Shahlo qaerga borsa, albatta, kulgi bo‘ladi. U «Yangiobod» kolxoziga mexanizatsiya bo‘yicha rais muovini bo‘lib tayinlanganda yig‘in ahli bab-baravar kulib yubordi. Ammo bu kulgilar Shahloga aslo ta’sir qilmadi, hatto qoshining bir uchi ham qimirlamadi.
Negaki, u bundan avval oblastda eng qoloq «Kattachek» kolxoziga tayinlanganda bundan ham battar bo‘lgan edi.
Majlisda nomzodi ko‘rsatilganda odamlar «O‘zlarini bir ko‘raylik» deyishdi. Shunda ko‘pchilik orasidan sochlari balandroq turmaklangan, lablariga qizil surtilgan, qulog‘ida uzun, marjon nusxa ziraklar yiltiragan, qoshi bulbul oyog‘idek ingichka bir qiz o‘rnidan turdi. Bu hozirgina mexanizatsiya bo‘yicha rais muovini lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan Shahlo Qodirova edi. Zal kulgidan larzaga keldi. U yer-bu yerdan pichinglar eshitilib qoldi.
— Ishlarimiz «Bahor» ansambli-ku!
— Kolxozimizga ham xalq artisti yarashadi.
— Kunduzi kolxozda ishlab, kechqurun televizorda diktorlik qilsa-ya!
— Balet to‘garagining rahbarimi?
Rais g‘ovurni zo‘rg‘a bosdi. Ammo Shahlo o‘tirmadi. Hammaning ko‘zida qimirlamay turaverdi.
Kolxozda demokratiyaga amal qilmay aslo iloji yo‘q. Shahloning nomzodi ovozga qo‘yildi. Agar bitta ovoz bu tomondan u tomonga o‘tganda Shahlo chamadonchasini ko‘tarib ketaverishga majbur bo‘lar edi. Ammo ellik bir protsent ovoz bilan Shahlo rais o‘rinbosarligiga saylandi.
Erini qizg‘anadigan ayollar albatta qo‘l ko‘tarishmadi. Keksalar ham. Faqat yigit-qizlargina qo‘l ko‘tarib, uning nomzodini qo‘llab yuborishdi. «Kattachek»da ham xuddi shunday bo‘lgandi. Unda ellik ikki ovoz bilan o‘tgan. O‘sha kulgi qilganlar, Shahlo bu yoqqa ketayotganda qoling, deb qancha yalinishgan.
Ertasiga rais Rahmon aka Shahloni kabinetiga chaqirib, nasihat qilgan bo‘ldi:
— Qizimdek narsasiz, senlayveraman-da. Endi mundoq qilsak. Manavu hurpaygan sochlarni odamga o‘xshab o‘rib ol. Bu bir. Betdagi bo‘yoqlar ham sal evi bilan bo‘lsin. Kechagi to‘palonni ko‘rding-ku. Qishloq joyda bunaqa narsalarni bozor ko‘tarmaydi.
Shahlo kuldi.
— Bozor ko‘taradigan qilamiz. Birinchidan, bunaqasi hozir bir o‘zim bo‘lgani uchun g‘alati ko‘rinyapti. Ko‘payishib qolganimizdan keyin ko‘zinglar o‘rganib ketadi.
Rais «dod» deb yuboray dedi. Bu qiz nima demoqchi, o‘zimga o‘xshaganlarni shu qishloqdan yetishtiraman, deganimi bu? Boshimga bu baloni qayoqdan topib keldim?
Shahloning Qishloq Xo‘jaligi instituti mexanizatsiya fakultetini tugatganiga ham to‘rt yil bo‘ldi. U to o‘qishga borguncha Yangiyo‘ldagi kolxozda traktor mingan. Binoyidek yer haydab, binoyidek kultivatsiya qilgan. Ishda qoramoyga belangani bilan kechqurun artistlardek tarang bo‘lib olib, hammaning ko‘zida yal-yal yonib yurardi.
Shahlo rais buvaning nasihatiga indamay quloq solib turdi-da, oxiri iljayib, bu yog‘i bir gap bo‘lar, degandek qilib chiqib ketdi.
Ertasiga u ishni kolxozning remont ustaxonasidan boshladi. Uch-to‘rt traktorchi qoramoyga belanib metall uyumlari orasidan nimanidir qidirishardi. Shahlo «Zaporojets»ni o‘zi haydab keldi. U hamon o‘sha fasonini buzmagan, atayin qilganmi, upani betiga sal qalinroq surgan edi.
Traktor tagida chalqancha yotib ishlayotgan mexanizator kattakon kalitni oyog‘i bilan surib, keyin o‘zi chiqdi.
— Iya, opa, keling, bizni televizorga olib chiqasizmi?
Shahlo uning gapiga yarasha javob qildi:
— «Bahor» ansambliga yozildim deyaveringlar, qani kelinglar-chi, repetitsiyani boshlaymiz.
Yigitlar o‘zlarini unga ma’qul ko‘rsatish uchun, biri soqol o‘sgan iyagini xijolatlik bilan ishqadi, biri boshidan kir do‘ppisini olib boshqatdan kiydi, biri shapkasi bilan taburetkani artib, uni o‘tirishga taklif qildi.
— Yo‘lda ariqqa tiqilib yotgan traktor kimniki?
Taburetka qo‘yib bergan yigit shoshib javob qildi.
— Sodiqniki. Kecha ertalab tiqilib qolgan edi.
Soqoli o‘sib ketgan yigit xijolat tortib dedi:
— Manovilarga, tortishvorlaring, desam, sira ko‘nishmayapti. Bizga qarashib yuborsang tortishamiz, deyishdi, qarashyapman.
— Qani boring. Hoziroq o‘zingiz chiqazib olib keling.
— Svechasi yaramaydi. Zo‘rg‘a shatgacha yurgizib kelganman.
Shahlo mashinasiga borib jemperini tashladi-da, gazetaga o‘rog‘liq qora xalatni kiyib, chiqib ketdi. Yigitlar hang-mang bo‘lib qarab qolishdi.
— Bormaysanmi orqasidan? — dedi Sodiqqa sheriklari.
— Oyimtillaning ishlarini bir ko‘rib qo‘yaylik. Bari bir yurgizolmaydi. Sharmanda bo‘lib qaytib keladi.
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Traktor gurillashi eshitilmasdi. Saldan keyin motor bir pat-pat qilib o‘chdi.
— Bari bir yurmaydi, — dedi Sodiq.
Uning gapi tugamay, motor kuchli gurilladi. Shu gurillaganicha o‘n-o‘n besh minut patillab turdi. Bir-ikki daqiqadan keyin ustaxona devori orqasidan qora tutun yopirildi. Sodiqning rangi quv o‘chib ketdi. Traktor temir darvozadan kirib kelgandi, hammalari hovlida churq etmay qarab turishardi.
Shahlo traktorni sada tagiga opkelib, undan sakrab tushdi. Motor hamon ishlab turardi.
— Qalay, bo‘larkanmi?
Sodiq xijolatlikdan yerga qarab, iyagini qashidi.
— Odam qanaqa bo‘lsa, ish asbobi ham shunaqa bo‘ladi. Motor qurum orasida qolib ketibdi-ku. Soqolingiz o‘sib yotganidan bilgandim, bu traktor sizniki ekanini. Motor qizigandan keyin ikki chelak solyarka bilan yuvasiz. Yangi «Volga»dek yaltiramasa, balet tushishni o‘rgatib qo‘yaman, shuni bilib qo‘ying.
Shundan keyin Shahlo bir g‘ildiragi chiqazilib, o‘qi to‘nkaga tirab qo‘yilgan traktor yoniga keldi.
— Nima bo‘pti?
— Podshipnigi yeyilib ketgan.
— Essiz, shuncha pullik mashina. Uzellari moy degan narsani ko‘rmagan. Ana shuning uchun ham yeyilib ketgan-da. Menga qarang.
Boya shapkasi bilan taburetkani artgan yigit chopib oldiga keldi.
— Shimingizning pochasini ko‘taring. Men sizga aytyapman.
Shahlo yigit tizzasining ko‘zini chertdi.
— Mana shu yerda ilik bor. Agar ilik bo‘lmasa, ikki kunda tizzangiz yedirilib ketadi, bildingizmi. Mashina ham shunday. Moy mashinaning iligi. O‘zingiz moy yeysizu, mashinaga bermaysiz. Sizlarga besh kun muddat. Shu besh kunda jamiki traktorlarni yuvib, artib, manovi yerga tizib qo‘yasizlar. Agar muddatidan bir kun o‘tsa bormi, pravleniega qo‘yib balet tushirtiraman.
U shunday dedi-yu qora xalatini yechib, mashina ichiga tashladi-da, «Zaporojets»ini haydab chiqib ketdi.
Kuni bo‘yi bir-biri bilan gaplashmay, qoramoyga belanib, temir-tersaklarga ko‘milib o‘tirgan yigitlar ko‘ksiga bir g‘alati shabada tegdi-yu, yana g‘ir etib narigi chorboqqa o‘tib ketgandek bo‘ldi.
Kecha bu qizni odamlar nimalar deyishmadi. Pardozi bir gap bo‘ldi. Sochi bir gap bo‘ldi. Bugun o‘sha gaplarning birontasi eslariga kelmadi, Sodiq ezilib ketgan pachkadan «Belomor» olarkan, jiddiy dedi.
— Baloning o‘qi-ku, bu qiz. Men bo‘lsam unaqa... Ikki kun deganda uch kishi raisga Shahloning ustidan dod deb keldi.
Shop mo‘ylov buldozerchi shapkasini stolga urdi.
— Xotin kishiga men bosh egmayman!
— Nega? — dedi rais qiziqib.
— Nega-pegasi yo‘q! Umuman aytyapman.
Raisning bu gapdan xabari bor edi. Buldozerchi mashinani yo‘l o‘rtasida qoldirib, tol tagida uch-to‘rt yo‘lovchi bilan karta o‘ynayotgan ekan. Shahlo kelib, qo‘ying, ishni qiling, desa, bu, bor buyrug‘ingni o‘zingga o‘xshagan oliftaga qil, depti. Shunda Shahlo o‘rtadagi kartalarni yulib olib, burda-burda qilib tashlabdi. Mo‘ylov uray desa xotin kishi, urmasa g‘azabini qandoq qilib bosishini bilmaydi. Jahl ustida:
— Ol-e, ol, buldozeringni onangga ber, — deganicha kombinezonini yelkasiga tashlab, uyiga jo‘nab qolipti.
Shahloning o‘zi buldozer kabinasiga o‘tirib, kechgacha yo‘l tekislab, kechqurun mashinani o‘zi garajga keltirib qo‘yipti.
Rais bo‘layotgan bu ishlardan astoydil zavqlanardi. Yosh boshi bilan, ayol boshi bilan hammani oyoqqa turg‘izishiga qoyil qolardi. Rais bu o‘jar mexanizatorlarga qattiq gapirolmasdi. To‘g‘risi, mashina ichida nimalar borligini bilmaganidan sal yalingannamo gaplashardi. Bu Shahlo degani baloning o‘zi. Bilmagan narsasi yo‘q. Motor tovushidan qaerida nimasi yomon ishlayotganini darrov biladi. Erkaklarga qattiq-qattiq gapiraveradi. Qiz bola bo‘lganidan hech kim unga bir narsa deyolmaydi ham.
Rais Shahlo ustidan dod deb kelganlarga bir xil javob qilardi.
— O‘zi bilan gaplashlaring, temir-tersakli narsaga men aralashmayman. Yaxshisi, uzr so‘rab, oldiga boringlar.
O‘n-o‘n besh kundan keyin odamlar, raisga arz qilishning foydasi yo‘q ekan, yaxshisi, bu o‘jarning ko‘nglini olish kerak, degan xulosaga kelishdi.
Hammaga, Shahlo qizim baraka topsin, mexanizatsiyadan meni tinchityapti, deb yurgan rais buvaning o‘zi sal kunda bay-baylab qoldi.
Shahlo bir kuni raisning oldiga kelib, ustaxonaga borishini iltimos qildi.
— Ancha kamchiliklar bor. O‘sha yerning o‘zida o‘tirib nima qilish kerakligini bir maslahatlashsak, — dedi.
Rais ko‘ndi. Ikkovlashib raisning «Volga»sida ustaxonaga jo‘nashdi. Shofyordan iltimos qilib, rulga Shahloning o‘zi o‘tirdi.
— Siz bugun damingizni oling. O‘zim shofyorlik qilaman.
Ular ustaxonaga kelishgach, Shahlo Sodiqni chaqirib imlab qo‘ydi:
— Buning motori paqillayapti. Chiqazib bir tozalanglar.
Rais bilan Shahlo ikki soatcha ichkarida talashib, qizishib nimalarnidir gaplashishdi, nimalarnidir ro‘yxat kilishdi. Rais ko‘nmay-ko‘nmay oxiri ro‘yxat tepasiga «Boshbux berilsin» deb qo‘l ko‘ydi. Keyin tashqariga chiqishdi. To ular ichkarida ish bitkazishguncha Sodiq «Volga»ning motorini chiqarib, yerga tushirib qo‘yipti.
— Iya, bu qanaqasi? — dedi rais hayron bo‘lib. Shahlo jiddiy dedi:
— Shofyoringizga ayting, aravangizni sudratib olib ketsin.
— Nega? — dedi hayron bo‘lib rais.
— Bu motorni «XVS» terim mashinasidan olib qo‘yilgan ekan. Joyiga qo‘yamiz. Siz o‘z motoringizni topib olarsiz.
Rais qip-qizarib ketdi. Mo‘ylovining bir uchi silkindi. Urishay desa odamlar bor. Ikki rais chiqishmayapti, degan gap bo‘ladi.
— Yaxshi qilmayapsan, qizim, — dedi sekin.
— Terim mashinasida tovuqlar jo‘ja ochib yotibdi. Siz motorni chiqarib olibsiz. Shuncha pullik narsa, uvol emasmi!
Rais indamadi. Jahl bilan do‘q-do‘q yurib chiqib ketdi.
Traktorchilar rais bilan betma-bet olishgan bu qizga hang-mang bo‘lib qarab turishardi.
Bu rais bilan birinchi to‘qnashuv edi. Ikkinchi to‘qnashuv raisning uyida bo‘ldi. Oblispolkomdan vakil kelgan edi, rais uyiga osh buyurdi. Shahloni ham taklif qildi. Shahlo mehmon oldida rais buva bilan xotinini rosa tuzladi.
— Bu qanaqasi, xolodilnikni yotadigan uyga qo‘yipsiz?
— Shuncha pullik buyum, narxiga qarab joy tanlaydi-da.
— Manovi, umivalnik o‘lgur ham uyning to‘rida. Bu dahlizda turishi kerak.
Rais mehmon oldida yomon izza tortdi. Ikkinchi uni uyiga taklif qilmaydigan bo‘ldi. Lekin mehmon ketgach, xolodilnik va umivalnikni Shahlo aytganidek kilib qo‘ydi.
Kolxozda mexanizmlar remonti ancha tartibga tushib qoldi. Ustaxonadagilar aytganini qilmasak, baloga qolamiz, deb muddatida beshta traktorni yuvib yaltiratib, hovliga qator qilib ko‘yishdi. Shahlo kelib o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaguncha har kun artaverishdi.
Shahlo remontdan qutulgandan keyin mashinasini haydab qizlar ishlayotgan dalaga chiqdi. Har xil rangdagi tugunchaklar ilingan tol tagida mashinasini qoldirib shudgorga kirdi. Baland poshna tufli bilan qiynalib-qiynalib qizlar oldiga bordi.
Qizlar ishlarini to‘xtatib, unga qarab turishardi. Shahloning sochi baland turmaklangan, ustidan kapron durra tang‘igan. Qoshlari ipdek ingichka. Beli qo‘l soatning tasmasi bilan boylasa bo‘ladigan darajada xipcha. Havo rang neylon ko‘ylak ostidan ichidagi pushti tasmachalar bemalol ko‘rinib turipti. Qizlarning bir xili havas bilan qarasa, kelinchaklar sovuq nazar tashlashardi.
— Hormanglar! — dedi Shahlo.
Birov javob berdi, birov indamay turaverdi. Shahlo ketmon dastasiga tirsagini qo‘yib tikilib turgan qizning barmog‘iga qaradi.
— Bu nima, qo‘llaringga qarasang bo‘lmaydimi? Qiz bola ham shunaqa bo‘ladimi? Bunaqada ostonangga sovchi qadam bosmaydi.
Qiz ham shaddodgina ekan, boplab javob berdi:
— Manovi ketmonda ikki kun ishlang, qanaqa bo‘lishini bilasiz.
— Ikki kuning nimasi, yarim soatgina ishlab ko‘rsin, biladi.
Shahlo qizga dadil qaradi:
— Etikni yech!
Qiz etikni yechdi. Shahlo uni kiyib, qo‘lidagi ketmonni oldi.
— Qanaqa ishlashni ko‘rsatib qo‘yaymi? Mana ko‘rasan! Shahloning bolaligi dalada o‘tgan. Ketmon ham chopgan, traktor ham mingan, pilla ham tutgan, kanal ham qazigan edi. Bu ishlar unga bolaligidan oshna.
U kaftlariga tuflab ketmonni ko‘tardi.
Hamma undan ko‘z uzmasdi. Shahlo bir maromda, belini bukmay, qaddini g‘oz tutib ketmonni yerga urar, ko‘chgan tuproqni asta yonboshiga tashlardi. Hech kim bas, bo‘ldi, demadi. Shu alfozda bir soatcha ketmon chopdi. Paykal boshiga yetib, yer chopib orqasiga qaytib kelganda qizlar tol tagida tik turib kuzatishardi.
— Bo‘ldimi, endi. Yo, yana chopaymi?
— Bo‘ldi! — dedi qiz.
— Manovi sizga mukofot, — dedi boya unga piching qilgan juvon bir boylam gunafshani unga uzatib.
Shahlo hidlab chakkasiga taqib oldi. Tushlik boshlandi. Shahlo ariqda terlagan betlarini muzdek suvda yuvarkan, belining egilishini kuzatib turganlar ko‘nglida bir gap bor edi. Ketmon chopganida bu nozik beli uzilib ketmaganini qara-ya!
Shahlo betini yuvganda pardozi sidirilib ketgan edi. Qizlar uning asl basharasi qanaqa ekan, shuni bilishmoqchi edi. Yo‘q, pardoz qilmasa ham bo‘larkan. Bepardoz ham beti tiniq. Ikki yuzi qip-qizil. O‘ng yuzida yara izi bor ekan. U ham o‘ziga juda yarashib tushgan.
Choydan keyin Shahlo sumkasidan oynak, u-bularini olib, pardoz qildi. Qizlar atrofini o‘rab, tomosha qilishardi.
Shahlo qizlarning qiziqayotganini bilib asl maqsadiga ko‘chmoqchi bo‘ldi. U o‘z odati bo‘yicha ishni oldin hujumdan boshlashi kerak. Boya ketmon choptirgan qizga qarab:
— Ko‘ylaging o‘lgur muncha uzun. Yengi kampirlarning yengidan qolishmaydi. Nechanchi asrda yashayapsan? Bunaqa ko‘ylakni ming yil oldin kiyishardi.
— Nima, tizzadan yuqori ko‘ylak kiyaymi?
— Tizzadan yuqori bo‘lishi shart emas. Fasonini kelishtirib, yenglarini kaltaroq qilish kerak. Betlaring, qo‘llaring yorilib ketibdi. Yog‘upa surtish kerak. Ertaga kelaman. Hammalaringga yog‘upa olib kelaman. Bo‘ptimi? Ertalab surtib olsanglar, shamol ta’sir qilmaydi. Yana bir xili bor, kechqurun ishdan qutulgach, yuvinib, surtib yotasizlar. Betlaring yumshoq bo‘ladi. O‘lay agar, pochcham rahmat deydi.
Shahlo aytganini qildi. Bir talay yog‘upa opkelib, qizlarga ulashib chiqdi. Bir-ikki kundan keyin bir yosh chevarni boshlab kelib, hamma qizlarga, bitta katta kitobdan ko‘ylak fasonlarini ko‘rsatdi-da, xohlasa-xohlamasa o‘lchatib olib ketdi.
Erkaklar yana do‘ng‘illashdi.
— Voy dod, uyga kirib bo‘lmaydi, gup-gup atir hidi bo‘lib ketgan. Bu qanaqasi. Uymi, sartaroshxonami?
Rais bir nima deyishga hayron. Bu Shahlosi tushmagur xotinlarni ham qo‘zg‘ab qo‘yibdi. Mayli. Bir ish qilsa bilib qiladigan qiz ekan. Erkaklar bir-ikki kun bay-baylashib, keyin tushib qolishdi.
Chigit qadaladigan kuni rais butun kolxozchilarni yig‘ib, qo‘sh oshi berdi. Idora oldidagi so‘rilarga odam sig‘maydi. Rais bir buzoq bilan bitta qo‘y so‘ydirgan.
Bir yoqda osh damlanyapti, bir yoqda kabob qo‘rasidan ajib shirin hidli tutun chiqyapti.
Yig‘in boshlanishdan oldin bir yuk mashinasida to‘la qizlar kelishdi. Bularni oldin rais tanimadi. Yaqin kelishganda qarasa, oltinchi brigadaning qizlari. Hammasining sochi boshqacha, kapron ro‘mol, kiyimlari ham o‘zgargan. Oyoqlarida baland poshna tufli. Pardoz-andoz joyida.
— Tavba, qizlarimiz shunaqa chiroyli ekanmi, shu paytgacha bilmay yurgan ekanman-a! — deb yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Rais o‘tirgan joyda mikrofon bor edi. Uning bu gapini yig‘ilganlardan tashqari butun qishloq eshitdi.
Hamma yoqni atir hidi tutib ketdi. Kimdir:
— «Bahor» ansambli keldi, o‘yin qiziydigan bo‘ldi, — degan edi, hamma gurr etib kuldi.
Shahlo tez-tez yurib kelib, mikrofonni qo‘liga oldi.
— Bu «Bahor» ansambli emas. Chinakam bahor. Eshitmaganmisiz, onangni dadangga bepardoz ko‘rsatma, degan gapni.
— Boplading, qizim, — dedi rais huzur qilib. — Nima, pardoz shaharlik qizlarga yarashadi-yu, qishloq qizlariga yarashmaydimi. Qoyil!
— Sigirni kim sog‘adi, buzoqni kim boqadi?
Bu gap kimdan chiqqanini Shahlo bilolmadi. U yoq-bu yoqqa alanglagan edi, tunov kungi shop mo‘ylovli buldozerchining tirjayib turganini ko‘rdi.
— Sal tekisroq xotin yoningizdan o‘tsa, ko‘zingizni uzolmay qolasiz. Nima, o‘zingizniki yomonmi? Ho, Nafisa, beri kel!
O‘ttiz besh yoshlardagi chiroyli bir juvon uning oldiga keldi.
— Mana, xotiningiz. Qaysi bir jonondan kam? Shop mo‘ylov o‘rnidan turib ketdi:
— Nafisamisan? Voy-voy, — deb yuborganini o‘zi bilmay qoldi.
Qiyqiriq, kulgi bo‘lib ketdi. Rais qo‘l ko‘tarib g‘ovurni bosdi. Dalaga qo‘sh chiqishiga bag‘ishlangan marosim boshlandi. Shahlo gul-gul ochilib, prezidiumda o‘tirardi.
Rais kirish so‘zida bahor kelganini aytarkan, Shahloga qarab qo‘ydi.
— Qishlog‘imizga bu yil bir emas ikki bahor keldi. Hammaning dimog‘iga atir hidi urildi.
Said Ahmad. Bahor qizlari (hikoya)
1970 yil.