OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qulman Ochilov. Mazlumning duosi (hikoya)

Eshik sekingina ochilib, ellik yoshlardagi kishining boshi ko‘rindi. «Mumkinmi?» – dedi u tortinibgina. Navbatchi edim – stolim ustida gazetaning o‘qilmagan sahifalari qalashib yotardi. Avvaliga mehmonni bo‘limlardan biriga yo‘llamoqchi bo‘ldim, yana fikrimdan qaytdim. Meni bu qarorga undagan uning g‘oyat faqirona kiyingani, cho‘yandan ham qorayib ketgan yuzi va umidsizlik bilan boquvchi horg‘in ko‘zlar bo‘ldi. Odatda, kishi eng yaqin kishisidan judo bo‘lib, o‘z yog‘iga o‘zi qovurilib qolsa, ana shunday ayanchli holga tushadi. Uning yuzlarini oftob emas, dard, iztirob kuydirganini, kuydirayotganini sezish qiyin emasdi.
Unga qarshimdagi kursidan joy ko‘rsatdim, hol-ahvolini so‘ragan bo‘ldim. Domla (uning qishloq o‘qituvchisi ekanini egnidagi kostyum-shimi, qo‘pol botinkasiyu bo‘rtib turgan chekka tomirlaridan bilish qiyin emasdi), shikoyatini juda an’anaviy boshladi. U Termizdagi, Toshkentu Moskvadagi jamiki mo‘‘tabar idoralarning, hatto Kremlning ostonasida kunlab emas, oylab najot kutib yotgan, ammo murodi hosil bo‘lmagan. Uning arizasiga binoan o‘tkazilgan ko‘pdan-ko‘p tekshiruvlarning birontasida adolat yuzaga chiqmagan. Domlaning jamiki idoralardan, ulardagi xizmatchilardan, rahbarlardan, umuman, hayotdan ko‘ngli qolgan.
– O‘zi nima bo‘lgan edi? – deb so‘radim.
– E-e, so‘ramang! – Foydasi yo‘q, ma’nosida qo‘l siltadi u va shunday og‘ir xo‘rsindiki, ho‘ngrab yuborarmikan deb cho‘chidim. Buni o‘zi ham sezdi, shekilli, titragan qo‘llariga piyolani olib, choydan ho‘pladi. «Qult» etib yutingach, ancha payt jim bo‘lib qoldi va so‘ng xavfsalasizlik bilan gap boshladi:
– Peshinda maktabdan kelib, uyimning orqasidagi bir parchagina tomorqada kuymalanayotgan edim. Mototsiklning patillagani eshitildi. Tanib, boshimni ko‘tardim. Ukam ekan. U kolxoz garajida mexanik bo‘lib ishlardi. Tomorqamizning ikki tomoni ham ko‘cha. Bir tomonidan katta magistral o‘tgan, ikkinchi tomonidan ko‘cha tushgan. Xullas, ukam katta yo‘ldan burilib, ko‘chamizga kirgan chog‘ida unga bir oq «Jiguli» ro‘y-baro‘y bo‘ldi. Mashinani ham tanidim – qo‘shnimizniki. Shu payt mototsikl qattiq bir «van-g» etdiyu o‘chdi. Kimdir dodladi. Chopib borsam, ukam og‘zidan qon kelgancha tuproqqa belanib yotibdi. Besh-o‘n qadam narida «Jiguli» turibdi. Chap qanoti qiyshayib ketgan. «Jiguli»ga yugurib borsam, ichida hamsoyam o‘tiribdi. Uray desam, qo‘lim bormaydi, so‘kay desam – tilim. Yordam bering, desam bir nima deb g‘uldiradi. Tili gapga aylanmaydi. Mast.
Xullas, yo‘lovchi mashinada ukamni kasalxonaga olib bordik. Uch kundan so‘ng o‘ziga kelolmay jon berdi. Uni ko‘mdik, yettisini o‘tkazdik hamki, birov nega bunday bo‘ldi, deb so‘ramadi. Hamsoyamiz esa hech gap bo‘lmaganday yuribdi. Melisaxonaga bordim. «Tekshirayapmiz», deyishdi. Ikki-uch haftadan so‘ng yana yo‘liqdim. «Ayb ukangizda ekan, – deyishdi, – o‘zi tomorqa devoriga urilib jarohatlangan. «Jiguli»ning aybi yo‘q».
Xullas, to‘rt yildan buyon shu gapni eshitaman. Biz ukam bilan ovora bo‘lib qolganimizda hamsoyamiz hamma yoqni «to‘g‘rilab» qo‘ygan ekan. O‘zi selpoda rais bo‘lib ishlaydi. Istagan yerga qo‘li yetadi. Ukamdan uch norasida qolgan. «Ota!» deb yig‘laydi. Hamsoyam bo‘lsa, aqalli kechirim so‘rash o‘rniga, ko‘cha-ko‘yda duch kelib qolsam, mashinasi bilan ustimga loy sachratib o‘tib ketadi. Buning ustiga, qishloqda, falonchi ukasining o‘ligini sotibdi, selponing raisidan falon ming so‘m olib, da’vosidan kechibdi, degan mish-mish tarqalgan. Bunday ta’nalarni eshitganimda dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib ketadi. Enag‘arning bolasini shartta bolta bilan chopib tashlasammikan, degan xayolgayam boraman. Yana bazo‘r o‘zimni bosaman. Qamalib-netib ketsam, o‘zimning, ukamning ro‘zg‘ori nima kechadi, deb o‘ylayman. Lekin, uka, baribir uni bir baloga yo‘liqtirmasdan qo‘ymayman...
– Shunchalik katta tashkilotlarki sizga yordam bera olmagan bo‘lsa, muxbir bechora nima qilib bera olardi, aka? – dedim asta.
Domla siniq kulimsiradi.
- Bilaman, yordam berolmaysizlar. Shunchaki, uyda chidab o‘tira olmaganimdan, sizlarni qora tortib kelaverdim-da, uka. Kecha gazetalaringizda shunga o‘xshash bir voqeani yozgan ekansizlar, o‘qib o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim...
Bechoraga qanday yordam qilishni, nima deb taskin berishni bilolmay boshim qotdi. Uning alamzada ko‘ngli esa taskin istardi.
– Xudoga ishonasizmi? – deb so‘radim o‘zim ham kutmagan bir holatda.
– Nima edi? – domla menga hayron tikildi. Bilardim, domla murojaat etgan o‘nlab, yuzlab idoralarda unga hech kim bunday savol bermagan, Xudoni tilga olmagan. Gazeta xodimidan ham u bunday gapni kutmagan.
– Men Allohga ishonaman, – dedim unga dalda berish uchun. – Siz-chi?
– Men ham... – dedi u gaplarimga ishonmayroq.
– Unda, aka, sizga bir maslahatim: shu ishni Yaratganning ixtiyoriga soling. Ko‘nglingizdan chiqarib tashlang. «Parvardigorim, deng, ukamning o‘limida kim gunohkor bo‘lsa, jazosini o‘zing ber. Ayb ukamning o‘zidan o‘tgan bo‘lsa, da’voimdan kechdim, deng...» Bu kuyib-yonishda o‘zingiz ham biror tuzalmas dardga chalinishingiz mumkin...
U bir lahza o‘ylanib qoldi.
So‘ng yuzi yorishib ketdi:
– Ko‘nglim shu yoqqa tortgani bejiz emaskan-da. Sezuvdim-a!.. Nega shu paytgacha bu gapni hech kim menga aytmagan ekan?..
U qiblaga yuzlandi, qo‘llarini ochib, ko‘zlarida yosh bilan butun vujudi yonib, o‘rtanib iltijo qildi:
– Hammasini o‘zingga soldim, Qodir Egam!.. – deb duosini tugatdi. Xonamdan ancha yengil tortib, hatto quvonib chiqib ketdi.
Bilmadim, oradan qancha vaqt o‘tdi – balki bir hafta, balki – o‘n kun, har holda bundan ko‘p emas. Bir kuni telefonim qo‘ng‘irog‘i uzoq jiringladi. Go‘shakni ko‘tarsam, erkak kishining hayajonli ovozi eshitildi.
– Siz aytganday bo‘ldi, muharrir uka! – dedi u salom-alikni ham, o‘zini tanishtirishni ham unutib. Tabiiyki, uning bu gaplariga tushunmadim. Sim qoquvchi tushuntirgan bo‘ldi:
– Men sizning oldingizga borgan, ukasi o‘lgan domlaman. Esingizdami, Xudoga soling deb maslahat beruvdingiz?.. Aytganingizday bo‘ldi!.:
– Xo‘sh-xo‘sh, nima bo‘ldi?..
–Ukamni o‘ldirgan o‘sha qo‘shnimiz kecha tomorqamizning etagidagi katta yo‘lda «Jiguli»si bilan bir «KamAZ»ning tagiga kirib ketdi. O‘zim ko‘rdim. Mast ekan, hozir kasalxonada o‘ladigan ahvolda yotganmish!..
– Obbo! Tavba qildim, deng, aka! Tavba qildim! Birovning boshiga tushgan ko‘rgulikdan quvonish - gunoh!..
- Tavba qildim, tavba qildim! Bandasi o‘z gunohini melisadan ham, suddan ham, xalqdan ham – hammadan yashirishi mumkin ekan-u, Xudodan yashira olmas ekan. Shunga yana bir bor ishondim, uka!..
Afsuski, domlaning ismini ham, adresini ham so‘rashni unutibman. Aslida-ku, muhimi bu emas. Muhimi – sizu biz bu voqeadan chiqaradigan xulosada...

1989 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.