OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Noshukur banda (hajviya)

(bir kimsaning nomai holi)

U tug‘ildi-yu, yig‘lab yubordi.
Qanaqa dunyoga kelib qoldim-a? ­ deb hayron bo‘lib, qotib-qotib yig‘lardi. O‘rab-chirmashdi. Onasi ko‘krak tutdi. Baxtiga qarshi onasining ko‘krak uchi yassi ekan, ema olmadi.
Shu ham ko‘krak bo‘ldi-yu, emmayman, ­ vag‘illadi yana. Do‘kondan rezina so‘rg‘ich opkelishib bo‘yniga osib qo‘ydilar. Sun’iy sutlardan emib asta-sekin ulg‘aya boshladi. Lekin hech narsadan ko‘ngli to‘lmasdi. Otasi olib bergan ust-bosh goh katta, goh kichik. Onasi qilgan ovqatlar go‘yo bemaza, beta’m edi. Kun bo‘yi yuziga pashsha qo‘nib oldidagi ovqatni yemasdan xarxasha qilib o‘tiraverardi. Bechora ota-ona hayron edi. Axir “puf-puf”lab, hech kimga ishonmay shuncha avaylab qaragani bilan o‘g‘ilchasining ko‘nglini topisholmasdi-da. Ba’zan otasining jahli chiqib do‘pposlab tashlamoqchi bo‘lardi-yu, onasi oraga tushardi:
Qo‘ying, dadasi. Kattaraversa esi kirib yaxshi bo‘lib qoladi, ­ derdi bolasining boshini qo‘ltig‘iga yashirib.
Maktabga bordi. U yerda ham o‘qituvchilar bilan chiqisholmasdi. Darsdan qochardi.
Faqat mendan so‘rashadi. Ataylab meni doskaga chiqarishadi. Menda qasdi bor, ­ derdi hinqillab yig‘larkan. Sinfdoshlari bilan ham do‘stlasha olmadi.
Mening ustimdan gapirib kulishadi. Meni ko‘rolmaydi, ­ derdi onasiga ko‘z yoshi qilib. Dastyor bo‘lib qolgani uchun ota-onasi ba’zan-ba’zan buyurgan ishni ham yolchitmas edi. Birdan goh biqini, goh qorni og‘rib qolardi. Ota-onasi qo‘rqib do‘xturma-do‘xtur chopishardi.
Nega hamma kasal menga yopishadi? Nega boshqa bolalar kasal bo‘lmaydi? ­ deb baqirib yig‘lardi ukollardan bezor bo‘lganidan. Rangi zahil, badani momiq paxtaday bo‘lib o‘sa boshladi. Maktabni ham bir amallab bitirdi. Otasi tanish-bilish qilib bir institutga kirgizib qo‘ydi. Imtihonlarni pul bilan topshirib o‘qidi. U yerda ham birovga el bo‘lolmadi. Chaqimchilik qilardi.
Meni hammasi yomon ko‘radi. O‘zlari yomon, ­ derdi o‘zicha kuyunib. Uyiga ta’tilga kelgan vaqtlarda qishlog‘i ko‘chalarida gerdayib yurardi. Hech kimga salom bermas edi. Umuman salom berishni o‘ziga or bilardi.
Men katta shaharda o‘qisam-u, bu qishloqilar menga salom berishmaydi...
Ishga kirdi. Tag‘in g‘urbat. “Oyligi kam. Ish ko‘p. Odamlar yomon...”
O‘ziga o‘xshagan bitta-yarimtani yig‘ib, boshliqlarning ustidan ig‘vogarlik qilib, yumaloq xat yozishdi. Niyatiga yetolmagach, yana kuyunib yurdi:
Hech yerda haqiqat yo‘q. Baliq boshidan sasigan...
Qari ota-onasini ham har kuni “Menga yaxshi sharoit yaratib bermadinglar, mening shunday qiynalib yurishimga sizlar aybdor” deb, ta’na qilaverib, kun bermasdi. Bechoralar unga kuya-kuya, izidan chopa-chopa, uni suyay-suyay o‘zlari ham olamdan o‘tib ketishdi. U esa bevafo dunyodan nolib yig‘lab qolaverdi. So‘ng tog‘alari uni gulday bir qizga uylantirib qo‘yishdi. Lekin xotini bilan uzoq yashamadi. Xarakterlari to‘g‘ri kelmaganmish.
Televizordagi qiziqchiga qarab tirjayadi. Ko‘chadan kelgan tilamchiga non berardi, ­ deb xotinini yomonlab yurdi. Shu bilan qayta uylanolmadi. O‘lg‘iz yashadi. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan sozi yo‘q, suvi tinimasdi.
Bari g‘iybatchi, bari meni ko‘rolmaydigan odamlar...
Hamma uni ko‘rsa qochadigan, aylanib o‘tadigan bo‘lib qoldi. Tog‘alari uni ko‘rgali qanday-qanday kelsa, ularga qarab janjal qilardi:
Qanday tog‘asiz-e. Holimdan xabar olmaysiz. Og‘ainlarda mehr-oqibat yo‘q.
Sen o‘zing ham bunday og‘ainlarnikiga mehmon bo‘lib borgin-da. Kelganlarni ochiq yuz bilan kutib olgin-da, ­ derdi tog‘asi tanbeh berib.
Menga joni achishadigan yo‘q. Hammalaring meni yomon ko‘rasizlar. Nega meni hamma yomon ko‘radi? ­ deb yig‘lardi u.
Mahallaga qo‘shilmay qo‘ydi. Hovlisining eshigini kirsa ham, chiqsa ham tanbalab yurardi. Nihoyat pensiyaga chiqdi. Pensiya beradigan joyga borib har kuni janjal qilardi.
Nega mening pensiya pulim kam? Nega urush veteranlariniki ko‘p? Men ham davlatga ishlab berdim-ku...
Endi qaridingiz, musulmonchilik amallarini bajarib yuring, ­ deb mahalla imomi pandu-nasihat qilganiga pushaymon yedi.
Eshakdan yiqilib peshonam yerga tegmagan-u, endi nomoz o‘qiyman deb boshimni yerga uramanmi? O‘qiyvering, sizga kerak bo‘lsa, ­ deb jerkib tashladi u.
To‘y marakalarga ham bormay qo‘ydi.
Borsa ham qovog‘ini uyib:
Tuzuk ovqat qilishmagan, ko‘proq bermadi, xasislar, ­ deb so‘kinib qaytadi. Biron odam bilan qanday-qanday gaplashib qolsa ham, doim noligani-noligan:
Odamlar buzilib ketdi. Zamon buzilib ketdi. Hamma tomonda yo‘qchilik. Yashash qiyin bo‘lyapti...
Bora-bora hafaqon kasalligiga yo‘liqdi. Vrachlar unga dori-darmon buyurishdi. U pisand qilmadi.
Fu-u. Dorilar achchiq, sassiq. Ukollar yoqmaydi. Do‘xturlarning bilimi yo‘q, ­ derdi injiqlanib. Ahvoli yomonlashavergach, ukollarni olishga, dorilarni kappalab yutishga majbur bo‘ldi. Lekin dard zo‘r keldi. Yiqitdi. Uni ko‘rgali kelganlarni ko‘rganda alamidan yana yig‘ladi:
Nega? Nega men kasal bo‘laman? Nega sizlar kasal bo‘lmaysizlar?
Kunlardan bir kuni Azroil eshigini qoqdi. Ko‘ziga ko‘ringandan o‘kirib yig‘lab yubordi.
Yo‘q. Noroziman. Nega endi faqat men o‘lishim kerak? Nega boshqalar emas? Azroilda insof yo‘q...
Jon taslim qilayotganda ham ancha vaqt talvasa qilib, lablari allanima deb pichirlay-pichirlay... uzildi bechora, noshukur banda.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.