Shahardagi ko‘p qavatli uylardan biri. Rohatilla hafsala bilan uyni supurib-sidirdi. Keyin sochiqlarni chayib qo‘ygani vannaxonaga kirdi. Shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
— Eshik ochiq, — dedi Rohatilla, — kiraversinlar.
Rohatillaning sobiq kursdoshi Sodiqjon bilan uning xotini kirishdi. Sodiqjon dahlizdan ovoz berdi:
— Qaydasiz Rohatim? Farg‘onadan keluvdik bir juft bo‘lib, zora yangi yil arafasida bir piyola choy topilsa, deb...
Rohatilla o‘rtog‘ini tovushidan tanidi, hazilga javoban hazil qildi:
— Mening uyim choyxona ekan-da, senlarga! Tavba! Erinmay Toshkentga choyxona izlab kelishibdi. Mayli, kira qolinglar.
Sodiqjon bilan xotini Matluba vannaxonaga mo‘ralashdi. Rohatillaning vashillatib kir yuvayotganini ko‘rib, Sodiqjon uchiriq qildi:
— Obbo-o! Men nima degandim, a, boshida sizga? Surayyoning sovuniga kir yuvmagansiz, to‘ydan keyin sizni tsirkdagi maymunday o‘ynatadi, demaganmidim?
Matluba eriga qarab im qoqdi:
— Ko‘rib qo‘ying, xo‘jayin, zamonaviy erkak mana shunaqa bo‘ladi!
— Eshitdingizmi, Rohatilla, — deb kuldi Sodiqjon, — siz zamonaviy ermak ekansiz, xi-xi-xi...
— Ermak emas, erkak, qishloqi! — dedi kuyunib Matluba.
Mehmonlar yechinib, ichkariga o‘tguncha uy egasi ham kirini yoyib kirdi. Do‘sti bilan quchoqlashib ko‘rishdi, Matlubaga nimta’zim qildi. Sodiqjon o‘ziga xos sho‘xchan ohangda xotinini tanishtirdi:
— Bu keliningiz Matlubaxon. Vodiyni uch yilu olti oy kezib, yetti ming qizning ichidan shuni tanlab oldim. Kasb-korlari muallimlik. Kunduzi bolalarni tarbiyalaydi...
— Kechqurun sizni, — deb bosh silkidi Rohatilla.
— Barakalla! — do‘stini ma’qulladi Sodiqjon, — lekin hozircha biron effekt bo‘lmayapti.
— Ajab bo‘pti! — deb labini burdi kelin. Sodiqjon atrofiga alanglab so‘radi:
— Surayyo ko‘rinmaydimi? Rohatilla do‘stimning bir xotini bor, agar ko‘rsang yaponskiy jvachkaday yopishib qolasan, deb obkeluvdim buni. Nima bo‘ldi? Tag‘in oralaringdan ola mushuk o‘tdimi?
— Bu safar qora mushuk o‘tdi shekilli, — dedi xo‘rsinib Rohatilla, — bir hafta bo‘ldi, arazlab onasinikiga ketib qolgan. Uyning yotishi bu. Xullas, bo‘ydoqlik gashtini surib yuribmizda, do‘stim.
— Yana o‘sha g‘ish-g‘ishami? — dedi Sodiqjon, — og‘aynilaringiz Surayyoni yubka kiygan Otello deb kulishardi.
— Hozir ham shu, — g‘amgin iljaydi Rohatilla, — uyga sal kech kelsam, idoraga telefon qiladi. Eshikdan kirsam, yoqamni iskab ko‘radi. Hatto televizordagi o‘yinchidan ham qizg‘anadi. Nega sizga qarab muqom qilayapti, deydi. Jon xotin, hozirgi zamonda jazman tutishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun biqiningda sotovoy telefon, tagingda «mersedes» yo «neksiya», cho‘ntagingda bir dasta ko‘kidan bo‘lishi kerak, dedim. Sira past tushmaydi. Bilaman, yurasiz, deydi.
— Telefon qilib turibdimi?
— O‘-o‘! Telefondan kamchilik yo‘q. Har kuni kechroq sim qoqib, tekshirib qo‘yadilar. Birontasi bilan maishat qilib o‘tiribdi, deb o‘ylasa kerak-da.
Shu payt telefon jiringladi. Rohatilla go‘shakni ko‘tarib, «labbay!» dedi, javob bo‘lmadi.
— «Otello» xonim, — dedi uf tortib Rohatilla, — nafas olib turibdi. Xotin poshshoni nafas olishidan ham taniyman. Indamadi.
Halitdan beri jimgina o‘tirgan Matluba gapga aralashdi:
— Endi men olaman go‘shakni, Rohatilla aka. Siz indamang.
— Unda xotinsiz qolaman-da, Matlubaxon!
Kelin makkorona kuldi.
— Aksincha! Xotinchangiz Marg‘ilon ipagiday muloyim bo‘lib uyga qaytadi. Mana, ko‘rasiz.
Shu payt tag‘in telefon jiringladi. Go‘shakni Matluba ko‘tardi. Sim qoqqan Surayyo edi. Ikki ayol o‘rtasida mana bunday «samimiy» savol-javob bo‘lib o‘tdi.
Matluba: Allo, eshitaman.
Surayyo: Allo! Allo! Kim bu?
Matluba: Kechirasiz, o‘zlari kim bo‘ladi?
Surayyo: Menmi? Men Rohatilla akaning xotinlariman.
Matluba: Voy o‘lay! Rohatilla akam menga bo‘ydoqman, yaqinda xotindan ajrashdim, degan edilar-ku?
Surayyo: Allo! Ho‘v, nima deb aljirayapsiz?! Allo! Allo!
Matluba piqillab kuldiyu go‘shakni qo‘ydi.
— Qovun tushirdingiz, Matlubaxon, — dedi Rohatilla. — Hozir yetib keladi. Yana boshimda yong‘oq chaqadi.
Matluba farg‘onacha payrov qildi:
— Bunisi handalak edi. Qovunni xotinchangiz kelganda tushiraman. Bo‘lajak dugonamni bir tavbasiga tayantiramanki, ikkinchi rashk qilmaydigan bo‘lsin. Faqat sizdan iltimos, Surayyoxonning tovushini eshitganda yugurib chiqmaysiz. Kelishdikmi?
— Mayli.
Yigitlar oshxonaga chiqib, sabzi to‘g‘rashga kirishdilar. Matluba shkafni ochib, Surayyoning uy kiyimlarini kiya boshladi.
Rohatilla rost aytgan ekan, yarim soat o‘tar-o‘tmasdan hovliqqancha Surayyo yetib keldi.
Jahl ichida qayta-qayta eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Matluba eshikka yaqinlashdi.
— Kim u?
— Oching! Men Surayyoman!
Matluba eshikni ochdi va uy bekasidek chimirilib so‘radi:
— Kechirasiz, sizga kim kerak?
Surayyo ostona hatladi. G‘azabdan lablari titrab so‘radi:
— Avval siz javob bering. Bu yerda nima qilib yuribsiz?
Matluba qiyshanglab dedi:
— Tavba! Birovning uyiga kirib olib do‘q qilishlarini qaranglar-a?
Surayyo ko‘karib ketdi:
— Qanaqasiga birovning uyi bo‘ladi?! — deb baqirdi u. — Bu uyning bekasi, mana biz bo‘lamiz. Men Rohatilla akaning xotiniman, bildingizmi?
— A-a, tushundim, — masxara qildi Matluba, — sobiq xotiniman, demaysizmi? Rohatilla akamlar aytuvdilar, mayda-chuyda narsalarini olgani kelsa, eshik ochma, devdilar-a...
— Hov, nima deb o‘ylayapsiz? Rohatilla akamni chaqiring-chi, bir gaplashib qo‘yay!
— Uzr, chaqirolmayman. U kishi hozirgina vannadan chiqdilar. Dam olayaptilar.
— Vannadan? Kuppa-kunduz vannada nima qiladi?
Matluba kuldi:
— Odamlar vannada nima qilishini yaxshi bilasiz-ku...
Surayyo Matlubani chetlatib, zo‘rlik bilan ichkari kirmoqchi bo‘ldi.
— Unda o‘zim kiraman. Qo‘yvoring!
— Hech qayoqqa kirmaysiz. I-i qo‘lingizni oling, xalatimni kir qilasiz.
Surayyo begona ayolning egnida o‘z xalatini tanib qoladi.
— Noinsof! Birovning kiyimini kiyib olgani uyalmaysizmi? Yeching hozir.
— Voy, tavba-a, — yoqasini ushlaydi Matluba, — shu siznikimi? Shu-ya?
Buni bir oy burun Rohatilla akam ikkovimiz ippodromdan olganmiz. Siz uyaling! Hali mana shu shippakni ham meniki, dersiz?
Surayyo holdan toydi. U gup etib yerga o‘tirdiyu, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
— Rohatilla-aka-a! Qaerdasiz? Odamni shunchalik ham xo‘rlaysizmi?
Rohatilla Matlubaning masxarabozligini zo‘rg‘a kuzatib turgan edi, xotinining yig‘isini eshitib chidamadi.
— Men bu yoqdaman, xotinjon, — deb ichkaridan chiqdi. Surayyo hiqillab erining bo‘yniga osildi. Matluba bir-biriga mushukday yopishib qolgan er-xotinga alang-jalang qarab turdi-da, go‘yo hayron bo‘lib dedi:
— Ana xolos... Rohatilla aka bu ayolning eri bo‘lsa, mening erim qayoqda?
Iljayib oshxonadan Sodiqjon chiqdi.
— Sizning eringiz, mana biz bo‘lamiz-da, xonim...
Matluba erining yelkasiga bosh qo‘ydi. Anchadan keyin ikki kuyov, ikki kelin bir-biriga qarab turishdi-da, kulib yuborishdi.