OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Safar Kokilov. Ushlab turing (hajviya)

Qabulxona. Vrach huzurida bir odmiroq kiyingan kampir o‘tiribdi.
- Xo‘sh, kampirshoh, familiyangiz nima? – vrach yozuvdan bosh ko‘tarib so‘radi.
- Ahmedova.
- Ismingiz?
- Ushlab turing.
- Nimani?
- Hech nimani. Ismim shunaqa...
- Qanaqa?
- Ushlab turing.
- Voy nimani? Bundoq tushuntirib gapirsangaz-chi. Qo‘lingizda hech narsa yo‘q-ku?
- Ha, yo‘q. Yo‘qchilik bolam, kechirasan. Biron narsa opkelolmadim...
- Nega bo‘masam hadeb ushlab turing deyaverasiz. Ismingizni ayting.
- Bolam, aytayotibmanku. Ushlab turing deb. Yozaver, ismim shunaqa. Ahmedova Ushlab turing.
- Voy, o‘lmasam. Nahotki?! Shunaqayam ism bo‘ladimi? Qo‘ying-e, hazillashayotibsizmi, xola?
- Yo‘q, bolam. Hazili yo‘q. Yozaver. Ahmedova Ushlab turing. Yoshim 78 da. Guliston mahallasidanman. Aylanay, bolam, shunday deb yoz. Sal tobim qochgan... Buni ham yozasanmi yoki avval ko‘rasanmi,?
- Avval yozamiz, so‘ng ko‘ramiz. Tartib shunaqa, Ushlab turing xola. Qani, yoting-chi...
Vrach ayol kampirni obdon tekshirib ko‘radi va hamshirasiga uni palataga oborib yotqizishni buyuradi...
Kechqurun. Qabulxonada navbatchi hamshira nimanidir yozib o‘tiribdi. Eshikni taqillatib ustida to‘n, do‘ppi kiygan, oyog‘ida etigi bor bir yigit tugun ko‘tarib kirib keladi.
- Mumkinmi, opa?
- Keling. Xizmat?
- Men bir kishini izlab keluvdim. Mabodo shu yerga yotmadimikin?
- Kim ekan? Ismi sharifini ayting, jurnaldan ko‘raman.
- Ahmedova Fotima. 78 yosh. Guliston mahallasidan.
- Xo‘-o‘sh-sh, bugun yotganlar: Turdieva, Berdieva, Murodov Said, Ahmedova Ushlab turing. Shumi?
- Ahmedova kim dedingiz?
- Ushla-ab turing.
- Nimani?
- Hech nimani, - hamshira kuladi, - manovi bemorning ismi shunaqa ekan. Ahmedova Ushlab turing.
- Yo‘q. Mening onamning ismi Fotima. Yana qarangchi.
- Yo‘q, boshqa yo‘q.
Yigit yelka qisib biroz turadi-da:
- Opa, o‘sha Ahmedovani chaqiringchi. Balki... Adashib ham yozilishi mumkindir, – deydi.
- Yo‘q. Bizda adashish bo‘lmaydi. Bo‘pti, hozir chaqiraman.
 Birozdan so‘ng hamshira haligi kampirni yetaklab chiqib keladi. Yigit kampir tomon talpinadi.
- Ie, ie, ona. Shu yerdamisiz? Izlamagan yerim qolmadi. Bundoq aytib ketmabsiz ham.
- Ha, onangiz ekanmi shu kishi? Ahmedova Ushlab turing desam, yo‘q deyatuvdingiz-ku?
Yigit o‘ng‘aysizlanib onasiga qaraydi:
- Ona, ismingizni o‘zgartirib yozdiribsizmi?
Kampir unga e’tiborsiz stolga o‘tiradi. Hamshiraga qaraydi –da
-Bolam, to‘g‘ri. Avval ismim Fotima edi. Endi Ushlab turing bo‘lib qolganiga ham ancha bo‘ldi. O‘zim ham shunga o‘rganib qolganman. Sababini sizga aytsam... Uyda yettita kelinim
bor. Hammasi biznesmi, miznesmi qilishib erta-yu kech ko‘chada yurishadi. Birovi un sotadi, birovi yog‘. Birovi benzin sotadi, birovi solyarka. Yana birovi bozorda, birovi vokzalda, bilmayman nimasini sotadi. Hatto eng kenja kelinim ham olib sotar bo‘lib ketdi, yelkasiga qop ko‘tarib. Sahardan barisi hujralarini qulflab, bola-chaqasini "Xola, ushlab turing. xola, ushlab turing" deb qo‘limga tutqazishadi-da, hayo-hut deb ketishadi. Kun bo‘yi shularga qarab o‘tiraman, aylanay. O‘shandan beri Ushlab turing bo‘lib qolganman...
– Nevaralaringizni bog‘chaga berishsa bo‘maydimi?
- He, qizim-ey. Bu ham ekonomda, ekonom. Men nevaralarimni tekinga boqaman. Bog‘cha o‘lgur esa pulga qaraydi. Kechqurun bolalarni opkelishga borish kerak. Kelinlar esa allamahal qaytishadi.
– Otalarichi? O‘g‘illaringiz-chi, xola?
- He-e, bolam. O‘g‘illar ham ko‘chada. Biri go‘lax, biri devolchi. Yana biri oshpazga yordamchi, birovi arava tortadi, birovi yuk ortadi... Oylab uy betini ko‘rishmaydi... 
- Obbo, ona-ey, Qo‘ying endi shu gaplarni. O‘zingiz ham yaxshi bilasiz. Hozirgi zamonda yelib-yugurmasa, pul topib bo‘lmaydi-ku. Davlatning moyanasiga yashab bo‘lmaydi-ku. Ana,
Amerikada ham boyvachchalar ishdan so‘ng kimningdir mashinasini yuvib dollar ishlarkan...
- Mayli, bolam, mayli. Pul topaversin. Men ham kelasi gapni aytayotibmanda.
-Bo‘pti, ona. Yuring ketamiz. Tobingaz qochgan bo‘lsa, qo‘shnimiz do‘xturku. O‘shanga qaratamiz.
— Yo‘g‘-e, bolam. Unday dema. Chiqimning yuzi qursin. Men shu yerda davolanaman. Bular ko‘p olmayda. Pensiya pulim ham yetadi. A nima deding, qizim?
- Ha, ha, bizga pensiya pulingiz ham yetadi. Shu yerda davolaymiz,
Kampir o‘rnidan turib palatasi tomon yura boshlaydi va gandiraklab devorga suyanib qoladi.
– Voy, voy. Ushlab turing xola, sizga nima bo‘ldi? O‘zingizni tuting. Hoy, yigit, nega qarab turibsiz? Ushlab turing onangazni, ushlab turing. Men vrach chaqirayin...
O‘g‘il kampirni suyaydi. Hamshira yuguradi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.