U avvallari xirmon qorovul, tabelchiga yordamchi – egat o‘lchab beradigan va idoraga kunlik terimning hisobotini yetkazuvchi, dalada samovor qaynatuvchi lavozimlarida ishlagan. Sho‘ro armiyasiga chaqiruv qog‘oz tarqatgich bo‘lgan. Endi esa g‘isht zavodda gulax bo‘lib ishlayapti. Bir kecha – kunduz ishlaydi, ikki kun dam oladi. Xotini kamqon, kamquvvat bo‘lganiga qaramasdan dalada ishlardi. Beshta bolasi bor. Uni-buni bahona qilib bechorani tepkilar, uraverib mayib qilib tashladi. Nihoyat, xotinning akalari undan ajratib, bolalari bilan o‘zi yonlariga olib ketishdi. Endi u yolg‘iz. Bo‘sh vaqtida hovli eshigi oldida o‘tirib o‘tgan-ketganga itini "olkishlab" o‘tiradi. Salomga alik olmaydi. O‘zi ham salom bermaydi. Ko‘pchilik o‘tirgan uyga kirib kelganda o‘zi ham salomsiz indamay kirib o‘tiraveradi. Birov yarim qo‘l uzatsa, qo‘lining uchini berib qo‘yadi. Qo‘li muzdek. Ko‘zlari mushukning ko‘zidek, burni tanqaygan, shalponquloq bu zot qishin-yozin yo‘l-yo‘l mayka ustidan harbiycha kostyum kiyib yuradi. Yag‘iri chiqib ketgan. Uzi aytishicha, "suv osti kemasida xizmat qilganda" to‘kilib ketgan taqir boshida burchaklari titilib ketgan ola do‘ppisi bor. Ko‘ngli ham nozikroq, tanbexni ko‘tarolmaydi. Mahalla faollarini "ax tuflar" deb o‘zicha nazar-pisand qilmaydi.
Qishloqda nima ko‘p-to‘y, maraka ko‘p. Hammadan oldin boradi. Davraga o‘tirib oladi-da:
– Qani opkel. Nimang bor? – deb sabrsizlik bilan baqiradi. Oldiga quyilgan kosadagi sho‘rvaga nonni rosa to‘g‘rab, bo‘ktirib yeydi. Barmoqlarini shapillatib yalaydi. Dasturxondagi qand-qurslarni ikki-uchtadan qilib og‘ziga tashlaydi. Oxirida qolganlarini cho‘ntagiga tiqadi. So‘ng yonida o‘tirgan odamning oldidagi choynakni so‘rab o‘tirmasdan olib, choy ichadi. Boshqalarga uzatash yo‘q. Choynak bo‘shagach, qopqog‘ini shaqillatab, yana choy chaqiradi. Qorni ham, ko‘zi ham to‘ygach, o‘zini devor tomonga tashlab, kalish kiyaverib qorayib, hidlangan oyog‘ini kimningdir yonboshiga uzatadi-da, davrada bo‘layotgan suhbatni dabdurustdan buzib qo‘shiladi:
– Hey, menga qaranglar. Men bu hayotdan ko‘p yashab, bir narsa ni ko‘p kuzatdim. Oxiri tushundim-ey. Bu eshak degani kuniga bir necha marta hangramasa turolmas ekan-ey. Ichi qisilib ketsa kerak-da„ Har kuni o‘zimning eshagimni yetaklab sug‘oraman. Anhorga borguncha "hingq-hingq" qilib ketaveradi. Ana hangradim, mana hangradim deganida tumshug‘iga qoziq bilan bir tushuraman. Jim bo‘lib qoladi. Birozdan so‘ng yana xingqillay boshlaydi. Yana uraman. Yana tinchiydi. Yana birozdan so‘ng... Xullas, oxiri mening qanday qilib ongimni oladi-da, hangrab yuboradi, ukkag‘ar. Demak, bu eshaklar hangramay turolmas ekan-ey...
Davraga odamlar kelib-ketib turibdi. O‘tirganlar narxu-navodan, ob-havodan, dunyoviy gaplardan gurung qilishsa, u qayga-qayta o‘zining o‘sha bashoratadan – eshakning hangramay turolmasligidan so‘zlayveradi. Kimdir kuladi. Kimdir sekingina "He, xangramay o‘l", deb qo‘yadi. O‘zi turib ketmaguncha uni hech kim davradan chiqarib yuborolmaydi... U esa yonboshlab oladida, kemshik tishlarini ko‘rsatib baland ovozda yana boshlayda...