bulut bo‘lsayam, yashnab turibdi. Tuvaklardagi gullarning zo‘rligini qarang. O‘zingizdek go‘zal va xushbo‘y!..
— Tushunmadim! Bu qanaqa aljirash?
— Aljirash?.. Menga qarang, nega xaqorat qilasiz? — U o‘zini go‘yo tutoqib ketgan odamning qiyofasiga solmoqchi bo‘ldi, biroq o‘xshatolmadi. — Men sizga nima yomonlik qildimki, tilingizdan buncha zahar tomadi? Yo arpangizni xom o‘rdimmi?
«Rostdan ham, sal oshirib yubormadimmi?» degan o‘y xayolimdan o‘tdi. Balki, behuda qizishayotgandirman? Sal odamshavandaroq muomala qilsam bo‘larmidi? Ammo, ikki kundan beri xonamga kirib, asabimga tegayotgan bu so‘takka qo‘yib bersam, kal ko‘ngli nimalarni tusamaydi. Shu yerda, xonamda tashlanib qolishdan ham toymaydi.
— Bor-yo‘q aybim, sizni hamkasb sifatida bir piyola choyga taklif qilayapman. Chiroylisiz, go‘zalsiz deyapman. Sizni gullarga o‘xshatayapman. I vse!
— O‘zingizni go‘llikka solmang. Hamma gap ana shunday beozor takliflardan boshlanadi. Choyingiz uchun ham, gulingiz uchun ham rahmat. Maqtovingizga zor emasman. Xudoga shukr, erim, bola-chaqam bor. Meni tinch qo‘ying! Chiroyli gaplaringizni uyingizga borib, xotiningizga ayting!
— Siz juda chiroyli bo‘lsangiz, go‘zal bo‘lsangiz, mening aybim nima? Anavu Murshidadek qoqsuyak bir tasqara bo‘lganingizda, yalinsangiz ham burilib qaramasdim.
— Marhamatingiz, lutfingiz uchun rahmat! Lekin siz bilan laqillashib o‘tirishga vaqtim ham, toqatim ham yo‘q. — Ovozimga imkoni boricha rasmiyroq va sovuqroq tus berdim. — Iltimos, Mansur aka, xonamdan chiqib keting!
— Chiqmasam-chi? Chiqmasam, nima qilasiz? Shallaqilik qilib, boshingizga odam yig‘asizmi?
— Undan ham battar qilaman!
— Buni qarang, a! Juda qo‘rqitib yubordingiz-ku! — U uzun oyoqlarini chalkashtirib oldi. Uchi nayzadek ingichka qora tuflisining uzunligi bir quloch kelarkan. — Chiqmayman! Bilganingni qil!
— Nima-a? — g‘azabim qo‘zib, o‘rnimdan turib ketdim. Dimog‘imga aroq hidi urildi. — Nega sensiraysiz?
Mansur pinagini ham buzmadi. Bilaks, xirs bilan tikildi. «Qult» etib yutindi va mazxaraomuz tirjaydi:
— Ering ham Tokioda supilik qilib yurmagandir. Yapon geyshalari bilan «bahoriy suhbatlar» qurayotgan bo‘lsa, ne ajab!
Qo‘lim bilan yana eshikka ishora qildim:
— Ko‘p valdirayvermasdan, chiqing xonamdan!..
— «Chiqing-chiqing!» emish. Chiqmay-ma-an!.. O‘zing chaqirib, o‘zing haydaysanmi?
— Nima-a?
— Eshitganing!.. Boya xonangning oldidan o‘tayotganimda o‘zing «birrovgina buyoqqa qarang, Mansurjon aka, iltimo-os», deb chaqirib olding-ku!..
Bu gaplarni eshitib, tilim kalimaga kelmay qoldi. Alamdan ko‘zlarim qonga to‘lib, yuzlarim qizarib-bo‘zarib, lovullab ketganini sezdim. Mansur yana, bu gal tahqiru tazyiqini yashirishga ham urinmasdan kuldi: shunaqa, meni qo‘rqita olmaysan! Dod solib, rahbarlarga arz qilsang, hamma aybni o‘zingga ag‘daraman. O‘zi yopishdi, deyman. «G‘unajin ko‘zini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi». Men erkakman, sen esa ojiza. Shilqimlik erkakning fazilati bo‘lsa, ayolning kulfati. Dog‘ini bir umr yuvib ketkazolmaysan! Bir umr! Bu gaplardan ering xabar topsa, xabar topishi esa tayin, ko‘ngliga shubha-gumon oralaydi. Shubha-gumon oralasa, bahringdan kechadi. Shunday ekan, imi-jimida «xo‘p» de. Afsus qilmaysan.
— Kecha ham o‘zing chaqirgan eding, — deb davom etdi u. — Guvohim bor. Telefon qilganingda, xonadoshim Mutal yonimda edi. «Meni Salimaxon chaqiryaptilar, boray-chi, qanday dardi bor ekan», dedim. Mutal sirli kuldi: «qanday dardi bo‘lardi, eri chet elga ketganidan beri o‘zini qo‘yarga joy topolmay yuribdi».
O‘sha paytda Mansurning bu gaplarini yo‘l-yo‘lakay to‘qib chiqarilgan shunchaki tirraqi gap, deb o‘ylagan edim. Keyinchalik yuz bergan voqeani idrokimdan o‘tkazar ekanman, Mutal rostdan ham aytgan, mana bu ovsar Mansurga pishang berish uchun qitmirlik qilgan bo‘lishi ham mumkin-ku, degan taxmin xayolimga keldi. Sadqai hamkasb ket, Mutal! Sadqai hamshaharlik ket, Mutal! («Toshkanda tavallud topgan bo‘lsangiz ham, siz — buxoroliksiz, Salimaxon! Negaki, padaringiz Buxoroi sharifdan...»)
— Yolg‘on! — dedim tutoqib. — Men sizga hech qachon telefon qilmaganman. Qilmayman ham! Yolg‘on gapirishdan, tuhmat qilishdan uyalmaysizmi, Mansur aka? Xudodan qo‘rqmaysizmi? Axir, sizning ham onangiz, xotiningiz, bola-chaqangiz bordir! Qizingiz bordir!..
— Bo‘lsa-chi? — gapimni bo‘ldi Mansur. Surbetlarcha bergan savolida qahraton qishning sovug‘i, qorli cho‘qqilarning metinligi bor edi. — Men seni jarga itarayotganim yo‘q-ku! Bir piyola choyga taklif qilayapman, xolos!..
— Men esa nomahram erkak bilan kafelarda yetaklashib yurib, el-yurtga gap-so‘z bo‘lganimdan ko‘ra, jarga qulab o‘lganim yaxshi, deyapman! Tushunmadingizmi?
— Tushundim, — dedi u va boshini beparvo irg‘adi. — Bunaqa kitobiy gaplarni juda ko‘p eshitganmiz.
— Bir narsaga tushunmayapman. Nega menga buncha yopishib oldingiz? Ko‘cha to‘la qiz, juvon... Boring, o‘shalardan birortasining boshini aylantiring...
— Har gulning o‘z tarovati bor. Bildingmi?.. — U joyidan turdi. — Bo‘ldi! Shuncha noz-firoq qilganing yetar. Men ushlagan joyini kesadigan odamman. Maqsadimga yetmagunimcha qo‘ymayman. Xomtama bo‘lma!
— Hali shunaqami?
— Shunaqa!
— Gaplaringizga qaraganda, ancha-muncha kitob o‘qigan ko‘rinasiz?
— Nima, tupoy deb o‘ylaganmiding?
— O‘sha o‘qigan kitoblaringizda, mabodo, «chuchvarani xom sanama» degan maqolga ko‘zingiz tushmaganmidi?
— Yo‘q! Aksincha, «husni borning — nozi bor», «yurmaydigan» ayollar emas, noshud erkaklar bo‘ladi» degan gaplar bot-bot uchragan! Bo‘ldimi? Arazing tugadimi? Ketdikmi? Yo ering Nodirlangdan shunchalik qo‘rqasanmi?..
Ustoz, yodingizda bo‘lsa kerak, universitetda adabiyotdan saboq berib o‘tgan rahmatlik dadam, Sizning huzuringizga boshlab borganida men to‘qqiz yoshli xasta bir go‘dak edim. Zotiljam, degan balo vujudimga zulukdek yopishib, kun bermay qo‘ygan kezlar edi. Maktabda, bolalar o‘rtasida, «Salimjon — nimjon» degan nom olgandim. Ismim Salima bo‘lgani uchun emas, o‘ta nimjonligim uchun shunday deyishardi. Maktab papkasini ham ko‘tara olmaydigan ayanchli ahvolga tushib qolgan edim-da. Bolalarning har qadamda masxaralashi, betobligim, uzluksiz dori-dormon iste’moli, oylab shifoxonada yotish, holsizlik va chorasizlikdan dunyo ko‘zimga tor ko‘rinib ketardi. Yig‘lardim. Ayanchli ahvolimni ko‘rib, onam ham qo‘shilib yig‘lardilar. «Salimjon-nimjon» deb kalaka qilgan bir bolaning bilagini tishlab olganim ham yodimda.
Ana shunday kunlarning birida kimdir dadam rahmatlikka, qizingizni yaxshi murabbiyga shogirdlikka bering, sport bilan shug‘ullansin, debdi. Yaxshi murabbiy, buning ustiga ayol murabbiy topish o‘sha paytlarda oson ishmidi! Dadam bechora jamiki tanish-bilishlarini ishga solib, bir oy deganda topgan edi Sizni. O‘n yil, to Nodirbek akam uyimizga to‘y jo‘natib, fotihamiz bo‘lmagunicha, Sizning ta’lim-tarbiyangizni oldim. Hozir ham Siz chizgan chiziqdan chiqmayman: «ojizlarning, nogironlarning ustidan kulish, ularga ozor berish sportchi uchun kechirib bo‘lmas — gunoh!» Lekin ojizni, nogironni haqorat qilayotgan, kamsitayotgan kimsani ko‘rib, jim turish ham savob ishlardan emas-ku, ustoz!..
Mansur erimni ataylab kamsitdi: «lang — cho‘loq» dedi. Erimning oqsoqlanishini bu kaltafahmga Mutal aytgan! Onang ko‘kingni kiygur, kaltabaqay Mutal sotgan! Nodirbek akam bilan Eski jo‘vada yurganimizda ko‘rgan edi. Mutalning o‘zi ham yangi yil oqshomida kayfi taroq bo‘lib suykalganida («suhbati du, anda maza-ku!»), gap bilan og‘ziga urgan edim: yo‘lingizdan qolmang!.. Ha, Mutal aytgan. Yo‘qsa, shuncha gapni kecha ishga kelgan Mansur qaerdan, kimdan biladi?.. Yana bir ishtibohim borki, Mansurning menga kanadek yopishib olishi garov o‘ynagan odamning qiliqlarini ham eslatadi. «Shu xonimchaning boshini aylantira olaman!» «Aylantirib bo‘psan!..» «Beshni tashla!..»
Alam qildi! O‘zining umr yo‘ldoshi, yostiqdoshi haqida bunday haqoratni eshitgan qay bir ayol jim tura olardi? To‘g‘ri, Nodirbek akam chap oyog‘ini avaylabroq bosadilar. Lekin, erim onasidan shunday — nogiron tug‘ilmaganlar yoki bu dardni ayrimlardek, mast-alast rulga o‘tirib, avariyaga uchrab, «pulga sotib olmaganlar». Bo‘zsuvga cho‘kib ketayotgan mashinadagi odamlarni qutqaraman, deb shu ko‘yga tushganlar. Oyog‘ining payi uzilib, etlari ezilib ketgan. Olti oy kasalxonada, uyda oyog‘ini bosolmay yotganlarini avvalgi xatlarimda yozgan edim. Bilasiz.
Ustoz, Siz — ofitserning rafiqasisiz. Iste’foga chiqqunicha, eringizni qaysi viloyatga ishga yuborishsa, izidan bir umr soyadek ergashib yurgansiz va turmushning barcha achchiq-chuchuklarini birga baham ko‘rgansiz. Bu haqda bizga doim faxr bilan gapirar edingiz. Bunday gaplaringizni eshitib, Sizga qanchalar havasimiz kelganini bilmaysiz. Endi tasavvur qiling: umr yo‘ldoshingizni og‘ziga kuchi yetmagan bir kimsa oldingizda haqorat qilsa, chidab turarmidingiz? Yo‘q, yaxshilab adabini berardingiz!..
«Ering Nodirlangdan shunchalar qo‘rqasanmi?»
Meni hech kim, hech qachon bunchalar qattiq haqorat qilmagan, kamsitmagan edi. O‘mganimdan o‘tib ketdi. Quloqlarim chippa bitib, etlarim muzlab qoldi. Qo‘limda pichoq bo‘lmaganiga juda afsuslandim. Pichoq bo‘lganida sog‘ qo‘ymasdim. Umrim qamoqda o‘tsa ham, shu gapi uchun Mansurni tilka pora qilib tashlardim. Endi o‘ylasam, Xudo bir saqlagan ekan... Tanglayim qurib-qaqshab ketganini sezdim. O‘tirib qoldim. Oldimda turgan choynakka qo‘l uzatdim, lekin undan piyolaga bir tomchi ham tushmadi. Ertalabdan beri choy damlashga ulgurmagan ekanman... Choynakka qo‘l cho‘zganimni ko‘rib, Mansur menga yalt etib qaradi. Aftidan, choynak bilan boshiga solib qolishimdan cho‘chidi. Jurnalda ishlaydigan bir dugonamga muharriri tixirlik qilganida, kallasiga choynakni «kiydirib qo‘ygan» ekan. Ustoz, Siz, Jahl otidan uzoqroq yurib, Sabot otini qo‘ldan qo‘ymanglar, deb ko‘p aytar edingiz. Sababi — Jahl otining boshida yugani bo‘lmaydi, ayili bo‘sh, jabdug‘i juldir, yollari kalta, o‘zi sarmast, borar joyi past bo‘ladi. Sabr va sabot otining jilovini tutganlarning — aql bilan ish qiladiganlarning borar manzili ham, yuz-ko‘zi ham doim yorug‘ bo‘ladi. O‘sha alamli va ayanchli, g‘ussaga botib, xo‘rligim kelib turgan lahzalarda Sizning ushbu o‘gitingizni esladim. Esladimu Sabot otining jilovidan tutdim — o‘zimni bosdim. Qiziqqon shogirdingizning o‘zini bosishi qanchalar qiyin bo‘lganini yozib o‘tirmayman. Ammo men — qo‘li baland kelib, g‘alabani cho‘ntagidagi pulday naqd qilib qo‘ygan raqiblarini ham eng so‘nggi daqiqalarda dog‘da qoldirib o‘rgangan shogirdingiz emasmanmi!..
Mansur bilan pachakilashib o‘tirish foydasiz ekanini tushundim. Kuldim:
— Bo‘ldi! — dedim va o‘rnimdan turdim. — Bema’ni hazillaringizni qo‘ying. «Yo ostidan, yo ustidan» degan ekan bir tavakkalchi. Ketdik!
— Ana bu boshqa gap!.. — Mansur menga ishonqiramay qaradi va chalkashtirib o‘tirgan oyoqlarini tushirdi. Men uning ko‘ziga tik qaradim. Har biri kosadek keladigan kattakon ko‘zlarida ham hadik, ham hayrat, ham shubha zuhur edi. Yana esimda qolgani — uning ko‘zlari peshonasiga yopishtirib qo‘yilgandek, siyrak qoshli manglayidan bo‘rtib chiqib turardi.
— Xo‘-o‘sh, qani, qaysi kafega boramiz? — dedim uni chalg‘itish, o‘y o‘ylashi uchun fursatu imkon qoldirmaslik uchun.
— «Bek» degan kafega. Alohida xonalari ko‘p.
— Innankeyin-chi? — dedim o‘zimni o‘ynoqi ayol qiyofasiga solib.
— Innankeyin, qorong‘u ham tushib qoladi... — Uning ko‘zlari sirli yiltiradi. — Chilonzorda ikki xonali kvartiram bor. Hilvatgina joy...
— O‘zlarinikimi yo?..
— O‘zimniki desam ham bo‘laveradi. Lekin aslida tog‘am o‘g‘illari uchun olib qo‘yganlar.
— O‘-o‘! Tog‘angiz ham o‘zingizdek, boyvachchamilar, deyman.
— Prokurorlar...
«Ha-a, dimog‘ining balandligiyu hech narsadan taptortmasligining sababi bu yoqda ekan-da!» — degan fikr xayolimdan o‘tdi. Yana o‘yladim, balki aldayotgandir? O‘zicha po‘pisa qilayotgandir: ortimda qanday odamlar turganini bilib qo‘y! Aslida, prokurorning jiyani bo‘ladimi, somsapazning — nima farqi bor?
— Buni qarang, soat birdan oshibdi-ku, — dedim go‘yo o‘rtada achchiq-chuchuk gaplar bo‘lmagandek.- Bo‘pti. Siz tashqarida kutib turing. Men hozir...
— O’ key!
Mansur bir lahza o‘ylanib turdi-da, eshik tomon yurdi. Chiqish oldidan ortiga burilib, menga sinovchan qaradi. Gapim jiddiy ekaniga ko‘ngli to‘ldi, shekilli, ortidan eshikni yopdi.
Bir pastdan keyin qizil gulli adras sharfimni bo‘ynimga tashlab, yo‘lakka chiqdim. Sokinlik. Mansur zinapoyaga yaqin joyda betoqat kutib turardi. Meni ko‘rib, qo‘li bilan «pastga tushaveraymi?» deb ishora qildi. Chamasi, ishxonadan birga chiqib ketishimizni istamayotir.
«Yo‘q!»
Mansur tomonga yurdim. Butun vujudim varaja bosgandek titrardi. Qiziq, ne bir musobaqayu chemionatlarda qatnashib, yengib, yengilib, qo‘l-oyoqlarim lat yeb, bunchalar qattiq iztirobu alam, hadik va hayajon tuymagan edim. Buning sababini keyin angladim: musobaqalarda raqiblarim doim ayol kishi bo‘lgan, qolaversa, ular o‘z nomi bilan «musobaqa» edi! Qarshimda esa imonini yegan bir erkak turardi!
To‘qqiz-o‘n metrlik masofa uzoq, behad uzoq tuyuldi.
— Eshigingni qulflamading-ku?
— A? — Boshimni ilkis ko‘tardim va Mansurga yuzlandim. Lablarimda qaynoq va sho‘r ta’m tuydim. Ko‘z yoshlarim sel bo‘lib oqmoqda edi. — Mansur!
— Ha?.. E-e, senga nima bo‘ldi?..
— Mana bu erimni kamsitganing uchun!
Uning ikki soni o‘rtasiga tepdim. Yo‘q, qattiq tepmadim. Mayib bo‘lib qolishidan cho‘chidim. Mansur «hiq!» etdiyu, qo‘llarini da’fatan qovug‘i ustiga qo‘yib, oldinga, tizzamgacha egildi. Ixradi.
— Bunisi meni haqorat qilganing uchun!.. — O‘ng kaftimning qirrasi bilan uning bo‘yniga urdim. Urish asnosida, devday gavdaga no‘xatday kalla, qilday bo‘yin bergan ekan, degan o‘y xayolimdan o‘tdi. Mansur yuz tuban quladi.
 Ikki hatlab xonamga kirdim. Quloqlarim ostida Sizning so‘zlaringiz jaranglaganday bo‘ldi, ustoz: «Bu usul karateda «Geri gedan» deyiladi. Uni mohirlik bilan qo‘llagan sportchiga musobaqalarda eng yuqori ball beriladi!..»

“Hurriyat” gazetasi, 2013 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.