Palov sharq xalqlari o‘rtasida keng tarqalgan ovqat bo‘lib, revolyutsiyadan oldin uni qo‘l bilan yeyishgan.
Boy-feodallar mehnatkash xalqni palovni to‘g‘ri iste’mol qilishdan mahrum qilib kelganlar. Ular bir lagan oshni yetti-sakkiz kishining o‘rtasiga qo‘yib, kim qancha osham olishini hisoblamagan holda ular orasiga nizo solishga uringanlar. Ana shuning natijasida oshatish va lagan tagida qolgan yoqqa famil choy quyib ichish kabi yaramas odatlar vujudga kelgan. Palovni o‘tmishda amaldorlar va to‘ralar iste’mol qilganlar. Ana shuning uchun bo‘lsa kerak, ekspluatatorlar palovga «Palovxonto‘ra» deb nom berganlar.
Mana shu o‘tmish sarqitini tag-tomiri bilan qo‘porib tashlash maqsadida, palovdan to‘g‘ri qo‘llanish tadbirlari izchillik bilan ishlab chiqildi.
Har bir kishiga kalkulyatsiya bo‘yicha, alohida kosa yoqi tarelkada palov suziladi. Ayrim hollarda lagani bilan o‘rtaga qo‘yib, har kishiga bittadan tarelka beriladi. Iste’molchi o‘rtoq kerakligini qoshiq bilan olib, o‘z tarelkasiga soladi.
Shuni ham alohida qayd qilib o‘tish kerakki, har qoshiq solganda ikkitadan go‘sht olishga chek qo‘yish payti keldi.
Palovdan to‘g‘ri foydalana bilish kerak. Qazilik palov yoz oylarida zo‘rlik qiladi. Ba’zi oshxo‘r o‘rtoqlarimiz osh ustiga ikkitadan kabob yeyishga odatlanib qolganlar. Albatta, bunga chidab bo‘lmaydi. Devzira guruchdan damlangan palovga bodringsiz, faqat oqpiyoz, ko‘k qalampir, volgogradskaya degan pomidordan qilingan salatni iste’mol qilish eng ma’qul tadbir deb hisoblanadi.
Shuni qayd qilib o‘tish lozimki, devzira guruchning palovi famil choyni xush ko‘rmaydi, aksincha to‘qson beshinchi ko‘k choy unga eng munosib chanqov bostidir. Keyingi paytlarda oshxo‘rchiligimizda yana bitta yomon xususiyat sezilmoqda: Osh paytida aroq iste’mol qilish. Ana shuning pirovard-oqibatida yosh oshxo‘rlar palov lazzatidan mahrum bo‘lmoqdalar. Bu odatga qo‘ldan kelgancha barham berish kerak.
Keyingi suhbatimizda chuchvarani qanday tugish va uni qozonning qaysi tarafidan tashlash haqida maslahat beramiz.
Said Ahmad. Palovga e’tibor (hajviya)
(Pazanda maslahati)