OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sa’dulla Siyoyev. Ota makon (hikoya)

Bo‘zsuv desa, yunusobodliklarning chehrasiga tabassum yuguradi. Negaki, bu yashil anhor bahordan to qora kuzgacha shaharliklarga rohat-farog‘at ato etadigan go‘zal maskan. Osmon lov-lov yonib turgan yoz chillasida-ku, Bo‘zsuv bo‘ylari chinakam jannatga aylanadi. Yoshu qari birdek sersoya daraxtlar tagida cho‘zilib hordiq chiqaradi, anhorning niliy tiniq suvi badanlarni erkalab, umringizga umr qo‘shadi.
Bo‘zsuv atrofidagi yerlar ilgari jamoa xo‘jaliklariga qarashli edi. Zamon o‘zgarib bu mavze shaharga qo‘shilib ketdi. Xuddi shuni kutib turgandek, shahar kattalari Bo‘zsuv sohilini tomorqa qilib sotaboshladi. Shahar biqinidagi bunaqa oromijon go‘shani kim oladi, avvalo cho‘ntagida ortiqcha mullajiringi bor oladi. Bo‘zsuvning serhosil, xushmanzara maydonlari shahar sarmoyadorlari qo‘lida xomtalash bo‘la boshladi.
Toshkentning olmos kamari deb atalmish ana shu Bo‘zsuv bo‘yida ellik yoshlarni qoralagan Eshqobil degan bir yigit ham yashardi. Uning otasidan qolgan o‘n ikki sotixcha yeri bor edi. Buning ustiga Eshqobilning bir xotini, asrandi o‘g‘li, to‘rt qo‘yi, olti tovug‘i, bitta eshak aravasi ham bo‘lib, shular bilan tirik edi. Ilgari kolxozda ketmonchi edi, kolxoz tugab ketgach, eshak aravasini yeldirib, ro‘zg‘orini tebratib yuraverdi. Yozda qo‘ylariga cho‘p-xashak g‘amlaydi, anhor labidagi qamishlarni o‘radi, ko‘cha-kuyda yotgan shishalarni terib topshiradi. Ariq bo‘yidagi qurigan dov-daraxtlarni kesib, qishlik o‘tin qiladi. Jilla qurisa, Yunusobod bozoridan birovlarning yukini tashib berib, besh-o‘n tanga ishlaydi. Ishqilib, qora qozon bir mahal qaynab, xotin poshshoning jag‘i ochilmay tursa bas.
Ana shunday dorilomon zamonda deng, mahallasiga ko‘z tegdi. Besh-olti kishi hovlisini sotib, ko‘chadigan bo‘lib qolibdi. Qirq yillik qadrdonlari nega to‘satdan tarki vatan qildi ekan, deb o‘ylandi Eshqolib va qo‘shnilaridan gap olib ko‘rdi.
— E, qayda yuribsan, dunyobexabar? — dedi ular, — mahallamizga to‘rt boshli ajdaho bostirib kelyapti ekan. Pulning sassig‘iga chidamay kekirib yotgan korchalonlar biz tomonlarga ko‘z olaytirib qolibdi. Besh-olti hovlini baravariga sotib olarmish ular. Savdolashib o‘tirmay, og‘zingdan chiqqanini berarmish. Ana, Ashir cho‘tir bobosidan qolgan chaldevorini ellik mingga sotibdi!
— Ellik mingga-ya? — ishonmadi Eshqobil, — chaldevorni ellik mingga olib nima qilar ekan u boyvochcha?
— Traktor solib, uy-puyi bilan tekislab tashlar ekan.
— Keyin turp ekar ekanmi?
— E, ko‘sa tegirmonchining anqov o‘g‘li! Besh-olti hovlini tekislab, o‘rniga uch qavatli shohona qasr solar emish. Uqdingmi, o‘qimagan?
Eshqobil boshini qashlab turib qoldi.
Ertasiga tag‘in aravasini haydab jo‘nadi. Bug‘doy o‘rimi avjida edi, qo‘yiga besh-o‘n qop somon topish ilinjida Qoplonbek tarafga qarab ketdi. Oqshom qaytdi. Qarasa, uning atrofiga ham yog‘och qoziqlar qoqilibdi. Bir tarafi yuz qadamcha keladi, bir tomoni suvga tutash, yonboshi shundoqqina Eshqobilning molxonasiga taqalgan edi.
Uch-to‘rt kundan keyin Eshqobilning yon-verini tramvay vagoniday uzun mashinalar, traktorlar bosib ketdi. Birovi yer kovlaydi, vagon-mashina qum, shag‘al tashiydi. Tumshug‘i mirzaterakka yetadigan kranlar lapanglatib, quyma tomlarni taxlaydi deng. Butun mahalla ko‘chib chiqdi. Ayniqsa bolalarga xudo berdi. Ular uzunchoq, tor xandaqlarda chopib bekinmachoq o‘ynaydi, mashinalarning dumiga osilib katta yo‘lgacha borib kelishadi. Eshqobil esa, tirikchiligi bilan ovora. Aravasini g‘ildiratib sahar ketadi, kech qaytadi. Bir kosa yovg‘on oshini ichadiyu to‘shakka kiradi.
Bu orada yon-veridagi qo‘shnilaridan yana besh-oltitasi ko‘ch-ko‘ronini ortib qaygadir ko‘chib ketdi. Eshqobilning atrofi tobora siyraklashib borardi. “Millionerlar bir kuni mening uyimga ham chang solsa-ya? — deya xavotirga tushadi ba’zan, — yo‘q, o‘lsam ham bu yerdan ketmayman. Otam nasihat qilgan, yer sotgan er bo‘lmaydi, deganlar. Shu hovlida tug‘ildim, xudo xohlasa, o‘ligim ham shu yerdan chiqadi”.
Eshqobil goho shunaqa xayol surib qo‘yardi. Yangi qo‘shnisining vahimali imorati esa, asta-sekin poydevordan ko‘tarilib borardi. Bir kuni Eshqobil eshagining mo‘yinchasini yamab o‘tirgan edi, salom berib eshikdan bir yigit kirdi. Eshqobil unga stul qo‘ydi. Duo qildi. Yigit qo‘l qovushtirib hol-ahvol so‘radi. U o‘ttizlarga borgan, chiroyli kiyingan, sochlari ham bir tekis, chuvak yuzlikkina, istarasi issiq yigit ekan. U jilmayib tilga kirdi:
— Men yangi qo‘shningiz bo‘laman, amaki, — dedi tavoze bilan, — ismim Asliddin. Og‘aynilar, ke, Bo‘zsuv bo‘yiga chiqaylik, degandi, ko‘nglim ketib, shu yerdan ozgina yer oldim. Xudo xohlasa, siz bilan yon qo‘shni — jon qo‘shni bo‘lamiz, degan umiddaman, amaki.
— Baxay, baxay, — deya bosh silkidi Eshqobil. Asliddin bir nafas sukut saqlab, xuddi uzr aytayotgandek dedi:
— Ko‘nglingizga kelmasinu, amaki, mabodo hovlini sotmoqchi bo‘lsangiz, begona qilmang. O‘zim olaman. Men savdolashmayman. Aytgan pulingizni beraman, maylimi, amaki?
— Mayli, — deb bosh irg‘adi Eshqobil, — lekin uy-joyni sotish niyatim yo‘q. Otamiz o‘tgan yer, o‘zim ham shu yerda tug‘ilib o‘sdim, bor-yo‘g‘i uchgina jonmiz, shu hovliga sig‘ib turibmiz, uka.
— Xafa bo‘lmaysiz, amaki, aytdim-qo‘ydim-da. Mabodo bir kuni ko‘chadigan bo‘lsangiz, bexabar qolmaylik, dedim-da, amakijon. Axir gilam sotsang, qo‘shningga sot, bir chetida o‘tirasan, degan gap bor.
Bu bolaning odobi, burnini ko‘tarmay muloyimlik bilan gapirgani Eshqobilning ko‘ngliga o‘tirishdi.
Asliddin bir piyolagina choy ichdi, kattagina xalta ko‘tarib kirgan ekan, qo‘yarda-qo‘ymay tashlab chiqib ketdi.
Asliddinning gapini oshxonaga kirib-chiqib yurib, xotini Madina ham eshitib qolgan ekan, yo‘rg‘alab erining yoniga keldi.
— Xo‘p, demadingizmi, xo‘jayin? Ana, Jobir qassob sotdi hovlisini. Bir qop pul beribdi. Dendroparkdan qo‘shqavatli uy solayotgan emish. Shu otam zamonidan qolgan eski choponni boshingizga urasizmi? Sotsangiz, biz ham shaharlik bo‘lardik, o‘g‘lingizni institutlarda o‘qitardingiz, eskiroq bo‘lsayam bitta mashina minardingiz...
— Valdirama, tovuqmiya, — dedi Eshqobil, — bunaqalarning tili boshqa, dili boshqa bo‘ladi. Shohona uylik bo‘laman, deb bir kuni mana shu g‘arib hovlidan ham ayrilib qolishing hech gap emas. Otamdan qolgan uy, hech kim meni bu uydan haydab chiqarolmaydi. Mashina deysan, ana — ikki g‘ildirakli mashina, benzin yemaydi, matori buzilmaydi, bir bog‘lam xashak bilan Hirotga olib borib keladi. Shu kuningga shukur qilib, tinchgina o‘tir.
Xotin aftini burib jo‘nadi. Eshqobil tag‘in o‘z tashvishlari bilan andarmon bo‘lib ketdi. Bu orada Asliddinning imorati tobora osmonga qarab o‘rlab borardi. Bir-ikki oy ichida to‘rt burchagi to‘rt qubbali haybatli imoratning mahobatli soyasi yonidagi uylarni to‘sib qo‘ydi. Navro‘z bayramiga borib esa, qasrning birinchi qavati yopildi.
Imoratning birinchi qavati yopildiyu quruvchi yigitlarning joni kirib qoldi. Endi ular ovqatlarini ham tomda yeydi, yotoqlari ham tomboshi. Kechasi allavaqtgacha varanglatib radio qo‘yishadi, chet elning aji-buji ohanglarini yetti mahallaga taratib, birovni uxlatmaydi. Ayniqsa, Eshqobilga qiyin bo‘ldi. Asliddinning uyi hozircha bir qavat bo‘lgani bilan balandligi yetti-sakkiz metrcha kelar, Eshqobilning ota makoni uning qarshisida xuddi kichkinagina qaznoqdek aftodahol edi. Asliddinning tomidan tuf degan tupuk ham to‘g‘ri kelib Eshqobilning hovlisiga tushaverardi. Eshqobil g‘alati ahvolda qoldi. Hovlida o‘tirib na choy ichib bo‘ladi, na ovqatlanib. Hatto xotinga sal tovushingni ko‘tarib gapirsang ham, tepada turgan yigitlar dashnom beradi: “Hay, hay, Qobil aka, yangamizni xafa qilmang!” Hojatga kirib chiqsang, qo‘lingizni yuvmaysizmi, amaki, deb kulishadi. Oldi — yoz, degandek, hovlida, chorpoya so‘rida yotganga ne yetsin! Ammo, haligi tom boshidagi shumtakalar dastidan Eshqobil o‘z hovlisida emin-erkin yotolmay qoldi. Xotini so‘riga joy solib bersa, tomdagilar “Ie, amaki, bir o‘zingiz yotgani qo‘rqmaysizmi?” deya uchiriq qiladi. Ne qilsin, endi u kasofatlarni deb yozning issig‘ida uyda uxlasinmi?
Eshqobil bir kuni alamini ichiga yutib, mahalla oqsoqolining oldiga bordi. Dardini to‘kib soldi.
— Hovliga sig‘may qoldik, Turg‘unboy aka, — dedi yozg‘irib, — kechayu kunduz tepangdan birov qarab tursa, xuddi... yalang‘och yurgan odamday uyalar ekansan.
— Jazo kerak senga! — dedi oqsoqol jerkib, — ho‘v o‘shanda sotib ketganingda bu xo‘rliklar yo‘q edi.
— Nega o‘zingiz sotmay, menga sot, deysiz?
— Avvalo, mening tepamga kelib, bir boyvachcha uy solayotgani yo‘q. Soldirmayman ham. Hozircha qo‘lim uzun. Qolaversa, men mahalla oqsoqoliman, xalq saylab qo‘yibdi.
— Unda men nima qilay, mahalla ulug‘isiz, bir yo‘l ko‘rsating, aka.
— Yaqinda Asliddinni ko‘ruvdim. Shaharda. Haliyam bo‘lsa, Eshqobil akadan o‘tining. Yerini menga bersin, deydi. Xohlasa qishloqdan, xohlasa shahardan chiroyli imorat solib beray, tagiga mashina mindiray, dedi. Qaysarlik qilmay, xo‘p de, Esh. Oqposhsho zamonidan qolgan bu uyni boshingga urasanmi? Bir odam ma, deb turganda, qo‘shqo‘llab olmaysanmi, nodon?
— Men sizdan jo‘yali gap eshitgani chiquvdim, — dedi o‘ksinib Eshqobil, — siz ham meni vatandan judo qilmoqchi bo‘layapsiz. Qulluq sizga.
— Hali pushaymon bo‘lasan, bola! — dedi oqsoqol, — unda kech bo‘ladi.
— Ko‘ramiz. Agar Xudoning borligi rost bo‘lsa, bizga o‘xshagan bandalarini yig‘latib qo‘ymas.
Yozning adog‘iga borib, ikkinchi qavat ham bitdi. Uchinchi qavat ochiq ayvon shaklida bo‘lar emish. Bir safar quruvchi yigitlar Eshqobilni sudragudek qilib, tepaga olib chiqishdi. Uchinchi qavatdan butun qishloq, hatto Oqtepayu Otchopar tomonlar kaftdagidek ko‘rinar ekan. Uzunasiga qirq, ko‘ndalangiga yigirma qadam keladigan ochiq ayvonda hammom, ikkita hovuz, tennisxona, arg‘imchoq uchadigan maydoncha qurilar emish. Eshqobil tepadan turib, hovlisiga nazar soldi. Pastakkina oshxonasi, necha yil suvoq ko‘rmagan kichkina uychalari, tovuq katalagi, somonxonasi, shotisi osmonga ko‘tarilib yotgan aravachasi... bari ko‘ziga suykumli, aziz ko‘rinib ketdi. Yuragi hapqirdi, ko‘zlarini yosh bosdi: “Mozorning lahadidek bo‘lsa-da, har kimni o‘z vatanidan ayirmasin xudoyim”, dedi ichida, yaratganga tavallo qilib, yerga tushdi. Hovlisiga kirib, nuragan devorlarni siypalab, ko‘ziga surtdi, yig‘ladi.
Yana aravasini yeldirib, nasibasini terib yeb yuraverdi. Yoz o‘tib borardi. Bir kuni Eshqobil kimningdir qo‘yini Sho‘robozorga eltib berdiyu, iziga qaytdi. Adashmasa, yakshanba edi chog‘i. Yo‘q, chorshanba ekan, chunki Sho‘roda molbozor chorshanbada qiziydi. Xullas, eshagini nuqib, suv yoqalab mahallasiga burildi. Qarasa — bazm avjida. Anhor labida bir tup azamat qayrog‘och bor edi. Ana shu qayrog‘och tagiga olovday qip-qizil gilamlar yozilgan, shoyi ko‘rpachalar to‘shalgan. Par yostiqlarda besh-olti oriq-semiz, olako‘z, quralayko‘z yigitlar yonboshlab yotishibdi. Ikki yugurdak yigit damba-dam dasturxonga lagan-lagan taom tashiydi. Atrofni ko‘kish tutun, kabobning dimoqni qitiqlovchi isi tutib ketgan. Qayrag‘ochning pastki shoxida magnitafon osig‘liq, undan odamni o‘ylantiradigan qo‘shiq taraladi:

Arg‘umoq ostingdadur, tog‘larni kez, cho‘llarni kez,
Nogahon bu arg‘umoq ostingda bo‘lg‘ay, bo‘lmag‘ay...

Eshqobil sal chetroqda oshpazlarga gap uqtirayotgan Asliddinni ko‘rdi. U teskari o‘girilib turar edi, shuning uchun Eshqobil salomlasholmadi. Aravasini sekin g‘ildiratib, uyiga kirib ketdi. Hademay bazmxona tarafdan Eshqobilnikiga nasiba keldi: o‘ntacha kabob, ikki patir, bir laganda yaxna go‘sht, meva-cheva. O‘sha kuni Asliddin imoratining uchala tomi yopilganini jo‘ralariga yuvib berayotgan edi.
Hademay yolg‘iz qayrag‘och tagidan mastona qiyqiriqlar yangradi. Eshqobilning uyi ishratxonaga yaqin bo‘lgani uchun dasturxon atrofidagi gap-so‘zlarni u bemalol eshitib o‘tirardi. Ayniqsa, mehmonlar orasidan tovushi hezalaknamo bir yigit ko‘p vaysadi:
— Ho‘v, Aslxo‘ja! — dedi u, — anavi qabristonning qorovulxonasiga o‘xshagan xaroba nima?
— Uy, — dedi Asliddin, — Eshqobil aka degan kishiniki.
— Qachongacha u qora so‘galday mana bu shohqasrning tumshug‘ida turadi? Ko‘chmadimi?
— Ko‘nmadi, — dedi yana osuda Asliddin, — o‘zim iltimos qildim, oraga odam solib ko‘rdim. Ota mulkim, sotmayman, o‘zim yashayman, deydi.
Mehmon bola xoxolab kuldi:
— Voy, betamiz-ey! Nima, shu bitta yalangoyoq aravakashni ko‘chirgani puling yetmayaptimi, kuchingmi? Berib turishim mumkin og‘ayni.
— Pulim yetadi, kuch ham bor. Lekin... bir bechorani chirqiratib, tug‘ilib o‘sgan yeridan judo qilish insofdan bo‘larmikan, deb o‘ylab qoldim. Qaldirg‘ochning uyasi buzilsa, necha kun chirqillab yuradi, bu ham sendek odam bolasi.
— Obbo-o! Ja, deyman iymonli, insofli bo‘lib ketibsanmi keyingi paytda? Qaysi zamonda yashayotganingni bilasanmi o‘zi? O‘rikzorga bir borib kel-chi, sen aytgan insofning kilosi necha pul ekan, bilasan...
— Ke, qo‘y, Hoshimxon, boshimni qotirma. O‘zi rozi bo‘lmasa, bitta kesagiga ham tegmayman, har qalay musulmon farzandimiz...
Hoshimxon kabob chaynab turib, ishshaydi:
— Xohlasang, bir kechada ko‘chirib berishim mumkin. Jazosi bir chelak benzin-da. A, labbay?
— Og‘zingdagini yel olsin! Xayolingga ham keltirma! Agar bir gap bo‘lsa, kechirmayman. Meni bilasan, a?
— Hazil, og‘ayni, hazil! Sening bunchalik kambag‘alparvar bo‘lib ketganingdan bexabar ekanman.
— Bo‘pti, ko‘p aljiramay, ovqatga qaranglar. Kun og‘di turish kerak.
Asliddinning gapidan keyin musiqa ham pasaydi, qiy-chuvlar bosilay, dedi. Biror soatdan keyin bazmxona bo‘shab, qayrag‘och osti huvilladi. “Hormang, aka!” deb Asliddin ham eshikdan bosh suqmadi, Eshqobil ham mehmonlar tarqamaguncha hovlidan jilmadi. Qorong‘i tushgachgina, qayrag‘och ostini supurib-sidirdi, bir qopga yaqin shisha yig‘ib oldi.
Kech kuzga borib, Asliddinning koshonasi tamom bitdi. U olisdan ko‘zga chalinar, rangpar to‘rt minorasi, kungoralari, oppoq marmardan kiygan libosi bilan o‘zga imoratlardan ajralib turardi. Kechalari qasrning to‘rt tarafini o‘nlab chiroqlar yoritar, imorat go‘yo qanot chiqarib osmonga uchib ketayotgan kemani eslatardi.
Qishning o‘rtalari edi. Eshqobil aravasini haydab, Sariog‘och qirlariga qarab ketdi. Bug‘doyzorlarda bir-ikki siqim ang‘iz qolgan bo‘lsa, sidirib olmoqchi edi. Ma’rayverib, qo‘ylarning og‘zi yopilmayapti. Aravasining chuqurchasi to‘lar-to‘lmas xazon to‘pladi. Hayt, deb uyiga jo‘nadi. Ungacha kun kech bo‘ldi. Sariog‘och ham yaqin yer emas, uyiga yetguncha qorong‘u tushdi. Ko‘chasiga burildi. Qarasa, osmonda alanga ko‘rindi. Yuragi shuv etdi. Asliddinning tomida yotib yuradigan bolalar sho‘xroq edi, bitta-yarimtasi... Eshqobil eshagini niqtadi. Hovlisiga yetdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, Asliddinning uyi yonardi! Atrof to‘la odam, qiy-chuv... Hademay, vahimali chinqirib, uch-to‘rtta qizil mashina yetib keldi. O‘t o‘chiruvchilar rezinka ichaklarini sudragancha tomga yopishdi. To‘rt tomondan suv fontan bo‘lib otildi. Hademay o‘t o‘chirildi. Eshqobil eshak aravasini hovliga kiritishni ham unutib, angrayib turaverdi.
Olovning qizil tili so‘nib, atrofni achchiq tutun qoplay boshlagach, o‘t o‘chiruvchilarning boshlig‘i — semiz kapitan mahalla oqsoqolini yoniga chaqirdi.
— Ana endi akt tuzamiz. Mahalla faoli sifatida siz ham qo‘l qo‘yishingiz kerak.
Oqsoqol cho‘chib, ortiga tisarildi:
— Men nima deb qo‘l qo‘yaman? Qorovul bo‘lmasam. Bironta g‘alamisning ishidir-da bu.
Shu payt kapitanning qo‘lidagi telefon jiringladi.
— Allo, bu men, Asliddinman. O‘tni o‘chirdinglarmi?
Boshliq yaltoqlandi:
— Ha, xo‘jayin, o‘chirdik. Uyga ancha moddiy zarar yetibdi. Akt yozayapmiz, Asliddinxo‘ja aka...
— Akt-pakt qilib o‘tirmanglar. Olov o‘chirilgan bo‘lsa, qaytib ketaveringlar.
— Xo‘p bo‘ladi, xo‘jayin, xo‘p, xo‘p...
O‘t o‘chiruvchilar jo‘nab ketdilar.
Asliddin hovlisiga qaytib qadam bosmadi. Yongan uyning yoniga ham birov yo‘lamadi. Qirmizi marmar qoplangan devorlar qoraqurumga botib, chala yongan yo‘g‘on to‘sinlar tutab, tomning teshiklari oftobda yarqirab yotganicha qolaverdi. Eshqobil esa, hamon eski aravasini yeldirib, ro‘zg‘orini tebratib yuribdi. Har safar Asliddinning xonavayron koshonasi yonidan o‘tayotganda kuydirgan kalladay bo‘lib turgan baland gumbazlarga mung‘ayib boqadiyu sekin uf tortib qo‘yadi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.