OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Imtihon (hajviya)

Uzoq yillar bosh hakimning muovini bo‘lib ishlagan va keyingi ikki yilda "o‘z arizasiga binoan bo‘shatilib", Eshako‘ldi qishlog‘idagi ambulatoriyaga terapevt qilib ishga jo‘natilgan Turdievning jikkakina tanasini bir vahima o‘rgamchak turiday o‘rab olgan. Besaramjon.
Uyqusizliqdan qizargan ko‘zlarining tagi xalta. Lunji, baq-baqalari battar osilgan. Ikki chakkasi oqargan taqir boshini qashlayverib qo‘tir yaraga to‘ldirib yubordi. Baribir taskin yo‘q. Xayol har tarafga olib qochadi. "Endi nima bo‘ladi? Ertaga qanday qilaman?"
Qabuliga kelgan bemorlarni tekshirib, davo buyurayottanda ham xayoli joyida emas, necha bor adashib ketdi. Qorni og‘riganga quloq og‘rig‘i dorisini, ko‘zi og‘riganga surga dorisini buyurib yubordi. Yaxshiyamki u bu yerga ishga o‘tgandan beri bemorlar kelmay qo‘yishgan. Tuman markazidagi poliklinikaga borishadi yoki tez yordam chaqirishadi. Unga keladigani uch-to‘rtta qari-qartanglar, ularning ham kasali aniq.
– Bolam, necha kundan beri boshim og‘riydi, qulog‘im shang‘illaydi. Nima qilsam ekan-a, – deydi hassa suyangan, yarim bukilgan, afti g‘ijimlangan qog‘ozday bo‘lib qolgan Mastura xola.
Ambulatoriya yonidagi hovlida turadigan bu kampirning shikoyati Turdievga yod bo‘lib ketgan. U eshikdan ko‘ringandan;
— Ha, xola, bosh og‘riyapdimi? Qulog‘ingiz shang‘illayapdimi? - deydi.
— He, folchi, bo‘lib keting-e, duxtur bolam. Dardimni darrov topdingiz-a. He, kam bo‘mang. Kim nima desa desin-u; bu atrofda o‘zingizdan zo‘r duxtur yo‘q, bolam. – deydi Mastura kamtir bo‘sh stulga o‘girarkan: 
—  Topdingiz bolam. Bosh o‘lgur hech qolmayotibdi. Kecha Bibirajab satang chiqqan edi. Sizga anangin degan dori kor qiladi dedi. Satang nimani bilardi. Duxtur bolamdan so‘rayin,
iching desa ichaman deb ko‘nmadim. Bolam, nima qilasiz? Shu dorini buyurib ko‘rasizmi-a?
— Hm-m. Analgin deng. Yordam qilarmikan. Shuni buyuraymi?
— Ha, bir buyurib ko‘ring-chi. Zora yordam qilsa.
— Sizning bosh og‘rig‘ingiz juda eskida...
— Ha, to‘g‘ri aytasiz, aylanay bolam, Juda eski. Hozir 98 ga kirgan bo‘lsam, 50 yoshimda cholim boshimni o‘r b yoruvdi. O‘zi allaqachon chin dunyoga ketdi-yu, lekin juda rashkchi edi-da, tushmagur. Tilbuzurda ashula aytayotgan artistta ko‘z qisding deb, ketmon bilan urgan. Bir hafta bexush yotganman. O‘shandan beri og‘riydi, bolam, o‘shandan...
– Bilaman, xola, bilaman. Avval ham aytgansiz. Bo‘pti. Mana aptekaga qog‘oz. O‘sha analgindan ichib ko‘ring-chi.
Kampir uni alqab-alqab chiqib ketadi. Turdiev yana xayolga toladi. Ertanga kunni o‘ylaydi. "He-e... qanday bo‘larkan-a. Nahot-ki. Yo‘g‘-e. Shuncha yil ishlab-a. Pensiyaga atigi bir yil qolganda-ya. E, xudo, o‘zing madad ber..."
Uning xayolini bo‘lib, qabuliga o‘rta yoshlardagi bir odam kiradi. To‘n, telpak kiygan.
— Duxtur bobo, bir necha kundan beri qornim og‘riydi. Nima bo‘ddi ekan-a? Bir tekshirib ko‘rasizmi? Qarang. Mana bu yerim, - deb haligi odam ko‘ylagini ko‘tarib kindigi atrofini bosib-bosib ko‘rsatadi: 
– Mana, mana shu yer. Vah, vah. Bossa og‘riyapdi. Qarang...
—  He, u yerda oshqozon joylashgan. – deydi Turdiev o‘tirgan joyida: – Yara bo‘lsa kerak.
— Yo‘g‘-e, darrov-a. Balki bu jigardir, duxtur? 
Turdiev burnini chuqulaydi, labini burib qo‘yadi.
— Bo‘lishi mumkin. Jigar ham shunday og‘riydi.
— Siydigim sal qizarganday. O‘zimcha buyragam shamolladimikan, deyman.
— Ihm. Buyrak? Balki buyrakdir. Siydikniig bulog‘i buyrakdir. Siydik tutilsa, tamom.
— He, bilmay qoldim, duxtur, juda hayronman. Ichaklarimga bir narsa bo‘ldimikan? O‘zimcha qurt bormi deyman ichimda. Qurt ham shunday og‘ritishi mumkin-a, duxtur?
— O‘h, topdingiz. Tochno. Bu qurt. Qurt ham shunaqa og‘ritadi, padar la’nati. Ha, ha. Sizda qurt bor. Siz ochqolganda, ular ham ochiqib g‘imirlab qolishadi. Siz to‘q bo‘lsangiz, ular ham to‘q, uxlashadi. Qorningaz ham og‘rimaydi. Topdimmi?
— He, yashang, duxtur. Topdingiz. Qoyil sizga...
— He-e. O‘qiganmiz-da. Buni hamma ham bilavermaydi.
— Duxtur, shu qurtga oshqovoq urug‘i davo deyishadi, chinmikan?
— Ha-da. Sizga shuni buyurmoqchi bo‘lib turuvdim. O‘zingiz aytib qoldingaz.
— Mayli-kuya. Lekin bir aptekachi oshnam qurtlarga Vermoks degan dori shakma-shak degan edi.
— Vermoks? Vermoks. Ver ... Ixm. Kim aytgan edi?
— Aptekachi oshnam.
— Ha-a, aptekachi bo‘lsa biladi. To‘g‘ri aytibdi. Vermoks yaxshi dori. Shuni sizga buyuraman.
— Balki oshqovoq uruta yaxshidir-a, duxtur? Har qalay tabiiyda...
— Bo‘pti. Oshqovoq urug‘ini buyuraman.
— Yoki Vermoks yaxshimikan-a?
— He, qanaqa odamsiz o‘zi, Vaqtimni olmang. Sizsiz ham kallamda mingga tashvish. Tezroq ayting. Qaysisini buyuray?
— Uzr, duxtur. Mayli, oshqovoqni buyura qoling.
— Bo‘pti. Mana aptekaga qog‘oz. Qanchadan va qanday ichishni aptekachi tushuntirardi. Boring.
Bemor chiqib ketadi. Turdiev uf tortadi. Boshini changallaydi.
Yana ertangi kunni o‘ylaydi. Kabinetida bugun bir o‘zi. Yonida o‘tiradigan hamshirasi o‘zining xotini.
— Bugun bolalaring bilan piyozni o‘toqdan chiqar, – deb xotinini uyda qoldirgan. Turdiev yana bir-ikki bemorni ko‘rgan bo‘ldi. Ularni qon va siydik tahliliga yuborib, "indinga kelasizlar, ertaga men bo‘mayman", deb jo‘natdi. Uyga qaytdi. O‘zining "kabinetim" deb atalmish xonasiga kirib, divanga cho‘zildi. Ishdan kelib, biroz uxlab olish odati bor edi. Mizg‘imoqchi bo‘ldi. Baribir bo‘madi. Xayol opqochaverdi. Uzoq to‘lg‘onib yotdi. Uf-f. Taqdirim ertaga hal bo‘ladi. Birdaniga. Barisi. Avval oliy toifamni olib tashlashadi. So‘ng yarim stavka qo‘shimchani qirqishadi. Shu bilan tamom. Eh, nima qilsam ekan. Nima qilsam. He-e, to‘rt yilgina chidab tursam edi. So‘ng pensiyaga chiqaman. Qutulaman. Qutulaman baridan. Hammasi jonga tegdi. Ish ham, kasallari ham. He, boshidan qolsin... Shu ambulatoriyaga qaysi go‘rdan o‘tdim. Rosa bosh og‘riq ekan. Hujjatlarishshg ko‘pligini aytmaysizmi. Kasallari ham bir mijg‘ov, bir bedavoki-ey. He, qurib ketsin, shu to‘rt yil tezroq kela qolsaydi. Uf-f. Endi bu tashvishlarningpaydo bo‘lganini qarang. Tavba. Bizning davrimizda bunaqa gaplar yo‘q
edi. E, xudoyim-ey. Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsinda...
— Ha, dadasi, keldingizmi? – xotini kirib xayoli bo‘lindi:
– Biz ham piyozni o‘toqdan chiqardik. Nima qildi? Charchadingizmi, dadasi?
— Ha. Bosh og‘riyapdi.
— Voy, nega? Nima qildi?
— He, so‘rama. Ertaga attestatsiya emish. Barcha duxturlarning kasbiga va toifasiga loyiqligini imtixon qilarmish.
— He, qo‘rqmang, dadasi. Imtixonlarni endi ko‘ryapsizmi.
— He, shunday deysanda. Viloyatdan kelib olarmish. Rosa stroga deyishyapdi. Kecha qo‘shni tumandan yigirma kishini yiqitibdi. Shularni eshitib, rosa boshim qotyapdi. Qariganda bu ko‘rgulik ham bormidi menga.
— Qo‘ying, siqilmang, dadasi. Bir gap bo‘lar.
— Koshki edi. Pensiyaga tuzukroq oylik bilan chiqsam, deb yurgan edim. Xudo ko‘rsatmasin paq etib yiqilsam. Qo‘shimcha ketadi, toifa ketadi. Pensiya ham rasvo bo‘ladi-da so‘ng.
— Bunday o‘tirgandan ko‘ra ozroq kitob o‘qing bo‘masam.
— Kitob? Qanaqa kitob? Qani o‘sha kitob? Koshki kallaga kirsa.
— Voy, dadasi. Cherdakda studentligingizda ko‘taradigan chamadoningiz yotibdi. Ichi to‘la kitob. Hozir bolalarga aytaman, olib tushishadi. O‘qing.
Birozdan so‘ng xotini yostiqday-yostiqday besh-olti kitobni gurs-gurs urib, changini qoqib olib kirdi. Institutda o‘qigan kitoblari ekan. Terapiya, kardiologiya, xirurgiya, nevropatalogiya. U kitoblarni varaqladi. Eh-he, buni qachon o‘qib chiqaman. Tag‘in bari o‘rischa ekan. Koshki buni tuzuk tushunsam.
– Dadasi, men issiq choy damlab kelaman. Siz g‘ayrat qilib o‘qing. Inshollo, ertaga o‘tib ketsangiz, - deb xotini xonadan chiqdi.
Turdiev kitoblarning birini qo‘yib birini varaqlardi. O‘qigan bo‘ldi. Kallasiga kirmadi. So‘ng kitoblarni nariga surib, yana divanga cho‘zildi. Xotini choynak piyola ko‘tarib kirganda, u bitta kitobga peshonasini tiraganicha xurrak otardi.
Ertalab imtixon bo‘ladigan majlislar zaliga hammadan oldin bordi. Eshik oldida turdi. Birov kiryapdi, birov chiqyapdi. Qovog‘ini uyib chiqqanni ko‘rsa, uning ham yuragi urib, oyog‘i qaltirab qoladi. Birontasi kulib chiqsa, u ham xursand. Eng oxirida orqasidan birov itarganday bo‘lib kirdi. Yigirma chog‘li hay’at a’zolari to‘rda tizilishib o‘tiribdi. Bari notanish. Kadrlar bo‘limining boshlig‘i uning shaxsiy varaqasini o‘qidi. Ish staji 30 yildan oshgan. O‘tgan umri rahbar bo‘lib ishlagan. Oxirgi ikki yilda...
– Eh-he, pensiyaga ham yaqin qopdi-ku, duxtur, – dedi hay’at raisi.
— Ha, ha, qaridik, oz qoldi. - dedi Turdiev yaltoqlanib, hayat a’zolariga bir-bir qararkan.
— Sizdan nimani so‘rasak ekan? Xo‘sh-sh...
Hay’at raisining unga qadalib turgan nigohlariga dosh berolmay Turdievning yuragi "shuv-v" etib ketdi. "Endi o‘ldim", deb o‘yladi va birdan uning qo‘lini ushlab yalinishga tushdi.
— He, so‘rab nima qilasiz, duxtur uka. Endi, qariligimni inobatga oling. Jon aka. Jon aka. Akajon. Iltimos. Pensiyaga yaqin qoldi. Bir yaxshilik qiling.
— To‘g‘ri-ku-ya. Lekin, baribir so‘rash kerak-da. Bir kun bo‘lsa ham siz bemorlar bilan ishlaysiz, axir. Bilishingiz kerak...
— O‘qib olaman, o‘qiyman. Jon aka. qiynamang. Iltimos. Baraka toping. Akajon...
Hay’at raisi uning yig‘lamsirab turgan basharasiga qarab turarkan, bosh chayqadi.
— Obbo siz-ey. Bo‘pti. Bitta yengil savol. Patogenez degani nima? Shuni ayting, o‘tasiz...
— Pat... Pat... Duxturjon. Aytdim-ku, o‘qib olaman shuni. Jon uka. Aka. Yordam qiling. Bir odamgarchilik qiling. Iltimos.
Hay’at raisi yonidagilarga qaraydi. Ular yerga qaraydi. Turdiev qo‘li ko‘ksida, ko‘zlarini namlab ham bir hay’at a’zosi yoniga borib iltimos qilishga tushadi. Ular eridi.
— He, qiynab nima kerak. Baribir bilmaydi, - dedi o‘rta yoshlardagi bir odam. 
— Tezroq tugataylig-e. Qorin ham ashulasini ayta yotibdi, – dedi yana birovi.
— Duxtur uka, otangiz tengiman. Yordam qila qoling. Yaqinda pensiyaga ketaman. Meni kuydirmang. Uzoq yillar men ham rahbar bo‘lib ishlaganman, axir. Yuragam yomon. O‘lib-netib qolmayin. Oltita bolalarim bor. Ukajon. Jon uka.
Turdiev stulga o‘tirib ko‘kragini changalladi, ko‘zlarini ola-kula qildi. O‘ttan yili infarktdan o‘lgan otasini eslatganimi yoki sheriklarining tushlikka chiqish kerak deb tipirchilab turganidanmi, ishqilib hay’at raisi ham yumshadi.
— Bo‘pti. Bu marta shartli ravishda o‘tdingaz hisob. Malakangizni oshirib kelasiz. O‘qing aka, o‘qing. Boring. - dedi hay’at raisi unga ensasi qotib tikilarkan. Turdiev tirjaydi. Bukilib qulluq qildi.
— He, rahmat-e. Baraka toping. Albagta o‘qiyman. Shu bugun borib o‘qib olaman o‘sha papa, pata, patalogiyani. Rahmat akalar...
Tashqariga chiqa solib, "o‘tdim" deb maqganmoqchi edi, koridorda o‘zidan boshqa hech kim yo‘q ekan. Uyga yugurdi. Kelasolib xotinini dast ko‘tarib bir aylantirdi. 
Xotin, suyunchi ber. Imtihondan o‘tdim. Qutuldim. Endi pensiyagacha maza. Bopladim.
— Voy, tabriklayman. Qanday qilib? Hamma savollarga javob berdingizmi? Osonlari tushdimi?
— He, qaerda. Bilmadim. Shunday bo‘lsa ham o‘tdim.
— Voy qanday qilib? Qariligingizni hurmat qilgandir-da? To‘g‘rimi?
— Endi bu yog‘i sir. Ishqilib o‘tdim-da. O‘tdim. Xotin, palovni os, o‘tdim. Endi bu yog‘i o‘yin. O‘yin. O‘yin...
Turdiev xotinini hayron qoldirib, meshday qornini va baq-baqalarini silkitganicha, barmoqlarini qirsillatib birdan o‘yinga tushib ketdi:
— Xax, kishtala ...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.