Yo‘g‘-e deysizmi? Ha, deyavering. Men bir narsani bilmasam aytmayman. Mana, deylik siz tumanning bosh arxitektorisiz, yoki deylik, iste’molchilarni himoya qiluvchi allaqanday uyushma raisisiz. Bu dunyoda kutilmaganda har narsa bo‘lishi mumkin. Deylik, siz loyihasini chizgan imoratingiz bir tiyinga qimmat ekanligi aniq bo‘lib qoldi. Xaridori yo‘q. Yoki bo‘lmasam siz kimnidir himoya qilmoqchiydingiz. O‘zingiz chuv tushib, pora bilan qo‘lga tushib qoldingiz. Xullas shunga o‘xshagan gaplar bo‘ladi-yu, siz xijolatga qolasiz. Buning ustida uyga kelsangiz, xotinchangiz negadir noz-firoq qilib, oldingizga tezroq choy-non opkelmadi. Tabiiyki, biroz qattiq –quruq gaplardan aytishingizga to‘g‘ri keldi, deylik, bir tarsaki –yu bir tepki bilan ham siyladingiz. Shu payt xotinchangiz “rahmat” deyish o‘rniga tappa tashlab, “voy yuragim, nafasim qisyapti, o‘laman...” deb qolsa bo‘ladimi.
Axir alamingiz keladimi bunaqa kutilmagan ishlarga. Keladi. Xo‘sh, endi nima qilish kerak? Men sizga aytsam, jonim oshnam, o‘ylab o‘tirmay darrov “Tez yordam” chaqiring. Ha, ha, darrov nol uchga qo‘ng‘iroq qiling. Uyoqdan kimdir, “Allo, Tez yordam eshitadi” deydi bemalol ovozda. Siz alamingizdan yorilib o‘lay deyapsiz-u, uyoqda esa kimdir bemalol ... Shunda he yo‘q, be yo‘q, “He seni tuqqan... deb birdaniga baqira keting. Og‘zingizga kelgan gapni qaytarmay so‘king, so‘king. Qalay, ancha yengil tortingizmi? Endi “Qaerga yuboraylik, kim kasal, yoshi nechada”, deb so‘rashlari tabiiy. Siz aytmang, kerak bo‘lsa o‘zlari izlab topsin. Siz so‘king. Har qancha so‘ksangiz ham ular chidaydi, majbur chidashga. Chunki qasam ichganda “bemorga beminnat xizmat qilamiz, qo‘pol muomala qilmaymiz” deb. Birov yarim qasamxo‘rlari bo‘lsa, sizni ham qaytarib so‘kishi, yoki “he tarbiya bergan padaringga la’nat” deyishi mumkin. Lekin bu kamdan-kam bo‘ladi va undaylarga siz yanada battarroq yuqoridan kelasiz, ya’ni “meni so‘kding-a, ana endi enangni uchqo‘rg‘ondan ko‘rsataman, ertaga prokurorga boraman, ishdan haydataman” deb so‘kishingizga asos bor. Ana shunda alamingizdan ancha chiqasiz. Ancha yengil tortasiz. Menga ishonavering. Xo‘sh, yana alamingiz kelayaptimi? Chaqiring, tez yordamni. Kimga chaqirayotganingizni so‘rasa aytmang, faqat “tez bo‘l” deyavering. Qaerga yuboraylik desa ham aytmang va “tez kelasanlarmi, yo‘qmi, hozir borib so‘yaman, yoraman” deb baqiravering. Kasal yosh bolami, katta kishimi, qanday duxtur yuboraylik desa ham aytmang. Bor ovozda baqiravering. Turubkani qo‘ymasdan, “yubordingmi, yubordingmi, nega kelmayapti, bir soat bo‘ldiku chaqirganimga, qani mashinang” deb urra so‘kavering, so‘kavering, so‘kavering. Qarabsizki, ancha alamingizdan tushib qolibsiz. Shundayam bo‘lmasa , tez yordam doktorlari o‘yingizga bir amallab kelgandan so‘ng, yana baqiring. Eshik oldida ikki qo‘lingizni belingizga tirab “nega kech kelasanlar, kasal o‘lib bo‘lganidan so‘ng kelasanlarmi, senlar toshbaqa, xaromxo‘rlar, mol duxtursanlar” deb avra-astarini ag‘darib so‘king. Bemorning oldiga kirishga qo‘ymang. Siz uchun bu zarur emas-ku.
Agar duxtur gap qaytaradigan bo‘lsa, bir urib qalpog‘ini uchirib yuboring. Aytib qo‘yay, faqat qalpog‘ini. Aslo haddan oshib, duxturlarni urib mayib qilib qo‘ymang. “Xizmat vazifasini bajarayotganda hujum qilgan” deb o‘zingizni sudga berishi mumkin. Shuning uchun qancha alamingiz bo‘lsa, faqat og‘iz bilan oling. Til besuyak, so‘kinganingiz esa havoga uchadi, ketadi. Zato alamingizdan chiqasiz-da .
Bilasizmi, ko‘plar alamidan chiqish uchun tez yordamni yolg‘ondan ham chaqirishadi. So‘ng ular kelib, bemorni izlab, ko‘chadan uyoqqa, buyoqqa sarson bo‘lganini ko‘rib ham rosa maza qilsa bo‘lar ekan-ey. Ishonmasangiz siz ham yolg‘on chaqiriq berib ko‘ring. Bir duxtur, bir feldsher va haydovchi “tez yordam” mashinasida siz bergan yolg‘on manzilni sarson bo‘lib izlab yurganda ularni qaerdadir haqiqiy bemor jon talashib kutayotgani-yu, uning sizga o‘xshagan og‘aynilari “nega kech kelasan” deb duxturlarning giribonidan olishini bir ko‘z oldingizga keltirsangiz, oh, oh qanday maza qilasiz-a...
Qalay, alamingizdan chiqay deyapsizmi? Bo‘sh kelmang. Chaqiring, chaqiring, nol uchga qo‘ng‘iroq qiling. Navbatchi boshqaruvchi go‘shakni ko‘targandanoq tutib so‘king, baqiring, baqiravering, bor ovozda baqiring, tomog‘ingiz qurib qolsa suv ichib oling. Tag‘in sovuq suv ichmang, tomoqni shamollatib qo‘yasiz. Ilmiliq choydan xo‘plab-xo‘plab baqiring. To allamingizdan chiqquncha, hovuringizdan tushguncha tinmay baqirib so‘kavering. Ha bo‘ling, bo‘ling, qo‘rqmay chaqiravering. Kelish kelmasligining sizga qizig‘i yo‘q-ku. Eng asosiysi, siz alamingizdan chiqishingiz kerak. Demak, “Tez yordam” xizmati sizga xizmat qilishga tayyor, nol uchga qo‘ng‘iroq qiling. Alamingizdan chiqib sal yengil tortingizmi? Ular bunaqasiga ham, unaqasiga ham sizga xizmat ko‘rsataberadi. Alamingizdan chiqqan bo‘lsangiz biz xursandmiz. Yana xizmat bo‘lsa, marhamat. A? ! O‘t o‘chiruvchilarni chaqirib, alamimdan chiqsam bo‘ladimi deysizmi? Ha endi bu boshqa mavzu. Bu haqda keyin...
Hozircha “tez yordam” xizmatidan foydalanib turishingizni maslahat beraman. Xizmat bepul va beminnat. Faqat tomoqqa ehtiyot bo‘ling. Qurib-qaqrab qolsa, aslo sovuq suv icha ko‘rmang. Xudo ko‘rsatmasin, tomog‘ingiz og‘rib qolsa, keyin qaeringiz bilan baqirib, so‘kinasiz...