Ertalab. Soat 10-00.
Tez yordam bo‘limida telefon jiringlaydi. Oq xolat, qalpoq kiygan navbatchi (dispetcher) boshqaruvchi go‘shakni ko‘tardi.
– Da. Tez yordam eshitadi.
– Familiyang nima?
– Familiyamni nima qilasiz? Xizmat bo‘lsa aytavering, yozib olaman.
– Senga familiyangni ayt deyapman.
– Siz kimsiz o‘zi?
– Men hokimiyatdanman. Familiyangni ayt, tez!
– Navbatchi boshqaruvchi Aliev eshitadi. Xo‘sh xizmat?
– Nega darrov shunday demaysan? Kimsan? Duxturmisan o‘zi?
– Ha. Feldsherman. Nimaydi?
–Menga bosh hakim kerak. Tez top!
– Bosh hakim yangi ochilgan ambulatoriyaning faoliyati bilan tanishgali ketgan. Tushlikdan so‘ng kelib qoladi.
– Unda kelsa ayt. To‘xta. Qog‘oz-qalam olib, yoz.
– Ayting.
– Xo‘sh-sh. Tezlikda hakim muovining uyiga ko‘z og‘riqqa qarshi tomchi doridan 2-3 dona olib borsin. Tezlikda. Yozdingmi? Shu bugundan qolmasin. Tayin ayt. Familiyang nimaydi?
– Alievman. Yozib oldim. Yetkazaman.
– Shunday bo‘lsin. Aytib quyay. Familiyang Aliev ekan. Yozib oldim. Agar unutsang, o‘zingdan ko‘r. Hokimiyatning topshirig‘ini bajarmagan deb, ishdan xaydataman-a. Bildingmi?!
– Xo‘p aka, xo‘p. So‘zma-so‘z yetkazaman. Agar juda shoshilinch bo‘lsa, aptekalardan olib tursa bo‘lardi-ku.
– Aql o‘rgatma. Sendan so‘ralmaydi. Buyruqni bajar. Hokimiyatning ishlari senga o‘yin emas. Tushunding?!
– Xo‘p, xo‘p, kechirasiz.
– Shunday bo‘lsin.
– Xo‘p. Ha, aytgancha. Bosh hakimga bu buyruqni kim aytdi deyin? Siz kimsiz? Familiyangiz?
– Hoy bola, men hokimiyatdanman, dedim-ku senga. Xo‘jaqulovman. Hakim muovining muoviniman. Haliyam tanimadingmi? He, xumpar. Qo‘y trubkani...
Navbatchi boshqaruvchi qizarib go‘shakni quyarkan, hayronlikdan labini cho‘chchaytib, yelkasini uchirib quydi. O‘ziga o‘zi ming‘illadi:
– Tavba! Muovining muovini emish. Bosh hakim qo‘shni tumanga to‘yga ketgan, birov so‘rasa, haligiday deb quy degan edi. Obbo. Endi nima qilsam ekan...
* * *
Kechqurun. Soat 8 dan 10 minut o‘tgan.
Tez yordam telefoni jiringlaydi. Navbatchi boshqaruvchi go‘shakni oladi.
– Da. Tez yordam eshitadi.
– Bu menman. Bosh hakimman. Tinchlikmi? Meni hech kim so‘ramadimi?
– Ie. o‘ozi o‘ozievich, sizmisiz? So‘rashdi. Hokimiyatdan Xo‘jaqulov degan telefon qildi.
– Nima deydi?
– Hokimning muovining uyiga tezlikda bir-ikkita ko‘z og‘riq dori olib borarkansiz. Tezlikda.
– Qachon aytdi?
– Kunduzi soat o‘nlar edi.
– Eh-he-e. Endi nima bo‘ladi?! Obbo. He, kallang qursin saning. Shuncha vaqtdan beri kutib o‘tiribsanmi?
– Nima qilishim kerak edi? Sizni kutdim-da, o‘ozi o‘ozievich.
– Qachon senlarga aql kiradi-ya. Shuni o‘zlaring oborib bersalaring ham bo‘lardi-ku. Hoy kallavaram. Tezda bironta feldsheringni ko‘chaga chiqar. Tungi aptekalardan ko‘z og‘riq dori sotib olsin. Oborib bersin. Tushundingmi? Tez bo‘l.
– Xo‘p, xo‘p. Dorining pulini berishadimi ular?
– Ye. Nima deyapsan. Kallang joyidami? O‘sha dori qancha turadi? 5-10 so‘m turar ko‘p bo‘lsa. Shuni ham so‘rab o‘tiradimi. Uyat bo‘ladi-e. Bu savob. Axir odam savob ham qilib turish kerak-da. Tez yubor. He seni qara-yu. Pul deysan-a. Bilib qo‘y, ertaga hokimiyatdan gap eshitsam, seni ishdan haydayman. Tushundingmi? Tez yubor. Borganda, avval kechirim so‘rashsin...
– Xo‘p, xo‘p, o‘ozi o‘ozievich. Hozir yuboraman.
Navbatchi boshqaruvchining rangi o‘chib, navbatchi vrach, feldsher va haydovchidan iborat tez yordam brigadasini oldiga chaqirdi va bosh hakimning buyrug‘ini yetkazdi.
– Puli-chi? – dedi ular baravariga.
– He, katta odamdan pul so‘rab bo‘ladimi?! Uchovlarning pul qo‘shib, tungi aptekadan sotib olasizlar ekan. Savob bo‘larkan. Savob, savob... Qani, tez jo‘nanglar. Tez, tez.
Birrozdan so‘ng tez yordam mashinasi ko‘k chirog‘ini lipillatganicha, sirenasini chalib, ko‘chaga “otildi”.
* * *
Kechqurun. Soat 9.
Hashamatli uy yoniga tez yordam mashinasi shitob bilan kelib to‘xtadi. Duxturlar shosha-pisha hovli eshigining qo‘ng‘irog‘ini bosishdi. Birozdan so‘ng eshik ochilib semiz, gajakdor, uzun xalat kiygan ayol ko‘rindi va tez yordam duxturlarini ko‘rib seskanib tushdi:
– Voy o‘lmasam. Nima gap?
– Chaqirtirganmidingiz? – dedi oldinda turgan duxtur hovliqib.
– Voy, yo‘-o‘q. Chaqirmadik.
– Bizni bosh hakim yubordi. Ko‘z og‘riq dori opkeldik.
Xotin ko‘kragiga tuflay-tuflay o‘ziga keldi-da, so‘ng qosh-qovog‘i yana uyilib, baqirdi:
– Ha-a. Endi keldilaringmi? Eh-he-e. Xo‘jayinga ertalab ishga jo‘nash vaqtida aytgan edim-ku. Voy-bo‘-o‘. Tez yordam emish, tag‘in. Kasal o‘lib, go‘rga qo‘yib kelgandan so‘ng kelarkansizlarda, a?!
– Uzr endi, opa. Uzr. Ozgina tushunmovchilik bo‘libdi. Dispetcher yoshlik qipti. Kechirasiz. Mana. Kech bo‘lsa ham dorini opkeldik. Topib keldik, opa. Oling.
Duxtur kichkina shishachadagi dorini uzatdi. Xotin o‘zini orqaga oldi...
– Voy, voy. Buni men nima qilaman?! O‘zlaring tomizib ketasizlar endi.
– Bo‘pti opa, bo‘pti. Yuring. Kimning ko‘ziga tomizish kerak. Ko‘rsating. Tomizamiz.
Xotin duxturlarni hovliga boshlab kirarkan, oldinda javrab ketardi:
– Yuringlar, yuraveringlar. He, ordonasi qolsin, ilohim. Ana. Bostirmaning tagida. Ikki kundan beri ho‘kizlardan birovining ko‘zi og‘rib qopti. Qizarib, shishib ketgan...
Duxturlar birdan taqqa to‘xtab, bir-biriga qarab qolishdi:
– A?! Ho‘kiz?!
– Ha, ha. Ho‘kiz. Duxtur o‘zingiz yaxshilab davolab keting. Tuzuk bo‘lsa, ertaga bozor chiqartiraman, savilni. Boravering. Voy, qo‘rqmang, ovvosh...
Bostirma tagida ho‘kiz pishqaradi. Duxturlar dag‘-dag‘ titraydi. Xotin esa ularni orqasidan itaradi:
– Yuring. Voy yuravering. Qo‘rqmang, yuvvosh. Yuvvosh deyapman-ku...